MIYaNING FUNKTsIONAL BLOKLARI
A.R. Luriya bosh miyada 3 ta funktsional blokni ajratib o‘rgandi.
- Birinchi funktsional blok. Birinchi blok neyronlari nospetsifik xujayralardan iborat bo‘lib, turli modallikdagi signallarni qabul qilib, qayta ishlov berib, ularni ikkinchi funktsional blok markazlariga uzatadi. Nospetsifik xujayralar ham limbik, xam retikulyar formatsiyada mavjud. Bu tizimni yagona nom bilan, ya’ni limbiko-retikulyar kompleks deb atashadi. LRK dan iborat birinchi blokning asosiy vazifasi – organizmning umumiy tonusini ta’minlab berish (1-rasm).
1-rasm. (a, b, v). Bosh miyaning funktsional bloklari (A.R. Luriya, 1973):
A – birinchi funktsional blok; B – ikkinchi funktsional blok; V – uchinchi funktsional blok.
Birinchi blokning nospetsifik sistemasi faollashtiruvchi va tormozlovchi xujayralar tizimidan iborat. Bu xujayralar kalta o‘simtali aksonlar yordamida bir-biri bilan bog‘langan bo‘lib, retikulyar formatsiyani hosil qiladi. RF ning yuqoriga, ya’ni po‘tsloq tomon yo‘naluvchi yo‘llari, hamda pastga orqa miyaning motor xujayralari tomon yo‘naluvchi yo‘llari mavjud. Agar po‘stloq va spinal neyronlar faoliyati sustlashib ketsa, RF ning faollashtiruvchi tizimi ishga tushadi. Agarda po‘stloq va spinal neyronlar faoliyati oshib ketsa, ularni tormozlovchi tizim ishga tushadi. Shu yo‘l bilan MNS ning bir maromda ishlashi ta’minlanadi.
Birinchi blok zararlansa barcha psixik funktsiyalar sustlashadi. Bemor uyqu holatiga (somnolentsiya) tushib qoladi. Diqqat, xotira va ong faoliyati pasayadi, sustlashadi. Birinchi blok modal-nospetsifik xujayralardan iborat bo‘lganligi bois, barcha turdagi xotira jarayonlari, ya’ni hid bilish, ta’m bilish, eshitish, ko‘rish va harakat kabi xotiralar izdan chiqadi.
Birinchi blokka kiruvchi limbik sistema xujayralari (Papets aylanasi) emotsional reaktsiyalar va motivatsiyaning anatomik substrati ham hisoblanadi. Shuningdek, limbik sistema gomeostazni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi, ya’ni turli neyrogumoral mexanizmlar orqali ichki a’zolar faoliyatini boshqarib turadi. Shu bois ham bu tizim zararlanganda ongning umumiy buzilishi, hissiy reaktsiyalar to‘mtoqligi, fobiya va turli vegetativ-vistseral buzilishlar yuzaga keladi.
- Ikkinchi funktsional blok. Ikkinchi funktsional blokka bosh miya katta yarim sharlarining ensa, chakka va tepa bo‘laklari kiradi (rasmlarga karang). Ushbu blok tuzilmalari periferiyadan keluvchi ekstrotseptiv signallarni analiz va sintez qilishdan iborat. Agarda birinchi blok neyronlari nospetsifik signallarni qabul qiluvchi xujayralardan iborat bo‘lsa, ikkinchi blok neyronlari yuqori darajada modal-spetsifik xususiyatga ega. Masalan, ensa bo‘lagining 17-maydon xujayralari faqat optik signallarni (ko‘ruv analizatori), tepa bo‘lagining 3-maydon xujayralari faqat umumiy sezgi bilan bog‘liq signallarni (sezgi analizatori), chakka bo‘lagining 41-maydon neyronlari faqat eshituv neyronlaridan keluvchi signallarni (eshituv analizatori) qabul qiladi.
Ikkinchi funktsional blokda orqa assotsiativ soha, ya’ni TRO (temporo-parieto-occipitalis) sohasi mavjud. TRO chakka bo‘lagining orqa qismi, ensa bo‘lagining oldingi qismi va tepa bo‘lagi sohalaridan iborat sohadir. TRO 37, 39 va 40-maydonlardan iborat. TRO – turli toifadagi analizatorlar tutashgan va murakkab supermodal integrativ funktsiyalarni bajaradigan assotsiativ xujayralar to‘plamidan iborat soha. TRO – ontogenetik rivojlanish davrida kech shakllanadi (12-18 yoshlarda).
- Uchinchi funktsional blok. Uchinchi blokning anatomik tuzilmasi – bu peshona bo‘lagining konveksital yuzasidir. Peshona bo‘lagining konveksital yuzasi katta yarim sharlarning deyarli 25 % ini tashkil qiladi. Peshona bo‘lagining mediobazal tuzilmalari birinchi funktsional blokka kirishini esda tuting. Demak, 3-blokning anatomik tuzilmalari – bular oldingi markaziy pushta (4-maydon), premotor soha (6 va 8-maydon), prefrontal soha (9, 10, 11, 44, 45,46, 47-maydonlar).
Shunday qilib, birinchi, ikkinchi va uchinchi bloklarning hamkorlikdagi faoliyati ham elementar, ham oliy ruhiy funktsiyalarni boshqarishda asosiy ahamiyatga ega. Bu jarayonlar boshqarilishida nutq funktsiyasini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Nutq – faqat insonlar uchun xos bo‘lgan oliy ruhiy funktsiya.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. Darslik., 2-nashr., T.; 2021., 960b.
©Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. T.; 2021., 312b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; ©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha