TIBBIYoT PSIXOLOGIYaSI FANI HAQIDA TUShUNChA
Tibbiyot psixologiyasi, tom ma’noda, bemor psixologiyasini o‘rganuvchi fandir. Lekin bu ta’rif uning barcha imkoniyatlarini qamrab bera olmaydi, albatta. Chunki u sog‘lom kishilarda kasallikni keltirib chiqaruvchi barcha tashqi va ichki omillarni o‘rganadi hamda ularning sabablarini izlaydi. Tibbiyot psixologiyasi chegara bilmas, keng qamrovli fandir. U uzoq tarixga ega bo‘lib, o‘zining rivojlanish bosqichida bir nechta davrlarni bosib o‘tdi. Tibbiyot psixologiyasi quyidagi asosiy masalalarni o‘rganadi: 1) bemor va tibbiyot xodimi shaxsi, ular orasidagi o‘zaro munosabatlar; 2) psixoprofilaktika, psixogigiena va deontologiya muammolari; 3) shifokor siri va etikasi; 4) yosh bilan bog‘liq tibbiypsixologik muammolar; 5) sezgi, idrok, diqqat, xotira, shaxs, xulqatvor, temperament, stress, hissiyot, tafakkur, ong; 6) psixodiagnostika; 7) psixosomatik sindromlar; 8) turli kasalliklarda bemorlar psixologiyasi; 9) psixofarmakoterapiya; 10) psixoreabilitatsiya tamoyillari. Tibbiyot psixologiyasini boshqa tibbiyot fanlaridan ajratib o‘rganish xato bo‘lur edi. Har qanday kasallik asosiy davolash choralaridan tashqari, bemorga ruhiy ta’sir qilishni ham taqozo etadi. Masalan, operatsiyaga tayyorlanayotgan bemorni jarroh yaxshi so‘zlar bilan tinchlantirib, operatsiyaning muvaffaqiyatli o‘tishi va undan so‘ng sog‘ayib, oyoqqa turib ketishiga ishontiradi.
Operatsiyadan so‘ng ham bemor bilan suhbatlashish, asosan, uning ruhini ko‘tarish va asabini tinchlashtirishga yo‘naltiriladi. Bu ish bilan albatta, jarrohning o‘zi va boshqa tibbiyot xodimlari shug‘ullanadi. Homilador ayolning tug‘ish paytidagi ruhiy holati, ayniqsa, alohida psixologik yondashuvni talab etadi. Qo‘rquvdan to‘lg‘oqning qaytib ketish hollari ham ko‘p uchraydi. Tug‘ayotgan ayoldagi qo‘rquvni psixologik suhbatlar bilan tinchlantirib yo‘qotish mumkin. Shu bois ham xorij davlatlarida tug‘ishdan oldin ayolning tibbiy psixolog ko‘rigidan o‘tishi standartga kiritilgan. Yoki teri-tanosil kasalliklarini olaylik. Kuchli psixoemotsional stressdan so‘ng terida paydo bo‘ladigan qichimalarni kuchli gormonal surtmalarni ishlatib ham yo‘qotib bo‘lmaydi. Lekin platseboterapiya va psixoterapiya usullarini qo‘llab, bemorni oylab, ba’zan yillab qiynab kelayotgan qichima dardidan xalos etish mumkin.
Ma’lumki, qattiq ruhiyhissiy zo‘riqishdan so‘ng qandli diabet, gipertoniya, miokard infarkti, insult kabi og‘ir kasalliklar rivojlanadi. Hatto oshqozon ichak yarasi, qon kasalliklari ba’zan ruhiy zo‘riqishlardan so‘ng paydo bo‘ladi. Har qanday kasallikda stress omili albatta bor. Demak, har bir vrach tibbiy psixologiya ilmini yaxshi egallagan bo‘lishi kerak. Bemorning ruhiyati sog‘lom odamnikidan farq qiladi. Har kim betoblikka turlicha munosabatda bo‘ladi. Kimdir qattiq siqiladi va o‘z ahvolini o‘zi og‘irlashtiradi, boshqa birov tuzalishdan umidini uzib, taqdirga tan beradi, uchinchisi esa sog‘ayib ketishiga ishonadi. Bu, albatta, bemor shaxsiyati va temperamentiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Demak, bemorni davolashga kirishayotgan har bir vrach uning qanday temperament (xolerik, sangvinik, melanxolik, flegmatik) egasi ekanligi va qaysi shaxs tipiga mansubligiga e’tibor qaratishi lozim.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha