Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi NEYRORESPIRATOR SINDROM

NEYRORESPIRATOR SINDROM


Neyrorespirator sindrom (NRS) – asosan, nafas olish ritmi buzilishi bilan namoyon bo‘luvchi psixovegetativ buzilishlar majmuasi.
     Etiologiyasi va patogenezi. NRS ni yuzaga keltiruvchi asosiy etiologik omillar – bular o‘tkir va surunkali stresslar, doimiy xavotir va depressiyadir. Aynan kuchli psixoemotsional zo‘riqishlar nafas olish ritmini darrov izdan chiqaradi va neyrorespirator sindrom rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Chunki nafas olish sistemasi xuddi yurak-qon tomir sistemasi kabi hissiy qo‘zg‘alishlarga o‘ta sezgir. Shu bois ham NRS, asosan, neyronal markazlarning surunkali qo‘zg‘alishi sababli rivojlanadi. NRS juda kam hollarda somatik va endokrin kasalliklar, metabolik buzilishlar va intoksikatsiyalar sababli yuzaga keladi. Biz avvalgi darsliklarimizda “giperventilyatsion sindrom” atamasini qo‘llaganmiz. “Giperventilyatsiya” – nafas olishning tezlashuvi, kuchayishi degan ma’noni anglatadi va kasallik mohiyatini to‘la ochib bera olmaydi. Biz “Neyrorespirator sindrom” atamasini qo‘llash maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz. Vaholanki, ushbu atamada ham neyronal, ham respirator buzilishlar aks etgan. Boz ustiga “neyrorespirator sindrom” atamasi hali tibbiy adabiyotlardan to‘liq olib tashlanmagan. 
       Klinikasi. Nafas olish ritmining buzilishi, qo‘rquv va xavotir, bosh aylanishi, sinkopal holatlar va tetanik spazmlar NRS ning asosiy klinik simptomlaridir. Nafas olish buzilishlari nafas olishdan qoniqmaslik, havo (kislorod) etishmasligi, ko‘p esnash, chuqur xo‘rsinish kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Bemor o‘pkasini havoga to‘ldirish uchun chuqur-chuqur nafas oladi va bu odatiy holga aylanadi. Bemor deyarli har doim havo (kislorod) etishmayotganidan shikoyat qiladi, yoqasi ochiq kiyimlar kiyib yuradi, derazalarni ochaveradi. Agar bemor odamlar gavjum avtobuslar, metro va katta yig‘ilishlar o‘tkaziladigan zallarga tushib qolsa, uning nafas olishi yanada qiyinlashadi, iloji boricha toza havoga chiqishga harakat qiladi. Shuningdek, psixoemotsional stress (imtihon yoki odamlar oldida so‘zga chiqish) paytida nafas buzilishlari kuchayadi. Nafas etishmovchiligining surunkali ko‘rinishlarida ba’zan adashib, bronxial astma tashxisi ham qo‘yiladi.
        Aksariyat bemorlarda bosh aylanishi (ba’zida, bosh og‘rig‘i), ko‘p terlash, yuz va oyoq-qo‘llarda paresteziyalar, uyqu buzilishi, hushdan ketishlar, qo‘rquv va xavotir kabi simptomlar kuzatiladi. Shu o‘rinda sinkopal buzilishlarni alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Ular engil tarzda namoyon bo‘ladi: bemorning ko‘z oldi qorong‘ilashadi, holdan toyib o‘tirib qoladi, boshi aylanib biroz hushdan ketadi. Bu paytda umumiy ichki titroq vujudga keladi va bemorni ter bosadi. Yaqqol ifodalangan sinkopal holatlar, odatda, qattiq stress (urush-janjallar) paytida ro‘y beradi. Ba’zida vrachlar bu holatni isteriyaga yo‘yishadi. Biroq u navbatdagi giperventilyatsion paroksizm bo‘lishi mumkin. NRS nafas olish ritmining buzilishidan tashqari yana bir qator klinik simptomlar bilan namoyon bo‘ladi. 
        Vegetativ markazlar disfunktsiyasi sababli yurak-qon tomir faoliyati ham buziladi. Yurakning tez-tez urishi, “yurakning bo‘g‘izga tiqilib kelishi”, yurak sohasining uvishishi, og‘riqlar, ko‘krak qafasining siqishi ko‘p kuzatiladi. AQB o‘zgarishlari bemorning qaysi vegetativ tipga kirishiga bog‘liq. Agar u vagotonik bo‘lsa, AQB giperventilyatsion xurujlar paytida tushib ketadi, simpatikotonik bo‘lsa, AQB oshadi.
        NRS klinikasida nerv-mushak qo‘zg‘aluvchanligi oshishi alohida o‘rin tutadi. Buning natijasida muskullar spazmi, ya’ni tetaniyalar (yun. tetanos – muskullarning tonik titrashi va spazmi) paydo bo‘ladi. Titroq bilan namoyon bo‘luvchi tonik spazmlar ko‘pincha qo‘llarning distal qismida kuzatiladi. Tonik spazmlar va titrashlar  paytida bemorning qo‘l panjalari tortishib, «akusher qo‘li» simptomi paydo bo‘ladi, oyoq panjalari ham tortishib, ichkariga va pastga bukilib qoladi. Tonik spazmlar va titrashlar yuz muskullarida ham kuzatiladi.  Xvostek va Trusso simptomlari aniqlanadi. Muskullarning tonik spazmi va titrashlari giperventilyatsion paroksizmlar paytida vujudga keladi yoki kuchayadi. Ular tinch paytda kuzatilmasligi ham mumkin.
       Neyrorespirator sindromda oshqozon-ichak sistemasida ham turli xil funktsional buzilishlar aniqlanadi: kekirish, disfagiya, og‘iz qurishi, qorin sohasida noxush sezgilar, og‘riqlar, qabziyat va h.k. Bemor ichaklar g‘o‘rillashini sezib turadi, qorni ko‘pincha dam bo‘ladi, ishtahasi pasayadi. Shu erda psixogen va bronxial astmaning qiyosiy belgilarini keltirib o‘tamiz (1-jadval).
    1-jadval. Psixogen astma bilan bronxial astmaning qiyosiy belgilari
Psixogen astma
Bronxial astma

  • Xuruj stressdan keyin va ko‘pincha odamlar bor paytda boshlanadi
  • Xuruj kam-kamdan qisqa vaqt kuzatiladi
  • Nafas olish qiyin
  • Yuz terisi o‘zgarmagan
  • Bo‘yin tomirlari bo‘rtib turmaydi
  • Balg‘amsiz yo‘tal
  • Auskultatsiyada vezikulyar nafas
  • Emfizema yo‘q
  • Barmoqlar shakli o‘zgarmagan
  • Yurak chegaralari o‘zgarmagan
Platseboterapiya yordam beradi
  • Xuruj allergen omillardan keyin yoki besabab boshlanadi
  • Xuruj bir necha daqiqadan bir necha soatgacha davom etadi
  • Nafas chiqarish qiyin
  • Yuz va lablarda tsianoz 
  • Bo‘yin tomirlari bo‘rtib turadi
  • Balg‘amli yo‘tal
  • Auskultatsiyada xushtaksimon nafas
  • Emfizema bor
  • Barmoqlar baraban tayoqchalari shaklida
  • Platseboterapiya yordam bermaydi



        Boshqa psixosomatik buzilishlar kabi psixogen astma ham unga e’tibor ortiqcha qaratilganda ro‘y beradi yoki kuchayadi. Psixosomatik buzilishlarga oid barcha statistik ma’lumotlar va bizning kuzatuvlar ham psixogen astmaning ayollarda juda ko‘p uchrashini ko‘rsatadi. 
         Bir professor ma’ruza o‘qiyotgan paytida talabalarga nafas olishini nazorat qilib turishlarini buyurgan. Oradan 2-3 daqiqadan so‘ng kimning nafas olishi qiyinlashgani so‘ralganda, talabalarning yarmi qo‘lini ko‘targan. Talabalar nisbatan sog‘lom guruhga kiradi, demak, bemorlarda bundan ham ko‘p ko‘rsatkich kuzatilishi tabiiy hol, albatta. Nafas olishni hadeb nazorat qilish psixogen astma belgilarini kuchaytiradi xolos. 
        Bo‘g‘ilib qolish, nafas yo‘llariga biror narsa tiqilib qolgandek bo‘lishi, nafas olishning qiyinlashib borayotganligidan shikoyat qilish, ayniqsa, ipoxondriyada ko‘p kuzatiladi. Mabodo bu belgilar xurujlar bilan namoyon bo‘lsa, adashib bronxial astma tashxisi ham qo‘yilishi mumkin.
        Quyidagi voqea bunga yaqqol misol bo‘la oladi. 
        Bizga 20 yashar R. ismli yigitni ko‘rsatishdi. U allergologiya bo‘limida «bronxial astma» tashxisi bilan davolanib kelardi. Bemor juda ozib ketgan, har 30 daqiqada qo‘lidagi berotekni og‘ziga sepib, nafas olishini osonlashtirardi. Bo‘g‘ilishning har 30 daqiqada paydo bo‘lib turishi bizning e’tiborimizni tortdi va qo‘yilgan tashxisga shubha uyg‘otdi. Tibbiy anamnezi bilan birgalikda, bemorning psixologik anamnezi ham to‘la o‘rganib chiqildi va bo‘g‘ilish xurujlari psixogen xususiyatga ega ekanligi aniqlandi. Bemor bolalik davridan nimjon bo‘lib o‘sgan, tez-tez kasallanib turgan. Oilada yagona farzand bo‘lganligi bois ota-onasi bolasining har bir xarxashasiga ko‘nikib yashagan, uning aytgani-aytgan bo‘lgan. Bolaning yoshligidan asabi buzilsa, nafasi bo‘g‘ilib qolar ekan. Biroq uning tibbiy-psixologik statusi tekshirilmasdan, unga bolalik davridan buyon «astma» tashxisi qo‘yilib, davolab kelishgan. Bora-bora xurujlarni oddiy dorilar bilan to‘xtatish qiyinlashadi va bemorga gormonal dorilar (berotek) tavsiya qilinadi. Lekin bu dorini ham bemor doimo ishlatmagan (ba’zan oylab). Bemor yana bir bor tajribali allergologga ko‘rsatiladi va «bronxial astma» tashxisi inkor qilinadi.
       Bemorning psixologik statusini yaxshilab o‘rganib chiqqandan so‘ng psixoterapiyada keng tarqalgan «stress terapiya» usulini qo‘llashni ma’qul topdik. Bemorga «berotekka o‘rganib qolsa, erkaklik funktsiyasi susayishi (bemor yaqinda uylanishi kerak edi) va uylangan taqdirda ham bola bo‘lmasligi mumkinligi, shuning uchun ham bu dorini qanday bo‘lmasin boshqa doriga o‘zgartirish zarurligini» uqtirdik. Gap shundaki, bemorga berotekni yozgan doktor «Mana shu dori sen uchun asosiy dori, bu astmaning har qanday turida og‘izga sepgan zahoti bo‘g‘ilishni to‘xtatadi» deb aytgan. Bu erda shu narsani alohida ta’kidlash lozimki, bo‘g‘ilishni berotekning kuchi emas, balki doktor aytgan so‘zlar («senga faqat shu dori yordam beradi») to‘xtatgan.
       Bemor bilan umumiy til topishgandan so‘ng berotekni boshqa doriga o‘zgartirishga uni ko‘ndirdik va og‘izga sepsa bo‘ladigan idish topib, idishning ichiga hech qanday ta’sirga ega bo‘lmagan eritma quydik. Bemorda har yarim soatda xuruj bo‘lib turishini e’tiborga olib, yonimizda ikki soatga olib qoldik (tekshirish poliklinikada o‘tkazilayotgandi). Bemorda 2 soat ichida 4 marta «astma» xuruji kuzatildi va biz tavsiya etgan «dori» bilan to‘xtatildi. Shu yo‘sinda astmaning psixogen xususiyatga ega ekanligi yana bir bor tasdiqlandi.
       Endigi muammo bu dorini ham umuman qo‘llamaydigan qilish va bemorning fikridan «astma» so‘zini olib tashlash edi. Bir-ikki kundan so‘ng bemorni qabulga chaqirib hol-ahvolini so‘radik. U o‘zini juda yaxshi his qilayotganligini va bu dorining nomini so‘radi. Biz bu «tadqiqotimiz»ni uzoq davom ettirib bo‘lmasligini, bemor hamma sirdan voqif bo‘lib qolsa, uning sog‘lig‘iga tuzatib bo‘lmas putur etkazib qo‘yishimiz mumkinligini angladik. Bemorga bu dorini yana bir hafta ishlatishini, undan so‘ng biz unga xuruj paytida tilning tagiga tashlab so‘riladigan tabletka berishimizni aytdik. Shuningdek, bu dorining afzalliklari ko‘pligi, ya’ni yarim soat emas, dastlabki kuni bir soat, so‘nggi kuni 2 soat, qolgan kunlari esa faqat kuniga 3 mahal ishlatsa ham bo‘lishini tushuntirdik. Bemor bizning har bir gapimizni yaxshilab tinglab, tavsiyalarimizga, albatta, amal qilishini aytdi. Natija o‘ylaganimizdek bo‘lib chiqdi. Keyinchalik bemor butunlay «astma» kasalligidan xalos bo‘ldi.
       Ba’zan shunday hodisalar bo‘ladiki, bemorda bo‘g‘ilish aniq bir sharoitlarda yuzaga keladi. Bunday paytlarda sharoitni o‘zgartirish bo‘g‘ilishni kamaytiradi yoki butunlay yo‘qotadi. 
       Xorazm viloyatidan bizga L. ismli 20 yoshli kelinni maslahatga olib kelishadi.    Bemor turmushga chiqqanidan so‘ng uyida turmush o‘rtog‘i bilan kelishmay doimo janjal chiqib turadi. Janjal avjiga chiqqanda yosh er-xotinlar bir-birini bo‘g‘ishgacha borishgan. Bora-bora yosh kelinda turmush o‘rtog‘i ishdan qaytganidan so‘ng bo‘g‘ilish xurujlari paydo bo‘ladigan va tinchlantiradigan dori ichmaguncha (faqat seduksen, uning analogi bo‘lgan sibazon yoki diazepam bersa, foyda bermaydi) yoki turmush o‘rtog‘i uydan chiqib ketmaguncha bo‘g‘ilish davom etaveradigan bo‘ladi. Bemor barcha davolash usullaridan foydalangan (shu jumladan, platseboterapiya, psixoterapiya) va har qanday yangi taklif etilgan usuldan bosh tortar edi. Bemor yoz oylarida tekshirilayotgandi. Bemorga onasi bilan bir oyga daryo bo‘yiga borish, dorilarni esa uyga tashlab ketish zarurligi aytildi. Bu taklifimiz bemorga ma’qul tushdi. Ona-bola daryo bo‘yidagi uylardan birida ijarada yashashdi.
        Oradan bir hafta o‘tgach, bemorning holidan xabar olgani daryo bo‘yiga uning turmush o‘rtog‘i bilan bordik. Bemorda bo‘g‘ilish xurujlari daryo bo‘yiga kelgan kuniyoq to‘xtagan edi. Bemorning turmush o‘rtog‘iga rafiqasidan xabar olgani daryo bo‘yiga borib turishni tayinladik. Shunisi e’tiborliki, bo‘g‘ilish xurujlari erini daryo bo‘yida ko‘rganda kuzatilmadi. Er-xotinga toza havoda ko‘proq bo‘lishni, boshqa joylarga sayr qilib turishning ruhiy salomatlik uchun foydasi kattaligini uqtirdik. 
        Bu voqeada biz uchun e’tiborni qaratadigan narsa platseboterapiya va psixofarmakoterapiyaning yordam bermaganligidir. Haqiqatan ham ilmiy adabiyotlarda ipoxondrik  sindromlarda  sedativ dorilar hamma vaqt ham yordam beravermasligi haqida yozilgan. Ipoxondriyaga olib kelgan asosiy omil yo‘qotilmas ekan, uni davolash o‘ta mushkul.
         Psixogen astmaning yana bir xususiyati shundan iboratki, bemor doimo o‘zini chayqalayotgandek sezadi: u xuddi o‘zini transportda, liftda, samolyotda ketayotgandek his etadi. Bunday bemorlar metroning eskalatoridan tusha olmaydilar. Bizning nazoratda turgan bemor tunda uxlab yotganida, xuddi hozir zilzila bo‘layotgandek tez-tez uyg‘onib ketishini aytgandi. Ba’zan psixogen bo‘g‘ilishlar xuruji to‘satdan, qattiq qo‘rquvdan so‘ng boshlanadi va gallyutsinatsiyalar bilan birga kechadi. Quyida qiziqarli bir misolni keltirib o‘tamiz.
        Bizning institutda o‘qiydigan S. ismli talaba qiz kechqurun derazaga qarab yotib, qorong‘ida nimaningdir aksini ko‘radi va qo‘rqib ketadi. U ko‘zini yumsa, ko‘ziga har xil narsalar ko‘rina boshlaydi: qora kalxatlar uchib yuradi, hammayoq qorong‘i, atrofni faqat qo‘rqinchli narsalar o‘rab olgan. Buning natijasida nafas ololmay qiynaladi, bo‘g‘iladi. Biz bemorni ushbu simptomlar boshlangan vaqtdan ikki kun o‘tib kuzatdik (kechasi soat o‘nda). Bemor chuqur depressiya holatida bo‘lib, bir xil ohangda gapirardi, qattiq qo‘rqqani ko‘zidan bilinib turardi. U voqea xuddi tushida bo‘layotgandek, mabodo uxlab qolsa, yana shunaqa yomon tushlar ko‘rishdan qo‘rqishini aytdi. Bemorga gipnoterapiya usulini qo‘lladik. Uni trans holatiga tushirib: «Hozir sen shirin uyquga ketasan, tush ko‘rasan, tushingda moviy dengizni ko‘rasan, dengizga charaqlagan quyosh nurlari sochilib, uning yuzidagi tomchilar marvariddek tovlanib turadi. Qirg‘oq esa bir-biridan go‘zal gullarga burkangan, gullarning ustida rang-barang kapalaklar uchib yuradi. Sen dengizda dugonang bilan cho‘milasan, to‘yguningcha suzasan, dengizdan hech chiqqing kelmaydi, suzishdan charchaganingdan so‘ng qirg‘oqqa chiqib, gullar ustida yotib dam olasan. Atrof go‘zal, birorta qora narsa yo‘q. Ertalab engil bo‘lib, ko‘tarinki kayfiyatda uyg‘onasan va tushingda nimalar ko‘rganingni menga aytib berasan».
        Ertasi kuni ertalab bemorning oldiga, yotoqxonaga bordik. Bemor uyg‘ongan va o‘zini yaxshi his qilardi, biroq uni yana uyqu bosayotgandi. Biz aytgan vaziyat bemorning tushida to‘laligicha namoyon bo‘lgandi va bu unga katta huzur bag‘ishlaganini aytib berdi. U hatto tushidagi vaziyatning kichik detallarigacha batafsil bayon etdi. O‘zini juda ham engil his qilayotgani va yana uxlab, xuddi shu tarzdagi tushni ko‘rishni xohlayotganligini ham aytdi.
         Bu uslubni mashhur nemis gipnozchisi N. Lefenveld «tetiklik holatidagi gipnoz» deb atagan. Biz bu bemorni davolashda  olimning ushbu usulidan foydalandik. Xonada bemorning o‘zidan tashqari otasi va talabalar ham bo‘lishiga qaramasdan, uni trans holatiga tushirish juda oson kechdi. Hattoki uning qanday tush ko‘rishi haqidagi so‘zlar bir marta aytildi, xolos. Ma’lumki, chuqur depressiya paytida trans va  gipnozga  tushirish oson kechadi.
        Psixogen astmada quruq yo‘tal ham ko‘p uchraydi. «Yo‘tal shu daraja uzoq davom etadiki, — deb yozgan edi J.M.Sharko (1888), – bemor kun bo‘yi tinmaydi, faqat ovqat eb olish uchungina yo‘talmay turadi, xolos». Psixogen yo‘tal quruq bo‘ladi va balg‘am ajralib chiqmaydi. Bunday paytlarda bemorning ovozi xirillab qoladi, gapira olmaydi. Biroz suhbatdan so‘ng uning ovozi yana ochilib, asta-sekin kasali haqida so‘zlay boshlaydi.
        Tashxis qo‘yish. Tashxis, asosan, klinik simptomlarga tayanib qo‘yiladi. Bu erda bemorning shikoyatlari asosiy o‘rin tutadi. 
        Davosi. Davolash kompleks tarzda olib boriladi. Bunda asosiy urg‘u bemorga psixoterapevtik ta’sir ko‘rsatish, to‘g‘ri nafas olish ko‘nikmasini shakllantirish va minerallar buzilishni bartaraf etishga qaratiladi.
       Psixoterapevtik davolash usullari va sog‘lom turmush tarzi. Bemorning hayot tarzi va ish sharoitlari o‘rganiladi. NRS rivojlanishiga turtki bo‘luvchi asosiy stress omili psixodiagnostik usullar va testlar yordamida aniqlab olinadi. Kasallik sababi aniqlangach, psixodinamik terapiya yordamida bu buzilishlar korrektsiya qilinadi. Psixodinamik terapiyani psixoanaliz usullarini chuqur biladigan mutaxassis o‘tkazadi. Bu erda xatoga yo‘l qo‘yish turli yatropatiyalarni yuzaga keltirishi mumkin. Bemor sog‘lom turmush tarziga o‘rgatiladi, chekish va spirtli ichimliklar ichish man etiladi. Ba’zida NRS ni yuzaga keltirgan asosiy sabab bartaraf qilinsa, kasallik darrov orqaga chekinadi. Masalan, o‘ziga yoqmaydigan ishxonadan bo‘shadi, eri ichkilikni tashladi, betob yotgan bolasi tuzalib ketdi va h.k. Ertalab va kechqurun toza havoda sayr qilish, piyoda yurish kabi engil jismoniy mashqlarning foydasi juda katta. Aksariyat hollarda bemor dori-darmonlarsiz tuzalib ketadi.
        Farmakologik davolash usullari. Asosan, psixotrop va vegetotrop dorilar tavsiya etiladi. Bu dorilar qo‘rquv, xavotir va depressiya alomatlarini bartaraf etadi. Ayniqsa, anksiolitiklar o‘ta samaralidir. Amitriptilin, paroksetin, fluvoksamin, velaksin kabi dorilardan foydalanish mumkin. Amitriptilin kuniga 50-75 mg dan tavsiya etiladi.  Amitriptilinning dastlabki kunlari namoyon bo‘ladigan sedativ ta’siri giperventilyatsiyani bartaraf etishda juda samarali hisoblanadi. Agar dorining nojo‘ya ta’sirlari (og‘iz qurishi, taxikardiya) bemorga yoqmasa, fluvoksamin kuniga 50-100 mg, paroksetin 20-40 mg, sertralin 50-100 mg, velaksin 75 mg miqdorda tavsiya etiladi.  Antidepressantlar bilan davolash, odatda, 2-4 oy mobaynida olib boriladi. Bemor tez tuzalib ketsa, bu dorilarni uzoq muddat berishga hojat yo‘q.
        Minerallar almashinuvini maromga keltirish va nerv-mushak qo‘zg‘aluvchanligini pasaytirish maqsadida kaltsiy va magniy preparatlarini ichish tavsiya etiladi. Bu maqsadda ergokaltsiferol (vitamin D2) kuniga 20000-40000 XB, kaltsiy glitserofosfat va kaltsiy glyukonat kabi dorilar 1-2 oy mobaynida ichiladi. Bemor tarkibida kaltsiy va magniy tuzlarini saqlovchi har qanday polivitaminlarni (Magne V6) qabul qilishi mumkin. Magne V6 tarkibida laktat magniy va piridoksin bor. Bu dori nafaqat muskullar, balki nerv markazlari qo‘zg‘alishini ham pasaytiradi, muskullarda minerallar almashinuviga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Magne V6  2 tabl. kuniga 3 mahal ichiladi.
       Prognoz. Deyarli har doim yaxshi.


Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.  
           © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; ©asab.cc



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив