PROZOPALGIYaLAR


Odatda, yuz sohasida kuzatiladigan og‘riqning asosiy sabablaridan biri – bu trigeminal nevralgiya. Biroq nevrasteniya, isteriya, psixasteniya, fobiya va xavotirli sindrom bilan kasallangan bemorlarda yuz sohasida turli xil og‘riqlar va yoqimsiz uvishishlar tez-tez kuzatiladi. Ayniqsa, kosmetologik operatsiyalar va tish oldirishlardan so‘ng  yuz sohasida turli xil og‘riqlar va paresteziyalar yuzaga keladi. Ularning aksariyati psixogen xususiyatga ega bo‘lib, atipik prozopalgiya deb ham ataladi.  Atipik prozopalgiya – yuzning bir yoki ikkala tomonida ham kuzatiladigan psixogen xususiyatga ega doimiy og‘riq va paresteziya. Kasallik, asosan, 30-60 yoshda uchraydi. Ayollarda bu kasallik ko‘p kuzatiladi. Atipik prozopalgiyalar stomatologik operatsiyalardan so‘ng paydo bo‘ladi. Bunday og‘riqlar ko‘pincha yuqori va pastki jag‘ tishlarini o‘zgartirgan va ularga protez qo‘ydirgan odamlarda ko‘p kuzatiladi. Atipik prozopalgiya klinikasi kranial nevralgiya yoki nevropatiya klinikasiga o‘xshasa-da, obektiv nevrologik simptomlar (giperesteziya, gipesteziya) aniqlanmaydi. Yuzda trigger sohalar ham bo‘lmaydi. Stomatologik muolaja o‘tkazilgan joylar chuqur tekshirilganda ham, ENMG tekshiruvlari o‘tkazilganda ham nervlarda organik buzilishlar aniqlanmaydi. Og‘riq va paresteziyalar nafaqat operatsiya o‘tkazilgan joyda, balki yuzning boshqa sohalarida ham kuzatiladi. Kasallik uchun qisqa muddatli og‘riq xurujlari xos emas, og‘riqlar goh zo‘rayib, goh kamayib turadi. 
Atipik prozopalgiyaning yana bir klinik turi – bu atipik odontalgiya. Tish olingan joyda uzoq vaqt saqlanadigan og‘riqlarga atipik odontalgiya deb aytiladi. Atipik odontalgiyada ham obektiv nevrologik simptomlar aniqlanmaydi. Bu sindrom tish oldirib tish qo‘ydirgan bemorlarda yoki uzoq vaqt davom etgan stomatologik muolajalarda ko‘p kuzatiladi. Tish olingan joyda kuydiruvchi va boshqa tishlarga irradiatsiya qiluvchi og‘riq bir oygacha, ba’zida undan ham ko‘p vaqt saqlanib qoladi. Aksariyat bemorlarda og‘riq ovqatlanayotgan paytda kamayadi, ruhiy-hissiy zo‘riqishlarda, sovuqda yoki yuziga biror narsa tegib ketsa kuchayadi. Atipik odontalgiya klinikasi dental pleksalgiya klinikasiga o‘xshab ketadi, biroq unga qaraganda engil kechadi.  
Dental pleksalgiya – yuqori va pastki jag‘ning nerv chigallari ta’sirlantirilganda kuzatiladi. Dental pleksalgiyaning asosiy sababi – yuqori va pastki jag‘ tishlarida o‘tkazilgan stomatologik muolajadir. Og‘riq vegetativ simptomlar bilan birgalikda namoyon bo‘ladi, chunki bu erdagi nerv chigallari vegetativ gangliyalar bilan chambarchas bog‘langan. Dental pleksalgiyada yuz sohasida og‘riq va dizesteziya paydo bo‘lsa-da, obektiv nevrologik simptomlar (gipesteziya, giperesteziya) kuzatilmaydi. Dental pleksalgiya, odatda, oylab davom etadi, ba’zida bir yildan oshadi. Uzoq davom etuvchi og‘riq reaktiv nevrotik buzilishga olib keladi. Bemorni tinchlantirish va bu belgilarning vaqtinchalik ekanligiga ularni ishontirish o‘ta muhim. Agarda vrach buni uddalay olsa, og‘riqlar tez orada o‘tib ketadi. 




Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.  
           © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; ©asab.cc






Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив