FEBRIL XURUJLAR


Febril xurujlar – tana harorati ko‘tarilgan paytda kuzatiluvchi tarqalgan tutqanoq xurujlar. Febril xurujlar 6 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarda uchraydi. Kasallik eng ko‘p uchraydigan davr – bu 1-2 yoshlar.
       Eslatma. Febril xurujlar faqat tana harorati oshgan bolalarda ro‘y beradi. Agar tana harorati ko‘tarilmasa, tutqanoq xurujlari bo‘lmaydi.
       Tana haroratining ko‘tarilishi, ko‘pincha, yuqori nafas yo‘llari infektsiyasi bilan bog‘liq. Tana haroratini tushiruvchi dorilar qo‘llanilsa, tutqanoq xurujlari ham to‘xtaydi.
       Febril xurujlar tonik-klonik xurujlar bilan namoyon bo‘ladigan birlamchi-tarqalgan epileptik xurujlardir. Shunday bo‘lsa-da, ular engil kechadigan epileptik xurujlar sirasiga kiradi. Chunki bu kasallikda prognoz deyarli har doim yaxshi. Fokal xurujlar uning uchun xos emas. Febril xurujlar qancha erta boshlansa, shuncha erta yo‘q bo‘lib ketadi. Bola yoshi kattalashgan sayin febril xurujlar soni kamayib boraveradi. Odatda, febril xurujlar bola 6 yoshga yetmasdan o‘tib ketadi. Ba’zida epileptik status rivojlanib bolaning hayoti xavf ostida qoladi.
       Febril xurujlar keyinchalik boshqa epileptik xurujlarga o‘tishi mumkinligi haqida yagona fikr yo‘q. Agar febril xurujlar kuzatilayotgan bemorda bosh miyaning struktur o‘zgarishlari va nevrologik buzilishlar aniqlansa, avlodda epileptik xurujlar bilan kasallanganlar bo‘lsa, xurujlar takror-takror kuzatilaversa, keyinchalik epilepsiyaning boshqa turlari rivojlanishi ehtimoli bor. Bunday bemorlarda, ko‘pincha, gippokamp sklerozi aniqlanadi. Ularda febril xurujlar Lennoks-Gasto sindromiga o‘tib ketishi mumkin.

Manba:  ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
              ©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
              ©Z. Ibodullayev. Epilepsiya. Qo`llanma., Toshkent, 2018., 128 b.
              © Ibodullayev ensiklopediyasi 
              ©asab.cc


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив