Turk egari sohasi o‘smalari
Turk egari sohasi o‘smalari ichida eng ko‘p uchraydigani – gipofiz adenomasi va kraniofaringiomalar. Gipofiz adenomasining asosiy belgilari – bitemporal gemianopsiya, ko‘ruv nervi atrofiyasi va turk egari kattalashuvi. Ushbu simptomlarni aniqlagan har bir vrach “Bemorda gipofiz o‘smasi yo‘qmikan?” degan fikrga keladi. Ma’lumki, gipofiz o‘ta muhim neyroendokrin a’zo hisoblanadi. Gipofiz gormonlari organizmda kechadigan barcha metabolik jarayonlarda bevosita ishtirok etadi. Gipofiz o‘smalari unda ishlab chiqariladigan gormonlar gipersekretsiyasiga sababchi bo‘ladi. Somatotrop gormon (STG) ortiqcha ishlab chiqarilsa, akromegaliya rivojlanadi.
Akromegaliyada bemorning yuzi, ayniqsa, burni, pastki jag‘i, qo‘l panjalari kattalashib ketadi. Adrenokortikotrop gormon (AKTG) gipersekretsiyasi natijasida Kushing sindromi rivojlanadi. Kushing sindromi uchun beso‘naqay semirish, arterial gipertoniya, gipokaltsiemiya, osteoporoz, jinsiy zaiflik kabi belgilar xos. Prolaktin gipersekretsiyasi ayollarda laktoreya va amenoreyaga olib kelsa, erkaklarda ginekomastiya va erektil disfunktsiyani keltirib chiqaradi. Qaysi gormon gipersekretsiyasi ro‘y berishi o‘sma gipofizning qaysi qismida o‘sganiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Demak, gipofiz o‘smasida barcha gormonlar miqdori bir xil tarzda oshavermaydi. Bu soha o‘smalarida bosh og‘rig‘i, IKG va ko‘ruv nervi diski dimlanishi kam uchraydi yoki kuzatilmaydi.
Gipofiz adenomasini operativ yo‘l bilan olib tashlash oson. Bu maqsadda, asosan, transsfenoidal usul qo‘llaniladi. Shuningdek, nur va dori bilan davolash usullari ham o‘tkaziladi.
Kraniofaringioma ham turk egari sohasi o‘smalari sirasiga kiradi. Bu o‘sma tug‘ma bo‘lib, gipofizar soha epitelial hujayralarining embrional qoldiqlaridan o‘sadi. Kraniofaringioma turk egariga nisbatan 2 xil tarzda joylashadi: ekstratsellyar, ya’ni turk egaridan tashqarida va intratsellyar, ya’ni turk egari ichida. Kraniofaringioma, asosan, bolalik va o‘smirlik davrida uchraydigan o‘smadir. Bu o‘smalar juda sekin o‘sadi va ko‘pincha, kistaga aylanadi. Kistaga kaltsinatlar ham to‘planadi.
Kasallik klinikasi, asosan, bitemporal gemianopsiya, ko‘rishning pasayishi, adipozogenital distrofiya va boshqa gormonal buzilishlar, ya’ni gipotireoz, qandsiz diabet, gipokortitsizm, gipogonadizm, nanizm bilan namoyon bo‘ladi. O‘sma sekin o‘sganligi bois, bu simptomlar asta-sekin shakllanadi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha