PSEVDODERMATOLOGIK SINDROMLAR
Qadimdan teri kasalliklari kelib chiqishida salbiy ruhiy omillarga katta urg‘u berilgan. Masalan, ekzemani ruhiy kasallikning terida aks etgan klinik ko‘rinishi deb hisoblashgan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, og‘ir hissiy kechinmalar 70 % bemorda eshakemi kasalligi, 85 % da alopetsiya (soch to‘kilishi), 66 % ida neyrodermatitlar rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Ekzema aniqlangan bemorlarning psixologik anamnezi o‘rganilganda, ularning yarmidan ko‘pi ilgari depressiyaga tushgan va deyarli barcha holatlarda kasallik qaytalashiga aynan o‘tkir stress sabab bo‘lgan.
Tez-tez kuzatiladigan affektiv holatlarda vegetativ reaktsiyalarning terida aks etishini har bir vrach amaliyotda ko‘p kuzatgan. Bunday paytlarda yuz oqaradi, g‘oz terisi paydo bo‘ladi, odamni sovuq ter bosadi, so‘ng teri qizara boshlaydi, ba’zan esa qizil toshmalar toshib, terida qichishish paydo bo‘ladi. Terida kuzatiladigan trofik o‘zgarishlar, ayniqsa, e’tiborga loyiq. Doimiy depressiv holatda yuradigan bemorlarning terisi, odatda, quruq bo‘ladi, elastikligini yo‘qotadi, ko‘z va og‘iz burmalari qalinlashib, yuziga ajin tushadi. Bu holat odamni yoshidan katta qilib ko‘rsatadi va ayniqsa, ayollar bundan qattiq tashvishga tushishadi, yuz terisiga surtiladigan turli kremlardan foydalanishadi. Ajinlarning kelib chiqish sababi psixoemotsional stresslar bo‘lganligi bois, kremlar foyda bermaydi yoki vaqtincha o‘zgarish kuzatiladi, xolos. Ba’zi bemorlarning qo‘l terisi va tovonlari yorilib ketadi. Sochning ko‘p to‘kilishi (ayniqsa, 30 yoshdan oshganda) ularni juda bezovta qilib qo‘yadi. Bunday paytlarda psixoterapevtik davolash muolajalarini olmasdan turib ijobiy natijaga erishish mushkul.
O‘tkir stressdan so‘ng terida 1-2 kun ichida to‘satdan chuqur patologik o‘zgarishlar paydo bo‘lishi tibbiy amaliyotda ko‘p uchraydi. Xuddi shunday holatni biz Sh. ismli bemorda kuzatganmiz. Unda katta oilaviy fojiadan so‘ng bir kunning o‘zida sochlari to‘kilib, qosh va kipriklari oqarib, terisining deyarli hamma joyini oq dog‘lar (pigmentsizlanish hisobiga) bosib ketadi. O‘rgatilgan ayiq tishlagandan so‘ng qo‘rqqanidan sochi butunlay to‘kilib ketgan tsirk artisti haqida ham yozishgan. Soch to‘kilishi bolalarda ham uchraydi. 8 yashar bolaning tushiga yaqinda vafot etgan buvasi kiradi va u tobutdan chiqib kelib, bolaning sochidan qattiq tortadi. Bu dahshatli tushni bola bir necha kun uzluksiz ko‘rgan va har gal sochi to‘kilavergan. Bola gipnoz usuli bilan davolanib, yomon tush ko‘rmaydigan bo‘ldi. Bir necha kundan so‘ng bolaning sochi yana o‘sa boshlagan.
Uzoq davom etadigan affektiv buzilishlarning somatik ko‘rinishlaridan yana biri tirnoqlardagi trofik o‘zgarishlardir. Bunda tirnoqning rangi o‘chib, unda uzun chiziqlar paydo bo‘ladi, tirnoq (ayniqsa, oyoqdagi) sinadigan bo‘lib qoladi, qalinlashadi. Hamma tirnoqning bir xil tarzda o‘zgarishi, patologik jarayonning sekin-asta zo‘rayib borishi, barmoqda yallig‘lanish belgilari yo‘qligi, uning psixogen xususiyatga aloqador ekanligidan dalolat beradi.
Umumiy yoki mahalliy gipergidroz (qo‘l panjasi, qo‘ltig‘osti va oyoqlarda) ham hissiy-ruhiy buzilishlarda ko‘p kuzatiladi. Bu patologik o‘zgarishlar ayniqsa, yoshlarda ko‘p uchraydi va aksariyat hollarda kuchli psixoemotsional stressdan so‘ng to‘satdan paydo bo‘ladi. Bunday bemorlar sal hayajonlansa, issiqroq narsa ichsa, jismoniy mehnat qilsa, ob-havo o‘zgarsa, darrov terlab ketishadi. Buni fanda «ho‘l depressiya» deb ham atashadi. Ularni eng ko‘p qiynaydigan va jig‘iga tegadigan narsa – bu badbo‘y hid kelishidir. Ter va yog‘ bezlari faoliyatining patologik kuchayishi psixovegetativ sindromning doimiy hamrohidir. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, qo‘ltig‘osti va chov sohasida joylashgan ter bezlari tana haroratining boshqarilishida ishtirok etmaydi va jinsiy balog‘atga etgandan so‘nggina faoliyat ko‘rsata boshlaydi. Bunda ular o‘zgacha hid taratuvchi moddalar (feromonlar) ishlab chiqara boshlaydi. Bu fiziologik mexanizm jinsning seksual xulq-atvoriga moslashib turadi. Aynan mana shu o‘rinda ayol kishidan kelayotgan hid, erkak kishidan taralayotgan hiddan keskin farq qiladi. Psixovegetativ sindromlarda kuzatiladigan kuchli seksual buzilishlar apokrin bezlarning sekretor holatiga katta ta’sir ko‘rsatadi va yoqimsiz hid paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Bu bemorlardagi o‘ziga xos hidga asoslanib, ularda psixovegetativ sindrom borligini aniqlash mumkin.
Teridagi doimiy terlaydigan joylar ko‘pincha qizarib turadi. Bu joyda allergik o‘zgarishlar paydo bo‘ladi, qo‘ltiq ostidagi limfa tugunlari kattalashadi. Aynan mana shunday odamlarda neyrodermit yoki ekzema oson rivojlanadi. Kuchli hissiy zo‘riqishlar bunday bemorlarda teri kasalliklari avj olib ketishiga sabab bo‘ladi. Masalan, psoriaz 40 % bemorda yaqinlari bilan sodir bo‘lgan baxtsiz hodisadan, 52 % holatda boshqa kuchli salbiy hissiy buzilishlardan so‘ng rivojlanadi. Bu o‘rinda sabab va oqibat orasidagi davr bor-yo‘g‘i 2-14 kunni tashkil qilgan, kamroq hollarda esa bir oyga cho‘ziladi (Seville R.H., 2002). Shuning uchun teridagi o‘zgarishlar har tomonlama puxta o‘rganilishi zarur, chunki ular ruhiy buzilishning dastlabki klinik ko‘rinishi bo‘lishi mumkin.
Aksariyat hollarda teridagi o‘zgarishlar bemordagi ruhiy buzilishlar kuchayganda zo‘rayib, kamayganda esa susayib boradi. Teri kasalliklarini davolashda bu fenomenni e’tiborga olib, faol psixoterapevtik muolajalarni o‘tkazish kerak. Ma’lumki, teri va undagi kamchiliklar odam ruhiyatiga jarohat etkazadi, shuning uchun ham deyarli barcha bemorlarda turli darajada rivojlangan ipoxondriya shakllanadi. Ular butun fikru zikrini (ayniqsa, dastlabki paytlarda) teridagi nuqsonlarga qaratishadi. Dermatolog va psixologlarning ta’kidlashicha, bemorlar ushbu buzilishlardan qanchalik ko‘p siqilishsa, kasallik belgilari shunchalik kuchli namoyon bo‘ladi (to‘g‘ri davolanishdan qat’i nazar). Agar bemorning fikri uzoq vaqt boshqa narsalarga chalg‘itilsa, teridagi ijobiy o‘zgarishlar tezlashadi. Ikkinchi jahon urushi davrida dermatologlar qiziq bir holatni kuzatishgan, ya’ni urush boshlangandan so‘ng aksariyat bemorlar surunkali teri kasalliklaridan tuzalib ketishgan. Bu fenomenga quyidagicha izoh berish mumkin. Urush boshlanishdan oldin bemorlar uchun asosiy muammo – teridagi patologik o‘zgarishlar bo‘lsa, urush boshlangandan so‘ng esa, undan ham katta muammo paydo bo‘ldi, ya’ni uning va yaqinlarining hayoti xavf ostida qoldi. Urush boshlandi! U endi o‘zini, oilasini va Vatanni himoya qilishi kerak! Dominanta printsipiga muvofiq, bosh miya po‘stlog‘idagi kuchsiz qo‘zg‘alishlar (urushgacha bo‘lgan teridagi o‘zgarishlar) o‘rnini kuchli qo‘zg‘alishlar (urush boshlanishi va o‘lim xavfi) egalladi. Bosh miya po‘stlog‘ida paydo bo‘lgan kuchli dominant o‘choq avvalgi o‘choqning faoliyatini yo‘qqa chiqardi va miyadagi kompensator mexanizmlarni ishga soldi, funktsional sistemalarni kuchaytirdi. Miyadagi ushbu keskin o‘zgarishlar terida o‘z aksini topdi va undagi patologik jarayonlar chekindi.
Teridagi patologik o‘zgarishning inson ruhiyatiga bog‘liqligini quyidagi misol ham tasdiqlaydi. Bir ayolning otasi og‘ir kasallikdan qiynalayotganda sochi ko‘p to‘kilgan, vafotidan biroz vaqt o‘tgandan so‘ng esa soch to‘kilishi to‘xtagan. Demak, affektiv buzilish davrida soch to‘kilgan, adaptatsiya davrida esa soch to‘kilishi to‘xtagan.
Teri giperesteziyasi. Ushbu buzilish umumiy giperesteziyaning bir turi bo‘lib, bunda arzimagan tashqi ta’sir terida kuchli patologik o‘zgarishlarga olib keladi. Ma’lumki, chuqur affektiv buzilishlar qonda katexolaminlar miqdori oshishi bilan kechadi. Bu fiziologik jarayon, albatta, teridagi moddalar almashinuviga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi. Bu asab tizimining stressga bo‘lgan moslashish va himoya reaktsiyasidir. Teri filogenetik jihatdan keksa a’zodir. Har qanday psixoemotsional stress terida o‘z aksini topadi. Demak, teri giperesteziyasi ham psixosomatik buzilishlarning klinik ko‘rinishidir. Teri giperesteziyasi kuchli ifodalangan bemorning tanasiga barmoq bilan tegilsa, o‘sha joyning o‘zida shish va qichishish paydo bo‘ladi. Agar uning tanasiga sal o‘tkirroq narsa bilan tegsa, butun tanasida eritema yuzaga keladi. Albatta, bunday bemorni tekshirish ancha mushkul. U hatto o‘z qo‘lini ham tanasiga tegib ketishidan qo‘rqadi, kechqurun kiyimini ham echmay uxlaydi. Chunki kiyimini ikkinchisi bilan o‘zgartirish tanada og‘riqlar paydo bo‘lishi va boshqa belgilarning kuchayishiga olib keladi. O‘zgarishlar, ayniqsa, barmoqlarda kuchli ifodalangan bo‘ladi, bemor botinka bog‘ini bog‘lay olmaydi, ovqatni qoshiqsiz ichishga harakat qiladi, biror ish qilmoqchi bo‘lsa, iloji boricha rezina qo‘lqop kiyib oladi. Bunday bemorlarga ba’zan adashib «allergik dermatit» deb tashxis qo‘yiladi.
Teridagi patologik o‘zgarishlar barmoqlardan boshlab tepaga ko‘tarilib, bo‘yin sohasiga etib boradi va ba’zan bo‘g‘ilish alomatlari paydo bo‘ladi. Bemor butun fikrini terida bo‘layotgan azobli o‘zgarishlarga qaratadi, unda ipoxondriya rivojlanadi va kasallikning yanada avj olishiga sababchi bo‘ladi. O‘tkazilgan og‘ir somatik kasalliklar, ayniqsa operatsiyalar ham terida ana shunday kuchli o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin.
Bir necha somatik a’zolar operatsiyasidan so‘ng rivojlangan teri giperesteziyasiga misol keltiramiz. Bu bemor bizning nazoratimizda bo‘lgan.
R. ismli ayol, yoshi 35 yoshda, kasbi sotuvchi (asosan shirinliklar sotadi), avval shifoxonada oshpaz bo‘lib ishlagan. Bir yilda ikkita og‘ir operatsiyani boshdan kechiradi: birinchi safar katta mioma borligi sababli bachadon olib tashlanadi; ikkinchi operatsiyada jigardan exinokokkoz pufakchalari olib tashlanadi. Umumiy narkoz bilan o‘tkazilgan bu operatsiyalardan so‘ng bemorning terisi o‘ta sezgir bo‘lib qoladi. Dastlab piyoz tozalaganda, ovqatga murch ishlatganda, issiq narsalarni ushlaganda, tanasiga o‘tkirroq narsa tegib ketganda terida qichima va og‘riqlar kuzatiladi. Agar shu narsalardan foydalanmasa, terida hech qanaqa o‘zgarishlar bo‘lmaydi. Bemor bezovta bo‘lib, ya’ni terimda allergik kasallik paydo bo‘ldi, deb dermatolog va allergologga uchraydi. Ular achchiq, sho‘r va issiq narsalarga yaqinlashmaslik, o‘tkir narsalarni ushlamaslikni tavsiya qilishib, antigistamin dorilarni qabul qilishni buyurishadi. Uy bekasi bo‘lgan bemor iloji boricha doktorlar tavsiyasiga amal qilishga harakat qiladi, lekin ovqat qilish, kir yuvish, uy tozalash kabi yumushlarni ham bajarishga majbur bo‘ladi. Bemorda asta-sekin ipoxondriya va fobiya rivojlanadi. Chunki u doktorlar tavsiya qilgan rejimga rioya qila olmaydi va bundan aziyat chekadi, buning ustiga unda yangi-yangi simptomlar paydo bo‘layotgandi.
Endi bemor qo‘lini sovunlab yuvsa ham, qo‘lida shakar ushlasa ham terisida qizarish, qichima, qizil pufakchalar va chidab bo‘lmas og‘riqlar paydo bo‘laveradi. U shakardan turli xil shirinliklar pishirib sotishni to‘xtatadi. Bu ishini umuman tashlaydi. Doktorma-doktor qatnab tuman, viloyat shifoxonalarida davolanadi, lekin biror ijobiy natijaga erishmaydi. Kasallik zo‘raygandan-zo‘rayib, bemorning qo‘liga nima tegsa ham (yumshoq-qattiqligidan qat’i nazar) teriga qizil pufakchali toshmalar toshib ketaveradigan, tanada kuchli og‘riq paydo bo‘ladigan, so‘ng esa nafasi siqib bo‘g‘iladigan bo‘lib qoladi. Ahvol shu darajaga borib etadiki, u hatto beshta barmog‘ini bir-biriga yaqinlashtira olmaydigan, qo‘lini musht qila olmaydigan bo‘lib qoladi, chunki barmoqlar bir-biriga tegsa ham giperesteziya va giperemiya belgilari paydo bo‘ladi. Bemor har gal siqilganda, ayniqsa, kechalari teridagi belgilar kuchayib ketadi.
Nevrostatusda kuchli ifodalangan organik nevrologik simptomlar yo‘q. Psixoemotsional statusi vegetativ, ipoxondrik va fobiya belgilaridan iborat. Bemorda barcha allergik sinamalar o‘tkaziladi. Unga bir oy mobaynida antiallergen dorilar bilan bir qatorda, psixoterapevtik davolash muolajalari o‘tkaziladi, antidepressantlar va sedativ dorilar buyuriladi. Birato‘la platseboterapiya ham qilinadi. Bemor tibbiy-psixologik davolash muolajalaridan so‘ng butunlay tuzalib ketadi.
Biz bu misolda avval ruhan sog‘lom bo‘lgan bemorda o‘tkazilgan ikkita og‘ir operatsiyadan so‘ng rivojlangan umumiy giperesteziya bilan kechuvchi somatopsixik sindromning guvohi bo‘ldik.
Mutaxassislar fikricha, aksariyat hollarda terida boshlangan o‘zgarish dastlab funktsional xususiyatga ega bo‘ladi va keyinchalik organik tus oladi, ya’ni terida surunkali yallig‘lanish jarayonlari boshlanadi. Demak, teridagi patologik jarayonlarni faqat funktsional buzilishlar bilan bog‘lash kerak emas. Buning tasdig‘ini yuqoridagi misollarda ko‘rdik: barcha holatlarda teridagi organik simptomlar funktsional belgilar bilan birgalikda namoyon bo‘ldi va shu bilan birga affektiv buzilishlar o‘tgandan so‘ng nafaqat funktsional belgilar, balki organik simptomlar ham o‘tib ketdi yoki keskin pasaydi. Bemorlarni davolashda buni albatta e’tiborga olish zarur.
Agar laborator va paraklinik tekshiruvlarda patologik o‘zgarishlar topilmasa, dermatologik va allergiyaga qarshi davo choralari yordam bermasa, teridagi o‘zgarishlarni niqoblangan depressiyaning klinik ko‘rinishi sifatida baholashga to‘g‘ri keladi. Chunki teridagi eritema, shish va kichik yarachalar vegetotrofik o‘zgarishlarning klinik ko‘rinishi bo‘lib, ular psevdoallergik simptomlar deb ham ataladi. Patologik jarayon cho‘zilgan sayin parasimpatik tonusning oshib borishi va atsetilxolinning ko‘p miqdorda ajralib chiqishi natijasida terida joylashgan mayda qon tomirlarining uzoq vaqt va kuchli darajada kengayishi ro‘y beradi. Teridagi vegetotrofik o‘zgarishlar asosida mana shu jarayon ham o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.
Umumiy teri giperesteziyasining klinik ko‘rinishlaridan yana biri –terida gemorragik toshmalar paydo bo‘lishidir. Bemorni tekshirayotganda (palpatsiya, perkussiya) yoki biror joyini ushlaganda o‘sha joyi darrov ko‘karib qoladi. Klinik va laborator tekshirishlarda gematologik, immunologik va boshqa organik simptomlar yo‘qligi bemorda gemorragik vaskulit tashxisini inkor qilishga yordam beradi. Faqat affektiv buzilishlar kuchayganda paydo bo‘lib yoki zo‘rayib, uzoq vaqt dam olganda, psixoterapevtik muolajalar o‘tkazganda, ruhan tinchlanganda o‘tib ketadigan teridagi patologik o‘zgarishlar doimo psixogen xususiyatga egadir.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; ©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha