Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Tug‘ruqdan so‘ng kuzatiladigan ruhiy o‘zgarishlar

Tug‘ruqdan so‘ng kuzatiladigan ruhiy o‘zgarishlar


Ba’zi ayollarda tuqqanidan so‘ng turli xil ruhiy-hissiy buzilishlar kuzatiladi. Atrofdagilarning yaxshi munosabatidan qat’i nazar, tuqqan ayolning kayfiyati keskin o‘zgarishi mumkin. Ayniqsa, sababsiz jizzakilik, tez xafa bo‘lish, yig‘loqilik, vahima, xavotir, uyqu buzilishi kabi belgilar ko‘p kuzatiladi va ular hech qanday tibbiy-psixologik yordamsiz o‘tib ketishi mumkin. Bu holatlar, ayniqsa, birinchi bor tuqqan ayollarda ko‘p kuzatiladi va charchoq bilan namoyon bo‘ladi. Bunday vaziyatlarda umr yo‘ldoshi, ota-onasi va boshqa yaqinlarining katta e’tibori, mehr-oqibati ushbu ruhiy o‘zgarishlarni tezroq bartaraf etishga yordam beradi. 
   Mutaxassislar fikricha, tug‘ruqdan keyingi bunday psixoemotsional buzilishlar deyarli 20 % ni tashkil qiladi va bir oygacha cho‘zilishi mumkin. Ayniqsa, bola chala tug‘ilsa, unda nuqsonlar aniqlansa, ruhiy buzilishlar kuchayadi. Aksariyat ayollarda tug‘ruqdan oldingi xavotir tug‘ruqdan keyin ham saqlanib qoladi. Shu bois ham rivojlangan xorij davlatlarida tug‘ruqdan oldin ayollarni klinik psixolog ko‘rigidan o‘tkazish diagnostika standartiga kiritilgan.  Tuqqan ayolning atrofida salbiy muhit yaratilsa, ruhiy-hissiy buzilishlar zo‘rayib, og‘ir depressiyaga o‘tish havfi bor. Tug‘ruqdan keyin o‘z farzandidan voz kechish yoki o‘z joniga qasd qilish holatlari shu sababli ro‘y berishi mumkin.
   Ruhiy-hissiy buzilishlar ichida tug‘riqdan so‘ng kuzatiladigan depressiyalar alohida o‘rin tutadi va bunda albatta, psixolog yordami kerak bo‘ladi. Ayolning o‘zi bu holatdan chiqib keta olmasligi mumkin. Tug‘ruq bilan bog‘liq bo‘lgan depressiyalar, ayniqsa, bola o‘lik yoki biror bir kamchilik bilan tug‘ilgan vaziyatlarda ko‘p kuzatiladi. Bola tirik tug‘ilgan holatlarda kuzatiladigan depressiyaning asosiy belgilaridan biri – bu o‘z bolasi va eriga qiziqishning yo‘qolishi. Bunday holatlarda bolani emizish zarurligini yaqinlari ayoldan yolvorib so‘rashadi. Ona esa yig‘layotgan bolaga e’tiborsiz bo‘ladi, chaqaloqni uning ko‘ksiga olib borishsa, uni qo‘liga olmaydi, qo‘liga berishsa ham qaytarib beradi, o‘zi ham yig‘layveradi. Ba’zan esa ko‘ziga yig‘i kelmaydi, bolasiga yoki atrofdagilarga teskari o‘girilib yotib oladi. 
     Ko‘p holatlarda depressiya qo‘rquv, xavotir va turli darajada ifodalangan vegetativ va somatik buzilishlar bilan namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, niqoblangan depressiyaning tug‘ruqdan so‘ng yuzaga kelishi vrach uchun ham katta diagnostik qiyinchilik tug‘diradi. Avvalgi boblarda aytib o‘tilganidek, niqoblangan depressiya turli somatik kasalliklar yoki sindromlar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi.    Shuning uchun niqoblangan depressiyani to‘g‘ri aniqlash ham tibbiy, psixologik tekshiruvlar o‘tkazishni talab qiladi. Odatda, niqoblangan depressiyada somatik buzilishlar sub’ektiv bo‘lib, obektiv tekshiruvlarda tasdiqlanmaydi.
     Tug‘ruqdan so‘ng kuzatiladigan xavotirli-depressiv buzilishlarni davolashda zamonaviy antidepressantlardan keng foydalaniladi. Biroq ruhiy buzilishlarni ushbu dorilar bilan davolashda ularni emizuvchi ayolga monelik qiluvchi tomonlari, go‘dakka nojo‘ya ta’sirlari va ruhiy buzilishning og‘irlik darajasini e’tiborga olish lozim. 
   Tug‘ruqdan so‘ng rivojlanishi mumkin bo‘lgan xavotirli-depressiv buzilishlarning oldini olish o‘ta muhim. Buning uchun har bir homilador ayolga “Tibbiy-psixologik anketa” to‘ldirilishi va tibbiy psixolog ularni nazoratga olishi zarur. Chunki endi rivojlanib kelayotgan depressiyaning yashirin belgilarini faqat tibbiy psixolog aniqlay oladi va ularni o‘z vaqtida psixoterapevtik yo‘llar bilan bartaraf etadi, zaruratga qarab antidepressantlarni tavsiya etadi.
   


Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b. 
           © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
              ©asab.cc



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив