Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi PSEVDOUROLOGIK SINDROMLAR

PSEVDOUROLOGIK SINDROMLAR


Siydik ajratish sistemasida kuzatiladigan psixogen buzilishlar bilan tibbiy psixologga murojaat qilish juda kam uchraydi. Bunday bemorlar ko‘pincha «pielonefrit», «glomerulonefrit», «buyrak tosh kasalligi», «tsistalgiya», «tsistit», «uretrit» tashxislari bilan nefrolog yoki urologlarda davolanib yurishadi. Shu narsaga e’tibor qaratish lozimki, bu tashxislar davolash mobaynida bir necha bor o‘zgarib turadi. Nihoyat, ularga barcha urologik simptomlarni o‘zida mujassamlashtirgan umumiy tashxis – “nevrogen qovuq” sindromi qo‘yiladi. Affektiv buzilishlarda siydik yo‘llarida turli belgilarning paydo bo‘lishi niqoblangan depressiyaning klinik ko‘rinishlaridan biri bo‘lishi mumkin. Tez-tez hojatxonaga qatnash, shunda ham siyganidan qoniqmay chiqish va yana hojatxonaga qaytib kirish, xuddi siydik pufagi to‘la bo‘shalmagandek bo‘lishi, qorinning pastki qismida og‘riq sezish holatlari psevdourologik sindromlar uchun xos. Siydik ajralib chiqishining psixogen buzilishlarida ikki xil holatni kuzatish mumkin: tez-tez siygisi kelishi va siyishning ushlanib qolishi. Qattiq kulganda, aksirganda, yo‘tal paytida, og‘ir narsa ko‘targanda ozgina siyib yuborish yoki soatlab siydik tutilishlari niqoblangan depressiya uchun juda xos.
Tez-tez siyish (pollakuriya) ko‘pchilik urologik kasalliklar (tsistit, uretrit, prostatit) uchun ham, niqoblangan depressiya uchun ham xos bo‘lganligi bois, bunday bemorlar zarur bo‘lgan tekshiruvlarni to‘la o‘tishlari lozim. Ikkala holatda ham sovuq joyda ko‘p turib qolish, sho‘r, achchiq va nordon narsalar hamda spirtli ichimliklarni (ayniqsa, pivoni) iste’mol qilish, qattiq siqilish siyishning tezlashuviga olib keladi. Erkaklarda, ayniqsa, jinsiy aloqadan so‘ng ana shunday vaziyat yuzaga keladi.
Biroz rivojlangan affektiv buzilishlarda uchraydigan dizuriya transportda, katta majlislar bo‘layotgan paytda, o‘zi biror narsani ko‘pchilik oldida o‘qib berayotgan paytda namoyon bo‘ladi. Natijada ularda ipoxondrik sindrom rivojlanadi: bunday bemorlar butun fikrini va diqqatini siydik pufagiga qaratishadi, sharmanda bo‘lib qolishdan qo‘rqishadi. Tabiiyki, bu vaziyat bemorning asabiga salbiy ta’sir etadi va kasallik belgilarini yanada kuchaytiradi. Bunday bemorlar mabodo begona ayol bilan jinsiy yaqinlik qilsa, o‘zida bo‘layotgan barcha belgilarni hali tasdiqlanmagan venerik kasallik bilan bog‘laydi. Rafiqasiga yaqinlasha olmaydi, doim xavotirda yashaydi va xiyonat qilganini bildirib qo‘yadi.
Bolalik davridan boshlab ortiqcha talablar qo‘yib tarbiyalash, uydan tashqariga chiqarmaslik, o‘rtoqlari bilan o‘ynagani qo‘ymaslik keyinchalik og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Chunki insonning ruhiy rivojlanishi tarbiya va uni o‘rab turgan atrofdagi muhitga chambarchas bog‘liq. Shu masalada B.D. Karvasarskiy (2002) qiziq bir misolni keltiradi. 
K. ismli 37 yashar ilmiy xodim jamoat joylaridagi hojatxonaga kira olmasligidan shikoyat qiladi. Bu narsa uni 17 yoshligidan buyon bezovta qilsa-da, 20 yil mobaynida uyalganidan bu «aybini» doktorlarga aytmay va, tabiiyki, davolanmay yurgan. Bemorning hayot anamnezidan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, u onasining qattiq nazoratida o‘sgan. Uni onasi ko‘chada bolalar bilan o‘ynagani qo‘ymas, umumiy hojatxonalardan foydalanishni esa qat’iyan man qilgan. «Chunki u erga hamma boradi, ularning kasali senga yuqishi mumkin», deb uqtirgan. Bola ko‘p qavatli uylardagi xonadonda yashaganligi bois, u xohlaydimi-yo‘qmi, ishtonini «ho‘l qilib» qo‘ymasin deb, onasi uni doimo tuvakka o‘tqazgan, yoniga esa o‘yinchoqlarini qo‘ygan. Bola ham o‘ynab, ham tuvakda «jasorat» ko‘rsatib o‘tirgan. Bola nafaqat tuvakda o‘ynab o‘tirgan, hatto onasi uning yonida o‘tirib ertaklar aytib bergan, kuylagan, odob haqida tarbiya bergan. Shunday qilib, har bir odamning o‘zi bajarishi zarur bo‘lgan bu muhim fiziologik jarayon, «ozoda» yuradigan ona tomonidan boshqarilgan. Bola tuvakda uzoq vaqt o‘tirib qolar va onasi kelib olmaguncha turmasdi. Onasi tuvakda axlat yoki siydikni ko‘rmasa, bolani yana o‘tqazib qo‘yavergan. Bola ba’zan ishtoniga siyib qo‘ysa, onasidan rosa dakki egan. Bu aybni qilib qo‘ymaslik uchun bola doimo qo‘rqib xavotirda yashagan. Mabodo ona-bola mehmonga ketishmoqchi bo‘lishsa, bola albatta o‘z uyida hojatxonaga kirib chiqishi, mehmonda esa siygisi kelsa ham iloji boricha kutib turishi va faqat uyga qaytgandagina hojatxonaga borishi ona tomonidan aniq belgilab qo‘yilgan. Bularning oqibatida bola atrofdagi narsalardan jirkanadigan va noziktabiat bo‘lib o‘sadi.
Siydik yo‘llaridagi funktsional buzilishlarning kelib chiqishida bemorning jinsiy rivojlanishi ham alohida o‘rin tutadi. Bemor 16 yoshida bir qiz bilan jinsiy yaqinlik qilishga urinadi, lekin jinsiy aloqa qila olmaydi, chunki darrov pollyutsiya ro‘y beradi. Bu yangi alomatdan u juda qo‘rqib ketadi va tez kunlarda ichi qotib, hojatxonada ko‘p o‘tirib qolsa, siydik yo‘lidan shilliq narsa chiqa boshlaganini ko‘radi. Spermani «yo‘qotishdan» qo‘rqib, siyish jarayonini iloji boricha to‘xtatishga intiladi. Agar avval jamoat hojatxonalariga kirishdan o‘zini tiyadigan bo‘lsa (chunki yozilayotganda erektsiya ham kuzatilgan), keyinchalik atrofda oyoq ovozi eshitilsa ham siya olmaydigan bo‘lib qoladi. Vaqt o‘tib u institutni tugatadi, aspiranturaga kiradi va nomzodlik dissertatsiyasini yoqlaydi. Uylanadi, 3 ta bolalik bo‘ladi. Jinsiy aloqalar qisqa davom etganligi sababli qoniqmaydi. Urologda uch yil natijasiz davolanadi. So‘ngra unga quyidagi tashxis qo‘yiladi: psevdourologik simptomlar bilan kechuvchi ipoxondrik nevroz
 Olib borilgan davolash choralari individual psixoterapiya bilan birgalikda o‘tkaziladi va bemor tuzalib ketadi.

Bu klinik misoldan xulosa shuki, odamning psixologiyasini boshqarish mumkin, biroq normal kechayotgan fiziologik jarayonlarga sun’iy yo‘l bilan ta’sir qilmagan ma’qul.
 «Urologik» bemorlar juda ko‘p tibbiy tekshiruvlardan o‘tishadi, har xil doktorlarda bo‘lishadi, doimo davolanishning yangi usullarini izlashadi va o‘zlarida qo‘llab ko‘rishadi. Bu doimiy tashvishlar, albatta, jinsiy quvvatsizlikka olib keladi. Bemorlarda na davolanishga, na oilasiga va na hayotga qiziqish qoladi (psixoseksual buzilishlar bo‘limiga qarang).
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bolalarda uchraydigan enurezning deyarli 80 % bosh miya po‘stlog‘i disfunktsiyasi bilan bog‘liq. Mutaxassislar fikricha, diurezning buzilishi affektiv buzilishlarda yuzaga keladigan siydik pufagi qo‘zg‘aluvchanligining oshishi yoki pasayishi hisobiga kuzatiladi. Tagini ho‘l qilib qo‘yadigan bolalar, odatda, o‘ta injiq, tinib-tinchimaydigan, yig‘loqi va ko‘p tush ko‘radigan bo‘lishadi. Ular shu qadar rang-barang tushlar ko‘radiki, xuddi kattalarga o‘xshab, tushining mazmunini ota-onasiga ertak kabi qilib so‘zlab berishadi. 
Funktsional polidipsiyalar (ko‘p suyuqlik  ichish) va  poliuriyalar (ko‘p siyish) ko‘p uchrab turadigan psixosomatik buzilishlardir. Bunday bemorlar kuniga 5 l va undan ham ko‘p suv ichishadi. Ular doimo chanqash va suv ichganda qoniqmaslikdan shikoyat qilishadi. Tabiiyki, bunday paytlarda qandsiz diabet kasalligiga taxmin paydo bo‘ladi. Shunday bo‘lsa-da, bemor ichgan suv va ajralib chiqqan peshob miqdori, uning hissiy holatiga juda bog‘liq bo‘ladi. Hatto sog‘lom odamlarda ham ortiqcha hissiy zo‘riqishda, masalan, abiturientlar, talabalar imtihon paytida, ilmiy xodim dissertatsiya himoya qilayotganida, ikkita kishi bir-biri bilan urush-janjal qilayotganida og‘zi qurib, suv ichgisi keladi va tez-tez hojatga qatnaydi. Ko‘p suv ichishiga qaramasdan, ularning terisi quruq (tumbochkasi har xil kremlarga boy), AQB past, boshi tez-tez og‘riydigan bo‘ladi va biror ish qilishsa, tez charchab qolishadi. Ko‘p suv ichilganligi bois organizmda elektrolitlar almashinuvi buziladi va battar chanqab, yana suv ichgisi kelaveradi. Buning natijasida, albatta, qandsiz diabet tashxisini inkor qilish uchun laborator tekshiruvlar o‘tkazishga to‘g‘ri keladi.




Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.  
           © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; ©asab.cc



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив