REYNO SINDROMI


Reyno sindromi – periferik arteriyalarning paroksizmal spazmi sababli qo‘l panjasida (kam hollarda oyoq panjasida) paydo bo‘ladigan ishemik sindrom. Periferik arteriyalar spazmi, asosan, sovuq ta’sirida yoki emotsional stress sababli paydo bo‘ladi. Spazm paytida panja va barmoqlar oqarib ketadi. Spazm o‘tib ketgandan so‘ng tsianoz rivojlanadi. Tsianoz rivojlanishi kapillyar va venalar kengayishi bilan bog‘liq. Reyno sindromi umumiy populyatsiyada 3–5% holatlarda uchraydi. Kasallik 20–40 yoshlarda, ba’zida o‘smirlik davrida boshlanadi. Erkaklarga qaraganda ayollar 5 barobar ko‘p kasallanishadi. Ushbu kasallik 1862-yili frantsuz vrachi A. Rauynand (1834–1881) tomonidan yozib qoldirilgan.
       Etiologiyasi va patogenezi. Reyno sindromining idiopatik va simptomatik turlari farqlanadi. Idiopatik Reyno sindromi 70–80% ni tashkil qiladi va Reyno kasalligi deb ataladi. Reyno kasalligi etiologiyasi hanuzgacha to‘liq o‘rganilmagan. Uning rivojlanishida nasliy omillarga katta urg‘u beriladi. Bu kasallikda periferik arteriyalar zararlanmaydi, balki ularni innervatsiya qiluvchi vegetativ markazlar disfunktsiyasi aniqlanadi.
       Simptomatik (ikkilamchi) Reyno sindromi boshqa bir kassalliklarning klinik sindromi sifatida namoyon bo‘ladi. Reyno sindromi 20–30% ni tashkil qiladi. Bu sindrom ko‘pincha biriktiruvchi to‘qima kasalliklari (sistem qizil bo‘richa, sklerodermiya) va periferik arteriyalar patologiyasi (obliteratsiyalovchi arterit), spetsifik virusli infektsiyalar, tunnel sindromlar, endokrin kasalliklar va vibratsion kasallik sababli rivojlanadi. Qon tomirlarni innervatsiya qiluvchi simpatik markazlar yoki periferik arteriyalarning bevosita zararlanishi bilan kechuvchi har qanday kasalliklar Reyno sindromini yuzaga keltirishi mumkin. O‘mrovosti yoki yelka arteriyalari stenozi bir tomonlama Reyno sindromini yuzaga keltiradi.
       Klinikasi. Reyno sindromi xurujlari 3 bosqichda namoyon bo‘ladi.
  1. Birinchisi – vazospazm xuruji bosqichi. To‘satdan paydo bo‘lgan vazospazm sababli qo‘l panjasi va barmoqlar oqarib ketadi va juda sovuq bo‘ladi. Vazospazm xurujini bemor quyidagicha ta’riflaydi: “Qo‘llarim to‘satdan oq marmardek oqarib, muzlab qoladi va uvishib qattiq og‘riydi. Ularni sovuq suvga ursam, bu holat darrov paydo bo‘ladi”. Bemorning ushbu shikoyati Reyno sindromi uchun juda xos. Simptomlar simmetrik tarzda namoyon bo‘ladi. Vazospazm xuruji oyoq panjasi, burunlab atrofi va quloqlarda ham kuzatiladi. Bu xurujlar qaerda kuzatilsa, o‘sha erda og‘riq va paresteziyalar vujudga keladi. Vazospazm xuruji 15–30 daqiqa davom etadi, ba’zida bir soatgacha cho‘ziladi.
  2. Ikkinchisi – mahalliy tsianoz bosqichi. Vazospazm bosqichi o‘tgach, mahalliy qon aylanish yana tiklanadi, og‘riq va paresteziyalar barham topadi. Biroq vazospazm xuruji paytida rivojlangan ishemik gipoksiya va teriosti venalari parezi saqlanib qoladi. Buning natijasida avval oqargan joylarda tsianoz paydo bo‘ladi, ya’ni teri ko‘kimtir-siyohrang tusga kiradi.
  3. Uchinchisi – giperemiya bosqichi. Biroz vaqt o‘tgach, teri ko‘kimtir-siyohrangdan ko‘kimtir-qizg‘ish tusga kiradi, ya’ni mahalliy giperemiya rivojlanadi. Buning sababi arteriyalar kengayishi va kislorodga boy bo‘lgan qonning oqib kelishidir. Giperemiya kuzatilgan sohalarda pulsatsiya qiluvchi og‘riqlar paydo bo‘ladi.
        Shunday qilib, Reyno sindromi xurujlari teri rangining 3 bosqichli o‘zgarishi bilan namoyon bo‘ladi, ya’ni oqarish – ko‘karish – qizarish. Hatto teri rangining 3 bosqichli o‘zgarishiga qarab, Reyno sindromi tashxisi hech ikkilanmay qo‘yiladi:
  1. sovuq ta’siri ostida dastlab teri rangi oqarsa (1-bosqich), keyin tsianotik tusga kirsa (2-bosqich) va undan so‘ng giperemiya (3-bosqich) rivojlansa – bu aniq Reyno sindromi.
  2. sovuq ta’siri ostida dastlab teri rangi oqarsa (1-bosqich), keyin tsianotik tusga kirsa (2-bosqich) yoki faqat oqarish kuzatilsa – bu Reyno sindromi bo‘lishi mumkin.
  3. Agarda sovuq ta’siri ostida teri rangida hech qanday o‘zgarishlar ro‘y bermasa, Reyno sindromi tashxisi umuman qo‘yilmaydi.
       Tashxis. Birlamchi (idiopatik) Reyno sindromi tashxisini qo‘yish uchun 1932-yili E.V. Allen va G.E. Brovn tomonidan taklif qilingan diagnostik algoritmga biroz o‘zgartirishlar kiritilgan va u hanuz qo‘llanib kelinmoqda.
       Birlamchi Reyno sindromi uchun xos bo‘lgan belgilar:
  • asosan, 20 yoshgacha bo‘lgan davrda boshlanishi;
  • vazospazm xurujlarining simmetrik tarzda namoyon bo‘lishi;
  • periferik arteriyalar kasalligi aniqlanmasligi;
  • terida gangrena alomatlari bo‘lmasligi;
  • tirnoqosti kapillyarlarining normal holatda bo‘lishi;
  • EChT ning normal ko‘rsatkichlari.
       Birlamchi va ikkilamchi Reyno sindromlari klinikasi bir-biriga juda o‘xshash bo‘lishiga qaramasdan, ularning farq qiluvchi tomonlari ham ko‘p.
       Ikkilamchi Reyno sindromi uchun xos bo‘lgan belgilar:
  • kech boshlanishi, odatda, 30 yoshdan so‘ng;
  • erkaklar va ayollarda ham bir xil tarqalganligi;
  • boshqa kasalliklar fonida rivojlanishi;
  • periferik arteriyalarda struktur o‘zgarishlar borligi;
  • simptomlarning asimmetrik tarzda namoyon bo‘lishi;
  • laborator tekshiruvlarda yallig‘lanish va autoimmun reaksiyalar yoki boshqa patologik o‘zgarishlar aniqlanishi;
  • tirnog‘osti kapillyarlarida patologik o‘zgarishlar aniqlanishi.
       Ikkala holatda ham Reyno sindromi xurujlari sovuq va stress ta’siri ostida vujudga keladi yoki kuchayadi. Biroq vazospazm xurujlari hech qanday tashqi ta’sirlarsiz ham yuzaga kelishi mumkin. Qish faslida vazospazm xurujlari tez-tez kuzatilib turadi.
       Qiyosiy tashxis. Qiyosiy tashxis, asosan, obliteratsiyalovchi endarteriit, qorin aortasi kasalliklari, vaskulitlar, vegetosensor polinevropatiyalar, periferik vegetativ etishmovchilik, toksik-metabolik angioneyropatiyalar va biriktiruvchi to‘qimaning sistem kasalliklari bilan o‘tkaziladi. Reyno sindromi ushbu kasalliklarning klinik sindromi sifatida namoyon bo‘lishi ham mumkin.
       Davolash. Reyno sindromi etiologiyasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, bemorga quyidagi ko‘rsatmalar beriladi:
  • sovuqda qolib ketmaslik, yashaydigan va ishlaydigan joylar issiq bo‘lishini ta’minlash. sovuq suvga qo‘l urmaslik, soy yoki sovuq hovuzlarda cho‘milmaslik.
  • Issiq kiyinish, issiq paypoq kiyish va qo‘lqop taqib yurish.
  • chekish, spirtli ichimliklar va kofein saqlovchi oziq-ovqatlardan voz kechish.
  • emotsional stressdan o‘zini ehtiyot qilish.
  • vazospazm xuruji paytida qo‘llarni iliq suvda yuvish, bir-biriga ishqalash yoki qo‘ltiq ostiga tiqib isitish.
  • vazokonstriktsiya chaqiruvchi dorilar, ya’ni simpatomimetiklar, klonidin, ergotaminlarni qabul qilmaslik.
  • bemor yuqorida ko‘rsatilgan tavsiyalarga amal qilsa, Reyno sindromi xurujlari ancha yengil kechadi.
       Dorilar bilan davolash. Asosan, vazodilatatorlar va gemokoagulyatsiyani yaxshilovchi dorilar tavsiya etiladi. Kaltsiy kanallarini qamalga oluvchi vositalar yuqori darajada vazodilatatsiya ta’siriga ega. Bu maqsadda nifedipin va amlodipin kabi dorilar tavsiya etiladi. Nifedipinni 10–20 mg dan kuniga 3 mahal ichish buyuriladi. Bu dori tez ta’sir qiluvchi xususiyatga ega bo‘lib, vazospazmni 15–20 daqiqa ichida bartaraf etadi. Nifedipinni profilaktik dozalarda qabul qilib yurish sovuq ta’siri ostida yuzaga keladigan vazospazm xurujlarining oldini oladi.
       Amlodipinni 5–10 mg dan kuniga bir mahal ichish tavsiya etiladi. Shuningdek, isradipinni 2,5 mg dan kuniga 2 mahal, felodipin 10 mg dan kuniga 1 mahal ichish mumkin. Vazokonstriktsiyani bartaraf etish uchun simpatolitiklar ham keng qo‘llaniladi. Masalan, prazozin vazospazmni juda yaxshi bartaraf etadi. Prostaglandinlar (alprostadil, iloprost) ham antiagregant, antioksidant va vazodilatatsiya qiluvchi ta’sirga ega bo‘lganligi bois Reyno sindromida ko‘p tavsiya etiladi.
       Alprostadil (vazaprostan) 20–40 mkg miqdorda natriy xlorning 200 ml fiziologik eritmasida 10 kun mobaynida venadan tomchilatib yuboriladi. Vazoprostan uzoq vaqtgacha vazokonstriktsiyani bartaraf etadi va oldini oladi.  Pentoksifillin kuchli antiagregatsiya va yengil vazodilatatsiya xususiyatiga ega. Pentoksifillin 200–300 mg dan natriy xlor yoki glyukozaning fiziologik eritmasida venadan tomchilatib yuboriladi. Keyin uni 1–2 oy mobaynida ichish buyuriladi.
       Reyno sindromida, umuman, periferik arteriyalar spazmida ksantinol nikotinat ham ko‘p qo‘llaniladi. Bu dori venadan tomchilatib yuborilishi, m/i ga qilinishi yoki tabletka ko‘rinishida uzoq vaqt ichish uchun tavsiya etilishi mumkin. Ksantinol nikotinat vazospazmni bartaraf etadi, periferik qon aylanishni me’yorlashtiradi, tomirlar metabolizmini yaxshilaydi. Dori 10–15 kun ineksiya ko‘rinishida tavsiya etiladi, so‘ngra 150 mg dan kuniga 3 mahaldan ichishga buyuriladi.
       Xirurgik davolash. Konservativ davolash muolajalari ko‘zlangan natijani bermasa, xirurgik usullar, ya’ni lokal digital simpatektomiya qo‘llaniladi. Biroq simpatektomiya har doim ham ko‘zlangan natijani bermaydi.
       Prognoz. Reyno sindromi bemorning hayotiga xavf solmaydi. Ammo birlamchi va ikkilamchi Reyno sindromlarida prognoz turlicha bo‘lishi mumkin. Reyno sindromi uzoq yillar davom etuvchi surunkali kasallik bo‘lib, bemorning normal hayot kechirishi uchun qiyinchilik tug‘diradi. Sog‘lom turmush tarziga amal qilib, vrach nazoratida turgan bemorda kasallik engil kechadi.

Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
                   © asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив