STRESS VA UNING BOSQIChLARI
«Stress» so‘zi odatdagi turmushda va tibbiy atamashunoslikda ancha keng tarqalgan. «Stress» deganda ruhiy zo‘riqish va hayajonlanish tushuniladi. Odam qattiq siqilsa: «Kecha men stressga uchradim», deydi. Bu so‘zni turmushda ishlatish shunga olib keldiki, XX asr oxiriga kelib, «stress» so‘zi ishlatilganda odamlar faqat salbiy ruhiy zo‘riqishni tushunadigan bo‘lib qolishdi. Aslida «stress» so‘zini faqat salbiy ma’noda tushunish noto‘g‘ridir. «Stress» atamasini 1936 yili fanga kanadalik fiziolog olim G. Sele (1907–1982) kiritgan.
Stress – organizmning stressorga nisbatan javob reaktsiyasi. Hayot bor joyda stress bor, uning bo‘lmasligi o‘lim deganidir (G.Sele, 1956).
Stress aslida «hayot» tushunchasiga hamohang. G. Sele bu muammoni ochiq-oydin yoritib berdi. Stress odam uchun xavf tug‘dirmaydi. Distress xavflidir. Distress – organizmda psixofiziologik jarayonlarni izdan chiqaruvchi va unga falokatli ta’sir ko‘rsatuvchi negativ omil. Stress esa ijobiy va salbiy turlarga ajratiladi. Lekin fiziologik nuqtai nazardan olganda, organizmning kuchli shodlikka va qayg‘uga javob reaktsiyasi bir xil bo‘ladi.
«Stress kasalliklari» degan tushuncha noto‘g‘ridir, «distress kasalliklari» deyilsa, to‘g‘riroq bo‘ladi, degan edi G. Sele. G.Sele stressni 3 ta asosiy bosqichga ajratgan:
- 1-bosqich – xavotirlanish bosqichi. AQB va tana harorati pasayadi, kapillyarlar qon bilan to‘lishadi, qonda qand miqdori kamayadi, alkaloz kuzatiladi, oshqozon-ichak sistemasida funktsional o‘zgarishlar paydo bo‘ladi.
- 2-bosqich – qarshilik ko‘rsatish bosqichi. Alkaloz atsidoz bilan, gipoglikemiya giperglikemiya bilan, arterial gipotoniya gipertoniya bilan almashadi, tana harorati ko‘tariladi va buyrak usti bezi qobig‘i shishadi, kortikosteroidlar ko‘plab ajralib chiqadi.
- 3-bosqich – toliqish bosqichi. Yurak mushaklarida distrofik o‘zgarishlar kuzatiladi, oshqozon-ichak sistemasida yarachalar paydo bo‘ladi, ularga nuqtasimon qon quyiladi.
Stress qanday qilib distressga o‘tadi? Haddan tashqari umumiy moslashuv sindromi qanday qilib yuzaga keladi? Bu muammolar hozirgi kunda olimlar tomonidan yana o‘rganib kelinmoqda. G.Sele ta’biri bilan aytganda, odamni yoshligidan «paxtaga o‘rab-chirmash», ya’ni uni muammolardan asrab-avaylash umumiy moslashuv sindromining pasayishiga olib keladi. Bunda stress distressga o‘tishi mumkin.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha