Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi POSTTRAVMATIK EPILEPSIYa

POSTTRAVMATIK EPILEPSIYa


Bosh miya jarohatlari aksariyat hollarda epileptik xurujlarning rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Bosh miya jarohatlari har qanday yoshda epilepsiyani keltirib chiqarishi mumkin. Posttravmatik epilepsiya simptomatik epilepsiyalar guruhiga kiradi.
Epileptik xurujlar bosh miya jarohatidan so‘ng bir hafta, bir oy yoki bir necha yildan so‘ng ro‘y bera boshlaydi. Bosh miya jarohati qancha og‘ir bo‘lsa, epileptik xurujlar rivojlanishi xavfi shuncha yuqori. Miya pardalari jarohatlanishi, subdural gematoma, miya to‘qimasi ezilishi, araxnoidal kista va chandiqlar po‘stloqda epileptogen o‘choqlar shakllanishiga sababchi bo‘ladi. Deyarli 50-70% holatlarda epileptik xurujlar bosh miya jarohatidan so‘ng 1-2 yil davomida rivojlanadi.
Bosh miya jarohati bevosita epileptik xurujga sabab bo‘ldimi yoki avvaldan mavjud bo‘lgan yashirin epileptogen o‘choqni qo‘zg‘ab yubordimi, degan savolga har doim ham aniq javob berish mushkul. Kichik yoshdagi bolalarda epileptik xurujlar bosh miya jarohatidan so‘ng darrov rivojlanishi mumkin. Xurujlar ko‘p takrorlanaversa surunkali posttravmatik epilepsiya rivojlanish xavfi ham osha boradi. Aksariyat hollarda epileptik xurujlarning o‘zi ham bosh miya jarohatlariga sababchi bo‘ladi. Albatta, bunday epilepsiya og‘ir kechadi.
Ma’lumki, kraniotserebral jarohatlarda bosh miya ezilishiga qaraganda bosh miya chayqalishi ko‘p uchraydi. Ammo bosh miya chayqalishi bevosita posttravmatik epilepsiyani yuzaga keltira olmaydi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bosh miya chayqalishlaridan so‘ng rivojlangan epilepsiyalar soni umumiy populyatsiyada uchraydigan epilepsiyalar sonining o‘rtacha ko‘rsatkichidan deyarli farq qilmaydi. Posttravmatik epilepsiya rivojlanishi uchun bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘i shikastlanishi kerak. Bu holat esa bosh miya ezilishida ko‘p uchraydi.
Posttravmatik epilepsiya, ko‘pincha, fokal va ikkilamchi-tarqalgan epileptik xurujlar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Absanslar posttravmatik epilepsiya uchun emas, balki idiopatik epilepsiya uchun xos. Bugungi kunda absans rivojlanishida bosh miya jarohatlarining o‘rni o‘rganilmoqda. Ma’lumki, posttravmatik epilepsiyada fokal epileptik xurujlar ko‘p kuzatiladi va ular EEG da aniqlanadi (10.10-rasm).
Shuningdek, tonik-klonik xurujlar bilan namoyon bo‘luvchi birlamchi va ikkilamchi-tarqalgan xurujlar ham posttravmatik epilepsiyalar uchun xosdir. Posttravmatik epilepsiyada bemorlarni farmakologik usullar bilan davolash har doim ham ko‘zlangan natijani beravermaydi. Bunday paytlarda xirurgik davolash usullariga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi.



Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Z. Ibodullayev. Epilepsiya. Qo`llanma. Toshkent, 2018., 128 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
              © asab.cc


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив