Murakkab absanslar
Murakkab absanslarda hushning yo‘qolishi turli xil, ya’ni mioklonik, tonik, atonik va vegetativ komponentlar bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Murakkab absanslar oddiy absanslarga qaraganda biroz murakkab kechadi, hushni yo‘qotish uzoqroq (20-30 soniya) davom etadi, yiqilib tushishlar ko‘p bo‘ladi. Hech qanday aurasiz namoyon bo‘luvchi bunday xurujlar sababli bemor ko‘p tan jarohatlari oladi. Shuningdek, murakkab absanslar turli xil avtomatizmlar bilan namoyon bo‘ladi, ya’ni bemor o‘zicha nimalarnidir gapiradi, mimik muskullari bilan qandaydir imoishoralar qiladi, qo‘l-oyoqlari bilan shart bo‘lmagan turli harakatlarni bajaradi. Avtomatizmlar paytida bemorning hushi karaxt holatda bo‘ladi, nimalar qilayotganini o‘zi bilmaydi va eslab ham qolmaydi. Murakkab absanslar ichida eng ko‘p uchraydigani mioklonik va tonik absanslardir.
Murakkab absanslarning quyidagi turlari farqlanadi:
- mioklonik
- tonik
- atonik
- vegetativ
Tonik absanslar – muskullarning tonik qisqarishi bilan namoyon bo‘luvchi absanslar. Tonik absanslarda ko‘z olmasi yuqori yoki yon tomonga ketib qoladi, bosh orqa yoki yon tomonga qayrilib ketadi, qo‘l-oyoq muskullarida tonik qisqarishlar kuzatiladi. Muskullarning tonik qisqarishi engil tarzda ham, og‘ir ko‘rinishda ham ro‘y beradi. Ba’zida tonik absanslar paytida gavda birdan bukiladi va bemor oldinga qarab yiqiladi. Tonik absanslar Lennoks-Gasto sindromi va BAE da ko‘p uchraydi.
Atonik absanslar – muskullar atoniyasi bilan namoyon bo‘luvchi absanslar. Muskullar atoniyasi bo‘yin muskullarida kuzatilsa, bemorning boshi bir necha soniya oldinga osilib qoladi, qo‘llarda kuzatilsa, qo‘li qimirlamay qoladi yoki qo‘lidagi narsa tushib ketadi, oyoqlarda kuzatilsa, yiqilib tushadi. Atonik xurujlar sababli yiqilib tushgan bemor yana o‘rnidan turib yurib ketadi. Absanslar tipik va atipik turlarga, asosan, EEG ko‘rsatkichlariga qarab ajratiladi. Tipik absanslarda EEG da absans uchun xos bo‘lgan tipik o‘zgarishlar, ya’ni chastotasi 3 Gts bo‘lgan pik-to‘lqinli komplekslar aniqlanadi. Atonik absanslar, ko‘pincha, atipik absanslar sirasiga kiritiladi. Atonik (atipik) absanslar Lennoks-Gasto sindromida ko‘p uchraydi.
Vegetativ absanslar – vegetativ simptomlar bilan namoyon bo‘luvchi absanslar. Bu paytda bemorning rangi oqarib yoki qizarib ketadi, midriaz kuzatiladi, siyib yuboradi. Absans xuruji o‘tgach, bu simptomlar yana yo‘qoladi.
Murakkab absanslarni ba’zida murakkab fokal xurujlardan farqlash qiyin. Buning uchun xurujlar kechishini diqqat bilan nazorat qilish va o‘rganish lozim. Buning har doim ham imkoni bo‘lavermaydi. Murakkab fokal xurujlar, ko‘pincha, auralar bilan boshlanadi, absanslarga qaraganda uzoqroq davom etadi, simptomatik epilepsiya ko‘rinishida ko‘p uchraydi, katta yoshda ham ro‘y beradi, xurujdan so‘ng karaxtlik kuzatiladi.
Murakkab absanslar esa, asosan, idiopatik epilepsiya ko‘rinishida namoyon bo‘ladi, aurasiz boshlanadi, katta tutqanoq xurujlari kuzatilmaydi, katta yoshda deyarli uchramaydi. Fokal xurujlardan farqli o‘laroq, absanslarda gallyusinasiyalar kuzatilmaydi. Absanslarda, odatda, tez yordam ko‘rsatish talab etilmaydi. Ba’zi absanslar (masalan, BAE) davolash muolajalarini o‘tkazmasa ham o‘tib ketadi. Ammo bitta bemorning o‘zida absanslar, fokal va tarqalgan xurujlar birgalikda namoyon bo‘lishi mumkin. Bunga misol Lennoks-Gasto sindromi.
Ba’zida absanslar to‘xtamasdan ketma-ket takrorlanadi. Buni absanslar statusi deb atashadi. Absanslar statusi kun bo‘yi davom etishi va bemorni holdan toydirishi mumkin. Natijada bemorning og‘zidan so‘lak oqaveradi, gipomimiya paydo bo‘ladi va hushi qochib, karaxt holatga tushadi. Bunday paytlarda bemorni klinikaga yotqizish zarur.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Z. Ibodullayev. Epilepsiya. Qo`llanma. Toshkent, 2018., 128 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha