MENINGITLAR


Miya pardalari yallig‘lanishiga meningit deb aytiladi. Yallig‘lanish jarayoni, asosan, yumshoq va o‘rgimchak to‘risimon pardalarda kechadi. Meningitni viruslar, bakteriyalar va boshqa turli xil infektsiyalar chaqiradi. Kelib chiqishi bo‘yicha birlamchi va ikkilamchi meningitlar farqlanadi. Agar yallig‘lanish jarayoni miya pardalariga bevosita tushgan infektsiyalar sababli rivojlansa – birlamchi, boshqa o‘choqlardan tushgan infektsiyalar sababli rivojlansa – ikkilamchi meningit deb aytiladi. Meningit nafaqat turli xil infektsiyalar, balki miya pardalariga kuchli ta’sir qiluvchi zaharli moddalar tushishi (atseton, dixloretan va h.k.) orqali ham rivojlanadi. Biroq meningitning bunday turlari kam uchraydi.                                                                                                                          
YIRINGLI MENINGIT

        Miya pardalarining yiringli yallig‘lanishiga yiringli meningit deb aytiladi. Ushbu jarayon, asosan, yumshoq va o‘rgimchak to‘risimon pardalarda kechadi.
       Etiologiyasi. Yiringli meningit turli infektsiyalar, ya’ni meningokokk, pnevmokokk, gemofil tayoqchalar, streptokokk, stafilokokk, salmonella, ichak tayoqchalari, zamburug‘lar va shu kabi boshqa mikroorganizmlarning miya pardalariga bevosita ta’siri ostida rivojlanadi. Bunday meningitlarga birlamchi yiringli meningitlar deyiladi.
       Ba’zan yiringli meningitlar organizmda kechayotgan surunkali yallig‘lanish o‘choqlaridan etib kelgan infektsiyalar sababli rivojlanadi va ular ikkilamchi yiringli meningitlar deb ataladi. Masalan, yiringli otit, stomatit, rinit, cinucit, abstsess, zotiljam, bronxit, furunkulez, bakterial endokardit, sepsis kabi organizmdagi har qanday yiringli jarayon yiringli meningitlar rivojlanishiga sababchi bo‘lishi mumkin. Demak, yuqorida tilga olingan infektsiyalar avval boshqa a’zolarda yiringli kasalliklarni yuzaga keltiradi, keyin esa ushbu kasalliklar sababli meningit rivojlanadi. Bunday holatlarda ikkilamchi yiringli meningit haqida so‘z ketadi. Bunda infektsiya miya pardalariga gematogen va limfogen yo‘llar orqali etib boradi. Ba’zan ikkilamchi yiringli meningit kontakt yo‘l orqali rivojlanadi. Masalan, yiringli otitlarda yallig‘lanish jarayoni mastoiditni yuzaga keltirib, u orqali miya pardalariga o‘tib oladi yoki ichki quloqdagi yiring miya qutisiga ichki eshituv yo‘li orqali o‘tadi.
       Shuningdek, ikkilamchi yiringli meningitni septik emboliya, miya abtssessi, qattiq parda sinusi trombozi ham rivojlantiradi. Ba’zida esa kalla suyagining ochiq jarohatlari sababli miya bo‘shliqlariga tushgan infektsiyalar yiringli meningit rivojlanishiga olib keladi. Yuz sohasidagi furunkul yoki govmichchalarni barmoq bilan ezish yoki yiringni siqib chiqarishga urinish ham infektsiyaning gematogen yo‘l orqali miya pardalariga o‘tishi oqibatida yiringli meningit va meningoentsefalitlar rivojlanadi. Chunki yuzdagi qon tomirlar miya qon tomirlari bilan umumiy anastomozga ega. Masalan, ko‘z kosasi sohasidan venoz qon v. ophthalmica superior orqali bevosita sinus cavernosus ga quyiladi. Shuning uchun ham yuz sohasidagi har qanday kichik yiringli o‘choqlardan infektsiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri miya pardalariga o‘tib ketishi va ikkilamchi meningitni yuzaga keltirishi mumkin. Meningitning bu turi ko‘pincha o‘smirlarda uchraydi.
       Patogenezi. Yiringli meningit patogenezini 2 ta xavfli omil belgilab beradi: biri – mikroblar faoliyati natijasida yuzaga kelgan yiringli jarayon, ikkinchisi – endotoksinlar. Shuning uchun ham miya pardalaridagi kuchli yallig‘lanish jarayoni organizmning kuchli intoksikatsiyasi bilan namoyon bo‘ladi.
        Meningit chaqiruvchilari GEB dan o‘tib miya pardalarini zararlaydi. Meningit qo‘zg‘atuvchisiga qarab yallig‘lanish jarayoni turlicha kechadi. Yallig‘lanish jarayoni araxnoidal va yumshoq pardada kuchli namoyon bo‘ladi, ayniqsa, qon tomirlarga boy bo‘lgan yumshoq parda va miya po‘stlog‘ining ustki qismi ko‘proq zararlanadi. Yiringli jarayon miya egatchalari va bosh miya nervlarining perinevral bo‘shliqlari bo‘ylab ham tarqaladi. Xuddi shunday yallig‘lanish jarayoni orqa miyaning yumshoq va o‘rgimchak to‘risimon pardalarida ham kechadi, uning ildizchalari ham zararlanadi.
         Meningit patogenezida yallig‘lanish jarayoni bilan birgalikda endotoksemiyaning salbiy ta’siri ham katta o‘rin egallaydi. Yallig‘lanish jarayoni qancha kuchli bo‘lsa, endotoksemiya ham shuncha tez paydo bo‘ladi va qisqa vaqt ichida sepsis rivojlanadi. Endotoksemiya meningokokklarning juda katta miqdorda parchalanishi hisobiga yuzaga keladi. Buning natijasida infektsion-toksik shok rivojlanadi. Endotoksemiyada mikrotsirkulyatsiya izdan chiqadi, kapillyarlarda qonning ivish jarayoni kuchayadi, perivaskulyar shishlar paydo bo‘ladi va, oxir-oqibat, nerv to‘qimalarida moddalar almashinuvi buziladi. Miya tomirlarining mo‘rtlashuvi va o‘tkazuvchanligining oshuvi hisobiga perivaskulyar gemorragiyalar paydo bo‘lib, tomir devorlari nekrozga uchraydi. Xuddi shunday holat miya qorinchalarining xorioidal chigallarida ham ro‘y beradi. Miya qorinchalari xorioidal chigallarining ortiqcha ta’sirlanishi natijasida likvor ishlab chiqarilishi kuchayadi. Buning oqibatida miyaning ichki bosimi oshadi, ya’ni intrakranial gipertenziya rivojlanadi.
        Miya shishi va bo‘kishi neyronlarda va uni o‘rab turgan to‘qimalarda elektrolitlar almashinuvi buzilishi, xususan, natriy va suvning hujayra ichiga kirib olishi va parallel tarzda miya qorinchalari kengayishi hamda likvor aylanishining buzilishi bilan bog‘liq. Bir-biriga aloqador ushbu patologik jarayonlar miya hajmi kattalashuvi va dislokatsion sindrom rivojlanishiga olib keladi. Hayotiy muhim markazlar joylashgan uzunchoq miya va miyacha pastga, ya’ni katta ensa teshigi (foramen magnum) tomon siljiydi. Natijada miya ustuni siqilib qoladi, uning o‘zi ham, undagi yirik tomirlar ham qattiq ezila boshlaydi va oxir-oqibat miya to‘qimalari ishemiyasi rivojlanadi, venoz qon aylanishi izdan chiqadi va intrakranial gipertenziya yanada kuchayadi. Bosh miyaning aksariyat qismida mikrotsirkulyator buzilishlar va ishemik o‘choqlar paydo bo‘ladi. Ushbu patofiziologik jarayonlar chuqur koma rivojlanishiga olib keladi va bemorning hayoti xavf ostida qoladi. Bu paytda yiringli meningit meningoentsefalitga o‘tgan bo‘ladi.
        Klinikasi. Yiringli meningitlar etiologiyasi turlicha bo‘lishiga qaramasdan, ularning deyarli barchasi tana haroratining 40–41°S gacha ko‘tarilishi bilan o‘tkir boshlanadi. Bemor titray boshlaydi va kuchli bosh ogrigi paydo bo‘ladi. Tana harorati ko‘tarilishi miya ustunidagi vegetativ markazlar, xususan, tana haroratini boshqaruvchi markazlar qo‘zg‘alishi bilan bog‘liq. Vegetativ markazlar qo‘zg‘alishi ko‘ngil aynishi va ketma-ket qusishni ham yuzaga keltiradi. Bunday qusishlar ovqat qabul qilishga bog‘liq bo‘lmagan holda kuzatilaveradi va buni tserebral qusish deb atashadi.
        Aksariyat hollarda bosh og‘rig‘i shu qadar zo‘rayib ketadiki, bemor ikki qo‘li bilan boshini qattiq ushlab oladi va og‘riqqa chidolmay ingrab boshlaydi. Yosh bolalar esa chinqirib yig‘layveradi. O‘ta kuchli og‘riq kallaning barcha, ya’ni ko‘z kosasi, peshona, chakka va ensa sohalarini qamrab oladi. Hatto xonadagi yorug‘lik va soatning chiqillashi ham bosh og‘rig‘ini kuchaytirib yuboradi. Shuning uchun ham bemor ko‘zlarini chirt yumib, quloqlarini kafti bilan bekitib oladi. Miyaning yumshoq pardasi (pia mater) retseptorlari har xil patologik ta’sirlarga juda sezgir. Kuchli bosh og‘rig‘i dastlab uch shoxli va sayyor nervlarning yumshoq pardada joylashgan retseptorlari qo‘zg‘alishi hisobiga yuzaga keladi, keyinchalik IKG sababli kuchayib boradi. Bunday bemorning tanasiga qo‘l bilan sal tegilsa, u sapchib tushadi. Kuchli bosh og‘riq, yorug‘lik va shovqinga chiday olmaslik va tashqi ta’sirotlarga bo‘lgan ortiqcha qo‘zg‘alishlarga umumiy giperesteziya deb aytiladi. Umumiy giperesteziya bosh miya va orqa miya pardalaridagi sezgi retseptorlari, spinal ildizchalar va simpatik gangliyalarning mexanik yoki reflektor ta’sirlanishi hisobiga ro‘y beradi.
         Bir necha soat ichida meningeal simptomlar rivojlanadi. Demak, miya pardalarining qo‘zg‘alishi (zararlanishi) nafaqat kuchli bosh og‘riq, balki meningeal simptomlarni ham yuzaga keltiradi. Dastlab ensa mushaklari rigidligi va Kernig simptomi vujudga keladi, keyinchalik Brudzinskiy simptomlari rivojlana boshlaydi. Ensa mushaklari rigidligi va Kernig simptomlari miya pardalarining engilroq zararlanishlarida ham kuzatilaversa, Brudzinskiy simptomlari, asosan, miya pardalarining og‘irroq zararlanishlarida paydo bo‘ladi. Demak, kasallik zo‘raygan sayin meningeal simptomlar kuchayib boradi: ensa mushaklarini deyarli oldinga bukib bo‘lmaydi, ya’ni ensa-bo‘yin mushaklari qotib qoladi, Brudzinskiy simptomlarining barchasi (yuqori, o‘rta, pastki) musbat bo‘ladi.
              Meningeal simptomlarni tekshirish usullari
  • Ensa mushaklari rigidligi. Bemor tekis va ravon joyda tepaga qarab yotadi. Vrach uning boshini qo‘li bilan ushlab oldinga egadi. Normada bosh oldinga yaxshi bukiladi va bemorning dahani ko‘krakka tegadi. Agar bosh oldinga egilmay qotib tursa, bunga ensa mushaklari rigidligi deb aytiladi. Ensa mushaklari rigidligi turli darajada ifodalangan bo‘ladi: agar boshni oldinga egganda dahan ko‘krakkacha 1–2 sm ga etmay qolsa – engil, agar 3–5 sm etmay qolsa – o‘rta darajadagi rigidlik deb aytiladi. Agar bosh umuman oldinga egilmasa yoki orqaga qayrilib tursa – unda kuchli darajali rigidlik rivojlangan bo‘ladi. Ensa mushaklari rigidligini Neri simptomi bilan adashtirmaslik kerak. Neri simptomi ham xuddi shu tarzda, ya’ni boshni oldinga egib tekshiriladi. Boshni oldinga egayotganda spinal ildizchalar tortilishi sababli bo‘yinning orqa qismida reflektor og‘riq paydo bo‘ladi. Demak, Neri simptomi ham patologik simptom bo‘lib, u spinal ildizchalar ta’sirlanishi (zararlanishi) hisobiga rivojlanadi. Meningitda ensa mushaklari rigidligi deyarli har doim Neri simptomi bilan birgalikda namoyon bo‘ladi.
  • Kernig simptomi. Bemor tekis joyda tepaga qarab yotadi. Bu simptom ikkala oyoqda ham galma-gal tekshiriladi. Vrach bemorning oyog‘ini tos va tizza bo‘g‘imlarida o‘tkir burchak (90°) hosil qilib bukadi (1-bosqich). Keyin vrach bemorning bukilgan oyog‘ini tizza bo‘g‘imida yoza boshlaydi (2-bosqich). Sog‘lom kishilarda oyoq to‘la yoziladi. Agar oyoq tizza bo‘g‘imida yozilmasa, demak, Kernig simptomi musbat hisoblanadi. Kernig simptomi kasallik darajasiga qarab turlicha ifodalangan bo‘ladi: engil, o‘rta va og‘ir daraja. Agar bukilgan oyoq tizza bo‘g‘imida ozgina qarshilik bilan bo‘lsa-da, yozilsa – bu engil, biroz yozilsa – o‘rta, umuman yozilmay o‘tkir burchak holida qolsa – kuchli darajadagi Kernig simptomi deyiladi. Bu simptomni V. Kernig (1840 – 1917) talabalik davridayoq meningit bilan kasallangan bemorlarda kuzatib yurgan va institutni tugatganidan so‘ng bu haqda maqola yozgan (1882 yil). Keyinchalik bu simptomni uning nomi bilan atashgan.
  • Yuqori Brudzinskiy simptomi. Boshni oldinga egayotganda ikkala oyoq tos va tizza bo‘g‘imlarida bukiladi. Demak, bu simptom xuddi ensa mushaklari rigidligini tekshirganga o‘xshab tekshiriladi. Uni polshalik pediatr J. Brudzinskiy aniqlagan.
  • O‘rta Brudzinskiy simptomi. Qorinning kindikdan pastki qismi musht bilan chuqurroq bosilsa, ikkala oyoq tos va tizza bo‘g‘imlarida bukiladi.
  • Pastki Brudzinskiy simptomi. Xuddi Kernig simptomiga o‘xshab tekshiriladi. Bemorning bitta oyog‘i tos va tizza bo‘g‘imlarida o‘tkir burchak hosil qilib bukiladi. Bunga javoban ikkinchi oyoq ham tos va tizza bo‘g‘imlarida biroz bukiladi.
Erta yoshdagi, ya’ni 1 yoshga to‘lmagan bolalarda meningeal simptomlarni tekshirish usullarini keltirib o‘tamiz.
        Hali 1 yoshga to‘lmagan bolalarda Lessajning “osilib turuvchi” simptomi meningitni aniqlashda juda katta ahamiyatga ega. Bu simptomni tekshirish uchun vrach ikkala qo‘li bilan bolaning qo‘ltig‘idan ushlab ko‘taradi, bosh va ko‘rsatkich barmoqlari bilan uning ensasi va iyagidan ushlab turadi. Bu paytda bolaning ikkala oyog‘i son va tizza bo‘g‘imlarida bukilib qorniga tortiladi va shu holatda uzoq vaqt qimirlamay osilib turadi. Sog‘lom bolada bu simptomni tekshirmoqchi bo‘lsangiz, u erkalanib yoki yig‘lab oyoq-qo‘llarini qimirlata boshlaydi. Lessaj simptomini ko‘z oldingizga keltirmoqchi bo‘lsangiz, mashhur “Qirol Sher” multfilmini eslang yoki yana bir marta ko‘ring. Unda maymun endi tug‘ilgan sher bola­tsini “olomon”ga ko‘rsatish uchun ikkala qo‘ltig‘idan ushlab ko‘taradi. Multfilmdagi bu epizod Lessajning osilib turuvchi simptomini juda eslatadi. Shuningdek, kalla suyagidagi liqildog‘i bitmagan bolalarda kallaning tepa qismi bo‘rtib turadi. Buning sababi gipertenzion-gidrotsefal sindromdir.
        Yoshi 3 oyga to‘lmagan bolalarda Kernig simptomi fiziologik simptom ekanligini esda tutish lozim. Demak, harorati ko‘tarilgan bolada uning mavjudligi hali meningit rivojlandi, degani emas va qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazishni talab qiladi. Agar Kernig simptomi yoshi 3 oydan oshgan bolalarda aniqlansa, u patologik simptom hisoblanadi.
        Agar ensa mushaklari rigidligi juda kuchli bo‘lsa, bunda bemorning boshi orqaga qayrilib qoladi. Bu simptom, odatda, kasallikning 3–4-kunlari kuzatila boshlaydi. Agar tana harorati ko‘tarilgan bola ko‘zini yumib boshini orqaga qayirib yotsa va tanasiga toshmalar toshgan bo‘lsa, unda meningit aniqlanish ehtimoli juda yuqori. Mana shunday holatda yotgan bemorga ko‘zi tushgan har qanday shifokorning xayolidan “Unda meningit emasmikan?” degan fikr o‘tadi.
         Bunday bolalar, odatda, oyoq-qo‘llarini bukib yonboshlab yotib oladi. Bo‘ynini to‘g‘rilab qo‘ymoqchi bo‘lsangiz, uning yuz-ko‘zida og‘riqli bujmayishni ko‘rasiz, yana urinib ko‘rsangiz, u qusib yuborishi mumkin. Orqa miyaning subaraxnoidal bo‘shlig‘ida likvor bosimining oshishi va spinal ildizchalarning ta’sirlanishi sababli umurtqa atrofidagi mushaklar ham taranglashadi. Buning natijasida gavdaning tos qismi orqaga chiqib qoladi. Bunday bolani o‘tqizmoqchi bo‘lsangiz, u shalpayib yana yotib oladi.
         Psixomotor qo‘zg‘alishlar meningitning o‘tkir davrida juda ko‘p uchraydi. Odatda, kasallikning 2–3-kunidan boshlab psixomotor qo‘zg‘alishlar rivojlanadi. Ba’zida ular bir haftadan keyin paydo bo‘ladi. Bu, albatta, meningitning etiologiyasi va qay darajada o‘tkir boshlanishiga bog‘liq. Psixomotor qo‘zg‘alishlar deliriya, gallyutsinatsiya va ixtiyorsiz ortiqcha harakatlar bilan namoyon bo‘ladi.
        Kranial nervlar ham, odatda, kasallikning dastlabki haftasida zararlana boshlaydi. Ko‘zni harakatlantiruvchi nervlar (III, VI nervlar) zararlanishi ptoz va g‘ilaylik kabi simptomlarni yuzaga keltirsa, VII nerv zararlanishi sababli mimik muskullarning bir tomonlama falajligi rivojlanadi. Eshituv nervining (VIII nerv) zararlanishi va yiringli labirintit rivojlanishi eshitish pasayishi va quloqda kuchli shovqinning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, erta bolalik davrida o‘tkazilgan yiringli meningitdan so‘ng ba’zan ikki tomonlama karlik rivojlanadi. Avvallari buni meningitni davolashda ko‘p qo‘llaniladigan ototoksik ta’sirga ega antibiotiklar, ya’ni kanamitsin va gentamitsin bilan bog‘lashgan. Ushbu dorilar bilan davolangan bemorda haqiqatan ham ikki tomonlama koxlear nevrit ko‘p kuzatilgan. Biroq sepsis bilan kechuvchi yiringli meningitlarda ototoksik antibiotiklar qilmasa ham koxlear nevrit rivojlanishi mumkin. Buning sababi kuchli intoksikatsiyadir. Shuningdek, miya pardalarida kechayotgan yiringli jarayon kranial nervlarga subaraxnoidal bo‘shliq orqali tarqaladi. Ma’lumki, miya pardalari kranial nervlar ildizchalarini ham o‘rab turadi, ularning boshlang‘ich qismida subaraxnoidal bo‘shliqqa o‘xshash bo‘shliq bor. Yiring esa mana shu bo‘shliqda ham to‘planadi va nervni bosib zararlaydi.
       Yiringli meningitda tutqanoq xurujlari kuzatilib turadi va ular po‘stloq markazlarining yiringli jarayonlar sababli ta’sirlanishi bilan bog‘liq. Shu bois, tutqanoq xurujlari, asosan, Jekson tipida namoyon bo‘ladi. Tutqanoq xurujlari kuzatilishi miya shishi (bo‘kishining) yanada kuchayishiga sababchi bo‘ladi va koma rivojlanishini tezlashtiradi.
         Yiringli meningitda markaziy tipdagi piramidal buzilishlar ham kuzatiladi: pay reflekslari oshadi, patologik simptomlar (ko‘pincha, Babinskiy) paydo bo‘ladi, biroq gemiparezlar kuzatilmaydi. Gemiparez va giperkinez kabi nevrologik simptomlar paydo bo‘lishi miya pardalaridagi yiringli jarayonning miya parenximasiga o‘tganligi va meningoentsefalit rivojlanganligidan dalolat beradi.


                                EPIDEMIK TsEREBROSPINAL MENINGIT

         Meningitning ushbu turini Neisseria meningitidis (meningokokk) chaqiradi. Kasallik sporadik holatda ham, epidemiya bo‘lib ham uchraydi. Meningokokk infektsiyasi odam organizmiga tushgach, engil bakteriemiya bilan chegaralanib qolishi yoki yashin tezligida rivojlanuvchi sepsis kabi og‘ir patologik holatni yuzaga keltirishi mumkin. Ba’zida sepsis bir necha soat ichida rivojlanib, bemorning o‘limiga sababchi bo‘ladi. Meningokokk o‘ta xavfliligi bilan boshqa infektsiyalardan ajralib turadi.
        Epidemiologiyasi. Meningit bemor kishidan yoki meningokokk tashuvchisidan yuqadi. Meningit bilan kasallanish, asosan, kuz va bahor oylarida ko‘p uchraydi. Evropa davlatlarida kasallanish darajasi yiliga 100 000 aholiga 0,5–3 kishini tashkil etsa, Afrika davlatlarida bu ko‘rsatkich 100 000 aholiga 20–25 kishiga teng. Agar biror-bir hududda epidemik ko‘zg‘alishlar kuzatilsa, kasallanganlar soni 100 000 aholiga 600–800 kishini tashkil etadi. Sanitariya sharoiti kasallanish darajasiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
        Meningokokk meningit bilan, asosan, 6 oylikdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar kasallanishadi. Meningokokk infektsiyasi turli yoshda, ayniqsa, 14–20 yoshlarda ham qo‘zg‘alib turadi.
         Meningokokkning dastlabki tushadigan va ko‘payadigan joyi bu – burun-halqum bo‘shligidir. Infektsiya havo-tomchi yo‘li orqali (aksirganda, yo‘talganda) yoki kontakt yo‘l bilan, masalan, o‘pishganda yuqadi. Meningokokk infektsiya o‘ta yuquvchan bo‘lib, namlik yuqori bo‘lgan yopiq va odam gavjum joylarda (bog‘cha va maktablarda) tez yuqadi. Bunday joylarda bir necha soat ichida meningit yuqqanlar soni 80% ga etishi mumkin. Albatta, ularning hammasida ham meningit rivojlanavermaydi, ya’ni ularning aksariyati bir necha oygacha meningokokk tashuvchiga aylanadi va infektsiyani odamlarga yuqtirib yurishadi.
        Patogenezi. Meningokokk burun-halqum sohasiga tushib, u erda ko‘payadi va nazofaringit belgilarini yuzaga keltiradi. Ba’zida esa hech qanday kasallik alomatlari sezilmaydi. Meningokokk shilliq qavatdan qon tomirlarga o‘tib oladi, ya’ni bakteriemiya bosqichi boshlanadi. Qonga tushgan meningokokklar paydo bo‘lgan antitanachalar ta’siri ostida nobud bo‘la boshlaydi (autoliz) va buning natijasida qonga endotoksinlar ajralib chiqadi. Qonda meningokokklar juda katta tezlik bilan ko‘payadi va ular­ning autolizi tufayli kuchli endotoksemiya rivojlanadi.
         Endotoksinlar qonning patologik ivishini kuchaytiradi va fibrinoliz, trombotsitlar agregatsiyasi, vazodilatatsiya, kapillyarlar o‘tkazuvchanligining oshishi kabi bir necha patologik jarayonlarni boshlab yuboradi. Bularning barchasi septik shok rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Sepsisning qanday tezlikda rivojlanishi bakteriemiya darajasi va qon plazmasidagi endotoksinlar miqdoriga bog‘liq. Meningokokk inson organizmining deyarli barcha to‘qimalariga bemalol o‘ta oladi: miya pardalari, miya qorinchalari, subaraxnoidal bo‘shliqlar, sinovial pardalar, bo‘g‘imlar, teri, buyrakusti bezlari va h.k. Meningokokklar nafaqat qonda, balki likvorda ham tez ko‘payadi. Meningokokk meningit rivojlangan bemorning likvorida endotoksin miqdori uning qondagi miqdoridan 100 barobar, ba’zida esa 1000 barobar ko‘p bo‘ladi.
        Meningokokk meningit xuddi boshqa etiologiyali meningitlar tsingari immuniteti past odamlarda rivojlanadi. Yuqori immunitetga ega odamlar infektsiya tashuvchi bo‘lishi va uni boshqalarga yuqtirishi, o‘zlari esa kasallanmay qolishlari mumkin yoki kasallik nazofaringit bilan chegaralanib qoladi. Immunitetni pasaytiruvchi omillar ko‘p bo‘lib, ularning ichida o‘tkir virusli respirator infektsiyalarning o‘rni juda katta.
        Klinikasi. Kasallikning yashirin davri, odatda, 1–10 kunni tashkil etadi. Bu davr o‘tgach, kasallik belgilari quyidagi tartibda o‘tkir rivojlanadi: nazofaringit→sepsis→meningit. Demak, meningokokk infektsiyasi rivojlanishida 3 bosqich farqlanadi.
  • Nazofaringit bosqichi. Burun-halqum sohasi meningokokk infektsiyaning kirish joyi hisoblanadi. Infektsiya bu sohaga tushgach, oddiy «shamollash» belgilari bilan namoyon bo‘ladi: burun bitadi va oqadi, tomoq qichiy­di va achishadi, yo‘tal tutadi, bosh og‘riydi, tana harorati 38°S ga ko‘tariladi. Odatda, kasallikning bu bosqichi 3–4 kun davom etadi. Ba’zan kasallik shu bosqichda to‘xtab qoladi va bemor tuzalib ketadi. Agar infektsiya yanada avj olib, qonga o‘tsa, sepsis rivojlanadi. Bu kasallikning 2-bosqichidir.
  • Sepsis bosqichi. Sepsis deyarli 40% bemorda rivojlanadi va, odatda, o‘tkir boshlanadi. Tana harorati 40–41°Sga ko‘tariladi, bemor titray boshlaydi, ko‘ngli aynib qusadi, butun tanasi qaqshab og‘riydi, ya’ni kuchli nevralgiya va mialgiyalar paydo bo‘ladi. Tez orada bemorning terisiga suvli va gemorragik toshmalar tosha boshlaydi, ular, ayniqsa, yosh bolalarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Sepsis yashin tezlikda rivojlansa, tana harorati ko‘tarilmasligi mumkin, ba’zida esa u gipotermiya bilan namoyon bo‘ladi.
  • Meningit bosqichi. Bakteriemiya bosqichidan so‘ng yiringli meningit rivojlanadi. Bu esa meningokokklarning gematogen yo‘l bilan miya pardalariga o‘tganligini bildiradi. Meningit rivojlanishidan oldin har doim ham sepsis kuzatilavermaydi, ya’ni infektsiya qon orqali miya pardalariga darrov o‘tib birato‘la yiringli meningit rivojlanishi mumkin. Bunday paytda yiringli meningit alohida kasallik sifatida namoyon bo‘ladi.
        Uoterxaus-Frideriksen sindromi yoki yashin tezlikda rivojlanuvchi meningokokk sepsis
        Meningokokk meningitda buyrakusti bezi juda kuchli zararlanadi, uning parenximasida mayda nuqtasimon qon quyilishlar paydo bo‘ladi, katexolamin ishlab chiqarilishi izdan chiqadi. Buning natijasida buyrakusti bezining o‘tkir etishmovchiligi rivojlanadi. Yashin tezlikda rivojlanuvchi Uoterxaus-Frideriksen sindromini septik shok deb ham atashadi.
          Septik shokning 4 darajasi farqlanadi.
  • Birinchi darajasi. Bemor titray boshlaydi, yuzi pushti rang, tanasidagi teri qatlami esa oq tusga kiradi, oyoq-qo‘llarining uchi soviydi, kuchli ter bosadi. Ba’zan teri quruq va issiq bo‘ladi. Tana harorati 39–40°S ga ko‘tariladi. Yurak urishi va nafas olish tezlashadi. AQB normada qoladi yoki osha boshlaydi. Markaziy venoz bosim va diurez normada yoki pasayadi. Bemorning hushi joyida bo‘lib, uni xavotir va qo‘rquv bosadi. Pay reflekslari oshadi. Respirator alkaloz yuzaga keladi, birinchi darajali tarqalgan tomir ichi ivishi (TTII) sindromi (giperkoagulyatsiya) rivojlanadi. Metabolik atsidoz ham shakllana boshlaydi.
  • Ikkinchi darajasi. Bemorning ahvoli og‘irlasha boradi, hushini yo‘qota boshlaydi. Yuzi va boshqa teri qatlamlari oqarib, kulrang tusga kiradi. Akrasionoz vujudga keladi, terisi nam va sovuq bo‘ladi. Tana harorati normada yoki biroz pasayadi. Metabolik atsidoz shakllanadi. Taxikardiya kuchayadi, nafas olishi tezlashadi (taxipnoe), tomir urishi sustlashadi, yurak tonlari bo‘g‘iqlashadi, AQB tushib ketadi. Markaziy venoz bosim ham pasayadi. Oliguriya paydo bo‘ladi. Ikkinchi darajali TTII sindromi rivojlanadi.
  • Uchinchi darajasi. Bemorning ahvoli og‘irlasha borib, komaga tushadi. Teri rangi ko‘kimtir-kulrang tusga kiradi, ya’ni periferik vazokonstriktsiya hisobiga total tsianoz vujudga keladi, oyoq-qo‘llari nam va sovuq bo‘ladi. Terida, ayniqsa, oyoq-qo‘llarining distal qismida gemorragik va nekrotik o‘choqlar ko‘zga tashlanadi. Bunday o‘choqlarni murda doglari deb ham atashadi. Bu dog‘lar gangrena rivojlanayotganligidan dalolat beruvchi alomatdir. Qorachiqlar torayadi va ularning yorug‘likka sezgirligi keskin pasayadi yoki  yo‘qoladi. AQB tushib ketadi, ba’zida aniqlanmaydi ham. Tomir bilinar-bilinmas uradi va buni ipsimon puls deb atashadi. O‘pka shishadi va nafas olish buziladi. Miokardit yoki endokardit rivojlanadi, doimiy taxikardiya paydo bo‘ladi, yurak indeksi pasayadi. Pay reflekslari diffuz tarzda oshadi, ikki tomonlama patologik piramidal simptomlar aniqlanadi. Tutqanoq xurujlari kuzatilishi mumkin. Leykopeniya va anuriya rivojlanadi va, nihoyat uchinchi darajali TTII sindromi shakllanadi.
  • To‘rtinchi darajasi. Bu septik shokning terminal bosqichi bo‘lib, bemor chuqur komada, ya’ni agonal holatda yotadi. Yuqori qovoqni passiv ko‘tarsa, ikkala qorachiq ham kengaygan bo‘ladi (midriaz), ularning yorug‘likka sezgirligi butunlay yo‘qoladi. Mushaklarda tonik titrashlar paydo bo‘ladi. Reflekslar umuman chaqirilmaydi, ya’ni ikki tomonlama total areflektsiya kuzatiladi. Yurakning qisqarish faoliyati keskin buziladi, miya va o‘pka shishi belgilari kuchayadi. Qon sira ivimaydi va barcha ichki a’zolarga qon quyila boshlaydi, ba’zan bemorning burnidan qon ketadi. Bu shokning og‘ir darajasi bo‘lib, ko‘pincha o‘lim bilan tugaydi.
        Tashxis. Kasallikning dastlabki, ya’ni nazofaringit bosqichida klinik tekshiruvlar orqali meningit rivojlanayotganini bilish mushkul. Chunki kasallik klinikasi O‘RVI ga o‘xshab boshlanadi. Bunday paytda og‘iz-burun bo‘shlig‘i ajratmalaridan kasallik qo‘zg‘atuvchini aniqlab, ya’ni bakteriologik usullar bilan tashxis qo‘yish mumkin. Albatta, buning har doim ham iloji bo‘lavermaydi. “Meningit” tashxisi, odatda, meningeal simptomlar rivojlangandan so‘ng qo‘yiladi.
       Deyarli barcha yiringli meningitlarda tanaga mayda gemorragik toshmalar toshadi va ularning paydo bo‘lishi bakteriemiya boshlanganidan dalolat beradi. Ammo gemorragik toshmalar yana bir qator kasalliklar, ya’ni virusli infektsiyalar, mikoplazmalar va gemorragik vaskulitlarda ham kuzatiladi. Bunday paytlarda infektsiyani teri bioptatida bakteriologik usul bilan aniqlash mumkin.
        Yiringli meningitlar etiologiyasi turlicha bo‘lishiga qaramasdan, ularni aniqlashning yagona algoritmi ishlab chiqilgan. Meningit tashxitsini qo‘yish uchun zarur bo‘lgan tekshirish usullari haqida to‘xtalib o‘tamiz.
       Lyumbal punktsiya (LP) – meningit chaqiruvchisini to‘g‘ri aniqlashning eng maqbul usuli. Meningit kasalligiga shubha paydo bo‘lgan har qanday holatda LP qilinishi shart. Chunki likvorda kasallik chaqiruvchisini hali meningit belgilari rivojlanmasdan turib aniqlab olish mumkin. Barcha yiringli meningitlarda kasallikning dastlabki kuniyoq LP paytida likvor bosimi oshganligi aniqlanadi. Likvor rangi loyqa suv rangiga o‘xshaydi. Neytrofillar soni juda oshib ketadi: 1 mkl likvorda ularning soni 3 000–10 000 taga etadi, neytrofillar likvordagi barcha hujayralarning 90% ni tashkil qiladi. Oqsil miqdori 1–3 g/l ga oshadi. Glyukoza va xloridlar miqdori keskin pasayadi. Laktat miqdori 10–20 mmol/l ga oshadi. rN 7,0 gacha tushadi, ya’ni atsidoz kuzatiladi.
       Bakteriologik usul turli biologik suyuqliklar yoki ajratmalardan kasallik chaqiruvchisini aniqlash uchun o‘tkaziladi. Ushbu tekshiruvni antibakterial terapiyani boshlashdan oldin o‘tkazish maqsadga muvofiq. Meningokokklarni aniqlash uchun esa qon va likvorni ekish kifoya, ba’zida meningokokklar teri bioptati, plevral va sinovial suyuqliklarda ham aniqlanadi. Bu ish bilan vrach-laborant shug‘ullanishadi. Antibakterial terapiya boshlangandan so‘ng, bakteriologik usulning ahamiyati pasayadi. Bunday paytda immunologik usullardan foydalaniladi.
Immunologik, ya’ni serologik usul antitana va antigenlarni qon zardobi va likvorda aniqlash maqsadida o‘tkaziladi. Buning uchun serologik reaktsiyalardan foydalaniladi. Masalan, qon zardobi yoki likvorda meningokokk antigeniga antitana aniqlansa, serologik reaktsiya ijobiy, aniqlanmasa, manfiy hisoblanadi. Bular ichida PZR usulining diagnostik ahamiyati juda yuqori. Immunoferment analiz (IFA) ham eng sezgir diagnostik usullardan biridir. IFA har qanday bakterial va virusli infektsiyalarda kasallik qo‘zg‘atuvchitsini aniqlash uchun keng qo‘llaniladi.
        Boshqa tekshiruv usullari kasallik sababini aniqlashda kam yordam beradi. Masalan, meningitda KT va MRT tekshiruvlari orqali miyada kechayotgan patologik o‘zgarishlarni aniqlash mumkin, ammo kasallik sababini bilib bo‘lmaydi. KT va MRT meningit tashxitsini qo‘yishda kam informativ usullardir. O‘tkir meningitlarning qiyosiy tashxisi 2.2-jadvalda keltirilgan.

       Qonda kuzatiladigan o‘zgarishlar. Kasallikning bakteriemiya bosqichida qonda kuchli patologik o‘zgarishlar ro‘y beradi. Neytrofil leykotsitoz juda yuqori bo‘ladi: ba’zida leykotsitlar soni 1 mkl qonda 40 000 taga etadi, leykotsitar formula chapga siljiydi, qonda mielotsitlar aniqlanib boshlaydi. Kasallik juda og‘ir kechayotgan paytlarda leykotsitoz emas, balki, leykopeniya, neytropeniya va trombotsitopeniya kuzatiladi. Leykopeniya va trombotsitopeniya – bular yomon prognostik belgilar.
       Demak, qondagi ko‘rsatkichlar kasallikning og‘irlik darajasi va uning kechishiga bog‘liq. Uncha og‘ir bo‘lmagan holatlarda fibrinogen miqdori oshuvi va fibrinoliz susayishi hisobiga giperkoagulyatsiya kuzatilishi mumkin. O‘ta og‘ir holatlarda esa koagulopatiya rivojlanadi, fibrinogen va trombotsitlar miqdori keskin kamayadi, trombotsitar faollik sustlashadi. To‘qimalar ishemiyasi hisobiga metabolik atsidoz rivojlanadi, taxipnoe hisobiga RSO2 miqdori pasayadi. Bularning hammasi TTII sindromi rivojlanganligini ko‘rsatuvchi alomatlardir.
        Siydikdagi o‘zgarishlar. Kasallikning engil turida siydikda sezilarli o‘zgarishlar aniqlanmaydi. Og‘ir holatlarda gematuriya va proteinuriya rivojlanadi.

                                         PNEVMOKOKK MENINGIT
        
Pnevmokokk meningit – pnevmokokklar chaqiradigan og‘ir yiringli meningit. Aholi orasida tarqalishi bo‘yicha meningokokk meningitlardan so‘ng 2-o‘rinda turadi. Kasallik turli yoshlarda uchraydi, biroq 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar ko‘p kasallanishadi.
        Etiologiyasi. Pnevmokokk meningitni pnevmokokklar (Streptococcus pneumoniae) chaqiradi. Bu kasallik ko‘pincha zotiljam, yiringli otit, mastoidit va sinusitlardan so‘ng rivojlanadi. Ayniqsa, yiringli mastoidit va otitlarning o‘rni katta. Pnevmokokk yiringli o‘choqlardan gematogen yoki kontakt yo‘llar orqali miya pardalariga etib boradi. Infektsiya bosh miyaning ochiq jarohatlari va likvoreyadan aziyat chekadiganlarda ham ko‘p uchraydi. Surunkali LOR kasalliklar va O‘RK da immunitetning tushib ketishi ham meningit rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Kasallik patogenezi yiringli meningitlar patogeneziga o‘xshashdir.
        Klinikasi. Pnevmokokk meningit klinikasi meningokokk meningit klinikasiga juda o‘xshab ketadi. Kasallik tana haroratining keskin ko‘tarilishi bilan o‘tkir boshlanadi. Kuchli bosh og‘rig‘i, ketma-ket qusish va umumiy giperesteziya paydo bo‘ladi. Ba’zida kasallik ketma-ket rivojlanuvchi epileptik xurujlar bilan boshlanadi. Meningeal simptomlar ham darrov shakllanadi. Bemor hushini tez yo‘qota boshlaydi va 24-48 soat ichida chuqur sopor yoki koma rivojlanadi. Bir yoshgacha bo‘lgan bolalarning kallasi kattalashib, liqildog‘i ochila boshlaydi va bo‘rtib turadi. Og‘izning shilliq qavati va terida gemorragik toshmalar toshadi.
          Ba’zida kasallik sekin rivojlanadi, tana harorati ham 38°S dan oshmaydi. Bosh og‘rig‘i va meningeal simptomlar sust ifodalanadi. Biroq tez orada kasallik keskin tus ola boshlaydi va o‘tkir yiringli meningitga xos barcha simptomlar vujudga keladi. Pnevmokokk meningitda yiringli jarayon ko‘pincha miya to‘qimasiga o‘tadi va meningoentsefalit rivojlanadi. Kranial nervlar zararlanishi ham ko‘p kuzatiladi, ayniqsa, ko‘ruv nervi va ko‘zni harakatlantiruvchi nervlar ko‘p zararlanadi. Shuningdek, oyoq-qo‘llarda markaziy falajliklar paydo bo‘ladi. Umumiy intoksikatsiya, IKG va miya shishi sababli yurak-qon tomir va nafas olish faoliyati izdan chiqadi. Qonda kuchli yallig‘lanish reaktsiyalari aniqlanadi.
Likvor bosimi keskin oshadi va unda o‘tkir yiringli meningitga xos barcha belgilar aniqlanadi.
         Tashxis. Qon va likvorda kasallik qo‘zg‘atuvchisi, ya’ni Streptococcus pneumoniae aniqlanishi orqali tashxisni to‘g‘ri qo‘yish mumkin. To‘g‘ri tashxis qo‘yishda serologik reaktsiyalardan ham foydalaniladi.
        Prognoz. Davolash zudlik bilan boshlanmasa, bir hafta ichida bemor halok bo‘lishi mumkin. Agar antibiotiklar etarli darajada qilinmasa va boshqa davolash muolajalari ham talab darajasida bo‘lmasa, bemorning tuzalishi cho‘zilib ketadi. Ba’zida umrbod davom etuvchi nevrologik (ambliopiya, g‘ilaylik, karlik, markaziy falajliklar) va kognitiv buzilishlar (aqliy rivojlanishdan orqada qolish) saqlanib qoladi.
                     
                    GEMOFIL TAYoQChALAR ChAQIRGAN MENINGIT
         
Gemofil tayoqchalar chaqirgan meningit bakterial meningitlar ichida uchrashi bo‘yicha 3-o‘rinda turadi. Meningitning bu turi ham o‘tkir yiringli meningitlar sirasiga kiradi.
        Etiologiyasi. Meningit chaqiruvchisi – gemofil tayoqchalar (Haemophilus influenzae, Pfeyffer tayoqchalari). Pfeyffer tayoqchalari chaqirgan meningit 85–90% holatlarda 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarda kuzatiladi, shu jumladan, 1 yoshgacha bolalar 30% ni tashkil qiladi. Bular birlamchi meningitlar sirasiga kiradi. Bu meningit 5 yoshdan oshgan bolalarda ham uchraydi va, ko‘pincha, yiringli otit, sinusit, kalla suyagi sinishi sababli yuzaga keladi. Bu esa ikkilamchi yiringli meningit bo‘lib, 10–15% ni tashkil qiladi. Kasallik patogenezi boshqa o‘tkir yiringli meningitlar patogenezi kabi namoyon bo‘ladi.
        Klinikasi. Kasallik, odatda, uncha o‘tkir boshlanmaydi. Tana harorati 38–39° Sga oshadi va O‘RVI belgilari paydo bo‘ladi. Oradan 3–4 kun o‘tgach, tana harorati 41°S gacha ko‘tariladi, bosh og‘rig‘i kuchayadi va bola ketma-ket qusadi. Meningeal simptomlar va tutqanoq xurujlari vujudga keladi. Bemor hushini yo‘qota boshlaydi va koma rivojlanadi. O‘choqli nevrologik simptomlardan amavroz, g‘ilaylik, karlik, ataktsiya va falajliklar ko‘p kuzatiladi.
       Agar meningokokk va pnevmokokklar chaqirgan meningitlarda yaqqol ifodalangan meningeal simptomlar kasallikning birinchi kuniyoq paydo bo‘lsa, gemofil tayoqchalar chaqirgan meningitda ular biroz kech, ya’ni 1–2 kundan so‘ng namoyon bo‘ladi. Bu esa to‘g‘ri tashxis qo‘yishni biroz kechiktiradi.
      Tashxis. Aniq tashxis qon va likvorda Haemophilus influenzae aniqlanishi orqali qo‘yiladi. Shuningdek, PZR usulidan ham foydalaniladi.
       Prognoz. Tashxis kech qo‘yilgan paytlarda o‘lim darajasi juda yuqori, ya’ni 80% ga etadi. Zudlik bilan erta boshlangan davolash muolajalarida o‘lim deyarli kuzatilmaydi. Ba’zida, ya’ni 10–20% holatlarda o‘choqli nevrologik va neyropsixologik asoratlar qoladi.

           YIRINGLI MENINGITLARDA DAVOLASh TAMOYILLARI

       «Meningit» tashxisiga gumon paydo bo‘lgan har qanday bemor yuqumli kasalliklar shifoxonasida ko‘rikdan o‘tkaziladi. Tashxis tasdiqlansa, bemor zudlik bilan shifoxonaga yotqiziladi. Shuningdek, bemor kontaktda bo‘lgan joylarda (bog‘cha, maktab, uy, ishxona) maxsus dezinfektsiya ishlari olib borilishi talab etiladi. Nazofaringit belgilari aniqlangan bemorda bakteriologik tekshiriluvlar o‘tkazilishi ham maqsadga muvofiq.
        Davolashni boshlashdan oldin, albatta, meningit chaqiruvchisini aniqlash lozim. Buning uchun og‘iz-burun bo‘shlig‘i, qon va likvordan olingan materiallarda bakteriologik va serologik tekshiruvlar o‘tkaziladi. Agar sil meningiti  aniqlansa, bemor sil kasalliklari shifoxonasiga yotqiziladi.
        Meningitning klinik belgilari aniqlangan har qanday bemorga, albatta, LP qilinadi. Ushbu muolajasiz meningit etiologiyasi va turlarini aniqlash o‘ta mushkul. Agar LP ga monelik qiluvchi holatlar aniqlansa (nistagm, og‘ir koma), ular bartaraf etilgach, LP o‘tkazish masalasi yana qayta ko‘rib chiqiladi. Meningitning engilroq turlarida bemor meningit infektsiyalari davolanadigan oddiy bo‘lim yoki maxsus palataga yotqiziladi. Agar bemorning ahvoli og‘ir bo‘lsa (sopor yoki koma), u albatta reanimatsiya bo‘limiga joylashtiriladi.
      Antibakterial terapiya. Davolash muolajalari meningit etiologiyatsini bartaraf etishdan, ya’ni ularni yuzaga keltirgan infektsiyalarni yo‘q qilishdan boshlanishi kerak. Yiringli meningitlarni bakteriyalar chaqirar ekan, davolash antibiotiklar bilan boshlanadi.
       Bu maqsadda hanuzgacha benzilpenitsillin keng qo‘llanilmoqda. Chunki yiringli meningitlarni 90% holatlarda meningokokk, pnevmokokk, stafilokokk va streptokokklar chaqiradi. Ularning barchasi benzilpenitsillinga juda sezgir. Benzilpenitsillin bolalarga 1 kg tana vazniga kuniga 200 000 – 300 000 BK dan qilinadi. Demak, bolaning tana vazni 10 kg bo‘lsa, dorining bir kunlik dozasi 2 000 000 – 3 000 000 BK ni tashkil qiladi. Bugungi kunda benzilpenitsillin kam qo‘llanilishiga sabab, uning allergen xusutsiyatga egaligi va ta’sir doiratsining torligidir. U GEB dan ham sust o‘tadi.
           Antibiotiklarni to‘g‘ri tanlash va tavsiya etish vrachdan katta mahorat talab qiladi. Uning umumiy qonun-qoidalarini keltirib o‘tamiz.
        Antibiotiklar bilan davolashni boshlashdan oldin meningit turi aniqlanadi, ya’

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив