NEYROBRUTsELLYoZ
Etiologiyasi va epidemiologiyasi. Brutsellyoz surunkali kechuvchi va qaytalanib turuvchi infektsion kasallik bo‘lib, odamga faqat hayvonlardan yuqadi. Ushbu kasallik qo‘zg‘atuvchi infektsiyani 1887-yili Shotlandiyalik olim Devid Bryus Malta shahrida aniqlagan. Keyinchalik olim sharafiga kasallik qo‘zg‘atuvchisi «bryusel», kasallik esa «brutsellyoz» deb atala boshlandi. Brutsella turlari ko‘p bo‘lib, ular hayvonlar organizmida hayot kechirishadi. Brutsellyozning sinonimlari juda ko‘p (Malta isitmasi, gibraltar isitmasi, O‘rta dengiz bo‘yi isitmasi, Bryus kasalligi). Bu nomlarga e’tibor qiladigan bo‘lsak, surunkali isitma bilan kechadigan barcha kasalliklarda brutsellyozga gumon qilingan.
Brutsellyoz chorvachilik rivojlangan davlatlar va hududlarda keng tarqalgan. Dunyo bo‘ylab har yili 500 000 odam brutsellyoz bilan ro‘yxatga olinadi. Mutaxassislar fikricha, bu ko‘rsatkich haqiqiy ko‘rsatkichdan bir necha barobar kam bo‘lishi mumkin. Hatto rivojlangan davlatlarda ham brutsellyozning tarqalishiga oid aniq statistik ma’lumotlar yo‘q. Buning asosiy sabablari brutsellyozning klinik simptomlari turli kasalliklarga o‘xshab kechishi, bemorlarning barchasida ham laborator tekshiruvlarning o‘tkazilmasligi va kasallikning asosan chekka, ya’ni laboratoriya xizmati yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan hududlarda uchrashi bilan bog‘liq.
Infektsiya manbai – uy hayvonlari, ya’ni sigir, echki, qo‘y, cho‘chqa va kam hollarda itlar. Kasallik, asosan alimentar yo‘l bilan, kam hollarda aerogen va kontakt yo‘l (jarohatlangan teri) orqali yuqadi. Aerogen zararlanish brutsellalarning nafas yo‘llariga chang orqali tushishi (masalan, cho‘ponlar va veterinarlarda) bilan bog‘liq. Alimentar zararlanish xom sut ichganda va yaxshi ishlanmagan sut mahsulotlarini (brinza, pishloq, sariyog‘) iste’mol qilganda ro‘y beradi. Demak, brutsellyoz, asosan chorva sohasida faoliyat ko‘rsatuvchilar va ularning oila a’zolari, veterinarlar, bakteriologik laboratoriya xizmatchilari, go‘sht mahsulotlari bilan savdo qiluvchilar va ularni qayta ishlovchilarda ko‘p uchraydi. Shuningdek, xom yoki yaxshi ishlanmagan go‘sht (masalan, kabob) va suyak iligini iste’mol qiluvchilar ham brutsellyoz bilan ko‘p og‘rishadi. Brutsellyoz bilan erkaklar ko‘p kasallanishadi va kasallik asosan 20-50 yoshlarda ko‘p uchraydi.
Patogenezi va patomorfologiyasi. Brutsellalar odam organizmiga alimentar va kontakt yo‘l orqali tushgach limfa tugunlari va retikuloendotelial sistema hujayralarida intensiv tarzda ko‘payadi. Infektsiya gematogen va limfogen yo‘llar orqali barcha a’zolarga tarqala boshlaydi. Brutsellalar, asosan makrofaglar ko‘p bo‘lgan a’zolar va to‘qimalarda to‘planadi. Shuning uchun ham muskullar, fassiyalar, bo‘g‘imlar, paylar, jigar va taloq ko‘p zararlanadi. Brutsellalarning bir qismi o‘lib turadi va bu jarayon endotoksinlar hosil bo‘lishi bilan kechadi. Doimiy endotoksemiya doimiy isitmaning bevosita sababchisidir. Zararlangan to‘qimalarda fagotsitoz jarayoni to‘la kuzatilmagani bois, ularda brutsellalar uzoq vaqt saqlanadi va doimiy tarzda yallig‘lanish jarayoni kechadi.
Eslatma. Brutsellez uchun granulematoz yallig‘lanish xos.
Yallig‘lanish ketayotgan to‘qimalarda nekrotik o‘choqlar, mikroabstsesslar paydo bo‘ladi va hosil bo‘lgan granulemalar kazeoz parchalanishga uchrab turadi. Nerv sistemasi nisbatan kam zararlanadi va u, asosan, PNS zararlanishi bilan namoyon bo‘ladi.
Brutsellalar hujayralar ichida oylab va yillab (odatda, 2 yilgacha) saqlanadi. Buning natijasida surunkali yallig‘lanish jarayoni organizmning kuchli allergizatsiyasini yuzaga keltiradi. Allergiya organizmda bakterial infektsiyalarning qayta qo‘zg‘alishi va ikkilamchi infektsiya o‘choqlari paydo bo‘lishiga sababchi bo‘ladi. Buning oqibatida turli to‘qimalarda kichik-kichik yiringli o‘choqlar shakllanib turadi. Organizm brutsellalardan xalos bo‘lgandan so‘ng ham allergiya uzoq vaqt davom etadi. Bu esa immuntitet tushib ketishi va organizmning juda ojizlanishiga sababchi bo‘ladi. Shuning uchun ham brutsellyoz bilan kasallangan bemor boshqa kasalliklarga tez-tez chalinib turadi. Brutsellyoz bilan kasallanganlarda turg‘un immunitet hosil bo‘lmaydi, ya’ni ular ushbu kasallik bilan yana kasallanishlari mumkin.
Klinikasi. Kasallikning inkubatsiya davri o‘rtacha 1-3 haftaga teng, ba’zida bir necha oylarga cho‘ziladi. Brutsellyoz klinikasi turli-tuman va o‘zgaruvchan bo‘lib, deyarli har doim isitma bilan namoyon bo‘ladi. Kasallik klinikasi bir-ikki kun ichida o‘tkir tarzda paydo bo‘lishi yoki sekin-asta namoyon bo‘la boshlashi mumkin. Brutsellyozning eng ko‘p uchraydigan simptomlari – doimiy isitma va titroq, terlash, taxikardiya, bel va bo‘g‘imlarda uzoq davom etuvchi og‘riqlar, mialgiyalar va tez charchab qolish. Brutsellyoz bilan kasallangan bemor, odatda, ozg‘in bo‘lib, uning ishtahasi past bo‘ladi.
Ba’zida bemorning umumiy ahvoli qoniqarli bo‘lib qoladi va obektiv tekshiruvlar yordamida kasallik alomatlarini aniqlab bo‘lmaydi. Boshqa holatlarda kasallik juda og‘ir kechadi: tana harorati 39-40°S ga ko‘tariladi, meningizm rivojlanadi, umurtqa pog‘onasi, bo‘g‘imlar va mushaklarda kuchli og‘riqlar paydo bo‘ladi, yurak urishi yanada tezlashadi, bronxopnevmoniya rivojlanadi, limfa tugunlari, jigar va taloq kattalashib, ularda ham og‘riqlar vujudga keladi. Isitma, odatda, to‘lqinsimon tarzda namoyon bo‘lib, ertalab normada bo‘lsa, kunduzi va kechasi oshadi.
Nerv sistemasi zararlanishi (neyrobrutsellyoz). Kam uchraydi, biroq og‘ir kechadi. Brutsellyozda, ko‘pincha PNS zararlanadi va nevropatiya, radikulopatiya, polinevropatiyalar bilan namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, bel-dumg‘aza radikulopatiyasi ko‘p uchraydi. Bunday bemorlar doimiy bel og‘riqqa shikoyat qilib yurishadi. MNS kam zararlanadi va asosan, meningoentsefalit, entsefalit, miya abstsesslari, leptomeningit, mielit bilan namoyon bo‘ladi.
Meningoentsefalit engil ifodalangan meningeal simptomlar, markaziy mono- va gemiparezlar, mono- va gemianesteziyalar, giperkinezlar, parkinsonizm alomatlari, vestibulo-koordinator buzilishlar bilan namoyon bo‘ladi. MNS zararlanishi deyarli har doim IKG bilan kechadi. Brutsellyozda VNS zararlanishini alohida ko‘rsatib o‘tish joiz. Chunki bu kasallikda vegetativ buzilishlar juda ko‘p uchraydi. Bular – gipergidroz, qizil dermografizm, giperkeratoz, akrotsianoz, AQB ning o‘ynab turishi, ichki a’zolar disfunktsiyasi va turli psixovegetativ buzilishlar.
Kranial nervlardan ko‘ruv nervi ko‘p zararlanadi, ya’ni ko‘ruv nervi atrofiyasi va uning diski dimlanishi kuzatiladi. Bemorda ko‘rish funktsiyasi pasaya boradi. Brutsellyozda ko‘zni harakatlantiruvchi nervlar (III, IV, VI) zararlanishi ham uchrab turadi. Ularda sekin-asta rivojlanuvchi ptoz, g‘ilaylik, diplopiya va ko‘z harakatlarining chegaralanishi kabi belgilarni kuzatish mumkin.
Likvorologik o‘zgarishlar nerv sistemasining qaysi sohasi zararlanganligiga qarab turlicha kechadi: likvor bosimi normada yoki oshgan, rangi tiniq, loyqalagan yoki ksantaxrom, hujayralar va oqsil miqdori o‘zgarmagan yoki biroz oshgan bo‘ladi. Likvordan brutsellalarni ajratib olish tashxis qo‘yishda muhim ahamiyatga ega.
Brutsellyoz klinikasini boshqa a’zolar va sistemalar zararlanishisiz tasavvur qilish qiyin. Har bir vrach brutsellyozning barcha klinik simptomlaridan voqif bo‘lishi kerak. Shu bois turli a’zolar va sistemalarning zararlanishi haqida to‘xtalib o‘tamiz.
Tayanch-harakat sistemasi zararlanishi brutsellyozda juda ko‘p uchraydi. Aksariyat bemorlarda reaktiv poliartrit rivojlanadi va uning belgilari asimmetrik tarzda namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, umurtqa pog‘onasining bel-dumg‘aza qismi, dumg‘aza-yonbosh, chanoq-son, tizza, elka va tirsak bo‘g‘imlari ko‘p zararlanadi. Kichik bo‘g‘imlar esa kam zararlanadi. Kasallikning har bir qo‘zg‘alishida yangi va yangi bo‘g‘imlar zararlanib boraveradi. Ushbu bo‘g‘imlarda doimiy og‘riqlar paydo bo‘ladi, ularning harakati sustlashadi va deformatsiyaga uchray boshlaydi.
Brutsellyozda umurtqa pog‘onasi zararlanishi, ya’ni osteoxondroz, ko‘pincha sakroileit, distsit va koksitlar bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Odatda, bunday bemorlar dastlab nevropatologga murojat qilishadi. Bunday paytda osteoxondroz sababchisi brutsellyoz ekanligini aniqlash ancha mushkul. Aksariyat hollarda og‘riq xuddi umurtqalararo disk churrasidagi og‘riqlarni eslatadi va diagnostik qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi.
Brutsellyoz kasalligi bilan bog‘liq bo‘lgan bir voqeani keltirib o‘tamiz. S. ismli 24 yoshli bemor belda to‘satdan paydo bo‘lgan kuchli og‘riqqa shikoyat qilib bizga murojaat qildi. Og‘riq hech qanday sababsiz bir kechada paydo bo‘lgan. Bemor og‘ir yuk ko‘tarmagan, “shamollamagan” ham. Bemorning nevrologik statusini tekshirganimizda L5 va S1 ildizchalari radikulopatiyasiga xos yaqqol belgilar bor edi. Simptomlar chap tomonda namoyon bo‘layotgandi. Bemorda brutsellyozga xos boshqa belgilar (isitma, artralgiya, terlash, titroq) bo‘lmaganligi uchun, biz unga ushbu kasallikni aniqlashga oid laborator tekshiruvlar o‘tkazmadik. Bemor talaba bo‘lgani uchun yotib davolanishga rozilik bermadi va ambulator tarzda davolana boshladi. Unga asosan deksametazon, voltaren, tseftriakson va prozerin qila boshladik. Davolash boshlanganiga bir hafta bo‘lsa-da, og‘riqlar o‘tib ketavermadi. Bemor munkayib yura boshladi. Umurtqa pog‘onasining bel-dumg‘aza qismini KT qilib tekshirib ko‘rdik. Ushbu tekshiruv L5-S1 umurtqalari orasida disk churrasi paydo bo‘lganligini ko‘rsatdi. Shu bilan birga yigitning yoshiga mos bo‘lmagan “bel-dumg‘aza osteoxondrozi” ham e’tiborimizni tortdi. Bemorni neyroxirurgiya bo‘limiga yubordik. U erda uni operatsiya qilib davolash rejasi tuzildi. Operatsiya qilishdan oldin bemor barcha laborator tekshiruvlardan o‘tkazildi. Natijada unda brutsellyoz kasalligi aniqlandi. Tashxisni tasdiqlash uchun infektsionist maslahatga chaqirildi. KT da L5-S1 umurtqalari orasida disk churrasiga o‘xshash dog‘ brutsellyoz gummasi bo‘lishi mumkin, degan xulosaga kelindi. Bemor yuqumli kasalliklar shifoxonasiga o‘tkazildi. Biz bemorni u erda ham kuzatuvga oldik. Qo‘shimcha klinik tekshiruvlar unda sakroileit belgilari borligini ham ko‘rsatdi. Bemorga tetratsiklin guruhiga kiruvchi antibiotiklar tavsiya etildi va yuqori samaraga erishildi. Unda uzoq davom etuvchi remissiya kuzatildi. Infektsionist maslahatiga ko‘ra bemorning oila a’zolari ham tekshiruvlardan o‘tkazildi. Bemorning onasi va ikki ukasida ham brutsellyoz aniqlandi.
Biz bu erda brutsellyozning atipik kechishining guvohi bo‘ldik. Agarda bemorga neyroxirurgik operatsiya o‘tkazilganida yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin edi. Kasallikning dastlabki kunlari brutsellyozni aniqlashga oid laborator tekshiruvlar qilinmaganligi va sakroileit bilan qiyosiy tashxis o‘tkazilmaganligi bizning xatoimiz edi. Bemorning munkayib yura boshlagani va og‘riqlarni biz disk churrasidan deb bildik.
Sakroileit, ya’ni dumg‘aza-yonbosh bo‘g‘imi yallig‘lanishi brutsellyoz uchun juda xos. Boshqa etiologiyali sakroileitlar juda kam uchraydi. Shu bois, sakroileitning klinik belgilari aniqlangan har qanday bemor, albatta, brutsellyozga tekshirib ko‘rilishi kerak. Sakroileitni aniqlash uchun zarur bo‘lgan ba’zi diagnostik sinamalarni keltirib o‘tamiz.
Eriksen sinamasi. Bemor tekis joyga yonbosh holatda yotqiziladi va yonbosh suyak qirrasiga bosiladi. Bunda zararlangan tomondagi bo‘g‘imda og‘riq paydo bo‘ladi. Bu sinamani bemorni chalqanchasiga yotqizib ham tekshirish mumkin. Bemor tepaga qarab yotadi. Vrach esa ikkala qo‘li bilan ikkala yonbosh suyakning chekkasidan bosadi. Bunda og‘riq zararlangan tomonda paydo bo‘ladi. Agar og‘riq dumg‘aza sohasida vujudga kelsa, demak, ikkala tomondagi dumg‘aza-yonbosh bo‘g‘imi ham zararlangan.
Larrey simptomi. Bemor oyoqlarini uzatib chalqanchasiga yotadi. Vrach ikkala qo‘li bilan ikkala yonbosh suyakning qirrasiga bosadi. Bunda zararlangan tomonda og‘riq paydo bo‘ladi. Agar sakroileit ikkala bo‘g‘imda ham kuzatilayotgan bo‘lsa, og‘riq ikkala tomonda ham aniqlanadi.
Naxlass sinamasi. Bemor kushetkada pastga qarab yotadi. Uning oyog‘i tizza bo‘g‘imida bukib yuqoriga ko‘tariladi. Bunda zararlangan dumg‘aza-yonbosh bo‘g‘imida og‘riq kuzatiladi.
Jon-Ber sinamasi. Bemor kushetkada chalqanchasiga yotadi. Vrach mushti bilan qov sohasiga bosadi. Bunda zararlangan dumg‘aza-yonbosh bo‘g‘imida yoki dumg‘aza soxasida og‘riq paydo bo‘ladi.
Shuningdek, oyoqni chanoq-son bo‘g‘imida yon tomonga katta qilib ochganda, yozilgan oyoqning tovoniga musht bilan urganda, oyoqni ichkari va tashqariga buraganda ham zararlangan dumg‘aza-yonbosh bo‘g‘imida og‘riqlar aniqlanadi. Sakroileitda bemor qaddini tiklab yura olmaydi. Ayniqsa, bu holat sakroileit ikkala tomonda ham namoyon bo‘lganda kuzatiladi.
Agar brutsellyoz tez-tez qo‘zg‘alaversa, avval zararlangan bo‘g‘imlarda yiringli o‘choqlar paydo bo‘lishi mumkin. Bo‘g‘im punksiya qilib tekshirilganda, 1 mkl sinovial suyuqlikda 10000-40000 ta leykotsit aniqlanadi va ularning yarmidan oshig‘i neytrofillar bo‘lib chiqadi. Oqsil miqdori oshadi, glyukoza esa kamayadi. Aksariyat hollarda, sinovial suyuqlikda brutsellalar aniqlanadi.
Yurak-qon tomir sistemasi zararlanishi infektsion miokardit, endokardit, perikardit, septik anevrizma va o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi bilan namoyon bo‘ladi. Bu kasalliklar o‘ta xavfli bo‘lib, yurak etishmovchiligini yuzaga keltiradi va bemorning o‘limiga sababchi bo‘ladi.
Nafas olish sistemasi zararlanishi doimiy va qaytalanib turuvchi quruq yo‘tal, tomoq qichishi va og‘riq, bodomcha bezlar giperemiyasi va shishi bilan namoyon bo‘ladi. Bu bemorlarda paratraxeal limfa tugunlari kattalashadi, ko‘krak qafasi rentgenogrammasida bronxopnevmoniya belgilari aniqlanadi. Brutsellyoz o‘choqlarining yiringlab turishi o‘pka abstsessi va yiringli plevritlar rivojlanishiga olib keladi.
Oshqozon-ichak sistemasi zararlanishi belgilari biroz engil darajada namoyon bo‘ladi. Bemorlar ko‘ngil aynish, qusish, ich qotish yoki ich ketishi va qorinda og‘riqlardan aziyat chekishadi. Aksariyat bemorlar ishtaha yo‘qligi va ozib ketayotganligiga shikoyat qilishadi. Jigar va taloq kattalashib ularda yiringli o‘choqlar, ya’ni abstsesslar paydo bo‘lishi mumkin. Jigar biopsiyasida granulemalar aniqlanadi. Jigar fermentlari faolligi oshadi.
Ko‘z zararlanishi. Ko‘zga brutsellalar yoki veterinar vaktsinaning tushishi keratit, shoh pardada yarachalar, uveit, xorioretinit va endoftalmit rivojlanishiga olib keladi.
Teri zararlanishi. Brutsellalar terining jarohatlangan joyiga tushsa, gemorragik toshmalar, uzoq vaqt bitmaydigan yarachalar, teri va teri ostida kichik abstsesslar vujudga keladi. Abstsesslar terining ko‘p qismida paydo bo‘lishi va bir-biri bilan teriosti orqali bog‘lanishi mumkin. Yiringli jarayon teriosti venalariga o‘tib, ularda tromboflebitlar rivojlanishiga ham sababchi bo‘ladi. Terining yaralar paydo bo‘lgan sohalarida nekroz shakllanadi va o‘sha joylar g‘adir-budir bo‘lib qoladi.
Endokrin sistema zararlanishi tireoidit, buyrak usti bezining surunkali etishmovchiligi, ADG gipersekretsiyasi sindromi bilan namoyon bo‘ladi.
Siydik ajratish sistemasi zararlanishi pielonefrit, tsistit, uretrit, prostatit, vezikulit, salpingit, servisit, tuboovarial abstsess, orxit bilan kechadi. Brutsellyoz ushbu kasalliklar bilan namoyon bo‘lsa, siydikda brutsellalarni ajratib olish mumkin.
Brutsellyozda bir qancha klinik simptomlarning vujudga kelishi bilan tanishib chiqdik. Ularning qay darajada uchrashi 1-jadvalda aks ettirilgan.
1-jadval
Brutsellyozda anamnestik ma’lumotlar va simptomlarning uchrash darajasi
(Xarrison ma’lumotnomasi bo‘yicha, 2010-yil, 500 bemor misolida)
Belgilar | Bemorlar soni (foizi) |
Anamnez | |
– hayvonlar bilan ishlash | 368 (74) |
– yaxshi ishlanmagan sut mahsulotlarini iste’mol qilish | 350 (70) |
– yaxshi pishmagan jigarni iste’mol qilish | 147 (29) |
– oilada brutsellyoz bilan kasallanganlar | 188 (38) |
Simptomlar | |
- isitma | 464 (93) |
-titrok | 410(82) |
- terlash | 437 (87) |
- og‘riqlar | 457 (91) |
- bo‘g‘imlar va belda og‘riqlar | 431 (86) |
- artrit | 202 (40) |
- umurtqa pog‘onasini bosib tekshirganda og‘riq | 241 (48) |
- bosh og‘riq | 403 (81) |
- ishtaha yo‘qolishi | 388 (78) |
- ozish | 326 (65) |
- qabziyat | 234 (47) |
- qorinda og‘riq | 225 (45) |
- diareya | 34 (7) |
- yo‘tal | 122 (24) |
- moyakda og‘riq, orxit* | 62 (21)* |
- terida toshmalar | 72 (14) |
- uyqu buzilishi | 185 (37) |
- umumiy ahvoli o‘ta og‘ir | 127 (25) |
- limfa tugunlar kattalashgan | 160 (32) |
- splenomegaliya | 125 (25) |
- gepatomegaliya | 97(19) |
- nevrologik simptomlar | 20 (4) |
- yurakda shovqin | 17 (3) |
- zotiljam | 7 (1) |
* - 290 erkakdan |
Tashxis. Brutsellyoz tashxisi bemorning hayot va kasallik anamnezi, klinik simptomlar va ularning o‘zgarib turuvchi isitma bilan namoyon bo‘lishi hamda laborator tekshiruvlarda brutsellalarning aniqlanishiga asoslanib qo‘yiladi.
Tashxis qo‘yish algoritmi:
- qon, siydik va najasning umumiy analizi;
- biokimyoviy tekshiruvlar (bilirubin, ALT, AST);
- qonni Brucella spp. ga tekshirish;
- qonni Rayt reaktsiyasiga tekshirish;
- qonni Xeddlson reaktsiyasiga tekshirish;
- Kums reaktsiyasi;
- Byurn sinamasi;
- EKG, ichki a’zolar UTT;
- umurtqa pog‘onasi va bo‘g‘imlar rentgenografiyasi;
- infektsionist va boshqa mutaxassislar maslahati;
- ko‘rsatmaga binoan KT va MRT tekshiruvlari.
Davolash. Davolash jarayonida bitta antibiotik ishlatish, ko‘pincha yaxshi natija bermaydi, bemor to‘la tuzalmaydi, kasallik yana qayta qo‘zg‘aladi va brutsellalarning antibiotikka turg‘un turlari paydo bo‘ladi. Antibiotiklar bilan davolash 6-8 hafta mobaynida olib boriladi. Antibiotiklar bilan davolashni erta to‘xtatib qo‘yish mumkin emas. Brutsellalar tetratsiklin guruhiga kiruvchi antibiotiklarga juda sezgir. Avvallari va hozir ham bemorlarni davolashda tetratsiklin ko‘p qo‘llaniladi. Bu dori 250 mg dan kuniga 4 mahal beriladi. Ammo bitta tetratsiklinning o‘zi bilan samarali natijaga erishib bo‘lmaydi.
Bugungi kunda antibiotiklarni birgalikda tavsiya etishning bir qator sxemalari mavjud. Doksitsillinni 100 mg dan kuniga 2 mahal ichish buyuriladi va streptomitsin 1 g dan mushak ichiga kuniga 1 mahal qilinadi. Kotrimoksazol 960 mg dan kuniga 2 mahal+rifampisin 600 mg dan kuniga 1-2 mahal ichish tavsiya etiladi. Rifampitsin o‘rniga streptomitsin kuniga 1 g dan mushak ichiga qilinishi mumkin. Doksitsillin 100 mg dan kuniga 2 mahal+rifampitsin 600 mg dan kuniga 1-2 mahal ichiladi. Ushbu sxema bo‘yicha dorilar 8-10 hafta mobaynida beriladi.
Doksitsillinni gentamitsin bilan yoki rifampitsinni oflosatsin bilan ham birgalikda tavsiya qilish mumkin. Gentamitsinning bir kunlik dozasi 1 kg tana vazniga 5 mg ni tashkil qilishi kerak. Agar bemorning tana vazni 60 kg bo‘lsa, unga bir kunda 300 mg gentamitsin qilinadi. Gentamitsin har 8 soatda, ya’ni 100 mg dan kuniga 3 mahal m/i qilinadi yoki v/i ga tomchilatib yuboriladi.
Tsefalosporinlar qo‘llanilmaydi. Agar kasallik meningit va meningoentsefalitlar kabi asoratlar bersa, ushbu antibiotiklar qo‘shimcha ravishda tanlanishi mumkin. Meningoentsefalit va miya abssessida aminoglikozidlar+doksitsillin+rifampitsin birgalikda tavsiya etiladi. Bu dorilar 8-12 hafta mobaynida beriladi. Qonda antibiotiklar konsentratsiyasi, jigar fermentlari va buyrak funksiyasi tekshirib turiladi.
Antibiotiklar bilan davolab boshlagandan so‘ng 7-14 kun o‘tgach, isitma pasayadi va bemorning umumiy ahvoli yaxshilanadi. Oradan 2-4 hafta o‘tgach esa kattalashgan jigar va taloq avvalgi hajmiga qayta boshlaydi. Davolash kursi tugagandan so‘ng 2 yil mobaynida har 3 oyda klinik va serologik tekshiruvlar o‘tkazib turiladi. Qonda brutsellalar qayta paydo bo‘lgan yoki bo‘lmaganligini aniqlash uchun qonni ekib tekshirib turish kerak. Kasallik to‘la remissiyaga uchragandan so‘ng 3 oy o‘tgach, bemorga fizioterapevtik muolajalar o‘tkazish mumkin. Bemorning sihatgohlarda dam olib turishi qayta reabilitasiya uchun juda muhim.
Prognoz. Aksariyat hollarda prognoz bemor hayoti uchun xavfsiz. Yiringli asoratlar bergan brutsellyozda, ayniqsa, endokarditda o‘lim holatlari uchrab turadi. Brutsellyozda tayanch-harakat a’zolari va nerv sistemasi zararlanganligi sababli turli darajadagi nogironlik kuzatiladi. Odatda, 5-10% holatlarda kasallik qayta qo‘zg‘aydi. Bemor tuzaldi, deb xulosa qilingandan so‘ng ham 2 yil mobaynida dispanser nazoratga olinadi.
Profilaktikasi. Yaxshi ishlanmagan sut va go‘sht mahsulotlarini iste’mol qilmaslik kasallikning oldini olishda juda katta ahamiyatga ega. Chorvachilik sohasida ishlaydigan ishchilar va sut mahsulotlarini qayta ishlaydigan xodimlar dispanser nazoratiga olinadi. Brutsellyozga gumon qilingan xodimlarda Rayt va Xeddlson reaksiyalari o‘tkaziladi. Brutsellyoz bilan kasallanganlar atrofidagilar uchun xavfli emas.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha