MATONATLI DILDORA
Har gal o‘z kasalligi sababli tushkunlikka tushgan bemorlarga dalda bermoqchi bo‘lsam Dildora ismli matonatli qizni eslayman. Agar unda bu xislatlar bo‘lmaganida edi ikkala oyog‘i umrbod shol bo‘lib qolardi.
Bu voqea 1995 yili ro‘y bergan. 18 yashar Dildora ismli kelin oilada yuz bergan falokatdan so‘ng o‘ziga-o‘zi pichoq uradi. Qorinning ikkita joyiga urilgan zarbadan bemor ko‘p qon yo‘qotib, jarrohlik bo‘limiga tushadi. Zudlik bilan ko‘rsatilgan yordamdan so‘ng yosh kelinning hayoti saqlab qolinadi. Bemor tuzalib chiqadi, biroq uning ikkala oyog‘ida og‘riq paydo bo‘lib, bu og‘riq borgan sayin kuchayib boradi va ikkala oyog‘i falaj bo‘lib qoladi.
Bemorni nevropatologga ko‘rsatishadi. U “Pichoq orqa miyadagi nerv tolalarini ham shikastlagan” deb xulosa chiqaradi va davolash choralarini tavsiya etadi. Bemorning tanasida og‘riq paydo qilish uchun uning tanasiga qo‘l tekkizish shart emas edi, chunki og‘riqlar usiz ham, ayniqsa, tunda o‘z-o‘zidan paydo bo‘lar va bemor og‘riq kuchidan chinqirib yig‘lardi. Bemor badanini hatto choyshab bilan ham yopishga qo‘ymasdi. Chunki choyshab biror joyiga tegib tursa, og‘riq kuchayardi. U qo‘rqqanidan tanasiga qo‘l tekkizolmas edi.
Bemor tanasida tez-tez va to‘satdan paydo bo‘ladigan og‘riqlarni kutib, ikkala qo‘li bilan to‘shakning chekkasidan mahkam ushlab yotardi. Ikkala oyog‘i shol bo‘lib qolgan qizining dod-voy solib qichqirishidan butun oila a’zolari qattiq ezilishardi.
Bemorni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish mobaynida shunga e’tibor qaratdimki, agar unga biror yordam kerak bo‘lsa, faqat katta akasiga murojaat qilardi, boshqalarni (ota-onasini, ukalarini) yoniga yo‘latmasdi. Bu holatni psixogen og‘riqlarga qiyosiy tashxis qo‘yganda e’tiborga olish zarur. Bemorni sinash uchun “Nega bunday qilasiz?” deb savol bersam, u: “Akam hech joyimni og‘ritmasdan yordam beradi” deb javob bergan edi. U uyga kelgan vrachlarni ham yoniga yo‘latmasdi.
Ikki kun mobaynida uning nevrologik va psixologik holatini chuqur o‘rganib chiqdim. Bemor suhbat chog‘ida har gal: “Meni davolasangiz hech joyimga tegmasdan davolaysizmi?”, “Orqa miyam haqiqatan ham jarohatlanmaganmi?” deb so‘rayverardi. Oradan bir necha oy o‘tganiga qaramasdan bemorning oyog‘i ozmagan va sezgi buzilishlari yo‘q, pay reflekslari ham saqlangan edi. Demak, avvalgi tashxis noto‘g‘ri qo‘yilgan. Chunki pichoq orqa miyani zararlaganda edi, bemorning oyog‘i allaqachon qurib qolgan bo‘lar edi. Endigi eng asosiy vazifa bemorda yatropatiya belgilarini, ya’ni avvalgi tashxis asoratlarini yo‘qotish va orqa miyada hech qanday jarohatlanish yo‘qligiga ishontirish.
Bu vazifaning uddasidan chiqqanimdan so‘ng bemor davolanishga katta ishonch bilan qarab, tavsiya qilingan barcha muolajalarni ola boshladi. Bemorni, asosan, psixoterapevtik muolajalar bilan davoladim. U butunlay sog‘ayib ketdi. Chunki orqa miya jarohatlanmagan edi.
Shunga o‘xshash yana bir voqea haqida so‘zlab bersam. Bu voqea ham yatropatiyaga yaqqol misol bo‘la oladi. Yana bir bor eslatib o‘taman: “yatropatiya” – bu tibbiyot xodimining noto‘g‘ri xulosasi oqibatida aslida yo‘q bo‘lgan kasallik alomatlarining paydo bo‘lishi degani.
Bu voqea viloyat shifoxonalarining birida sodir bo‘lgan. Uzoq yillardan buyon asab kasalliklari vrachi bo‘lib ishlab kelayotgan doktor o‘zining umr yo‘ldoshiga “Disk churrasi” deb tashxis qo‘yadi. Og‘ir jismoniy harakat qilgan 40 yoshdan oshib qolgan bu ayolning belida kuchli og‘riq paydo bo‘lib, ikki kundan so‘ng ikkala oyog‘i ishlamay qoladi. Shu bois unga disk churrasi deb tashxis qo‘yiladi. Disk churrasi, asosan, operatsiya yo‘li bilan davolaniladi deb o‘ylagan bemorda ruhiy ezilish yanada avj oladi. U 5 oy mobaynida ukol-dorilar bilan davolanadi. Nihoyat, bemorning turmush o‘rtog‘i uni operatsiya qilishga roziligini olib, Toshkentga olib keladi. Bemor neyroxirurgiya klinikasiga yotqiziladi va o‘sha kechasi bemorga orqa miya atrofiga og‘riqsizlantirish uchun kuchli dorilar bilan blokada qilinadi (chunki oddiy novokainli blokadalar yordam bermasdi).
Ertasi kuni bemorning orqa miya va umurtqa pog‘onasi KT yordamida tekshirilib, disk churrasi yo‘qligi aniqlanadi va unga nevropatologga murojaat qilish tavsiya etiladi. Men bemorda har tomonlama nevrologik va psixologik tekshiruvlar o‘tkazdim va unda disk churrasi yo‘qligiga amin bo‘ldim. Buni KT tekshiruvi ham tasdiqlab turardi. Bemor maxsus davolash muolajalaridan so‘ng tuzalib ketdi. Bu erda vrachlarning xatosi – bemorga nevrologik yordam bilan chegaralanib qolganida. Unga psixologik yordam ham zarur edi.
Savol tug‘iladi: yatropatiyalar uzoq muddat, ya’ni oylab, yillab davom etishi mumkinmi? Ha, albatta, davom etishi mumkin. Davolash usullari muvaffaqiyatsiz tugayversa, psixogen buzilishlar nafaqat uzoq vaqt davom etadi, balki zo‘rayib boradi. Psixogen sindromlar qancha uzoq davom etsa, davolash ham shuncha cho‘ziladi degani emas. Tashxis to‘g‘ri aniqlangandan so‘ng bemorning psixologiyasiga moslab tuzilgan davo choralari shu zahoti yoki bir-ikki kun ichida foyda beradi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha