NERV SISTEMASI FILOGENEZI VA ONTOGENEZI
Nerv sistemasi filogenezi. Evolyutsiya jarayonida nerv sistemasi rivojlanib, murakkablashib va takomillashib bordi. Oddiy bir hujayrali organizmdagi (amyobalar) yolg‘iz hujayraning o‘zi sezgi, harakat, hazm qilish va himoya funktsiyalarini bajaradi. Tirik to‘qima qo‘zg‘alish, ya’ni tashqi ta’sirlarga javob berish xususiyatiga egadir. Filogenezda nerv hujayrala rining paydo bo‘lishi organizm uchun tashqi ta’sirlarni qabul qilish, to‘plash va tarqatish imkonini yaratib berdi. Nerv hujayralari orasidagi bog‘lanishlarning paydo bo‘lishi va oddiy nerv sistemasi shakllanishi organizmni integratsiyaning yangi bosqichiga ko‘tardi.
Oddiy (primitiv) nerv sistemasiga ega jonzotlarda qo‘zg‘alish hujayralardan barcha yo‘nalishlarda tarqalishi mumkin, go‘yo bu impuls barcha hujayralarga taalluqli bo‘lib, ma’lum bir manzilga ega emasdek. Shunday bo‘lsada, ushbu impulslar organizmdagi u yoki bu jarayonlar kechishida faol ishtirok etadi. Lekin analiz va sintez qilish qobiliyati hali ularda bo‘lmaydi. Qabul qiluvchi (afferent) va uzatuvchi (efferent) sistemalar paydo bo‘lishi nerv sistemasining murakkablashib, takomillashib borishiga mezon yaratdi. Nerv tarmoqlari chekkasida maxsus retseptorlar paydo bo‘lib, har biri faqat o‘ziga tegishli ta’sirlarni farqlab qabul qila boshladi.
Nerv hujayralarining ixtisoslashib va takomillashib borishi natijasida impulslarning faqat bir tomonga yo‘nalishini ta’minlaydigan sinapslar paydo bo‘ldi. Xuddi shu bosqichda ba’zi vazifalarni bajaruvchi oddiy «aylana» tuzilmalar shakllandi. Keyinchalik evolyutsiya mobaynida nerv tugunlari, ya’ni gangliyalar paydo bo‘lib, ular bir yoki bir nechta vazifani amalga oshira boshladi. Gangliyalarning ishlash uslubi shundan iboratki, ularning har biri tanadagi ma’lum segment (soha) uchun javob beradi.
Nerv sistemasida mavjud bo‘lgan gangliyalar majmuasi sezishning murakkab turlarini amalga oshira oladi. Gangliyada har qanday jarayon go‘yoki aniq bir dasturga ega. Evolyutsiyaning so‘nggi davrlarida nerv sistemasi rivojlanishi bosh miya faollashishining ustuvorligi bilan kechdi, so‘ngra bosh miya yarim sharlari po‘stlog‘i paydo bo‘ldi. Nerv sistemasi filogenezining bu davri tsefalizatsiya davri deb ham ataladi. Sut emizuvchilarda nerv sistemasi yanada takomillashib, bosh miya katta yarim sharlar po‘stlog‘i va ularni o‘zaro bog‘lovchi yo‘llar paydo bo‘ldi. Ichki a’zolar va sistemalarni nerv sistemasi markazlari bilan bog‘lab turuvchi afferent va efferent yo‘llar shakllandi. Odamda katta yarim sharlar po‘stlog‘i, ayniqsa, peshona va chakka bo‘laklari rivojlanishi yuksak darajaga etdi. Hozirgi kunda bosh miyaning 78 % ini po‘stloq tashkil qilib, uning 30 % peshona bo‘lagiga to‘g‘ri keladi.
Evolyutsion rivojlanishning tsefalizatsiya davrida bosh miyada paydo bo‘lgan markazlar quyi joylashgan tuzilmalarni o‘ziga bo‘ysundira boshladi. Natijada bosh miyada hayotiy muhim markazlar paydo bo‘lib, ular organizmning turlituman faoliyatini avtomatik tarzda boshqara boshladi. Ushbu markazlararo aloqalar ierarxik tarzda faoliyat ko‘rsatadi. Integrativ jarayon va boshqarish funktsiyasining vertikal uslubda faoliyat ko‘rsatishi muhim ahamiyatga ega. Fiziologiya fani rivojlanishining dastlabki davrida oliy markaz quyi markazga doimo tormozlovchi ta’sir ko‘rsatadi, degan fikr mavjud edi. Shuning uchun oliy markaz zararlanganda quyi markaz qo‘zg‘aladi, go‘yoki ular faollashadi, deyilgan. Lekin har doim ham bunday bo‘lavermaydi.
Evolyutsion jihatdan yosh markaz zararlanganda, keksa markaz faollashadi, go‘yoki evolyutsion jarayon teskarisiga davom etadi. Bu nazariya dissolyatsiya nazariyasi deb nom olgan. Darhaqiqat, yuqori pog‘onada joylashgan markazlar zararlanganda, quyi markazlar faollashganini ko‘ramiz. Bunga markaziy harakat neyroni zararlanganda, orqa miyaning oldingi shoxida joylashgan periferik harakat neyronlarining faollashuvini misol qilib ko‘rsatish mumkin. Ammo bu buzilishlarning asl sababi dissolyatsiya yoki quyi markazning yuqori markaz “tutqunligidan” ozod bo‘lishida emas.
Chunki oliy markaz quyi markaz faoliyatini faqat tormoz labgina qolmasdan, balki faollashtiradi ham. Quyi markaz faollashuvi kompensator jarayon ning bir ko‘rinishi sifatida qabul qilinishi ham kerak. Nerv markazlari ierarxiyasida bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘i asosiy o‘rinni egallaydi. Butun organizm va funktsional sistemalardan ma’lumotlarning po‘stloqqa oqib kelishi, ularning murakkab analiz va sintez qilinishi, assotsiativ yo‘llarning paydo bo‘lishi oliy nerv faoliyatining asosiy mexanizmlaridan biridir.
Xo‘sh, nerv sistemasining ontogenezda rivojlanishi qanday kechadi va bu jarayondagi buzilishlar ruhiyat shakllanishiga qanchalik ta’sir ko‘rsatadi?
Nerv sistemasi ontogenezi. Yangi tug‘ilgan chaqaloq bosh miyasining og‘irligi 400 g atrofida bo‘lib, tana og‘irligining 1/8 qismini tashkil qiladi. Go‘dakda po‘stloq egatchalari yaxshi rivojlangan, pushtalari yirikyirik. Lekin chuqurligi va balandligi uncha rivojlanmagan bo‘ladi. To‘qqiz oylarga borib, miyaning dastlabki og‘irligi ikki barobar oshadi. 2 yoshga borib, bosh miyaning og‘irligi bola tug‘ilgan davridagiga qaraganda bir necha barobar kattalashadi. Bosh miya kattalashuvi, asosan, nerv tolalari mielinlashuvi va tug‘ilgan zahotiyoq bosh miyada mavjud bo‘lgan 20 mlrd. hujayraning kattalashuvi hisobiga kechadi.
Go‘dakning miya to‘qimasi hali takomillashmagan bo‘ladi. Po‘stloq hujayralari, po‘stlog‘osti tugunlari, piramidal yo‘llar yaxshi rivojlanmagan, kulrang va oq modda orasidagi aloqalar mukammal bo‘lmaydi. Go‘dakning nerv hujayralari bosh miya katta yarim sharlari yuzasida va oq modda asosida to‘planib joylashadi. Bosh miya kattalashgan sayin nerv hujayralari po‘stloq tomonga siljiydi. Bosh miya qon tomirlari ham rivojlanib, takomillashib boradi. Go‘dakda katta yarim sharlar po‘stlog‘ining ensa qismi katta yoshdagilarnikiga qaraganda yirikroq bo‘ladi. Bola o‘sgan sayin yarim sharlar pushtalari, ularning shakli va topografik joylashuvi o‘zgarib boradi. Ayniqsa, bu o‘zgarish dastlabki besh yil mobaynida kuzatilib, 1516 yoshlarga borib, po‘stloq tuzilishi katta yoshdagilarnikidan deyarli farq qilmaydi. Yon qorinchalar bolalarda nisbatan keng va katta bo‘ladi. Go‘daklarda ikkala yarim sharni birlashtirib turuvchi qadoqsimon tana nozik va qisqa bo‘ladi.
Bola besh yoshga to‘lgunga qadar qadoqsimon tana yo‘g‘onlashib, uzayib boradi. Yigirma yoshlarda esa qadoqsimon tana to‘la shakllanadi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqda miyacha sust rivojlangan bo‘lib, uzunchoq shaklga ega, pushtalari va egatchalari sayoz, uzunchoq miya gorizontal joylashgan bo‘ladi. Kranial nervlar miya asosida simmetrik tarzda joylashadi. Chaqaloqda orqa miya bosh miyaga qaraganda morfologik jihatdan tugallangan tuzilishga ega. Shuning uchun ham orqa miya go‘dakda nisbatan yaxshi rivojlangan. Go‘dakning orqa miyasi katta yoshdagilarga qaraganda uzunroq bo‘ladi. Keyinchalik orqa miya umurtqaning o‘sishiga qaraganda orqada qoladi.
Orqa miyaning o‘sishi 20 yoshgacha davom etadi. Bu davr ichida uning og‘irligi ham oshadi. Chaqaloqning periferik nerv sistemasi etarlicha mielinlashmagan, nerv tolalari siyrak bo‘lib, notekis taqsimlangan. Mielinlanish jarayoni turli nerv tolalarida turlicha kechadi. Kranial nervlar mielinlashuvi bir yoshga etib tugallanadi. Orqa miyaning nerv tolalari mielinlashuvi 23 yoshgacha davom etadi. Vegetativ nerv sistemasi chaqaloq tug‘ilgandan boshlab faoliyat ko‘rsata boshlaydi.
Embriogenezning dastlabki bosqichlarida nerv sistemasining turli qismlarida aniq takomillashgan mustahkam aloqalar paydo bo‘ladiki, ular tug‘ma hayotiy muhim funktsiyalarning asosini tashkil qiladi. Bu funktsiyalar tug‘ilgandan so‘ng hayotga dastlabki moslashuvni ta’minlab beradi (masalan, nafas olish, emish, yurak urishi va h.k.). Ontogenetik rivojlanish jarayonida odamning miyasi kuchli o‘zgarishlarga uchraydi. Anatomik jihatdan olganda, yangi tug‘ilgan chaqaloq miyasi bilan katta yoshdagi odam miyasi birbiridan anchagina farq qiladi. Chunki individual rivojlanish jarayonida yosh o‘tgan sayin miya tuzilmalari etilib boradi. Hatto morfologik jihatdan etilgan nerv sistemasida hali rivojlanishi yoki qayta paydo bo‘lishi zarur bo‘lgan funktsional sistemalar mavjud. Bosh miya evolyutsiyasida ikkita muhim strategik yo‘nalish bor.
Bularning birinchisi – kelgusida yashash sharoitlariga tayyor turish. Bu yo‘nalish tug‘ma, instinktiv reaktsiyalarning katta to‘plamidan iborat bo‘lib, organizm hayot kechirishi mobaynida har qanday hodisalarga shay bo‘lib turadi. Bular – ovqat, himoya, ko‘payish mexanizmlari va boshqalar. Organizmni hamma narsaga o‘rgatish shart emas. Zero, u ba’zi qobiliyatlarga tug‘ilganidan egadir. Agar biz xulqatvori go‘yoki avtomatlashib ketgan hasharotlar dunyosidan sut emizuvchilar dunyosiga bir nazar tashlasak, boshqacha manzaraga ko‘zimiz tushadi, ya’ni xulqatvorning tug‘ma, instinktiv turlari maqsadga yo‘naltirilgan, shaxsiy tajribaga asoslangan xattiharakatlarga qo‘shilib ketganini ko‘ramiz. Sut emizuvchilar xattiharakatida izlanish, o‘zi turgan muhitini topish kabi xususiyatlarning shohidi bo‘lamiz.
Hayot kechirishning bunday turi uchun takomillashgan miya kerakligi o‘zo‘zidan ayon, albatta. Ammo asosiy gap bosh miya hajmidagina emas, balki uning funktsiyasida hamdir. Evolyutsiyaning ikkinchi yo‘nalishi – individning xattiharakatlariga katta imkoniyatlar yaratib berish. Bu esa bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘i hajmining to‘xtovsiz kattalashuvi bilan parallel holda kuzatildi. Dunyoni anglab borish, o‘rganish jarayoni, po‘stloqning ma’lumotlar bilan to‘lib borishi bolalik davrida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Go‘daklik davridan etuk yoshga etgunga qadar bo‘lgan davr har bir individ uchun uzoq bir masofadir.
Hech narsaga ega bo‘lmagan go‘dak keyinchalik ko‘p narsalarni egallab, hayotga moslashib oladi. Xo‘sh, bu jarayon qanday kechadi? Nima qilsa, xatolarga yo‘l qo‘yilmaydi? Ba’zi olimlar fikricha, hammasi tarbiyaga bog‘liq. Go‘dakning miyasi go‘yoki yozilmagan daftarga o‘xshaydi. Daftarning tashqi ko‘rinishi boshqalaridan farq qilmasada, har bir nusxasi va sahifasining o‘ziga xos xususiyatlari bor. Bitta varag‘iga yozilgan matn ikkinchisida yozilganini mazmunan takrorlamasligi mumkin. Daftarni qanday yozuv bilan to‘ldirsangiz, keyinchalik o‘sha yozuvni o‘qiysiz, boshqasini emas. Demak, oppoq varaqlarni qanday to‘ldirish, nima bilan to‘ldirish o‘zimizga bog‘liq. Bola miyasini to‘g‘ri ma’lumotlar bilan boyitib borish ham fiziologik jihatdan, ham psixologik jihatdan juda muhimdir. Inson miyasi ma’lumotlarni faqat «o‘lik», «jonsiz» holatda o‘zida saqlaydigan daftar emas, balki ularni faol qayta ishlab, xulosa qiladigan murakkab sistemadir.Bolaning barkamol o‘sishiga ta’sir qiluvchi sabablar uni o‘rab turgan muhitga albatta, bog‘liq. Bolaning oldida turgan muammolar echimini to‘g‘ri topishga ko‘maklashish, uning xulqatvorini to‘g‘ri shakllantirib borish katta ahamiyatga egadir.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha