PREMOTOR SOHA
Premotor soha – oldingi markaziy pushtaning old qismida joylashgan bo‘lib (6 va 8-maydonlar), ikkilamchi kortikal maydon ya’ni, proektsion-assotsiativ soha hisoblanadi. Bu erda adversiv maydon joylashgan. Bu joy ta’sirlantirilsa, bosh va ko‘z qarama-qarshi tomonga buriladi. Yuqori peshona pushtasining orqa qismi koordinatsiya va muvozanatni boshqarishning kortikal markazi (8-maydon) hisoblanadi. Bu erdan tr. fronto-ponto-cerebellaris boshlanadi va miyachaning qarama-qarshi yarim shariga borib tugaydi. Pastki peshona pushtasining orqa qismida (44-maydon) motor nutq markazi, ya’ni Brok markazi joylashgan. Brok maydoni nutq artikulyatsiyasi uchun javob beradi va orqa markaziy pushtaning til, lab va tanglayni innervatsiya qiladigan proektsion yo‘llar bilan chambarchas bog‘langan. Shuningdek, Brok markazi nutq modulyatsiyasi va musiqal intonatsiya uchun javob beradigan 45-maydon bilan ham mustahkam aloqaga ega. Yozish markazi o‘rta peshona pushtasining orqa qismida (6-maydon), ya’ni qo‘l proektsion sohasiga juda yaqin joylashgan. Yozish markazi Brok markazi bilan ham afferent va efferent aloqaga ega. Shu sababdan Brok afaziyasida ikkilamchi agrafiya kuzatiladi.
Premotor soha zararlanishi sindromlari. Premotor soha zararlanganda falajliklar kuzatilmaydi. Biroq har qanday harakatning kinetik mexanizmi izdan chiqadi. Bunda maqsadga yo‘naltirilgan harakatlarni ketma-ket bajarish mumkin bo‘lmay qoladi. Bunda maqsadga yo‘naltirilgan oddiy harakatlar ham, murakkab harakatlar ham bir maromda bajarilmaydi. Hayot davomida shakllangan va avtomatik darajaga etgan ongli harakatlar dasturi izdan chiqadi. O‘ymakor o‘yishni, duradgor mix qoqishni, tikuvchi ko‘ylak tikishni, musiqachi musiqa asboblarini chalishni eplay olmay qoladi. Bemor go‘yoki no‘noq va uquvsiz odamga aylanadi.
Premotor sindrom uchun yuqori darajada ifodalangan harakat perseveratsiyalari xos. Bir xil tusda hadeb takrorlanaveradigan maqsadsiz harakatlarga harakatlar perseveratsiyasi deb aytiladi. Bemor harakat qilishni boshlaydi, biroq keyingisiga o‘ta olmaydi. Masalan, doira chizing va uning izidan uchburchak chizing deyilsa, u hadeb doira chizaveradi, biroq uchburchakka o‘ta olmaydi.
Premotor sindromning asosiy simptomlaridan biri – bu dinamik (kinetik) apraksiya. Maqsadga yo‘naltirilgan harakatlarning ketma-ket ravishda bir maromda bajarilishi buzilishiga dinamik apraksiya deb aytiladi. Ma’lumki, premotor soha maqsadga yo‘naltirilgan harakatlarning efferent (kinetik) mexanizmini ta’minlab beradi. Uning izdan chiqishi dinamik praksis buzilishiga olib keladi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
©Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiyasi. Darslik., T.; 2021., 312b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha