Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi PARKINSONIZM QANDAY KASALLIK?

PARKINSONIZM QANDAY KASALLIK?


Savol: Parkinsonizm qanday kasallik? Nima uchun u “Parkinson kasalligi” deb ataladi?
     Javob: Avval ushbu kasallikning tarixi haqida qisqacha bilib olsak. 1817 yili angliyalik vrach Jeyms Parkinson (1755–1824) “Titroq falajlik” nomli kichik bir asar yozadi. Ushbu kitobchada u o‘sha davrgacha noma’lum bo‘lgan kasallik haqida so‘z yuritadi. Hamma gap shundaki, bu dardga uning o‘zi yo‘liqqan edi. U o‘zida kechayotgan kasallik belgilarini yon daftarchasiga yozib yuradi. Uning qo‘llari doimo titrar, boshi qaltirar va hali yoshi 60 ga ham etmagan bo‘lsa-da, gavdasi bukchayib borayotgandi. 
      Parkinson tanasidagi barcha muskullari go‘yoki qotib borayotganidan, bemalol qadam tashlab yura olmayotganidan aziyat chekardi. U yaqinlariga: “Bu qarilik emas, balki qandaydir bir kasallik” deydi siqilib. Hozirda har bir nevropatolog biladigan parkinsonizmning deyarli barcha belgilari o‘sha vaqtdayoq Parkinson tomonidan yozib qoldirilgan. Agar Parkinson ushbu kasallik bilan og‘rimaganida edi, balkim biz uning haqida hech narsani bilmagan bo‘lar edik. Chunki u ko‘zga ko‘ringan olim emas, balki oddiy vrach bo‘lgan. “Boshidan o‘tgan tabib” degan naqlni eshitsam, hayolimga Jeyms Parkinson keladi. 
     Savol: Parkinson kasalligi faqat kattalarda uchraydimi? 
     Javob: Jeyms Parkinson o‘zida bu kasallik belgilarini 50 yoshdan oshgandan so‘ng payqab boshlagan. Keyin uning o‘zi yana 6 nafar bemorda xuddi shunday kasallik alomatlarini kuzatadi. Ular ham 50 yoshdan oshgan edi. 
     Kasallikning kattalarda uchrashi Parkinson e’tiborini tortadi va u “Ushbu kasallik 50 yoshdan oshganlarda uchraydi” deb yozadi. Shu bilan birga o‘zida va o‘zi kuzatuvga olgan bemorlarda bir xil alomatlarga, ya’ni qo‘llarning titrashi, mushaklar qotishi, harakatlarning sustlashib borishi va qadam tashlashning sekinlashuviga e’tibor qaratadi. Muskullar kuchi saqlanib qolgan bo‘lsa ham, titroqlar va muskullarning qotib qolishi sababli Parkinson bu kasallikka “Titroq falajlik” deb nom beradi. 
     Parkinson o‘limidan 50 yil o‘tgach, ya’ni 1874 yili mashhur frantsuz nevrologi Jan Marten Sharko bu kasallikni chuqur o‘rganib, uning nomini o‘zgartiradi. Jarko shunday deb yozadi: “Biz ushbu kasallikni o‘zi shu darddan aziyat chekkan va uni batafsil yozib qoldirgan vrach nomi bilan ataymiz”. Barcha olimlar Sharkoning bu taklifini qo‘llab-quvvatlashadi. O‘sha davrdan boshlab ushbu kasallik Parkinson kasalligi deb nomlanadi. Jahon nevrologiyasi fani asoschisi J.M.Sharko ushbu kasallikdan o‘lgan bemorlarning bosh miyasini ochib o‘rganadi, biroq miya to‘qimalarida hech qanday patologik o‘zgarishlar topmaydi.
     Savol: Parkinson kasalligining sabablari nima? Agar bosh miyada hech qanday o‘zgarishlar topilmagan bo‘lsa, nima uchun bu kasallik rivojlanadi?
    Javob: Parkinson kasalligidan o‘lgan bemorlarning bosh miyasini Sharko davridan (1880 yillardan) buyon olimlar o‘rganib kelishgan. Biroq bosh miyada hech qanaqa o‘zgarishlar topishmagan. Bu mo‘’jizadan olimlar hayratda qolishadi: “Nevrologik belgilar bor-u, biroq bosh miya o‘zgarmagan?!”. Bu qanaqasi bo‘ldi? Balki kasallik nasliy xususiyatga egadir? Bu savol deyarli 80 yil mobaynida, ya’ni XX asrning 60-yillarigacha javobsiz qoladi.
    Biroq shu erda bir narsani aytib o‘tish kerak. 1918 yili Evropada epidemik entsefalit (bosh miyaning kuchli yallig‘lanishi) bilan kasallanganlar soni juda ko‘payib ketadi. Vengriyalik olim Ekonomo ushbu kasallikning, ya’ni entsefalitning surunkali bosqichida Parkinson kasalligiga xos simptomlarni kuzatadi. Entsefalitdan o‘lgan bemorlarning bosh miyasi tekshirilganda bosh miyaning chuqur qismida patologik o‘zgarishlar topiladi. 
      O‘sha davrdan boshlab Parkinson kasalligiga o‘xshab kechuvchi kasalliklarni parkinsonizm deb atay boshlashadi. O‘sha paytlari patomorfologik tekshiruvlar rivojlana boshlagan edi. Parkinsonizmdan o‘lgan bemorlarning bosh miyasi tekshirilganda bosh miyaning quyi qismida joylashgan qora modda hujayralari atrofiyasi aniqlanadi. 
     Savol: Parkinsonizm nasldan naslga o‘tadimi?
     Javob: Parkinson kasalligining rivojlanishida nasliy omillarga katta urg‘u beriladi. Chunki kasallik nasldan-naslga dominant tipda uzatiladi. Bu kasallik to‘la ravishda farzandlarga o‘tadi degani emas. 
    Vaholanki, Parkinson kasalligining o‘zi emas, balki unga moyillik keyingi avlodlarga uzatiladi. Demak, ushbu kasallikka moyilligi bor odamlarda turli tashqi salbiy ta’sirlargina Parkinson kasalligini yuzaga keltirishi mumkin. 
     Savol: Bokschilarda ham parkinsonizm rivojlanadi deyishadi. Shu to‘g‘rimi? Boksning parkinsonizmga nima aloqasi bor?
    Javob: Albatta, boksning parkinsonizmga bevosita aloqasi yo‘q. Biz hammamiz mashhur bokschi Muxammad Alini yaxshi bilamiz. Unda bosh miyaga tekkan zarbalar keyinchalik parkinsonizm rivojlanishiga sababchi bo‘lgan. Umuman olganda, ko‘pchilik parkinsonizm kasalligini mashhur Muhammad Ali orqali biladi. Chunki uning parkinsonizm bilan kasallanganligi juda ko‘p sport ixlosmandlariga ma’lum. 
     Boshga tekkan doimiy zarbalar miyaning chuqur tuzilmalari ezilishi va ularga nuqtali qon quyilishlarga sababchi bo‘ladi. Buning oqibatida inson harakati uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan dofamin moddasini ishlab chiquvchi hujayralar soni kamaya boradi. Bu esa parkinsonizm rivojlanishiga sababchi bo‘ladi. 
    Men boks bilan shug‘ullanayotganlarni cho‘chitib qo‘ymoqchi emasman. Yuqorida aytib o‘tganimdek, parkinsonizmga moyilligi bor odamlarda tashqi ta’sirlar ushbu kasallikning rivojlanishiga olib keladi. Fikrimcha, Muhammad Alida parkinsonizmga nasliy moyillik bo‘lgan. Chunki mashhur bokschilar juda ko‘p. Ular ham miyasiga ko‘p zarbalar olgan. Biroq yoshi o‘tgandan so‘ng ularda parkinsonizm rivojlanmagan. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Demak, bosh miya jarohati, albatta, parkinsonizm rivojlanishiga olib keladi degan fikr noto‘g‘ri. 
    Savol: Asab sistemasi zaharlanishlari va infeksiyalari yoki har xil dorilarni ko‘p iste’mol qilish ham parkinsonizmga olib keladi deb eshitganman. Shu to‘g‘rimi?
    Javob: Haqiqatan ham turli kimyoviy moddalar va vositalar bilan surunkali zaharlanish parkinsonizm rivojlanishiga sababchi bo‘lishi mumkin. Masalan, oltingugurt, marganes, qo‘rg‘oshin, metil va etil spirtlari, fosfororganik birikmalar, is gazi, ya’ni miyada dofamin moddasi almashinuviga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi moddalar parkinsonizm rivojlanishiga sababchi bo‘ladi. Asab sistemasi infektsiyalari haqida aytadigan bo‘lsam, miyaning ichki qismida joylashgan qora moddani zararlaydigan viruslar parkinsonizm rivojlanishiga sababchi bo‘ladi. Masalan, entsefalit kasalligini bunga misol qilish mumkin.
   Dorilarning nojo‘ya ta’siri haqida gapiradigan bo‘lsak, faqat ba’zi dorilargina parkinsonizm rivojlanishiga sababchi bo‘la oladi. Parkinsonizm rivojlani­shiga eng ko‘p sababchi bo‘ladigan dorilar – bular aminazin, galoperidol va shu guruhga kiruvchi dorilar. Bu dorilar, asosan, ruhiy buzilishlarni davolashda ishlatiladi. Ular katta miqdorda yoki uzoq vaqt tavsiya qilinsa, bemorda parkinsonizm belgilari rivojlanadi. Lekin bemor bu dorilarni ichishdan to‘xtatsa, parkinsonizm belgilari darrov orqaga qaytadi. Shuning uchun ham dorilar ta’siridan rivojlangan parkinsonizm haqiqiy Parkinson kasalligiga qaraganda tez tuzaladi. Parkinsonizmni yuzaga keltiradigan dorilarning nojo‘ya ta’sirini pasaytirish uchun tsiklodol beriladi. 
    Shu erda alohida ta’kidlab o‘tmoqchi edim. Giyohvand moddalarni iste’mol qiladiganlarda parkinsonizm ko‘p uchraydi. Chunki giyohvand moddalar aynan qora moddada ishlab chiqariladigan dofamin moddasini parchalaydi.
    Savol: Miya tomirlari aterosklerozi, gipertoniya kasalligi va insult o‘tkazganlarda ham parkinsonizm rivojlanadimi?
   Javob: Afsuski, bu savolga “Ha” deb javob berish kerak. Nevrologiyada “Tomir parkinsonizmi” degan atama bor. Bosh miyada qon aylanishining surunkali buzilishlari parkinsonizm rivojlanishiga sababchi bo‘lishi mumkin. Masalan, distsirkulyator entsefalopatiyaning 3-bosqichida deyarli 25 % bemorda parkinsonizm rivojlanadi. Agar bemor doimo yuqori qon bosimdan aziyat chekib yursa, unda tez-tez gipertonik krizlar uchrab tursa, qon bosimi yuqori bo‘lib spirtli ichimliklar iste’mol qilsa, ularda tomir parkinsonizmi rivojlanishi xavfi yuqori. Shuningdek, tez-tez kichik insultlar kuzatiladiganlarda ham tomir parkinsonizmi rivojlanish xavfi bor.
    Savol: Endi bu kasallik belgilari haqida so‘zlab bersangiz.
    Javob: Bu kasallikning har bir belgisi o‘ziga xos xususiyatga ega. Ziyrak ko‘zli nevropatolog parkinsonizmning har bir belgisiga qarab, adashmasdan tashxis qo‘ya oladi. 
    Masalan, 60 yoshli bemorning ko‘zlari bir nuqtaga tikilgan, qaddi bir oz bukilgan, qadam tashlashlari sekinlashgan, muskullari qotishgan va qo‘l panjalarida titroqlar aniqlansa, demak, bemorda parkinsonizm rivojlanayapti. Biroq yoshlarda kuzatiladigan jahl chiqqandagi titrash parkinsonizm belgisi emas. Parkinsonizm uchun bir oz bukilgan qo‘l panjalarining aynan tinch holatdagi doimiy titrashi xos. Bemorda harakatlar hajmi kamaygan bo‘lsa-da, mushaklar kuchi saqlanib qoladi. Tanadagi mushaklar tonusi oshganligi sababli bemor shaxdam qadamlar tashlab, ravon yura olmaydi. U kichik qadamlar tashlab yuradi.      Bunday yurish “qo‘g‘irchoq yurish”» deb ataladi. Bemorning yuz ko‘rinishi niqobsimon bo‘ladi, yuz-ko‘zida hissiy alomatlar ko‘rinmaydi. U go‘yoki qotib qolgan odamni eslatadi.
    Savol: Parkinsonizmda bemorning nutqi, yuz ifodasi va husnixati ham o‘zgargan bo‘ladi deyishadi. Ular qanday namoyon bo‘ladi?
    Javob: Haqiqatan ham shunday. Hali aytib o‘tganimdek, ziyrak nevropatolog bemorning yuz-ko‘zi, nutqi va qadam tashlashlariga qarab parkinsonizm tashxisini qo‘ya oladi. Bemorning ko‘zlari bir nuqtaga tikilgan bo‘lib, nigohi xuddi bir muammo ustida xayol surayotgan olimni eslatadi. Yuzlarida mimik harakatlar juda sust ifodalangan bo‘ladi. Bunday bemorning yuzi o‘ta jiddiy va kam kuladigan odamni eslatadi. Bemorning yuzida ijobiy hissiy reaktsiyalarni ko‘rmaysiz. Ularning nutqi ham bir xil va ovozi past. Bemor tovushini sekin chiqarib, bir xil tarzda gapiradi va uzoq so‘zlamaydi. Bunday bemorlar tashqi ko‘rinishdan yoshi ulug‘, o‘ta jiddiy va dono odamni eslatadi. 
   Parkinsonizmda bemorning yozgan xatini o‘qib ham unga tashxis qo‘yish mumkin. Buning uchun bemorni ko‘rish shart emas. Bemor xat yozayotganida katta harflar bilan boshlaydi, keyin harflar hajmi kichrayib boradi va bora-bora to‘g‘ri chiziqqa aylanadi. 
    Bir nevropatolog armiyada xizmat qilib yurgan o‘g‘lining uyga yozgan xatlariga qarab, unda parkinsonizm alomatlarini ko‘radi va xavotir olib, u xizmat qilayotgan harbiy bo‘limga boradi. O‘g‘lini ko‘rgach, uning boshi va tanasida kaltak zarbidan qolgan izlarni topadi. “Dedlar” uning boshiga ko‘p urishgan edi. Shu sababli unda bir yildan so‘ng parkinsonizm alomatlari paydo bo‘lgan. Sudda askarning otasi o‘z bolasining xatlarini ashyoviy dalil sifatida ko‘rsatgan. Armiya bo‘linmasi tomonidan chaqirilgan nevropatolog ham askar otasining davolarini qo‘llab-quvvatlagan. Tashxis: “Bosh miya jarohat­lari sababli rivojlangan parkinsonizm” edi. Aybdor­lar sud qilinib, jazolangan. Voqea sobiq sho‘rolar davlatida ro‘y bergan edi. 
   Savol: Parkinsonizmda bemorning xarakteri va ruhiyati o‘zgaradimi? 
    Javob: Har qanday asab kasalligida xulq-atvor o‘zgargani kabi parkinsonizmda ham bemorning xarakteri o‘zgaradi. Bemor ko‘p narsalarni unutadigan bo‘lib qoladi yoki juda qiyinchilik bilan eslaydi, fikrlar karaxtligi kuzatiladi. Ba’zi bemorlar juda ezma bo‘lib qolishadi, arzimagan narsaga arazlayveradi. Ba’zida ularning ezmaligi oila a’zolarini juda qiynab yuboradi. Masalan, bemor shart bo‘lmagan narsaga shu darajada e’tibor qaratadiki, bundan uning o‘zi ham qiynalib ketadi. Agar u biror-bir narsani topib berishni talab qilsa, aytganidan qolmaydi, faqat o‘sha narsa topilgandan keyin tinchiydi. Bir gapni hadeb qaytaraveradi. Masalan, bemor keliniga idishlarni yuvib qo‘ying desa-yu, bu ish kelinning esidan chiqib ketsa, buni u kuni bilan gapirib yurishi, xafa bo‘lishi va yig‘lab olishi ham mumkin. 
    Parkinsonizm bilan kasallangan bemor depressiyaga moyil bo‘ladi, uning kayfiyati tez-tez buzilib turadi, ko‘p yig‘laydi, uyidagilarni ko‘p ayblayveradi. Ularda uyqu ham buzilgan bo‘ladi: kunduzi uxlab, kechasi uxlamay chiqishadi.
    Savol: Bemorni davolash usullari haqida ham ma’lumot bersangiz.
    Javob: Parkinsonizm tashxisini to‘g‘ri aniqlash, uning sabablari va mavjud boshqa kasalliklarni topib, davolashni to‘g‘ri boshlash kerak. Davolashni faqat nevropatolog olib boradi. Parkinsonizmning asl sababini aniqlamasdan turib davolashga kirishilmaydi. 
    Ba’zan aslida parkinsonizm kasalligi yo‘q bemorlarga ushbu tashxis qo‘yish holatlari ham uchrab turadi. Kasallik sababini aniqlashda va tashxis qo‘yishda juda ehtiyot bo‘lish kerak. Bu kasallikni xirurgik usullar bilan ham davolash mumkin. Parkinsonizm belgilarining orqaga chekina borishi yoki zo‘rayib borishdan to‘xtashi davolovchi vrachning mahoratiga hamda bemorning irodasiga bog‘liq. Qarindosh-urug‘larning yaxshi parvarishi esa kamida 30 foiz davo degani. Bemor har doim e’tiborda bo‘lishi lozim.

Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
             © asab.cc



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив