Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi POSTVAKSINATsION ENTsEFALIT

POSTVAKSINATsION ENTsEFALIT


Zarifboy IbodullaevToshkent tibbiyot akademiyasi, Uzbekistan“Asab va ruhiyat” ilmiy-tibbiy markazi
Etiologiyasi. Emlash qoidalariga rioya qilmaslik entsefalit rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Bu entsefalitlar ham ikkilamchi entsefalitlar guruhiga kiradi. Postvaksinal entsefalitlar ko‘pincha suvchechak va quturishga qarshi emlashlardan so‘ng rivojlanadi. Bu entsefalitlar har qanday yoshda, asosan, bolalik va o‘smirlik davrida ko‘p kuzatiladi. Emlash o‘tkazilayotgan bolada interkurrent infektsion kasalliklar bo‘lsa (ayniqsa, o‘tkir yoki nimo‘tkir), unda emlashdan so‘ng og‘ir entsefalit rivojlanish xavfi juda yuqori bo‘ladi. Shuningdek, surunkali kechuvchi LOR infektsiyalar va urologik infektsiyalar ham xavflidir.
Klinikasi. Suvchechakka qarshi emlashda entsefalit belgilari 1–2 hafta ichida rivojlanadi. Kasallik tana haroratining 39–41°S ko‘tarilishi bilan o‘tkir boshlanadi. Kuchli bosh og‘riq paydo bo‘ladi va bemor qusa boshlaydi. U bir necha soat ichida holsizlanib qoladi va hushidan ketadi. Meningeal simptomlar paydo bo‘ladi. Epileptik xurujlar ham kuzatilishi mumkin. O‘choqli nevrologik simptomlar ham tez shakllana boshlaydi: mono- va gemiparezlar, giperkinezlar, koordinator buzilishlar, ambliopiya, g‘ilaylik, diplopiya, poluptoz yoki ptoz, mimik muskullar asimmetriyasi vujudga keladi. Kam hollarda orqa miyaning bo‘yin qismi zararlanib, spastik tetraparez, tetranesteziya, siydik va najas tutilishlari rivojlanadi.
Odatda, emlashdan so‘ng “toza” entsefalitlar kuzatilmaydi. MNS zararlanishi meningoentsefalit, entsefalomielit va kam hollarda ko‘ndalang mielit ko‘rinishida namoyon bo‘ladi.
Likvor bosimi juda oshib ketadi. Unda engil pleotsitoz, oqsil va qand miqdorining biroz oshishi aniqlanadi. Ba’zida bu ko‘rsatkichlar sezilarli o‘zgarmaydi.
Kechishi. Kasallik kechishi bemorning umumiy ahvoli va emlash paytidagi mavjud kasalliklarga ko‘p jihatdan bog‘liq. O‘tkir virusli infektsiyalar fonida qilingan emlashlardan so‘ng rivojlangan entsefalit (meningoentsefalit, entsefalomielit) o‘ta og‘ir kechadi va turli asoratlar qoldiradi. Bemor komaga tushib, vafot etishi ham mumkin. Bemorning hayoti saqlanib qolingan taqdirda ham u nogiron bo‘lib qoladi. Ba’zida esa entsefalit juda yengil kechadi va asoratlarsiz o‘tib ketadi.
Davolash. Glyukokortikosteroidlar qo‘llaniladi. Kasallik darajasi va kechishiga qarab, deksametozon kuniga 12–24 mg dan beriladi. Vena ichiga G immunoglobulini kuniga 0,4 g/kg dan qilinadi. Shuningdek, dezintoksikatsiya, antigistamin dorilar va simptomatik davolash muolajalari o‘tkaziladi.




Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
                   © asab.cc


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив