Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi TIBBIYoT PSIXOLOGIYaSI TARIXI

TIBBIYoT PSIXOLOGIYaSI TARIXI


Odamzot paydo bo‘libdiki, turli kasalliklarga qarshi kurashib kelgan. Bemorni darddan xalos qilish uchun turli xil usullar o‘ylab topilgan. Qadimda bemorlarni davolashda giyohlarni ko‘p qo‘llashganini tarixiy manbalardan yaxshi bilamiz, lekin ruhiy ta’sir o‘tkazish yo‘li bilan davolash qachondan boshlanganligi bizga noma’lum. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, hozirgacha nomi ma’lum bo‘lgan deyarli barcha tabiblar bemorlarni davolashda ruhiy ta’sir qilish usullaridan unumli foydalanishgan. Ularning aksariyati birinchi tabib – organizmning o‘zi va aynan organizm har qanday kasallikka qarshi kurashishi kerak, bizning vazifamiz esa unga yordam berishdir, deyishgan. 
Qadimgi davr adabiyotiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, tibbiyot, falsafa va psixologiya fanlari chambarchas bog‘lanib ketganligining guvohi bo‘lamiz. Miloddan ilgari yashab o‘tgan deyarli barcha faylasuflar tibbiyot va psixologiyaga oid o‘z fikrlarini yozib qoldirishgan, chunki ular ruhiy kuchlar manbaini inson miyasi bilan bog‘lashgan. 
      Qadimgi Xorazm hududida miloddan avvalgi VI asrda bitilgan zardushtiylarning muqaddas kitobi «Avesto»da tibbiyot va psixologiyaga oid muhim ma’lumotlar keltirilgan. «Avesto» uch kitobdan iborat bo‘lib, uning birinchi kitobida («Vendidat») tibbiyotga oid ma’lumotlar berilgan. Bundan deyarli 2400 yil oldin bitilgan ushbu kitobdagi ma’lumotlar hozirgi davrning har qanday olimini hayratga soladi. Unda jismoniy va ruhiy poklanish haqidagi qonunlar majmuasi keltirilgan. «Avesto» kitobida biz ko‘rish, eshitish, hid va ta’m bilish markazlari miyada joylashgan, degan fikrlarni uchratamiz. Kitobda «Hayot markazi» suyak iligida bo‘ladi deyiladi. Shuningdek, kitobda odam anatomiyasi va fiziologiyasiga oid juda qiziqarli ma’lumotlar keltirilgan, inson salomatligini saqlash yo‘llari yoritilgan. 
         “Avesto” nafaqat ruhiy tushkunlik, balki jismoniy zo‘riqish ham kasallikka olib kelishi aytilgan. Kasalliklarni davolashda jarrohlik va ruhiy tinchlantirish davolashning asosiy usullaridan biri, deb ta’kidlanadi. Kitobda gigiena, profilaktika, ozoda yurish, yomon narsalarga yaqinlashmaslik, toza havoda sayr qilish, sifatli ovqatlar tanovul qilish va toza ichimlik suvi ichish haqida ham ko‘plab ma’lumotlar beriladi. Shuningdek, yoshlar jismoniy va ruhiy baquvvat bo‘lishi uchun to‘yib ovqatlanishi, etarli darajada ovqatlanmaydigan xalqlarda kamquvvatlik holatlari kuzatilishiga ham alohida to‘xtalib o‘tilgan. Ko‘rib turganingizdek, yurtimizda Gippokratdan deyarli 150 yil ilgari tibbiyot va ruhiyatga oid ilmiy qarashlar juda yaxshi yoritilgan. 
        Miya va ruh orasidagi munosabatlarga oid qarashlari bilan mashhur bo‘lgan tibbiyot fanining otasi Gippokrat (Buqrot) (mil. avv. 460–377yillar) asarlari bugungi kungacha etib kelgan. U odam anatomiyasi va fiziologiyasini chuqur o‘rgandi, bosh miya tuzili shi bilan qiziqdi.  Gippokrat odamlar xulqatvorini kasallik kechishiga bog‘lab o‘rgandi va temperament haqida ta’limot yaratdi. 
         Gippokrat odam temperamentini 4 tipga  ajratdi: 1) sangvinik – harakatchan, xushchaqchaq, irodali odam, ularning organizmida qon ustunlik qiladi; 2)  xolerik – jahldor, hissiyotga beriluvchan odam, ularda jigar o‘ti ustunlik qiladi; 3) flegmatik – vazmin odam, ularning organizmida flegma (shilliq, xilt) ustun turadi; 4) melanxolik – irodasiz, tushkun kayfiyatda va tang ahvolda yuradigan odam. Ularning qonida melanoza (savdo, qora o‘t) ustunlik qiladi. Gippokrat fikricha, sangviniklar kasallikka  kam chalinishadi. Xolerik va  melanxoliklar esa kasallikka  moyil kishilardir. Mutafakkir «kasalliklar kechishi va bemorning sog‘ayib ketishi temperamentga aloqador» deb hisoblagan. Bu ta’limot keyinchalik barcha olimlarda qiziqish uyg‘otdi. Hozir gi kunda etakchi psixologlar va vrachlar bemorlarni davolashda ular ning temperamentiga alohida e’tibor  berishadi. 
        Gippokratning tibbiyot oldidagi yana bir buyuk xizmatlaridan biri – vrach qasamyodini yaratganligidir.
        Gippokrat qasamyodi: «Tabib Apollon, Asklepiy, Hikieya va Panakeya hamda barcha xudolar nomi bilan va ularni guvohlikka olib quyidagilarni kuchim va idrokim boricha halol bajarishga qasamyod etaman va yozma ravishda va’da beraman: meni tabiblik san’atiga o‘rgatgan insonni o‘z ota-onam bilan barobar ko‘raman, u bilan boyligimni bo‘lishaman, agar u muhtoj bo‘lib qolsa, yordam beraman, uning avlodini o‘z aka-ukalarimdek ko‘raman va bu san’atni o‘rganishni istasalar, pul olmay va hech qanday shartsiz o‘rgataman. O‘z o‘g‘illarimni, ustozimning o‘g‘illarini va talabalarimni qo‘llanma, og‘zaki dars va boshqa usullarda o‘qitaman. Men har qanday zarar keltirish va adolatsizlikdan saqlangan holda o‘z kuchim va idrokim darajasida bemorning hayot tarzini uning foydasiga yo‘naltiraman. Men hech qachon mendan iltimos qilgan odamga o‘ldiradigan dori bermayman va bunday yo‘lni ko‘rsatmayman, shuningdek, hech qanday ayolga bola tushiruvchi dori bermayman. O‘z hayotim va san’atimni pok va nuqsonsiz o‘tkazaman. Men qaysi uyga kirmayin, u erga hech qanday g‘arazsiz va yomon niyatsiz, faqat bemor manfaatini ko‘zlab qadam qo‘yaman, ayniqsa, ayollar va erkaklar, ozod kishilar va qullar o‘rtasidagi ishqiy ishlardan uzoq bo‘lishga intilaman. Davolash jarayonida yoki usiz kishilarning hayotida oshkor qilinishi mumkin bo‘lmagan va sir saqlangan nimaiki ko‘rgan yoki eshitgan bo‘lsam, bu haqda hech kimga hech narsa aytmayman. Menga, shu qasamyodni so‘zsiz bajaruvchi sifatida hayot va san’atda abadiy baxt va shuhrat ato etsin. Bu qasamyodni buzuvchilar va yolg‘on qasamyod beruvchilar uchun buning aksi bo‘lsin!»
     Gippokrat davridan boshlab bu qasamyodni barcha shifokorlar qabul qilganlar. Hozirgi kunda ham bu qasamyod o‘z kuchini yo‘qotgani yo‘q va barcha mamlakatlarda bo‘lajak vrachlar uni tantanali ravishda qabul qilishadi. Bu qasamyod vrachni o‘z kasbini sevish va ulug‘lashga, bemor va hamkasblarini hurmat qilishga, o‘z ilmini faqat odamlar salomatligi yo‘lida sarflashga, yomon maqsadlarda qo‘llamaslikka chorlaydi.
        Ma’lumki, vrach qanchalik urinmasin, davosi qiyin kechadigan kasalliklar bor. Bunday paytlarda vrach ruhan va jismonan charchaydi, bemor tuzalmaganidan aziyat chekadi. Ba’zan bemor va uning yaqinlari tomonidan dashnomlar eshitadi. Bu haqda Gippokrat shunday degan: «Tibbiyot asosan tinchlantiradi, ba’zan davolaydi va juda kam hollarda darddan butunlay xalos etadi». Demak, barcha bemorlarni ko‘ngildagidek davolash qiyin. Gippokratning bu so‘zlarida tushkunlik kayfiyati ufurib turgan bo‘lsada, zamirida achchiq haqiqat yotibdi. Bu so‘zlarning aytilganiga bir necha asrlar bo‘ldi, o‘tgan davr ichida eng kuchli diagnostika va davolash usullari ishlab chiqildi, lekin shunday bo‘lsada, bugungi kunda tibbiyot ba’zi kasalliklarni davolashda ojiz. 
        Gippokrat bir qator asab va ruhiy kasalliklar haqida risolalar yozib qoldirgan.    U isterik kasalliklarni chuqur bilimdonlik bilan o‘rgandi va ularni davolash yo‘llarini ishlab chiqdi. Gippokrat bemorni davolashda sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanishga qattiq rioya qilish kerakligini aytgan, kasallikning sababini aniqlab, uni bartaraf qilishga intilgan. Gippokratning tibbiyotga  oid ba’zi ko‘rsatmalarini keltirib o‘tamiz: 1) jismoniy mehnat mushak va a’zolar uchun oziqdir; 2) fikrlash kishi ruhini tetiklashtiradi; 3) bemorga yordam berishni eplay olmasang, unga ziyon keltirma; 4) me’yordan ko‘p ovqatlanish kishi salomatligiga ziyon keltiradi; 5) bemorning ruhi tushmagan va ishtahasi saqlangan bo‘lishi tuzalish uchun yaxshi alomatdir; 6) odam tanasida kasallik bilan kurashuvchi kuch bor, tabibning vazifasi esa o‘sha kuchni faollashtirishdan iborat; 7) bemorga beriladigan dorilar hadeb o‘zgartirilmasligi kerak, faqat zaruratga qarab davolash muolajasi o‘zgartirilsin; 8) tabiatda doimo ikki qarama-qarshi kuch bo‘ladi, qarama-qarshilikni qarama-qarshilik bilan davolash kerak; 9) tabib yuksak darajada axloqli, jonkuyar, ozoda va xush ko‘rinishga ega bo‘lishi lozim; 10) tabib o‘z bilim va mahoratini doimo oshirib borishi va bemorlar hurmatiga sazovor bo‘lishi kerak. O‘z davrining mashhur tabibi va faylasufi bo‘lgan Gippokrat sharafli umr kechirdi va 83 yoshida vafot etdi.
       Platon (Aflotun) (mil. avv. 430–348yy.) «Ruh abadiydir, u tanaga bog‘liq emas va xudo tomonidan yaratilgan. Ruh tanadan oldin paydo bo‘lgan, odam va hayvon ruhi birbiridan farq qiladi, odam ruhi oliy va past tabaqaga bo‘linadi. Oliy ruh abadiydir, u tafakkur kuchiga ega, bir tanadan ikkinchisiga o‘tadi va tanaga bog‘liq emas. Past tabaqali ruh abadiy emas va hayvon lar uchun  xos», degan. 
       Aristotel (Arastu) (mil. avv. 384–322yillar) miya, ruh va tana munosabatlariga oid bir qancha fikrlar bildirgan. U Platonning shogirdi. Aristotel jonning 3 xilini ajratgan: o‘simlik, hayvon va ongli jon. «O‘simlik joni» deganda, u oziqlanish va ko‘payishni ko‘zda tutgan bo‘lsa, «hayvon joni» deganda his qilish, og‘riq sezish, himoyalanishni tushungan. Aristotel «Ongli jon faqat odam uchun xos bo‘lib, unda jonning uch turi ham mavjud», deydi. Uning fikricha, odam jonning uch turiga ega bo‘lganligi bilan ham o‘simlik va hayvonlardan farq qiladi. Aristotel o‘z asarlarida «histuyg‘ular», «xotira», «sezgi» kabi tushunchalardan keng foydalangan.
         Rimlik mutafakkir Klavdiy Galen (mil. avv. 129–201yy.) ruhning fiziologik mexanizmlarini ilmiy tadqiqotlariga asoslanib o‘rgandi. U ham ruhiy faoliyatning bosh miya bilan bog‘liqligi haqidagi fikrni ilgari surdi. Galen hissiyot, xotira, sezgi va diqqat odam ongi, ruhi tomonidan idora qilinadi, deb ta’kidlaydi. U hayvonlarda miyaga boruvchi sezgi tolalarini kesib ko‘rib, ular ning harakatini tekshirdi. Shu maqsadda  dorivor moddalarni ham ishlatdi. Shuningdek, Galen jinsiy aloqaning asab sistemasiga ijobiy ta’sirini o‘rgandi. U turmushga chiqmagan yoki beva ayollarda isterik belgilar paydo bo‘lishini yozib qoldirgan. Galen birinchilardan bo‘lib xulqatvorning tug‘ma va orttirilgan shakllari, ixtiyoriy va ixtiyorsiz harakatlar to‘g‘risidagi hamda temperamentga oid fikrlarni ilgari surdi.
        IX asr boshlarida Sharqda, ya’ni Bag‘dod, Buxoro va Xorazmda boshqa tabiiy fanlar qatori tibbiyot ham jadal rivojlanadi. Bag‘doddagi tibbiyot dargohlarida bemorlarni davolashda ruhiy ta’sir qilish usullari keng qo‘llanilgan. Bemor bilan tibbiyot xodimi o‘rtasidagi munosabatlar, psixologik usullar, turli kasalliklarning kelib chiqishida ruhiy omillarning ahamiyati, ularni oldini olish kabi bilimlar rivojlana boshladi. Bu davrda tibbiyot psixologiyasi poydevori yaratilishi boshlandi, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Bag‘doddagi tibbiyot muassasalari butun dunyoda tan olinib, Evropada ham katta shuhrat qozondi. 
         Eronda tavallud topgan mashhur mutafakkir a bu Bakr ar-Roziy (865–925yy.) tibbiyot olamida o‘chmas iz qoldirdi. U o‘z davrining buyuk tabibi bo‘lgan va tarixchilarning yozishicha, bemorlarni davolashda xatoga yo‘l qo‘ymagan. U biror yangi dorini bemorga berishdan oldin hayvonlarda sinab ko‘rgan. Roziy bemorlarni davolashda ruhiy ta’sir qilish bilan birga parhezga ham katta e’tibor qaratgan. U mizoj, falajlik, jinsiy aloqa, gigienik tadbirlar va dorishunoslik haqida ko‘p risolalar bitgan. Ularning ba’zilari G‘arb tillariga tarjima qilinib, u erda bir necha asrlar o‘qitib kelingan. Roziy o‘zi boshqarayotgan shifoxonada «kasallik tarixnomasi»ni yaratgan va bemorning holahvolini davolashning birinchi kunlaridan boshlab muntazam qayd qilib borgan. Bu esa unga bemorni davolash mobaynida sinchkovlik bilan kuzatuv olib borish imkonini bergan. 
        Abu Bakr arRoziy bemorlarni kuzatish jarayonida kasallikning kelib chiqish sabablari va oqibatlarini o‘rgangan. Shu tariqa tibbiy profilaktika va psixogigiena fanlariga asos solgan. U vrach burchi, tibbiy maslahatlar haqida ham yozib qoldirgan. 
        Sharqda yashab ijod qilgan tabiblar hayoti va ijodini atoqli tarixchi olim, professor Asadulla Qodirov «Tibbiyot tarixi» kitobida batafsil yoritgan. U o‘z asarida Sharq va G‘arb olimlarining fikrlarini bir biri bilan taqqoslaydi, klassik fikrlarni hozirgi zamon tibbi yoti bilan solishtirib o‘rganadi. Olim ayniqsa, buyuk mutafakkir Abu ali ibn Sino (980–1037) hayo ti va faoliyati haqida juda katta tahliliy ma’lumotlar keltirgan. Abu Ali ibn Sino tibbiyotning deyarli barcha sohalariga taalluqli «Tib qonunlari» asarida tibbiyot va psixologiyaga oid bir qancha fikrlar keltirgan. Bu asar haqli ravishda dunyoning deyarli barcha tillariga tarjima qilingan va tib ilmini zabt etishda dasturulamal bo‘lib xizmat qilgan. Ibn Sinoning ahvoli og‘ir bemorlarni davolashda ishlatgan turli xil usullari (giyohlar bilan davolash, ruhiy ta’sir qilish) afsonaga aylangan. Aslida bular afsonaga aylangan haqiqatdir. 
        Zigmund Freyd nevrozga uchragan bemorlarni davolashda Ibn Sino usulidan foydalangan bo‘lsa, ajab emas. U bemorlarga nafaqat kasallik bilan bog‘liq bo‘lgan, balki shaxsiy hayotidagi muammolarni ham so‘zlatib, bemorlarda psixologik katarsisni (ruhiy poklanish) yuzaga keltirgan. Birorta ham siri qolmay, barcha dardini so‘zlagan bemor ruhan ancha engil lashib, ba’zi hollarda butunlay tuzalib ham ketgan. Ibn Sino har bir bemorni davolashdan oldin uni diqqat bilan o‘rganish, oilasi va yashash sharoiti bilan tanishish o‘ta muhimligini uqtirgan. Uning bu fikrlari psixogigiena fani vazifalariga o‘xshab ketadi. Ibn Sino asarlarida psixoprofilaktikaga oid ishlarni ham ko‘p uchratamiz. Masalan, mutafakkir kasalliklarning oldini olishda tarbiyaga alohida urg‘u bergan.   «Tarbiya erta bolalik davridan boshlanishi kerak», degan edi Ibn Sino. 
          Shuningdek, u bolani qo‘rqoq, g‘amgin yoki juda erka qilib tarbiyalamaslik, otaona bola nimani xohlayotganini doimo sezishi va o‘sha narsani bolaga etkazib berishga harakat qilishi, yomon narsalardan esa yiroqlashtirishlari zarurligini uqtirgan. Bu qoidalarga rioya qilish bolaning zehnini o‘tkir, tanasi sog‘lom o‘sishini ta’minlashini ta’kidlab o‘tgan. Ibn Sino bir qator kasalliklar kelib chiqishi asab tizimiga bog‘liq ekanligi, g‘azab, qo‘rquv, qattiq siqilishlar organizmni holsizlantirib, turli kasalliklarning yuzaga kelishiga sababchi bo‘lishi haqida o‘z fikrlarini yozib qoldirgan. U quyidagi tajribani o‘tkazgan. Bitta qo‘yni oddiy sharoitda, ikkinchisini esa qafasda saqlab, ikkalasini ham bir xil boqqan. Qafasdagi qo‘yning atrofida bo‘ri aylanib yurgan. Birikki kundan so‘ng atrofida bo‘ri aylanib yurgan qafasdagi qo‘y em emay qo‘yadi va holdan toyib o‘ladi. Ibn Sino qo‘yning o‘limiga ruhiy zo‘riqish va buning natijasida organizm ning holdan toyishi sabab bo‘lgan, deb xulosa chiqargan. 
         Ibn Sinoning organizm faoliyatini boshqarishda asab tizimining ahamiyati haqidagi ta’limoti Evropa olimlari tomonidan XX asr boshlarida yaratilgan nervizm ta’limotiga juda o‘xshab ketadi. Ibn Sino tomir urishining asab tizimi faoliyatiga bog‘liqligini ko‘p tajribalarda isbotlab bergan. U ko‘pgina kasalliklarni tomir urishiga qarab aniqlagan. Ibn Sino nafaqat turli kasalliklarda tomir urishining o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rgangan, balki turli hissiy zo‘riqishlar va asab kasalliklarida tomir urishi o‘zgarishlarini mufassal bayon qilgan. Ibn Sino deontologiya muammolariga ham bag‘ishlab ko‘p risolalar bitgan. Uning «Kasallikni emas, kasalni davola», degan iborasi bor. Har qanday bemorni davolashda uning shaxsini e’tiborga olish kerak, deb yozgan edi u.  
           Ibn Sino Gippokratning temperament haqidagi ta’limotini chuqur o‘rganib, quyidagi xulosaga keladi: barcha hayotiy muhim jarayonlarda ikkita qaramaqarshi hodisalar, ya’ni «qaynoqsovuq» va «quruqnam» barobar bo‘lishi kerak. Agar ular orasida nomutanosiblik boshlansa, mizoj aziyat chekadi va kasalliklar boshlanadi. Ibn Sino «Har bir odam ma’lum mizojga taalluqli va bemorni davolayotganda bunga albatta e’tibor qilish kerak», deb yozadi. U kasalliklar rivojlanishida ruhiy omillarga katta e’tibor qaratib, kasallikning har kimda har xil kechishini uqtirib o‘tgan va bu holat bemorning mizoji, oilaviy sharoiti, qaysi ijtimoiy tabaqaga mansubligi va qolaversa, uni kim davolayotganiga bog‘liq, degan. Shu erda «mizoj» tushunchasi haqida batafsil to‘xtalib o‘tsak. Chunki temperament va mizoj tushunchalari birbiriga yaqin tursada, bu so‘zlar sinonim emas. «Mizoj» tushunchasini Xitoy, Yunoniston va Sharq olimlari asarlarida ko‘p uchratamiz. Mizoj deganda issiqlik, sovuqlik, quruqlik va ho‘llik omillari ko‘zda tutilgan
Undan tashqari «rutubatlar» degan tushuncha ham mavjud. Rutubatlar deganda organizmdagi to‘rt xil suyuqlik – qon, safro (jigar o‘ti), savdo (qora o‘t) va flegma (shilliq suyuqlik) tushuniladi. Rutubatlar (gumoral) tushunchasini yunon hakimlari o‘ylab topishgan. Bu tushunchaga  asoslanib Gippokrat rutubatlar nazariyasini yaratdi va odamlarni to‘rt toifaga ajratdi, ya’ni temperament haqida ta’limot dunyoga keladi.
         Uzoq tarixga ega “mizoj” tushunchasi qadimda 4 ta unsur – er, havo, suv va olov bilan bog‘lab ham tushuntirilgan. «Barcha jonzotlar, shu jumla dan, odam ham ana shu unsurlardan tashkil topgan, har bir unsurning o‘z xususiyati bor va o‘sha xususiyatlar «mizoj» deb atalgan. Bundan kelib chiqib «issiq mizoj» va «sovuq mizoj» tushunchalari paydo bo‘lgan. Tanadagi issiqlik va sovuqlik orasidagi muvozanat buzilsa, kasallik rivojlanadi, tabibning vazifasi shu muvozanatni tiklashdan iborat», deb aytilgan. Ibn Sino ham mizoj tushunchasini unsurlar bilan bog‘lagan va mizojni unsurlardan kelib chiqqan xususiyat deb bilgan. Mizoj va rutubatlar nazariyasi, ayniqsa, Sharq tibbiyotida uzoq vaqt hukm surdi. 
       Tarixchi olim A.A.Qodirov (2005) fikricha, bu vaziyat kasalliklar sababini tajriba yo‘llari bilan o‘rganishni orqaga surib yubordi. Evropa olimlari bu nazariyalarning istiqbolsiz ekanligini payqab, XVII asrdayoq undan voz kechdilar va tibbiyotda tajriba usulini qo‘llab, katta muvaffaqiyatlarga erish dilar. Sharq tibbiyoti esa, boshqa aniq fanlar (fizika, matematika) singari orqada qolib ketdi. G‘arb olimlari aniq fanlar yutuqlaridan foydala nib, Ibn Sino kabi olimlarning ishlarini aynan tajriba yo‘li bilan isbotlab, katta yutuqlarga erish dilar. Ibn Sino ba’zi odamlarning beixtiyor o‘zlarida kasallik belgilarini paydo qilishi va undan aziyat chekib yurishlarini aytib o‘tganligi  olimlarda katta qiziqish uyg‘otgan. Hozirgi zamonda nevrozning ayrim turlari mutafakkir aytgandek rivoj lanadi. Ibn Sino shunday degan edi: «Barcha ruhiy kuchlarning manbai va ta’sir qiladigan joyi asabdir, uni ortiqcha zo‘riqtirish turli kasalliklarga olib keladi. 
        Bosh miya butun organizm faoliyatini boshqaradi va ruhiyat manbai hisoblanadi». Ibn Sino risolalarida asab markazlari ichki a’zolardan maxsus uzun tolalar orqali ma’lumot olib turishi va ularning faoliyatini boshqarishi haqidagi ma’lumotlarni uchratamiz. Fikrimizcha, Ibn Sinoning tana va ruhiyatning yagonaligi haqidagi qarashlari hozirgi kunda zamonaviy tibbiyot yutuqlari sababli to‘la tasdiqlanib, psixosomatik tibbiyot deb ataluv chi fanga asos soldi. 
Ibn Sino «Xotira buzilishi bosh miyaning orqa qismi, tafakkur buzilishi miyaning o‘rta qismi, idrok buzilishi esa miya qorinchalari  zararlanishi bilan bog‘liq», deb fikr yuritgan. U depressiya, epilepsiya, ong buzilishlari, gallyutsinatsiya, alahsirash, tafakkur va xotira buzilishlari haqida ko‘p yozgan hamda ularning turlarini ajratib o‘rgangan.
         Sharqlik yana bir buyuk alloma Ismoil Jurjoniy (1042–1136) ham bizga katta meros qoldirdi. U Xorazmda yashab ijod qiladi va tibbiyotga oid bir qancha asarlar yozdi. Ulardan eng mashhurlari «Ibn Sino haqida so‘z», «Xorazmshoh xazinasi» va «Xastaliklarni aniqlash usullari»dir. Bu asarlar ichida «Xorazmshoh xazinasi» Jurjoniyga katta shuhrat keltirdi. Tarixchilar bu asarni Ibn Sinoning «Tib qonunlari» asariga mohiyatan yaqin qo‘yganlar. Bu kitob 10 qismdan iborat bo‘lib, unda tibbiyot va bemorlar psixologiyasiga bag‘ishlangan bir qancha fikrlar bayon qilingan. 
          Qadimgi Sharqda ilmfan va tibbiyot gurkiragan bo‘lsa, Evropa mamlakatlari fanida turg‘unlik hukmron edi. Evropa fanidagi turg‘unlik ayniqsa, V–XV asrlarga to‘g‘ri kelgan (deyarli ming yil). XVI asrdan boshlab, Evropada aniq fanlar rivojlana boshladi va tibbiyotda ham buyuk kashfiyotlar qilindi. Shuning uchun ham XVI–XVII asrlar Evropada Uyg‘onish davri deb ataladi. Bu davrda biologiya va fiziologiya sohasida buyuk olimlar etishib chiqdi (A. Vezaliy (1514–1564), V. Xarvey (1578–1657) va boshqalar). A. Vezaliy (1543) bosh miyani ochib o‘rganib, o‘zining dastlabki xulosalarini chop etadi va «Ruhiy jarayonlar miya suyuqliklari bo‘ylab oqadi», degan fikrni ilgari suradi. 
       Miya haqidagi qarashlar o‘zgarishiga va umuman olganda, psixologiya va fiziologiya fani rivojlanishiga frantsuz mutafakkiri Rene Dekart (1596–1650) kashfiyotlari katta turtki bo‘ldi. U organizm bilan muhit orasidagi reflektor munosabatlarni o‘rgandi va ruhiy faoliyatning fiziologik asoslarini isbotlashga intildi. Dekart «Yurak qontomir faoliyati mexanika qonunlariga bo‘ysungan holda boshqarilib turadi», degan fikrni o‘rtaga tashladi. Hayvonlar xulqatvori, odamning harakat faoliyati reflektor tarzda, mushaklar harakati esa tashqi ruhiy ta’sirlarsiz, ya’ni asab tola lari orqali boshqarilib turishi, organizmda kechadigan fiziologik jarayon lar ruhga bog‘liq emasligini o‘z tajribalarida isbotlab berdi. Dekart sezgi va hissiyotning qanday yuzaga kelishini tushuntirib, «Ongli ruhni» tanadan chiqarib tashlab bo‘lmaydi va u faqat odamga taalluqlidir», deydi.
        Shunday qilib, Dekart sezgi a’zolarining ta’sirlanishi va mushaklarning javob reaksiyasi orasidagi bog‘liqlikni o‘rganib, reflektor yoy haqidagi ta’limotga asos soldi. Chexiyalik atoqli olim, fiziolog I. Proxozka (1749–1820) Dekart ta’limotiga asoslangan holda fanga «refleks» (aks ettirish) degan tushunchani kiritdi. I. Proxozka reflektor yoy tuzilishini ta’riflab bergan. U oliy nerv faoliyati va ruhiy faoliyat reflektor tarzda boshqarilishini yanada chuqur o‘rgandi. Afsuski, o‘sha paytdagi ilmfanning rivojlanish darajasi reflekslar haqidagi ta’limotni tadqiqotlar asosida to‘la isbotlab berishga qodir emas edi. Bosh miya faoliyatini reflektor mexanizmlarga bog‘lab tushuntirib berish imkoniyatlari yo‘q edi. Shuning uchun ruhiy faoliyat asab tizimining fiziologik faoliyatidan ayro holda o‘rganildi. Buning natijasida odam organizmida tana va ruh birbiriga bog‘liq bo‘lmagan narsalar, deb hisoblandi.
        Avstriyalik vrach va anatom Frants Gall (1758– 1828) odam miyasi tuzilishini o‘rganib, bosh miyaning frenologik xaritasini yaratdi. U birinchilardan bo‘lib bosh miya katta yarim sharining kulrang va oq moddasini birbiriga bog‘liq bo‘lgan alohida tuzilmalar degan g‘oya  ga asoslandi. F. Gall bosh miya po‘stlog‘ida 40 ga yaqin ruhiy funksiya markazini joylashtirdi va ularning faoliyatini bosh miya pushtalari (bo‘rtiklari) bilan bog‘ladi. 
   Olim harakat, ko‘ruv, eshituv va sezgi markazlari bilan birgalikda miyada xotira, tafakkur, sevgi, kamtarlik, donolik, ayyorlik markazlarini ham joylashtirdi. Uning fikricha, yuqori qobiliyatli odamlarning miyasidagi bo‘rtiklar kuchli rivoj langan va, aksincha, kimning tafakkuri past bo‘lsa, uning miyasi silliq bo‘ladi. XIX asrning o‘rtalarida psixologiya rivojlanishiga bu sohadagi katta o‘zgarishlar sabab bo‘ldi. Bu davrda  gipnoz haqida ta’limot yaratildi va Mesmer uning asoschisi hisob lanadi. Gipnoz tushunchasini 1843yili angliyalik jarroh Jeyms Bred taklif qilgan. Mesmer gipnozda kuzatiladigan hodisalarni «magnetizm» bilan bog‘lagan. 
        Nevrologiya fani asoschisi bo‘lgan frantsiyalik olim Jan Marten Sharko (1825–1893) inson ruhiyati bilan juda qiziqqan. Sharko dunyoqarashi juda keng olim bo‘lib, nafaqat nevrologiya va psixologiya, balki falsafa, adabiyot, musiqa va rassomchilik bilan ham qiziqqan. Sharko o‘z kitoblariga o‘zi rasmlar chizgan. Uning mashhurligi Evropada shu darajaga borib etadiki, unga hatto “Nevrologiya Napoleoni” deb taxallus berishadi. Sharko Evropa qirollari va qirolichalarining shaxsiy vrachi bo‘lgan. 
       O‘sha paytlari nevrologiya sohasini tanlagan yoshlar orasida “Kim Sharko ma’ruzalarini eshitmagan ekan, demak, u nevrolog emas” degan iboralar keng tarqalgan. Nafaqat Evropa, balki boshqa davlatlardan ham nevrologlar bir marotaba bo‘lsada, Sharkoning ma’ruzalarida ishtirok etish uchun Frantsiyaga intilishgan. Sharko psixologiyaga shu qadar qiziqqanki, qanday nevrologik kasallik bo‘lmasin, ularni davolashda psixologik ta’sir qilish usullarini targ‘ib qilgan va qo‘l lagan. 
        Sharko og‘ir ataksiya holatida yotgan bemorga psixologik ta’sir qilib, turg‘izib yuborgan. Sharko asab va ruhiyat borasida ko‘p ilmiy asarlar yaratgan. Isteriyaning har bir klinik ko‘rinishi va ushbu belgilarning organik simptomlardan farqini juda mukammal ifodalab bergan. U juda kuchli gipnozchi ham bo‘lgan. Sharko gipnoz negizida fiziologik jarayonlar yotadi, deb yozgan. Gipnoz bilan mashhur nevrologlar va psixiatr lar shug‘ullanishgan. Ulardan J.Sharko, Benedikt, Forel, Levenfeld, Mopassan, S.S. Korsakov, Mebius va V.M. Bexterevlar nomi mutaxassislarga yaxshi ma’lum. 
        Z. Freyd gipnoz texnikasini o‘rganish uchun Parijga, Sharko yoniga keladi. Sharko ma’ruzalaridan ilhomlangan Freyd shunday deb yozgan edi: “Menga hech kim Sharko darajasida ta’sir ko‘rsata olmagan. U inson miyasiga oid g‘oyalari bilan meni shu qadar o‘ziga rom qilar ediki, bunday inson oldida doim qolib ketishga meni rozi edim”. Psixologiya tarixida o‘chmas iz qoldirgan yana bir siymo – bu Zigmund Freyd (1856–1939). Z. Freyd aslida nevrolog bo‘lgan va keyinchalik o‘z ishlari bilan psixoanaliz asoschisi sifatida nom qozongan. U 1856yili 6mayda Avstriya imperiyasiga qarashli Frayburg shahrida dunyoga keladi. 1860yili Freydlar oilasi Venaga ko‘chib o‘tishadi va Z. Freyd umrining oxirigacha Avstriyada yashab ijod qiladi. 
         Fizika, biologiya, tarix va falsafaga o‘ch bo‘lgan Z. Freyd doimo tabiatda bo‘ladigan hodisalarning o‘zini o‘rganibgina qolmasdan, ularning sabablarini izladi. Freyd avvaliga mashhur olim Ernst Bryukk (18191892) qo‘l ostida fiziologiya sirlarini o‘rgandi. U ilmiy ish bilan shug‘ullanib, orqa miya fiziologiyasi bo‘yicha o‘z bilimini oshira boshlaydi. Lekin yosh olim ko‘p bolali oilada tavallud topganligi uchun moddiy tomondan juda qiynalib qoladi va ilmiy ishni tashlab, amaliy nevrologiya sohasida ishlab, har kuni 810 soatlab bemorlarni qabul qiladi. Tibbiy amaliyotda olgan tajribalarini ilmiy tomondan o‘rganib, tez orada mashhur nevropatolog vrach bo‘lib nom chiqaradi. 
       O‘sha paytlari bemorlarni davolashdagi fizioterapevtik usullarni Z. Freyd ham ko‘p qo‘llagan va bi roq keyinchalik bu usullar uni qoniqtirmagan. U gipnoz bilan qiziqadi va bu usulni Josef Breer (1842–1925) va J. M. Sharkodan o‘rganib, bemorlarni davolashda keng tadbiq qiladi. Bolalar serebral falaji, afaziyalar bilan qiziqib, bir nechta maqolalar ham chop etadi. 1861yili motor nutq markazini kashf qilgan Pol Brok (1824–1880) nutq buzilishini «afemiya» deb ataydi. Z. Freyd motor afaziya haqida so‘z yuritib, «Transkortikal motor afaziyada bemorning gapira olmaslik sababi, Brok markazining funktsional faoliyati pasayishidir», deydi. Z. Freyd fanda yangi yo‘nalish, ya’ni psixoanalizni yaratadi. U ruhiy asabiy buzilishlar sabablari bilan qiziqdi, isteriyani mukammal o‘rgandi, bu kasallikka chalinganlarni psixologik ta’sir qilish yo‘llari bilan davolay boshladi. Ongsizlik haqida ta’limot yaratdi. Seksual hayotning ruhiy faoliyat bilan uzviy bog‘liqligini o‘rgandi.
        Z. Freyd fan olamida mard olimlardan biri edi. Agar uning dunyoqarashiga zid va isbotlangan yangi dalillar paydo bo‘lsa, ularni o‘ziga xos mardlik bilan qabul qilardi. Masalan, isteriyalarni faqat seksual buzilishlar nuqtai nazaridan tushuntirib bergan Z. Freyd birinchi jahon urushida juda ko‘p askarlar orasida isterik simptomlarni kuzatgan, urushdan qaytgandan so‘ng esa ularda isteriya belgilari yo‘q bo‘lib ketgan. Bu holatni o‘rgangan Freyd panseksualizm g‘oyasidan chekindi. Shuni ta’kidlash lozimki, mashhur fiziolog I.P. Pavlovning eksperimental nevrozlar konsepsiyasini yaratish g‘oyasiga Freydning shu sohaga taalluqli maqolasi ham turtki bo‘lgan.
        Freyd isterik nevrozlar kelib chiqishida I.P. Pav lov ning tormozlanish va qo‘zg‘alish jarayonlari haqidagi ta’limotini yuqori baho lagan. Z. Freyd katta bir maktab yaratdi va buning natijasida fanda freydizm yo‘nalishi paydo bo‘ldi. Bu haqda kitobning «ongsizlik» qismida batafsil ma’lumot beramiz. Uning dastlabki safdoshlari va shogirdlari Alfred Adler (1870–1937) va Karl Gustav Yung (1875–1961) bo‘lgan. Ular nevrotik shaxs shakllanishiga oid o‘z nazariyalarini ilgari surishdi. A. Adler fanda individual psixologiya g‘oyasini ko‘tarib chiqqan bo‘lsa, K.G. Yung o‘z e’tiborini analitik psixologiyaga qaratdi. Shunday qilib, ming yillik tarixga ega miya va ruhiyat orasidagi bilim keyinchalik “Tibbiyot psixologiyasi” fani rivojlanishiga turtki bo‘ldi. O‘sha davrlarda parallel tarzda “Klinik psixologiya” yo‘nalishi ham paydo bo‘ldi. 
         Hanuzgacha dunyo olimlari orasida tibbiy psixologiya bilan klinik psixologiyaning maqsad va vazifalari haqida bahsmunozaralar davom etmoqda. Chunki bu ikka la yo‘nalishning o‘xshash tomonlari juda ko‘p. Endi klinik psixologiya tarixiga murojaat qilsak. Bu fan aslida tibbiyotga aloqasi bo‘lmagan olimlar tomonidan yaratildi. Ular umumiy psixologlar edi. AQSh va evropalik olimlar klinik psixologiya yaratilishi tarixini XIX asrning so‘nggi yillari bilan bog‘lashadi. 
         1896 yili Germaniyaning Leypsig shahrida o‘qib qaytgan amerikalik psixolog Laytner Uitmer Laytner Uitmer Pensilvaniya shtatida dunyoda birinchi bo‘lib “Psixologik klinika” ochadi. Ha, klinik psixologiya emas, psixologik klinika. L. Uitmer bu erda xulqatvori og‘ir bolalar psixodiagnostikasi va psixokorreksiyasi bilan shug‘ullanadi. XX asr boshiga kelib AQShning bir qator universitetlarida psixologik klinikalar faoliyat ko‘rsata boshlaydi va klinik psixologlar tibbiy gospitallarga ishga olinadi. 
         XX asr boshlarida bu yo‘nalish davomchilari Evropada ham paydo bo‘ladi va ular aynan klinikalarda psixologik yordam tizimini yo‘lga qo‘yish bilan shug‘ullanishadi. Umumiy psixologlardan farqli o‘laroq, klinikalarda faoliyat ko‘rsatuvchi psixologlarni “Klinik psixolog” deb atash taklifi o‘rtaga tashlanadi. Biroq o‘sha davrning atoqli nemis psixiatrlari Emil Krepelin va uning shogirdi Ernst Krechmer bunday yondashuvni qo‘llab quvvatlashmaydi. Ular umumiy psixologlarning klinik psixolog qiyofasida tibbiyotga kirib kelishiga e’tiroz bildirganlar. 
        Emil Krepelin (1856–1926) klinik psixiatriya va patopsixologiya yo‘nali shida yirik olim bo‘lib, nafaqat bir qator ruhiy kasalliklar, balki turli xil nevrologik va psixopatologik sindromlarga ham nom bergan, ularning klinikasini yozib sistemalashtirgan. Alsxaymer kasalligi, oligofreniya, dismorfofobiya kabi tibbiy terminlarni fanga u kiritgan. E. Krepelin psixiatriya amaliyotida psixologik usullarni keng qo‘llagan va barcha psixiatrlarni psixologiya ilmini ham chuqur egallashga chorlagan. Emil Krepelin da’vatlari e’tiborsiz qolmadi.
    Ernst Krechmer (1888–1964) tibbiyot psixologiyasini rivojlantirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Olim 1922yili “Tibbiyot psixologiyasi” darsligini chop qildiradi va shu sanani tarixchilar tibbiyot psixologiyasiga asos solingan yil deb hisoblashadi. E. Krechmerni ko‘pchiligimiz psixiatr va tibbiy psixolog sifatida bilamiz. Biroq u Birinchi jahon urushi davrida harbiy gospitalda “Nevrologiya klinikasi”ni tashkil qiladi va uni o‘zi boshqaradi. Nevrologiya sohasidagi ishlari yuksak baholangan 38 yoshli E. Krechmer 1926yili Marburg universiteti ning nevrologiya va psixiatriya kafedrasiga ishga qabul qilinadi. Olim uzoq yillar (1946–1959 yy.) mobaynida Tyubingem universitetida nevrologiya klinikasini boshqaradi. 
          Biz o‘sha davr olimlari hayotiga bir nazar tashlaydigan bo‘lsak, ko‘zga ko‘ringan yirik olimlar, yani Z.Freyd, E. Krechmer, P.Fleksig, V.M. Bexterevlar nevrologiya, psixiatriya va psixologiya sohasida faoliyat olib borishgan, ko‘plab asarlar yozishgan. Tom ma’noda olganda,  miya va ruhiyatni bir-biridan ayro deb bilishmagan va ular asab va ruhiyat borasida yirik asarlar yaratishgan. E. Krechmer klassik tibbiyotchilar ta’kidlaganidek “Har bir vrach psixolog bo‘lishi kerak” degan tashabbusni o‘rtaga tashlaydi va uni barcha soha vrachlariga o‘qitish zarurligini o‘z ma’ruzalarida va yozgan asarlarida doim uqtiradi. 
        E. Krechmerning maqsadi tibbiyot psixologiyasini boshqa soha vrachlariga ham yaqinlashtirish edi. Uning “Tibbiyot psixologiyasi” darsligi juda ko‘p tillarga tarjima qilinadi va birin-ketin “Tibbiy psixologiya” kafedralari tashkil etiladi. Biroq umumiy psixologlar tomonidan parallel tarzda tibbiyotga aloqasi bo‘lmagan universitetlarda “Klinik psixologiya” kafedralari ham tashkil etiladi va keyinchalik shu nomli fakultetlar ochiladi. Shunday qilib, boshqa universitetlarda klinik psixolog, tibbiyot universitetlarida esa tibbiy psixolog tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi va bu holat hanuzgacha davom etmoqda.    Psixiatrlarning qattiq qarshiligiga uchragan klinik psixologlar o‘z nigohlarini somatik klinikalarga qaratishadi. Tan olish lozimki, tibbiy psixologiyaga qaraganda klinik psixologiya jadalroq rivojlandi va bunda umumiy psixologlarning hissasi katta. 
          Endi ikki og‘iz so‘z psixosomatik tibbiyot haqida. XX asr boshida somatik klinikalarda psixologik yordamning yo‘lga qo‘yilishi Evropa va AQSh da psixosomatik tibbiyot rivojlanishiga katta turtki bo‘ldi. 1818yili germaniyalik vrach YogannXristian Xaynrot (1773–1843) birinchi bo‘lib “psixosomatika” iborasini qo‘llaydi. 1939yili  AQSh da “Psixosomatik tibbiyot” nomli jurnal ta’sis etiladi. Biroq o‘sha yillari boshlangan Ikkinchi jahon urushi bu yo‘nalishni ancha to‘xtatib qo‘yadi. 
        1950 yili AQShda “Amerika psixosomatik tibbiyot jamiyati” tuziladi. Bu jamiyatga nafaqat psixiatr va psixologlar, balki psixosomatik tibbiyotga qiziqish bildirgan turli soha vrachlari ham a’zo bo‘lishadi. Ushbu jamiyatda klinik tibbiy psixologiya, psixosomatik tibbiyot va psixoterapevtik yordam bilan bog‘liq barcha tayanch iboralar, atamalar va boshqa muammolar echimi hamkorlikda muhokama qilinadi. Bu borada rivojlanish juda yaxshi davom etadi. O‘sha paytda, ya’ni 1950yili amerikalik psixoanalitik Frants Aleksanderning (1891–1964) “Psixosomatik tibbiyot” nomli kitobi nashr etiladi. Bu kitob ham ko‘p tillarga tarjima qilingan. 
        Albatta, Evropa ham psixosomatik tibbiyot borasida jadal ishlarni boshlab yuboradi. 1950yili Germaniyaning Xaydelberg shahrida Aleksandr Micherlix (1908–1982) Evropada birinchi bo‘lib «Psixosomatik tibbiyot»klinikasini ochadi. 1954yili Xamburgda «Psixosomatik tibbiyot va psixoanaliz» jurnalining birinchi soni nashrdan chiqadi. 1950–1960yillar ichida Evropaning deyarli barcha davlatlarida bir nechtadan “Psixosomatik tibbiyot va psixoterapiya” klinikalari tashkil qilinadi. Albatta, bunday markazlarning asosiy xodimlari tibbiy yoki  klinik psixolog lar bo‘lishsada, u erda tibbiyotning boshqa yo‘nalishidagi vrachmutaxassislar ham faoliyat ko‘rsatishgan. 
        Ta’bir joiz bo‘lsa, 1960 yildan hozirgacha bo‘lgan tarixiy davrlarni 3 bosqichga bo‘lib o‘rganish zarur, deb hisoblaymiz. Birinchi davr – 1960-1990-yillar. Tinch va sokin hayot davri. Ikkinchi jahon urushidan keyin yirik davlatlarda ijtimoiy hayotga urg‘u berila boshlandi. Bu davr ichida nafaqat rivojlangan, balki rivojlanayotgan davlatlarda tibbiy (klinik) psixologiya, psixosomatik tibbiyot va psixoterapiya yanada rivojlandi. Barcha universitetlarda tibbiyot psixo logiyasi va psixoterapiya kafedralari, klinik psixologiya fakultetlari tashkil etildi. Eng asosiysi, tibbiy (klinik) psixologlarning amaliyotdagi faoliyati sezilarli darajada oshdi. Klinik psixologiya va tibbiyot psixologiyasining o‘zi bir necha tarmoqlarga bo‘linib, turli xil jamiyatlar, ya’ni psixosomatik tibbiyot, neyropsixologlar, psixoterapevtlar, somnologlar, psixoanalitiklar, suitsidologlar, sotsial psixologlar, patopsixologlar, gipnoterapevtlar jamiyatlari ko‘paydi. 
       Ikkinchi davr – bu 1991–2000-yillar. Ijtimoiy tuzumlar qulab, yangi davlatlar paydo bo‘lishi davri. Ancha turg‘un bo‘lgan ijtimoiy tuzumlar quladi, jamiyat va uning qonunlariga qarashlar o‘zgardi, millatlararo va dinlararo nizolar paydo bo‘ldi. Evropa va MDH davlatlarini qamrab olgan bunday inqilobiy o‘zgarishlar kuchli ijtimoiy psixologik muammolarni keltirib chiqardi, davlatlar ichida kichikkichik kelishmovchiliklar yuzaga keldi, stress kasalliklari avj oldi va o‘z joniga suiqasd qilish ko‘paydi. Yangi paydo bo‘lgan davlatlar va ijtimoiy muhit ko‘p muammolarga yangi psixologik yondashuv uslublarini ishlab chiqishni taqozo etdi. 
        Uchinchi davr – 2001–2018-yillari. Ijtimoiy bo‘hronlar va terroristik xavf-xatar davri. Sharq davlatlarida yuzaga kelgan ijtimoiy portlashlar, terrorizm, xalqlar orasida migratsiyaning kuchayishi, lokal va yirik hududlarni qamrab olgan harbiy nizolar psixologlar oldiga katta vazifalarni qo‘ydi. Ayniqsa, xalqlarning bir ijtimoiy tuzumdan ikkinchi ijtimoiy tuzumga migratsiyasi migrantlarga ham, mahalliy aholi vakillariga ham katta ijtimoiypsixologik qiyinchiliklarni keltirib chiqardi, turli diniy konfessiyalar assimilyatsiyasi bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘ldi, o‘z joniga qasd qilishlar yanada

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив