Meningitda xulq-atvor buzilishlari
Meningit – bosh miya pardalarining o‘tkir yuqumli-yallig‘lanish kasalligi bo‘lib, asosan yoshlarda ko‘p kuzatiladi. Meningit aniqlangan bemor zudlik bilan yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqiziladi. Meningitning o‘tkir davrida ruhiy buzilishlar o‘tkir psixozlar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Bular – psixomotor qo‘zg‘alishlar, gallyutsinatsiyalar, deliriyalar, psixosensor buzilishlar (umumiy giperesteziya va h.k.). Gallyutsinatsiya va deliriya ko‘pincha kasallikning o‘tkir davrida kuzatiladi va ular meningit uchun xos bo‘lgan nevrologik simptomlar bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Meningitda kuzatiladigan bosh og‘riq o‘ta kuchli va chidab bo‘lmas darajada bo‘ladi, og‘riq kuchidan bemor ingrab boshini qo‘llari bilan changallab oladi, ko‘zlarini yumib, chiroqni o‘chirishni yoki pardani yopib, xonani qorong‘i qilishni, televizor va radioning ovozini o‘chirishni, hatto chiqillab turgan soatni xonadan olib chiqib ketishni talab qiladi. Bemor og‘riq kuchidan to‘lg‘anib, oyoq-qo‘llarini bukib, g‘ujanak bo‘lib oladi. Chunki har qanday yorug‘lik va shovqin bemorning bosh og‘rig‘ini kuchaytirib yuboradi.
Meningitning o‘tkir davrida tutqanoq xurujlari, psixomotor va psixosensor buzilishlar ko‘p kuzatiladi. Bemorning tanasiga qo‘l tegizilsa u sakrab tushadi, trigeminal nuqtalarni bosib tekshirayotganda yuzini bujmaytirib boshini olib qochadi, tekshiruvchining qo‘lini itarib yuboradi, ko‘zini yumgan holda har yoqqa o‘zini tashlayveradi, baqiradi, o‘rnidan turib ketishga harakat qiladi, atrofdagilarni tanimaydi, savollarga noaniq javob beradi.
Psixomotor qo‘zg‘alishlar kuchli darajada ifodalanganda, bemorni tekshirish va davolash muolajalarini o‘tkazish juda mushkul. Tana harorati yuqori bo‘lganda kuzatiladigan psixotik buzilishlar kuchli terlash bilan namoyon bo‘ladi. Ushbu buzilishlarni bartaraf etish uchun zudlik bilan 2 ml valium (relanium, sibazon) yoki analgin, dimedrol va novokain eritmalari, pipolfen, aminazin kabi dorilar tomir ichiga yoki mushak orasiga yuborilishi kerak.
Deliriya meningitning o‘tkir bosqichida ko‘p uchraydigan ruhiy buzilish bo‘lib, bunda bemorning ongi xiralashadi. U o‘z ahvolini chala bo‘lsa-da anglaydi, biroq atrof-muhitda u bilan sodir bo‘layotgan hodisalar va shifokorlar xatti-harakatlarini to‘g‘ri baholay olmaydi. Qaerda yotgani, qachon bu erga kelib qolgani va taxminiy vaqtni aytib bera olmaydi. Deliriyada ko‘ruv va eshituv gallyutsinatsiyalari ko‘p kuzatiladi. Bunda bemor go‘yo ko‘z oldida paydo bo‘layotgan narsalarni qo‘li bilan haydaydi, yaqinlarini tanimaydi, yo‘q odamlarning ismini aytib chaqiradi, qo‘rqib baqirib yuboradi. Bunday holatlar, ayniqsa, bolalarda ko‘p uchraydi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. Darslik., 2-nashr., T.; 2021., 960b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha