TIBBIYoT PSIXOLOGIYaSI VA KLINIK PSIXOLOGIYa FARQI
Tibbiy psixologiyami yoki klinik psixologiya? Bu borada qarashlar turlicha. Bu fanlarni ikkala nom bilan ataluvchi bitta fan yoki alohida-alohida fan deguvchilar hanuzgacha bor. Yuqorida ikkala fanning rivojlanish tarixi haqida gapirib o‘tdik. Rivojlangan xorij davlatlari hamda bir necha yillardan buyon tibbiy psixologiyani o‘qitishga asoslangan tajribamiz asnosida ushbu fanlar haqida o‘z fikr
mulohazalarimizni keltirib o‘tamiz.
Tibbiy va klinik psixologiyalarning farq qiluvchi tomonlari:
- Tibbiy psixologiya – bu tibbiy mutaxassislik va u psixologik ilmga ega vrach, klinik psixologiya – bu psixologik mutaxassislik va u sog‘liqni saqlash tizimi uchun tayyorlangan psixolog. Klinik psixolog – vrach emas.
- Tibbiy psixolog – bu “davolash ishi” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriaturani tugatib, so‘ngra magistratura yoki klinik ordinaturada “Tibbiy psixologiya” ixtisosligi bo‘yicha tayyorlangan mutaxassis.
- Klinik psixolog – bu psixologik fanlar bo‘yicha bakalavriaturani tugatib, so‘ngra “Klinik psixologiya” bo‘yicha tayyorlangan mutaxassis.
- Tibbiy psixolog tashxis qo‘yish jarayonida tibbiy diagnostikadan foydalanishga, davolash jarayonida esa farmakoterapiyani qo‘llashga yuridik huquqi bor. Chunki u tibbiy ta’limga ega. Klinik psixolog esa tibbiyotda faoliyat ko‘rsatsada, tibbiy diagnostikadan foydalana olmaydi, doridarmonlar tavsiya etishga va platseboterapiya o‘tkazishga ham haqqi yo‘q.
- Tibbiy psixolog psixosomatik buzilishlarni organik buzilishlardan farqlay oladi, klinik psixolog esa – yo‘q. Chunki klinik psixolog kasalliklar klinikasi bilan emas, bemorlar psixologiyasi bilan shug‘ullanadi va u vrach emas.
- Tibbiy psixolog psixogen va psixosomatik buzilishlarni korreksiya qilishda yordamchi davolash usullari, ya’ni fizioterapiya, ignaterapiya, magnitoterapiya, lazeroterapiya va shu kabi tibbiyotga aloqador metodlardan foydalanishga haqli, klinik psixolog esa – yo‘q. Chunki bunday muolajalar tibbiy muolajalar hisoblanadi.
- Tibbiy psixolog maxsus tayyorlov kurslarini o‘qib, nevropatolog, psixonevrolog yoki psixiatr kasbida ishlashi mumkin, klinik psixologda esa bunday imkoniyat yo‘q. Buning uchun u tibbiy ma’lumot olish uchun qaytadan o‘qishi zarur.
- Klinik psixolog turli kasalliklarda bemorlar psixologiyasi va kasalliklarning psixologik strukturasini bilsada, biroq psixoemotsional buzilishlarning patogenetik mexanizmlari bo‘yicha bilimga ega emas.
Tibbiy va klinik psixologiyaning o‘xshash tomonlari:
- Tibbiy psixolog ham, klinik psixolog ham sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat ko‘rsatuvchi psixologdir. Ikkala kasb egasi ham klinikalarda faoliyat ko‘rsatishadi va ularning asosiy vazifasi bemorlarga psixoterapevtik yordam ko‘rsatishdan iborat. Ular har qanday yo‘nalish dagi davolash muassasasi, ya’ni psixiatriya, nevrologiya, psixonevrologiya, kardiologiya, neyroxirurgiya, travmatologiya, pediatriya, onkologiya, fiziatriya, akusherlik va ginekologiya, tez tibbiy yordam, dermatovenerologiya, OITS kabi maxsus klinikalar, sog‘lomlashtirish markazlari va, albatta, psixosomatik tibbiyot markazlari bo‘limlarida faoliyat ko‘rsatishadi.
- Tibbiy psixolog uchun ham, klinik psixolog uchun ham asosiy ish quroli – bu psixodiagnostika va psixoterapiya. Shuningdek, ikkala kasb egalari ham psixogen va psixosomatik buzilishlar profilaktikasi bilan shug‘ullanishadi. Bu maqsadda ular psixogigiena va psixoprofilaktika uslublaridan keng foydalanishadi.
- Tibbiy psixolog ham, klinik psixolog ham har qanday turdagi psixoterapiya, ya’ni gipnoterapiya, bixevioral terapiya, kognitiv psixoterapiya, kognitivbixevioral terapiya, geshtaltterapiya, ratsionalemotiv terapiya, psixodinamik terapiya kabi psixoterapevtik usullarni qo‘llashga haqli. Ushbu uslublar o‘qitish dasturiga kiritilgan va ular albatta, maxsus kurslarda malaka oshirib turishlari lozim.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha