Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi KRANIOTsEREBRAL JAROHATLAR

KRANIOTsEREBRAL JAROHATLAR


UMUMIY MA’LUMOTLAR

Kalla suyagi va bosh miyaning mexanik jarohatlanishiga kraniotserebral jarohat (KTsJ) deb aytiladi.
Epidemiologiyasi. Rivojlangan davlatlarda KTsJ har yili 1000 aholi soniga 3-4 kishida ro‘y beradi. Bunday jarohatlar 30 yoshgacha bo‘lgan davrda o‘lim va nogironlikning asosiy sababchisidir. Dunyo bo‘yicha KTsJ sababli har yili 1,5 mln. kishi hayotdan ko‘z yumadi va 2,4 mln. kishi nogiron bo‘lib qoladi. 2010-yilga kelib dunyo bo‘yicha KTsJ sababli nogironlar soni 150 mln. ga etgan. Engil KTsJ, uning og‘ir turlariga qaraganda 10-20 barobar ko‘p uchraydi.
Etiologiyasi. Tinchlik davrida kuzatiladigan KTsJ sabablari juda ko‘p bo‘lib, ularning ichida yo‘l-transport hodisalari, balandlikdan yiqilish, o‘zaro janjalli voqea yoki kriminal vaziyatlarda tan jarohati olish alohida o‘ringa ega. Deyarli barcha davlatlarda yo‘l-transport hodisalari sababli kuzatiladigan KTsJ ko‘p uchraydi. Ular, ko‘pincha, mehnatga qobiliyatli davrda ro‘y beradi.
Kalla suyagi sinishi. KTsJ deyarli 20% holatlarda kalla suyagi sinishi bilan namoyon bo‘ladi va aksariyat hollarda, o‘lim bilan tugaydi. Qolgan holatlarda intrakranial gematomalar (epidural, subdural, intratserebral) shakllanadi. Shuningdek, kalla suyagining ochiq sinishlarida infeksiyalar tushishi va yiringli jarayonlar (abstsess, meningit, meningoentsefalit) rivojlanishi xavfi juda yuqori. Turli bakteriyalar likvor yo‘llariga tushsa, nafaqat bosh miyada, balki orqa miyada ham og‘ir yallig‘lanish jarayonlari yuzaga keladi. Kalla suyagi sinishida pnevmotsefaliya, ya’ni likvor yo‘llariga havo tushib qolishi va likvororinoreya, ya’ni burundan likvor oqishi ham kuzatiladi.
Kalla suyagining chiziqli, ochiq va bosilgan (ezilgan) sinishlari farqlanadi. Shuningdek, alohida kalla suyagi asosi sinishi ham ajratiladi. Bular ichida kalla suyagining chiziqli sinishi juda ko‘p uchraydi va ko‘p hollarda zarba tekkan joydan yuqoriga yoki pastga qarab paydo bo‘ladi. Chiziqli sinishda epidural va subdural gematomalar ko‘p kuzatiladi.
Kalla suyagining asosi sinishi, ko‘pincha, kalla suyagi gumbazi sinishi bilan birga uchraydi. Ensa suyagiga berilgan zarbada kalla suyagi asosi alohida sinishi mumkin. Odatda, bunday sinishlar chakka suyagi piramidasi, ponasimon suyak, turk egari yoki g‘alvirsimon suyakda ro‘y beradi. Kalla suyagi asosi sinishida likvoreya, pnevmotsefaliya va karotid-kavernoz fistula ko‘p kuzatiladi. Shuningdek, o‘rta quloq, so‘rg‘ichsimon tana va ko‘z kosasiga qon quyilishlar ham vujudga keladi. Bu simptomlar kalla suyagi asosi sinishini isbotlovchi qo‘shimcha belgilardir.
Likvororinoreya g‘alvirsimon suyakning g‘alvirsimon plastinkasi orqali likvorning burun sinuslariga o‘tishi bilan bog‘liq. Agar likvororinoreya uzoq davom etsa, kalla suyagining singan joyida qattiq parda butunligini tiklash bo‘yicha xirurgik operatsiya o‘tkazish talab etiladi. Ba’zida likvor oqayotgan joyni aniqlash qiyin bo‘ladi. Buning uchun likvorga suvda eriydigan kontrast yuborib KT qilinadi va shu yo‘l bilan likvor oqayotgan joy aniqlanadi. Likvororinoreya bir paydo bo‘lib, bir yo‘q bo‘lib tursa, odatda, xirurgik aralashuv talab qilinmaydi. Ba’zida likvor oqishi birdaniga to‘xtab ham qoladi.
Kalla suyagi asosi jarohatida turk egari sinishi ko‘p uchraydi. Bu sinish har doim ham rentgenografiyada aniqlanavermaydi. Turk egari sinishida ko‘pincha gipofiz va ko‘z nervi shikastlanadi. Ponasimon sinusda suyuqlik aniqlansa, turk egari tubi singan bo‘ladi. Chakka suyagi piramidasi jarohatlarida esa VII va VIII nervlar shikastlanadi, quloqdan likvor va qon oqadi. Piramidaning ko‘ndalang sinishida deyarli har doim chig‘anoq va labirint shikastlanadi.
Peshona suyagi sinishida ko‘pincha, ko‘z kosasi va yuz-jag‘ sohasidagi sinuslar jarohatlanadi. Agar g‘alvirsimon suyak jarohatlansa, hidlov nervi ham shikastlanadi va anosmiya kuzatiladi. Kranial nervlar shikastlanishi. Kalla suyagi asosi sinishida kranial nervlar, ayniqsa, I, II, III, V, VII, VIII nervlar ko‘p shikastlanadi. Bulbar nervlarga kam zarar etadi.
Agar KTsJ da o‘tkir anosmiya paydo bo‘lsa, hidlov nervi qattiq shikastlangan bo‘ladi. Bunday holatda anosmiya sabablari – oldingi kranial chuqurcha gematomasi, nervning peshona bo‘lagi tomondan bosilib qolishi yoki hidlov nervining uzilib ketishidir. Agar bir necha oy ichida anosmiya yo‘qolmasa, odatda, hidlov funktsiyasi tiklanmay qoladi.
Ponasimon suyak sinishi ko‘ruv nervining ezilishi yoki uzilib ketishiga sababchi bo‘ladi. Bunda bir tomonlama amavroz rivojlanadi va qorachiqning yorug‘likka to‘g‘ri reaktsiyasi yo‘qolib, hamkor reaktsiyasi saqlanib qoladi. Qorachiqlar shakli, odatda, o‘zgarmaydi. Ko‘ruv nervi qisman shikastlansa, ko‘rish funktsiyasi pasayadi va ko‘ruv maydonida sektoral defektlar paydo bo‘ladi.
Ko‘z kosasi jarohatida to‘la oftalmoplegiya sindromi rivojlanadi, ko‘z atrofidagi g‘ovak to‘qimalar shishib ketadi. Ponasimon suyakning kichik qanoti singanda g‘altak nerv shikastlanadi. Bunda pastga qaraganda diplopiya kuzatiladi va u boshni shikastlangan tomondan qarama-qarshi tomonga og‘dirganda yo‘qoladi. Yuz nervi shikastlanishi KTsJ dan so‘ng darrov paydo bo‘lishi mumkin. Bu nerv chakka suyagi piramidasi sinishida ko‘p shikastlanadi.
Dahliz-chig‘anoq nervi shikastlanishi ham chakka suyagining piramidasi sinishida ro‘y beradi va eshitish pasayishi, bosh aylanish, vestibulyar ataksiya va nistagm bilan namoyon bo‘ladi. Ushbu simptomlar jarohatlanishdan so‘ng darrov rivojlanadi. Eshitish buzilishi eshituv nervi zararlanishi bilan emas, balki nog‘ora parda yorilishi yoki o‘rta quloqqa qon qo‘yilishi bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin.

Kraniotserebral jarohatlar tasnifi 
Og‘irlik darajasi bo‘yicha:
  • engil;
  • o‘rta;
  • og‘ir.
Klinik turlari bo‘yicha:
    • bosh miya chayqalishi;
    • bosh miyaning engil ezilishi;
    • bosh miyaning o‘rta darajada ezilishi;
    • bosh miyaning og‘ir darajada ezilishi;
    • diffuz aksonal shikastlanish;
    • bosh miyaning bosilishi.
Kalla suyagi butunligi bo‘yicha:
  • ochiq;
  • yopiq. 
Davri bo‘yicha:
  • o‘tkir davri (2–10 hafta)
  • oraliq davri (2–6 oy);
  • so‘nggi davri (6 oydan 2 yilgacha).
  • Ro‘y berishi bo‘yicha:
  • birlamchi (boshqa kasalliklarsiz ro‘y bergan);
  • ikkilamchi (boshqa kasalliklar, masalan, insult, infarkt, epilepsiya sababli ro‘y bergan).
Asoratlar bor-yo‘qligi bo‘yicha:
  • asoratsiz;
  • asoratli (amneziya, demensiya, epilepsiya, entsefalopatiya, IKG, porentsefaliya, gidrotsefaliya, kista, surunkali intrakranial gematoma, meningit, meningoentsefalit, ruhiy buzilishlar, abstsess, likvoreya, fobiya va h.k.).
Kraniotserebral jarohatlarning klinik turlari. Kraniotserebral jarohatlarning klinik turlari va ularning og‘irlik darajasini baholashda, avvalambor, qancha vaqt hush yo‘qolganligi, jarohatning ochiq yoki yopiqligiga e’tibor qaratiladi.
Engil KTsJ – miya chayqalishi va bosh miyaning engil ezilishi bilan namoyon bo‘ladigan jarohat. Hush yo‘qolishi, odatda, 30 daqiqa, posttravmatik karaxtlik va amneziya esa bir soatgacha davom etadi. O‘choqli nevrologik simptomlar va meningeal belgilar kuzatilmaydi. Odatda, kallaning yumshoq to‘qimalari lat egan bo‘ladi. Glazgo shkalasi bo‘yicha engil darajadagi KTsJ 15–13 ballga teng.
O‘rta KTsJ da bemor 30 daqiqadan 1 soatgacha hushdan ketadi, karaxtlik yoki sopor holati yuzaga keladi va posttravmatik amneziya 1 soatdan 24 soatgacha cho‘ziladi. O‘rta darajadagi KTsJ bosh miyaning o‘rta darajadagi ezilishiga mos keladi. O‘rta darajadagi jarohatlarda kalla suyagi sinishlari, posttravmatik intrakranial gemorragiya, shu jumladan, subaraxnoidal gemorragiya vujudga keladi. Glazgo shkalasi bo‘yicha o‘rta darajadagi KTsJ 12–9 ballga teng darajada hayotiy muhim funksiyalar ham engil yoki o‘rta buziladi.
Og‘ir KTsJ – bosh miyaning kuchli ezilishi va bosilib qolishi hamda diffuz aksonal shikastlanish bilan namoyon bo‘ladigan jarohat. Bemor 1 soatdan oshiq hushini yo‘qotadi, posttrav­matik amneziya 24 soatdan oshadi, hayotiy muhim markazlar (yurak qon-tomir va nafas olish) faoliyati buziladi, turg‘un o‘choqli nevrologik simptomlar paydo bo‘ladi, epileptik xurujlar ro‘y beradi. Tiklanish o‘ta sust kechadi yoki to‘la bo‘lmaydi. Glazgo shkalasi bo‘yicha og‘ir darajadagi KTsJ 8–3 ballga teng.

Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
              © asab.cc


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив