Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi RATsIONAL-EMOTIV PSIXOTERAPIYa

RATsIONAL-EMOTIV PSIXOTERAPIYa


Ratsional-emotiv psixoterapiya metodi 1955 yili Albert Ellis tomonidan ilgari surilgan. Uning  asosiy mohiyati ham kishining o‘zi, o‘zgalar va jamiyat haqidagi fikrlarini o‘zgartirishga qaratilgan. Bu nazariyaga binoan nevroz, depressiya, xavotir, aybdorlik hissi va shu kabi boshqa psixologik muammolar ruhiy jarohat etkazuvchi omillar va vaziyatlar sababli emas, balki kishining ushbu omillar va vaziyatlarga nisbatan shaxsiy munosabati va o‘y-xayollari sababli yuzaga keladi. Masalan, sizni kimdir qattiq xafa qildi va bundan kayfiyatingiz tushib ketdi. Bu vaziyatda siz u odamni emas, balki o‘zingizni aybdor deb hisoblaysiz. Demak, siz tanqidga loyiqsizki, u sizni shu ko‘yga soldi. Aslida unday emas. Ayb sizda emas, balki sizni tanqid qilgan odamda yoki tanqid muhiti yaratilgan o‘sha vaziyatda. A.Ellis shunday deb yozadi: “Insonda o‘zi haqidagi bunday noto‘g‘ri tasavvurlar uzoq davom etaversa, unda turli xil ruhiy-hissiy buzilishlar, shu jumladan, depressiya rivojlanadi.”. Ellis shunday qoidani o‘rtaga tashlaydi: “Aybdor sen emas, balki boshqalar”.
        Ellis ishlaridan ba’zi parchalarni keltirib o‘tamiz. Atrof-muhitda ro‘y berayotgan asabingni buzadigan va hissiy zo‘riqishga majbur qiladigan voqea-hodisalar senga qaratilgan emas, ular o‘z-o‘zicha ro‘y beraveradi. Kim tomonidan ko‘rsatilishidan qat’i nazar, senga nisbatan bildirilayotgan ayblov va kamsitishlar aslida sening haqiqiy shaxsingni ifodalab bermaydi, bu o‘sha odamning shaxsiy fikri. U o‘z dunyoqarashi va senga bo‘lgan munosabatidan kelib chiqib, shu fikrda. Aslida unday emas!
        Ellis fikricha, quyidagi uch qoidaga qat’iyan amal qilishga   urinaverish, kishini har doim xavotirda ushlaydi: 1) o‘ziga hadeb talab qo‘yaverish (“men unday bo‘lishim kerak, bunday bo‘lishim kerak”); 2) boshqalarning unga hadeb talab qo‘yaverishi (“sen unday bo‘lishing kerak, bunday bo‘lishing kerak”); 3)  uning boshqalarga hadeb talab qo‘yaverishi (“odamlar unday bo‘lishi kerak, bunday bo‘lishi kerak”). Mana shu “Uchta kerak” tamoyili – xavotir va depressiya manbaidir.
        “Uchta kerak” qoidasiga amal qilaverish o‘zingiz haqingizda quyidagi fikrlarni shakllantiradi va xavotirga mezon yaratadi:
  1. Men shunday harakatlar qilishim kerakki, meni boshqalar tan olsin! Aks holda men hech kimman!
  2. Men qanday xohlasam, atrofdagilar meni shundayligimcha qabul qilishi kerak! Aks holda ular yomon odam va har qanday jazoga mahkum!  
  3. Men nimani, qachon va qaerda xohlasam, shunga ega bo‘lishim kerak! Menga kerak bo‘lmagan narsalarga mening toqatim yo‘q!
       Ratsional-emotiv terapiya o‘zi haqida insonning miyasiga o‘rnashib qolgan stereotip fikrlardan uni ozod etish va shu sababli o‘zgargan xatti-harakatlarni korrektsiya qilishga qaratilgan. Ratsional-emotiv terapiya uslubida ham kognitiv-bixevioral terapiyadagi kabi fikr va xulq-atvor parallel tarzda korrektsiya qilinadi. Biroq uslub boshqacha. Bu metodda ham uyga vazifalar beriladi, uni bajarishga qiynalgan paytlarda yordam qilinadi, vazifalar to‘la bajarilsa, rag‘batlantiriladi. Biroq psixoterapevtik muolaja paytida psixoterapevtning o‘zi ham “kerak” stilini o‘z mijoziga qo‘llamasligi lozim.

Manba©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.    
             © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
             ©asab.cc


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив