Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Uoterxaus-Frideriksen sindromi

Uoterxaus-Frideriksen sindromi


yoki yashin tezlikda rivojlanuvchi   meningokokk sepsis

Meningokokk meningitda buyrakusti bezi juda kuchli zararlanadi, uning parenximasida mayda nuqtasimon qon quyilishlar paydo bo‘ladi, katexolamin ishlab chiqarilishi izdan chiqadi. Buning natijasida buyrakusti bezining o‘tkir etishmovchiligi rivojlanadi. Yashin tezlikda rivojlanuvchi Uoterxaus-Frideriksen sindromini septik shok deb ham atashadi.
   Septik shokning 4 darajasi farqlanadi.
   Birinchi darajasi. Bemor titray boshlaydi, yuzi pushti rang, tanasidagi teri qatlami esa oq tusga kiradi, oyoq-qo‘llarining uchi soviydi, kuchli ter bosadi. Ba’zan teri quruq va issiq bo‘ladi. Tana harorati 39–40°S ga ko‘tariladi. Yurak urishi va nafas olish tezlashadi. AQB normada qoladi yoki osha boshlaydi. Markaziy venoz bosim va diurez normada yoki pasayadi. Bemorning hushi joyida bo‘lib, uni xavotir va qo‘rquv bosadi. Pay reflekslari oshadi. Respirator alkaloz yuzaga keladi, birinchi darajali tarqalgan tomir ichi ivishi (TTII) sindromi (giperkoagulyatsiya) rivojlanadi. Metabolik atsidoz ham shakllana boshlaydi.
  Ikkinchi darajasi. Bemorning ahvoli og‘irlasha boradi, hushini yo‘qota boshlaydi. Yuzi va boshqa teri qatlamlari oqarib, kulrang tusga kiradi. Akrasionoz vujudga keladi, terisi nam va sovuq bo‘ladi. Tana harorati normada yoki biroz pasayadi. Metabolik asidoz shakllanadi. Taxikardiya kuchayadi, nafas olishi tezlashadi (taxipnoe), tomir urishi sustlashadi, yurak tonlari bo‘g‘iqlashadi, AQB tushib ketadi. Markaziy venoz bosim ham pasayadi. Oliguriya paydo bo‘ladi. Ikkinchi darajali TTII sindromi rivojlanadi.
   Uchinchi darajasi. Bemorning ahvoli og‘irlasha borib, komaga tushadi. Teri rangi ko‘kimtir-kulrang tusga kiradi, ya’ni periferik vazokonstriktsiya hisobiga total tsianoz vujudga keladi, oyoq-qo‘llari nam va sovuq bo‘ladi. Terida, ayniqsa, oyoq-qo‘llarining distal qismida gemorragik va nekrotik o‘choqlar ko‘zga tashlanadi. Bunday o‘choqlarni murda dog‘lari deb ham atashadi. Bu dog‘lar gangrena rivojlanayotganligidan dalolat beruvchi alomatdir.
    Qorachiqlar torayadi va ularning yorug‘likka sezgirligi keskin pasayadi yoki yo‘qoladi. AQB tushib ketadi, ba’zida aniqlanmaydi ham. Tomir bilinar-bilinmas uradi va buni ipsimon puls deb atashadi. O‘pka shishadi va nafas olish buziladi. Miokardit yoki endokardit rivojlanadi, doimiy taxikardiya paydo bo‘ladi, yurak indeksi pasayadi. Pay reflekslari diffuz tarzda oshadi, ikki tomonlama patologik piramidal simptomlar aniqlanadi. Tutqanoq xurujlari kuzatilishi mumkin. Leykopeniya va anuriya rivojlanadi va, nihoyat uchinchi darajali TTII sindromi shakllanadi.
    To‘rtinchi darajasi. Bu septik shokning terminal bosqichi bo‘lib, bemor chuqur komada, ya’ni agonal holatda yotadi. Yuqori qovoqni passiv ko‘tarsa, ikkala qorachiq ham kengaygan bo‘ladi (midriaz), ularning yorug‘likka sezgirligi butunlay yo‘qoladi. Mushaklarda tonik titrashlar paydo bo‘ladi. Reflekslar umuman chaqirilmaydi, ya’ni ikki tomonlama total arefleksiya kuzatiladi. Yurakning qisqarish faoliyati keskin buziladi, miya va o‘pka shishi belgilari kuchayadi. Qon sira ivimaydi va barcha ichki a’zolarga qon quyila boshlaydi, ba’zan bemorning burnidan qon ketadi. Bu shokning og‘ir darajasi bo‘lib, ko‘pincha o‘lim bilan tugaydi.



Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma. Toshkent, 2017., 404 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi      © asab.cc


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив