TEPA BO‘LAGI


Tepa bo‘lagi sulcus centralis ning orqa qismida joylashgan bo‘lib, unga orqa markaziy pushta gyrus postsentralis, yuqori va pastki parietal pushtalar (lobulus paretalis sup et inferior), gyrus supramarginalis va gyrus angularis lar kiradi. Bosh miya katta yarim sharlarining lateral yuzasida tepa bo‘lagi va ensa bo‘lagini bir-biridan ajratib turadigan alohida egatcha yo‘q.
         Bosh miya katta yarim sharlarining medial yuzasidagi gyrus parietooccipitalis tepa bo‘lagini ensa bo‘lagidan ajratib turadi. Ushbu egatchadan oldinda precuneus,, orqa tomonda  cuneus joylashgan. Demak, medial yuzada joylashgan precuneus tepa bo‘lagi pushtasi, cuneus esa ensa bo‘lagining pushtasi hisoblanadi.
        Orqa markaziy pushta (3-maydon) – teri-kinestetik analizatori markazidir. 3-maydon birlamchi somatosensor maydon, ya’ni umumiy sezgining proektsion sohasi hisoblanadi. Orqa markaziy pushtaning orqa qirrasi bo‘ylab joylashgan 1- 2-Brodmann maydonlari ikkilamchi maydonlar, ya’ni proektsion-assotsiativ sohalardir. Po‘stloqning 3-maydonida xuddi 17-maydon kabi 4- qavat yaxshi rivojlangan proektsion tipdagi afferent tolalardan iborat. 3-maydonga tr. talamocorticalis orqali tananing qarama-qarshi tomonidan oyoq, tana, qo‘l va boshdan sezgi impulslari keladi. 
         Orqa markaziy pushtada eng katta proektsion soha, ya’ni yuz sohasi joylashgan. 3-maydon va qisman 1- 2-maydonlarga taktil, og‘riq va harorat uchun javob beruvchi yuzaki sezgi tolalari kelib to‘xtasa, 5- va 7-maydonlarga proprioretseptiv (chuqur) sezgi uchun javob beruvchi tolalar kelib to‘xtaydi.
       Sezgi analizatori hisoblanmish 3-maydon harakat analizatori (4-maydon) bilan mustahkam aloqaga ega bo‘lib, harakat funktsiyalarini bajarishda muhim ahamiyat kasb etadi. 7-maydonda o‘z tanasi va uning qismlarini anglash markazi, 40- va qisman 39-maydonda stereognoz va praksis markazlari joylashgan. 
        Orqa markaziy pushtaning eng pastki qismida (43-maydon) ta’m bilish markazi mavjud. Ta’m uchun shuningdek uncus  ham javob beradi. 40- va 39-maydon chegarasida o‘qish va hisob-kitob markazi ((g. angularis sohasi) joylashgan. Orqa markaziy pushtaning medial yuzasida oyoq panjasi, barmoqlar va jinsiy a’zolarning proektsion sohasi joylashgan.
      Parietal sindromlar. Topografik nuqtai nazardan yuqori va pastki parietal sindromlar farqlanadi.  
       Yuqori parietal sindromlar – yuqori parietal pushta (5- va 7-maydonlar) zararlanganda kuzatiladi. Bu sindrom, asosan, tana sxemasi buzilishi (somatoagnoziya) belgilari bilan namoyon bo‘ladi, bemor tana qismlarining bir-biriga nisbatan joylashuvini bilmaydi, o‘z tana qismlarini o‘zi tanimaydi. Bu sindrom, asosan, o‘ng yarim sharning parietal sohasi zararlanishi uchun xos (o‘naqaylarda). Bemor o‘ng tomoni borligini go‘yoki inkor qiladi (anozognoziya) yoki qo‘l va oyoqlarini o‘z tanasida qanday joylashganini aytib bera olmaydi (autotopognoziya). Shuningdek, “Bu mening qo‘lim emas, boshqaning qo‘li”. “Bu yog‘och, mushuk va h.k.” deb ishonadi.
       Pastki parietal sindromlar tabiiyki pastki parietal pushta (39- va 40-maydonlar) zararlanganda kuzatiladi. Agar 5-7-maydonlar proektsion-assotsiativ sohalar hisoblansa, 39-40-maydonlar assotsiativ sohalar hisoblanadi va shu bois bu erda murakkab oliy ruhiy funktsiyalar uchun mas’ul integrativ markazlar joylashgan. Uning asosiy simptomi – astereognoziya (taktilnaya agnoziya). 
Astereognoziya – ko‘zi yumuq holda qo‘lga qo‘yilgan narsalarni paypaslab nimaligini aytib bera olmaslik. Astereognoziya murakkab sezgi buzilishiga kiradi. Bunday bemorlarda yuzaki va chuqur sezgilar saqlangan bo‘ladi. Bemor qo‘lidagi narsaning shakl-shamoyili, issiq-sovuqligini aytib beradi, biroq uning nomini aytolmaydi. Pastki parietal pushta zararlanishining yana bir belgisi – bu barmoq agnoziyasi. Ushbu buzilishlar Gerstman sindromi tarkibiga kiradi. Barmoqlar agnoziyasi qarama-qarshi tomonda kuzatiladi va, asosan, o‘ng yarim sharning pastki parietal pushtasi zararlanishi uchun xos. Chap yarim sharning pastki parietal pushtasi zararlanganda harflar va raqamlar agnoziyasi kuzatiladi. Bemor o‘z tanasiga chizilgan harflar va raqamlarni tanimaydi (tabiiyki, o‘ng tomoniga). Bu holatni taktil aleksiya deb ham atashadi. 40-maydon zararlanganda afferent motor afaziya va kinestetik apraksiya ham kuzatiladi. TRO sohasi (37-, 39-40-maydonlar) zararlanganda semantik va amnestik afaziya rivojlanadi.


Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
              ©Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiyasi. Darslik., T.; 2021., 312b.  
           © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
           ©asab.cc




Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив