POLINEVROPATIYaLAR
Bir qancha nervlar zararlanishiga polinevropatiya deb aytiladi.
Etiologiyasi. Polinevropatiya sabablari juda ko‘p bo‘lib, ularning asosiylari 5.3-jadvalda keltirilgan.
5.3-jadval
Polinevropatiyaning asosiy sabablari va turlari (M. Mumenthaler, H.Mattle, 2009)
Metabolik polinevropatiyalar |
Diabetik • uremik • jigar tsirrozida • gipotireozda • podagrada • boshqa metabolik buzilishlarda |
II. Infektsion kasalliklarda polinevropatiyalar |
difteriyada • botulizmda • parotitda • OITSda • borelliozda • Gien-Barre sindromi • infektsion mononukleazda • moxov kasalligida |
III. Ekzogen intoksikatsiyalarda polinevropatiyalar |
spirtli ichimliklar sababli • qo‘rg‘oshin bilan zaharlanganda • margimush bilan zaharlanganda • talliy bilan zaharlanganda • fosfororganik birikmalar bilan zaharlanganda • turli dorilar bilan zaharlanganda • zaharli gazlar ta’sirida |
IV. Nasliy polinevropatiyalar nasliy motor-sensor nevropatiyalar • nasliy sensor-vegetativ nevropatiyalar • nasliy ataksiya-arefleksiya (Russi-Levi sindromi) • oilaviy amiloid nevropatiya • Fabri kasalligi • porfiriyada polinevropatiya • boshqa nasliy polinevropatiyalar |
V. Arteriopatiyalarda polinevropatiyalar |
tugunli poliarteriitda • arteriosklerozda • biriktiruvchi to‘qima kasalliklarida |
VI. Polinevropatiyalarning boshqa turlari |
alimentar • emlashdan so‘ng rivojlangan • xavfli o‘smalarda • V12 vitamini etishmovchiligida • sarkoidozda |
Polinevropatiyaning umumiy klinik simptomlari
Polinevropatiya uchun nevrologik simptomlarning simmetrik tarzda namoyon bo‘lishi va oyoq-qo‘llarning distal qismidan boshlanishi xos. Etiologiyasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, barcha polinevropatiyalar quyidagi simptomlar bilan boshlanadi.
• Sezgi buzilishlari
• Harakat buzilishlari
• Vegetativ-trofik buzilishlar
Sezgi buzilishlari. Aksariyat polinevropatiyalar (ayniqsa, metabolik va toksik) sezgi buzilishlari bilan boshlanadi. Dastlab paresteziyalar bilan namoyon bo‘la boshlaydi. Paresteziya oyoq-qo‘llarning distal qismidan boshlanadi. Qo‘l va oyoq panjalarida, barmoq uchlarida uvishish, chumoli yurgandek bo‘lish, achishish kabi yoqimsiz sezgilar paydo bo‘ladi. Paresteziyalar, ayniqsa, oyoq panjasida yaqqol ko‘rinadi, chunki aksariyat polinevropatiyalar ilk bor oyoqlardan boshlanadi. Polinevropatiyalar uchun og‘riqlar xos emas. O‘tkir boshlangan polinevropatiyalarda, masalan, Gien-Barre sindromida dastlabki kunlari og‘riqlar kuzatilishi mumkin.
Obektiv tekshiruvlarda sezgi buzilishlari “paypoq va qo‘lqop” tipida paydo bo‘ladi. Dastlab yuzaki sezgi buziladi va u simmetrik giperesteziya yoki gipesteziyalar bilan namoyon bo‘ladi. Ba’zida avval giperesteziya paydo bo‘lib, so‘ngra gipesteziyaga o‘tadi. Gohida esa birato‘la gipesteziya rivojlanadi. Gipesteziyalar simmetrik tarzda namoyon bo‘lsa-da, ular bir tomonda kuchliroq, ikkinchi tomonda sustroq ifodalangan bo‘lishi mumkin. Chuqur sezgi keyinroq buziladi: dastlab vibrasiya va barmoqlarda mushak-bo‘g‘im sezgisi buziladi. Aytish joizki, chuqur sezgi har doim ham buzilavermaydi yoki kasallik chuqur sezgi buzilishi darajasigacha etmaydi.
Harakat buzilishlari. Polinevropatiyada harakat buzilishlari sezgi buzilishlariga qaraganda kam uchraydi, kech rivojlanadi va engil ifodalangan bo‘ladi. Albatta, motor polinevropatiyalar bundan istisno. Harakat buzilishlari xuddi sezgi buzilishlari kabi oyoqlarning distal qismidan simmetrik tarzda boshlanadi va ko‘proq peroneal muskullarda kuzatiladi. Shu bois, polinevropatiyada oyoq panjasi osilib qolishi ko‘p kuzatiladi – oyoq panjasi yuqoriga tiklanmaydi, barmoqlar yozilmaydi. Keyinchalik muskullarda atrofiya rivojlanadi va u oyoq panjasining suyaklararo muskullarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Reflekslardan axill refleks erta, tizza refleksi juda kech so‘nadi. Harakat buzilishlari qo‘l panjalariga kech o‘tadi.
Vegetativ-trofik buzilishlar. Polinevropatiyada vegetativ-trofik buzilishlar kasallik etiologiyasiga bog‘liq bo‘lgan holda yuzaga keladi. Masalan, diabetik va infektsion-toksik polinevropatiyalarda vegetativ-trofik buzilishlar tez rivojlanadi va kuchli ifodalangan bo‘ladi. Nasliy polinevropatiyalarda vegetativ buzilishlar kam uchraydi (vegetativ-sensor nevropatiyalar bundan istisno).
Vegetativ buzilishlar ham dastlab oyoq-qo‘llarning distal qismida vujudga keladi va gipergidroz, akrosianoz, sovqotish, teri elastikligi yo‘qolishi, giperpigmentasiya, tirnoqlar mo‘rtlashuvi hamda sinishi bilan namoyon bo‘ladi. Keyinchalik terida trofik yaralar rivojlanadi. Ular ayniqsa, oyoqlarda ko‘p paydo bo‘ladi. Yaralar yorilib, ularning o‘rnida nekrotik o‘choqlar shakllanadi, yaraga tushgan infeksiyalar tromboflebit rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Gangrena rivojlanishida ham vegetativ-trofik buzilishlarning o‘rni katta.
Kechishi bo‘yicha o‘tkir, nimo‘tkir va surunkali polinevropatiyalar farqlanadi. O‘tkir polinevropatiyalarda klinik simptomlar bir necha kun ichida rivojlanadi. Nimo‘tkir polinevropatiyalarda klinik simptomlar bir necha haftadan 2 oygacha, surunkali polinevropatiyalarda esa bir necha oy ichida shakllanadi. Qaytalanib turuvchi polinevropatiyalar ham surunkali polinevropatiyalar sirasiga kiradi. Agar periferik nervlar bilan birgalikda spinal ildizchalar ham zararlansa, “poliradikulonevropatiya” atamasi qo‘llaniladi. Poliradikulonevropatiyalarda proksimal guruh muskullari ko‘proq falajlanadi. Bunga Gien-Barre sindromini misol qilib keltirish mumkin.
Periferik nervning qaysi qismi (mielin yoki akson) ko‘proq zararlanishiga qarab, polinevropatiyaning 2 turi farqlanadi:
• Demielinizatsiya – mielin emirilishi bilan kechuvchi
• Aksonopatiya – akson zararlanishi bilan kechuvchi
Tashxis qo‘yish va davolash rejasini ishlab chiqishda aksonopatiya va demielinizatsiya bilan kechuvchi polinevropatiyalarni bir-biridan farqlash o‘ta muhim. Shuning uchun ularning qiyosiy belgilarini keltirib o‘tamiz (5.4-jadval).
5.4-jadval
Aksonopatiyalar va dimielinizatsiya bilan kechuvchi
polinevropatiyalarning qiyosiy belgilari (V.N. Shtok, O.S. Levin, 2010).
Belgilar | Aksonopatiya | Demielinzatsiya |
Boshlanishi | Asta-sekin, ba’zida nimo‘tkir yoki o‘tkir | O‘tkir, nimo‘tkir yoki asta-sekin |
Simptomlar kuzatilishi | Oyoq-qo‘llarning asosan distal qismi | Ham distal, ham proksimal qismlari |
Pay reflekslari | Saqlanib qolishi mumkin | Erta pasayadi va so‘nadi |
Muskullar atrofiyasi | Erta boshlanadi | Kech boshlanadi |
Og‘riq va harorat sezgilari | Odatda, kuchli buziladi | Odatda, engilroq buziladi |
Chuqur sezgi buzilishi | Kam kuzatiladi | Odatda, kuchli buziladi |
Vegetativ buzilishlar | Kuchli bo‘ladi | Engil bo‘ladi |
Tiklanish tezligi | Bir necha oy yoki yil ichida | 6-10 hafta ichida |
Likvor | Oqsil miqdori me’yorda | Oqsil-hujayra dissotsiatsiyasi |
ENMG | M- javob pasaygan, demielinizatsiya belgilari yo‘q. Muskullarda denervatsiya belgilari erta aniqlanadi. | Demielinizatsiya belgilari: impuls o‘tkazish tezligi pasaygan, distal latentsiya oshgan, F-to‘lqin o‘zgargan. Denervatsiya belgilari nisbatan kech aniqlanadi |
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha