Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi ELEKTROENTsEFALOGRAFIYa

ELEKTROENTsEFALOGRAFIYa


Elektroentsefalografiya (EEG) – bosh miya neyronlari elektrik potentsiallarini yozib olish orqali markaziy nerv sistemasining funktsional faolligini o‘rganish usuli. Bosh miyaning funktsional faolligi turli yoshda va kasalliklarda turlicha namoyon bo‘ladi. Bu holatlarni o‘rganish uchun esa EEG juda maqbuldir.

EEG o‘tkazishga oid asosiy ko‘rsatmalar

  • Epilepsiya va boshqa paroksizmal holatlar.
  • Nevroz va psixasteniyalar.
  • Hulq-atvor buzilishlari.
  • Kognitiv buzilishlar (oligofreniya, dementsiya).
  • Kraniotserebral jarohatlar va ularning asoratlari.
  • Bosh miyaning qon tomir kasalliklari.
  • Bosh miyaning yallig‘lanish kasalliklari.
  • Koma.

Eslatma. EEG o‘tkazishga monelik qiluvchi holatlar yo‘q. Vrach ko‘rsatmasiga binoan bu tekshiruvni chaqaloqlik davrida ham, keksalik davrida ham, o‘lim to‘shagida yotgan bemorga ham o‘tkaziladi. EEG tekshiruvi inson uchun mutloqo bezarar. 

EEG olish va yozish texnikasi

EEG o‘tkazish uchun maxsus elektrodlardan foydalaniladi. Boshda elektrodlar halqaro «10–20» sistemasiga binoan joylashtiriladi (rasmga qarang). EEG 8, 16, 19, 24 va 32 kanalli elektroentsefalograflarda yoziladi. Biroq, tibbiy amaliyotda 16 kanalli elektroentsefalograflardan keng foydalaniladi. EEG tekshiruvi o‘tkazilayotgan xona tinch va tashqi shovqinlardan izolyatsiya qilingan bo‘lishi kerak. EEG sinaluvchini gorizontal holatda yotqizib yoki kursida o‘tqazib olinadi. EEG olayotganda quyidagi funktsional sinamalardan foydalaniladi: ko‘zlarni yumish va ochish, giperventilyatsiya (GPV), fotostimulyatsiya (FTS), fonostimulyatsiya (FNS).

 

   

67 b-rasm. Boshda elektrodlarni joylashtirish tartibi

67 a-rasm. Elektroentsefalografiya tekshiruvi o‘tkazilayotgan payt

 

 

Boshga elektrodlar qo‘yib bo‘lingach, sinaluvchidan ko‘zlarini yumish so‘raladi va tinch holatdagi EEG yozuvi olinadi. Bu paytda alfa-faollik dominantligini ko‘rish mumkin. Keyin sinaluvchidan ko‘zlarini ochish so‘raladi. Ko‘zlar ochiq holatda olingan EEG da alfa-faollik keskin sustlashadi yoki yo‘qoladi. Keyin yana sinaluvchidan ko‘zlarni yumish so‘raladi. Bu paytda alfa-faollik yana paydo bo‘ladi. Ko‘zlarni ochib-yumganda paydo bo‘ladigan okulogrammalar artefakt hisoblanadi va ularni patologik to‘lqinlar deb qabul qilmaslik kerak.  

68-rasm. Epilepsiyada paroksizmlarning namoyon bo‘lishi.

 

So‘ngra GPV, FTS va FNS sinamalari ketma-ket amalga oshiriladi. GPV sinamasini o‘tkazish uchun 2-3 daqiqa mobaynida chuqur-chuqur nafas olib chiqarish so‘raladi. EEG ni yozib borish GPV vaqtida ham, undan keyin ham 3 daqiqa mobaynida davom ettiriladi. GPV paytida miya qon tomirlarida SO2 miqdori ko‘payib neyronlar qo‘zg‘alishi kuchayadi. Buning natijasida alfa-to‘lqinlar deformatsiyasi va ekzaltatsiyasi ro‘y berib, patologik to‘lqinlar vujudga kelishi mumkin. GPV paytida epilepsiya bilan kasallanganlarda spayk va o‘tkir to‘lqinlar ham paydo bo‘ladi.   

GPV sinamasidan so‘ng FTS sinamasi o‘tkaziladi.  Maxsus moslamalar orqali ikkala ko‘z oldida yuqori chastotali qisqa muddatli yorug‘lik chaqnashlari hosil qilinadi. Bu paytda ko‘zlar yumuq holatda bo‘lishi kerak. FTS paytida yorug‘liq chaqnashlariga javoban biopotentsiallar ham o‘zgaradi. Ushbu to‘lqinlarning FTS ga mos ravishda ritmik tarzda ikkala yarim sharda ham vujudga kelishi ritmni o‘zlashtirish reaktsiyasi (RO‘R) deb aytiladi. RO‘R normada kuzatiladigan holat bo‘lib, uning amplitudasi ensa sohasida kattaroq bo‘ladi, markaziy va peshona sohalariga kelib esa pasaya boshlaydi. FTS paytida deyarli har doim alfa-ritm so‘nadi. Bu holat alfa-ritm desinxronizatsiyasi deb ataladi. FTS yashirin epileptik to‘lqinlarni qo‘zg‘ash maqsadida qo‘llaniladi.

FNS amaliy tibbiyotda kam qo‘llaniladi. Chunki bu sinama GPV va FTS kabi epileptik to‘lqinlarni qo‘zg‘ay olmaydi. Turli farmakologik dorilar bilan ham sinamalar o‘tkaziladi. Masalan, vegetativ paroksizmlarni epileptik paroksizmlardan (masalan, mezotemporal epilepsiyada) farqlash maqsadida 2 ml kofein teri ostiga qilib, so‘ngra EEG qilinadi. Epilepsiya bilan kasallanganlarda kofein sinamasidan so‘ng spayk va o‘tkir to‘lqinlar paydo bo‘ladi. 

Artefaktlar. Miya potentsiali bilan bog‘liq bo‘lmagan to‘lqinlarga artefakt deb aytiladi. Artefaktlar kelib chiqishi bo‘yicha 2 turga ajratiladi: 1) Fizik (elektromagnit); 2) Fiziologik.

Fizik (elektromagnit) artefaktlar atrofdagi elektr yoki magnit kuchlanishlari ta’siri, EEG simlarining izdan chiqishi, elektrodlarning tanaga jips joylashtirilmaganligi sababli yuzaga keladi. Shuning uchun EEG olinadigan xonada turli elektr kuchlanishlariga ega priborlar bo‘lmasligi kerak.

Fiziologik artefaktlar – inson tanasi harakatlari sababli yuzaga keladigan artefaktlar. Ko‘zlarni yumib-ochish (okulogramma), yutinish, chaynov harakatlari yoki oyoq-qo‘llarni harakatlantirish, kalla yuzasida joylashgan qon tomirlar pulsatsiyasi fiziologik artefaktlar sababchisidir.

Artefaktlar yuzaga kelmasligi uchun sinaluvchining boshi yog‘li bo‘lmasligi, elektrodlar soch ustiga qo‘yilmasligi, har bir EEG olingandan so‘ng elektrodlar fiziologik eritmada yuvilishi kerak. Shu holatlar kuzatilsa, elektrod qo‘yiladigan sohalar spirt bilan tozalanishi kerak.

Elektroentsefalografik to‘lqinlar

A. Normal to‘lqinlar

Alfa (α)-ritm. Chastotasi 8-13 Gts, amplitudasi 40-100 mkV bo‘lgan sinusoidal shaklga ega to‘lqinlar. Katta yoshdagilarda α-ritm, asosan, ensa sohasida yoziladi. Alfa-ritm deyarli 80 % sog‘lom odamda aniqlanadi. Ko‘zlarni yumganda bu to‘lqinlar paydo bo‘ladi, ochganda esa yo‘qoladi. Shuning uchun ham α-faollikning vujudga kelishini ko‘ruv analizatori bilan bog‘lashadi. Alfa-ritm amplitudasi aqliy va ruhiy zo‘riqishlar (fikran matematik misollar echish, qo‘rquv, xavotir va h.k) paytida ham pasayadi yoki yo‘qoladi. Demak, aksariyat sog‘lom odamlarda α-ritm dominant ritm hisoblanadi.

  • Beta (β)-ritm. Chastotasi 14-40 Gts, amplitudasi 15 mkV gacha bo‘lgan arra tishiga o‘xshash to‘lqinlar. β-ritm, asosan, boshning markaziy va peshona sohalarida aniqlanadi. Aksariyat hollarda, beta-ritm amplitudasi 5 mkV dan oshmaydi. Yuqori chastotali (40-70 Gts) va past amplitudali (5-7 mkV) arrasimon beta to‘lqinlar γ-ritm deb ham ataladi. Sog‘lom odamlarda beta-ritm sust ifodalangan bo‘ladi. Nevrozlarda beta-ritm aksariyat hollarda dominant ritm sifatida namoyon bo‘ladi. 

      B. Patologik to‘lqinlar

Teta-ritm. Chastotasi 4-6 Gts, amplitudasi 40 mkV dan katta bo‘lgan (ba’zida 300 mkV va undan yuqori) patologik to‘lqinlar. Bolalik davrida yozilgan EEG da teta-faollik ko‘p aniqlanadi. Bolaning miyasi rivojlangan sayin teta-faollik kamaya boradi va uning o‘rnini alfa-faollik egallaydi. Teta-faollik oligofreniya va bosh miyaning turli organik kasalliklarida ko‘p bo‘ladi. Sog‘lom odamlarda teta-faollik juda kam aniqlanadi. Uyqu paytida teta-faollik kuchayadi.

  • Delta-ritm. Chastotasi 0,5-3 Gts bo‘lgan yuqori amplitudali patologik to‘lqinlar. Sog‘lom odamlarda delta to‘lqinlar paydo bo‘lishi bosh miyaning funktsional faolligi pasayganidan dalolat beradi. Biroq, delta to‘lqinlar kattaroq sohani egallasa yoki fokus tipida paydo bo‘lsa, bu holat bosh miyaning og‘ir organik kasalligi sababli yuzaga kelayotgan bo‘lishini esda tutish lozim. EEG ning 15 % dan oshiq qismini teta va delta to‘lqinlar egallasa, bu holat patologik EEG hisoblanadi. Bosh miyaning og‘ir organik kasalliklarida patologik to‘lqinlar ko‘p aniqlanadi.

Patologik to‘lqinlar ichida epileptiform to‘lqinlar alohida o‘rin kasb etadi. EEG – epilepsiyani aniqlashda o‘ta muhim tekshiruv usulidir. EEG tekshiruvisiz “epilepsiya” tashxisini tasavvur qilish qiyin.

Epileptiform faollik.  Epileptiform faollik atamasi epilepsiya va epileptik sindromlar uchun xos bo‘lgan o‘tkir tipdagi to‘lqinlarga nisbatan ishlatiladi. Epileptiform to‘lqinlarga quyidagilar kiradi:

  1. Spayk (ingl. spike – o‘tkir tig‘dek) – davomiyligi 10-70 ms, amplitudasi 50 mkV dan yuqori bo‘lgan tig‘ shakliga ega o‘tkir to‘lqin.  Qisqa muddat davom etuvchi spayklarning amplitudasi asosiy bioelektrik faollik amplitudasidan katta bo‘ladi va 100-500 mkV dan oshib ketadi. Bir necha spayklar bir-biriga yopishib ketma-ket namoyon bo‘lishi ham mumkin.
  2. O‘tkir to‘lqin – davomiyligi 70-200 ms bo‘lgan o‘tkir uchli to‘lqin. Spayk va o‘tkir to‘lqinlar – amplitudasi bo‘yicha asosiy bioelektrik faollikdan farq qiluvchi to‘satdan paydo bo‘lib tez o‘tib ketuvchi to‘lqinlardir. O‘tkir to‘lqinlar tashqi ko‘rinishdan spayklarga o‘xshab ketadi, biroq ulardan davomiyligi bilan farq qiladi. O‘tkir to‘lqinlar amplitudasi ham 50-500 mkV (ba’zan 1000 mkV) atrofida bo‘ladi. Epilepsiyada spayklar va o‘tkir to‘lqinlarning sekin to‘lqinlar bilan birgalikda namoyon bo‘lishi ko‘p uchraydi.
  3. «Spayk-sekin to‘lqin» kompleksi – spayklarning sekin to‘lqinlar bilan birgalikda namoyon bo‘lishi. Bu komplekslarning chastotasi 2,5-6 Gts, davomiyligi 200-400 ms.
  4. «O‘tkir to‘lqin-sekin to‘lqin» – o‘tkir to‘lqinlarning sekin to‘lqinlar bilan birgalikda namoyon bo‘lishi. Bu komplekslarning chastotasi 0,7-2 Gts, davomiyligi 500-1200 ms.
  5. «Polispayk-sekin to‘lqin» – polispayklarning sekin to‘lqinlar bilan birgalikda namoyon bo‘lishi.

Tekshirilayotgan odamda spayklar, o‘tkir to‘lqinlar va ular bilan bog‘liq sekin to‘lqinlar aniqlansa, epilepsiya yoki epileptik sindromlarni inkor qilish kerak. Bunday paytda EEG videomonitoring tekshiruvidan foydalaniladi.

Normal elektroentsefalogramma

Normal EEG deganda, alfa va beta ritmlardan iborat EEG tushuniladi. Bunda patologik to‘lqinlar (teta va delta) juda kam bo‘ladi. EEG ni hosil qiluvchi asosiy to‘lqinlar, ya’ni alfa va beta-ritm chastotasi, amplitudasi, lokalizatsiyasi normal EEG uchun belgilangan normativlarga mos kelishi kerak. Normal EEG uchun alfa-ritm amplitudasi 40-100 mkV, beta-ritm amplitudasi 15 mkV atrofida bo‘lishi, yarimsharlararo asimmetriya bo‘lmasligi yoki sust ifodalangan bo‘lishi lozim. Normal EEG da ham teta va delta to‘lqinlar uchrashi mumkin, biroq ular juda kam joyni (15 %) egallashi va amplitudasi 50 mkV dan oshmasligi lozim. Bilateral-sinxron tebranishlar, spayk va o‘tkir to‘lqinlar ham bo‘lmasligi kerak. Normal EEG xulosasini chiqarishda sinaluvchi yoshi va funktsional holati e’tiborga olinadi. Chunki, bolalik davrida teta va delta to‘lqinlar ko‘proq aniqlanadi. Aksariyat sog‘lom odamlarda alfa-faollik dominantlik qiladi.

69-rasm. EEG to‘lqinlari: a – beta ritm; b – alfa ritm; v – teta ritm; g – delta ritm.

 

 

Normal EEG alfa-ritm yoki beta-ritm dominantligi bilan namoyon bo‘ladi. Alfa-faollik dominantligi bilan namoyon bo‘luvchi normal EEG uchun chastotasi 8-13 Gts, amplitudasi 40-100 mkV bo‘lgan sinusoidal shaklga ega alfa-ritmning simmetrik tarzda namoyon bo‘lishi juda xos. Alfa-ritm ensa sohasida maksimal amplitudaga ega bo‘lib, markaziy va peshona sohalariga kelib uning amplitudasi pasayadi va beta-faollik bilan qo‘shilib ketadi. Ko‘zlarni yumganda alfa-ritm paydo bo‘ladi, ochganda desinxronizatsiyaga uchraydi. Beta-faollik dominantligi bilan namoyon bo‘lgan normal EEG da chastotasi 14-40 Gts va amplitudasi 15 mkV gacha bo‘lgan arra tishiga o‘xshash to‘lqinlar barcha sohalarda aniqlanadi.

Patologik elektroentsefalogramma

Patologik EEG deganda, normal EEG talablariga mos kelmaydigan, ya’ni alfa va beta faollik juda kam bo‘lgan, teta va delta faollik yoki epileptiform to‘lqinlar ko‘p uchraydigan EEG tushuniladi.

Patologik EEG uchun quyidagilar xos:

  • Normal faollik, ya’ni alfa va beta-ritm chastotasi, amplitudasi va topografiyasining o‘zgarishi yoki bu ritmlarning aniqlanmasligi;
  • Patologik faollikning (teta va delta to‘lqinlar) kuchayib ketishi;
  • Epileptiform faollik (spayk va o‘tkir to‘lqinlar) aniqlanishi;
  • Bilateral-sinxron tebranishlar vujudga kelishi;
  • Patologik faollik fokusi aniqlanishi;
  • Yaqqol ifodalangan yarimsharlararo asimmetriya;
  • Funktsional sinamalarga patologik javob reaktsiyalari.

Ushbu patologik o‘zgarishlar odatda engil, o‘rtacha va kuchli tarzda namoyon bo‘ladi. Patologik EEG bosh miyaning turli xil patologiyalari, ya’ni epilepsiya, o‘sma, insult, yallig‘lanish kasalliklari, metabolik buzilishlar, intoksikatsiyalarda aniqlanadi. Albatta, ushbu patologik jarayonlar miyaning funktsional sistemasini turli darajada izdan chiqaradi va bu holatlar EEG da aks etadi. Biroq miyadagi kichik patologik o‘choqlar bioelektrik faollikni keskin izdan chiqarishi yoki aksincha, katta patologik o‘choqlar engil funktsional  o‘zgarishlar bilan namoyon bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham EEG miyadagi patologik jarayonning o‘zini emas, balki miyaning unga bo‘lgan reaktsiyasini ko‘rsatadi, deb aytiladi.

Patologik o‘choq bosh miyaning medial tuzilmalarida joylashsa, miyaning funktsional faolligi keskin o‘zgaradi va EEG da turli xil bioelektrik to‘lqinlardan iborat bilateral-sinxron tebranishlar yuzaga keladi. Demak, medial tuzilmalarda joylashgan patologik o‘choqlar ikkala yarim sharda ham kuchli funktsional o‘zgarishlar manbaidir. Agarda patologik o‘choq po‘stloqqa yaqin joylashsa, o‘sha sohada “patologik faollik fokusi” aniqlanadi. Bu fokus, asosan, teta va delta to‘lqinlardan iborat bo‘ladi. Bunday bemorlarga MRT qilinsa, o‘sha sohada o‘sma, jarohat yoki yallig‘lanish reaktsiyasi izlari aniqlanishi mumkin.

Ba’zida patologik EEG normal to‘lqinlar hisoblanmish, alfa va beta to‘lqinlarning patologik o‘zgarishi bilan namoyon bo‘ladi. Masalan, alfa-faollik EEG ning 70 % dan ortiq qismini egallasa, amplitudasi 100 mkV dan oshib ketsa, sinusoidal shakli o‘zgarsa va to‘lqinlar uchi o‘tkirlashsa, bu holat alfa-ritm gipersinxronizatsiyasi deyiladi va patologik EEG hisoblanadi.

Ba’zan patologik EEG yuqori chastotali, yuqori amplitudali beta-faollikdan iborat bo‘ladi. Bu holatga beta-ritm gipersinxronizatsiyasi deb aytiladi. Bunda beta-ritm amplitudasi 20-30 mkV dan oshib ketadi, shakli ham deformatsiyaga uchraydi va EEG ning barcha sohalariga tarqaladi. Qolgan to‘lqinlar uchramaydi yoki juda kam aniqlanadi. Agar amplitudasi 3-5 mkV bo‘lgan beta-ritm EEG ning barcha sohalarida aniqlansa, bu holat silliq  tipdagi EEG deb aytiladi. Silliq tipdagi EEG atamasi o‘ta past amplitudali boshqa biopotentsiallarga nisbatan ham qo‘llaniladi.

Patologik tipdagi EEG xulosasini chiqarishda yarimsharlararo asimmetriyaga ham e’tibor qaratiladi. Yarimsharlararo asimmetriya normada bo‘lmaydi yoki juda sust ifodalangan bo‘ladi. Masalan, alfa-faollik chap yarim sharda yaxshi (chastotasi 13 Gts, amplitudasi 100 mkV), o‘ng yarim sharda esa sust ifodalangan (chastotasi 7 Gts, amplitudasi 50 mkV) bo‘lsa, alfa-faollikning yarimsharlararo asimmetriyasi aniqlangan bo‘ladi. Yarimsharlararo asimmetriya beta, teta va delta faolliklar diapozonida ham kuzatiladi. Bioelektrik faollikning yaqqol ifodalangan asimmetriyasi bosh miya yarim sharlarida joylashgan patologik jarayonlarda (insult, o‘sma, jarohatlar) ko‘p yuzaga keladi.

Epileptiform faollik (spayklar, o‘tkir to‘lqinlar, patologik komplekslar) patologik EEG ning asosiy komponentlari bo‘lib, epilepsiya va epileptik  sindromlarda paydo bo‘ladi. Epilepsiya va uning turlarini to‘g‘ri aniqlash uchun EEG videomonitoring tekshiruvi o‘tkaziladi. Aks holda ma’lumot to‘la bo‘lmasligi mumkin. Bunda EEG 12 yoki 24 soat mobaynida yoziladi. Ayniqsa, bir necha soniyalar davom etadigan epileptik xurujlarda (absanslarda) EEG videomonitoring tekshiruvi o‘tkazilishi o‘ta muhimdir.

EEG xulosalarini tayyorlash

EEG ma’lumotlari kompyuter dasturlarda avtomatik tarzda tahlil qilinadi. EEG o‘tkazayotgan mutaxassis xohishiga qarab, ma’lumotlarni jadval, diagramma, gistogramma, topografik xarita va turli o‘lchamli gologrammalar shaklida olishi mumkin. Artefaktlar maxsus dasturlar yordamida so‘ndiriladi. Shuningdek, kompyuter dasturlar orqali har bir to‘lqinning amplitudasi va chastotasini alohida o‘rganish mumkin.

Avtomatik tarzda tahlil qilingan EEG ma’lumotlarini o‘rganib chiqib, EEG tekshiruvini o‘tkazayotgan mutaxassis xulosa chiqarishda quyidagi holatlarni ko‘rsatib o‘tadi: normal tip, gipersinxron yoki desinxron tip, engil, o‘rta yoki kuchli darajadagi bioelektrik o‘zgarishlar, epileptiform faollik qayd qilingan joylar, patologik faollik fokusi, funktsional sinamalarga bo‘lgan reaktsiyalar va h.k. Chunki, EEG javoblarini olgan nevropatolog yoki UASh dastlab so‘nggi xulosaga e’tibor qaratadi.

 Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив