STRESS


Endi hissiyotga bevosita bog‘liq bo‘lgan stress haqida fikr yuritamiz. «Stress» so‘zi odatdagi turmushda va tibbiy atamashunoslikda ancha keng tarqalgan. «Stress» deganda ruhiy zo‘riqish va hayajonlanish tushuniladi. Odam qattiq siqilsa: «Kecha men stressga uchradim», deydi. Bu so‘zni turmushda ishlatish shunga olib keldiki, XX asr oxiriga kelib, «stress» so‘zi ishlatilganda odamlar faqat salbiy ruhiy zo‘riqishni tushunadigan bo‘lib qolishdi. Aslida «stress» so‘zini faqat salbiy ma’noda tushunish noto‘g‘ridir. «Stress» atamasini 1936 yili fanga kanadalik fiziolog olim G. Sele (1907–1982) kiritgan.
     
Stress – organizmning stressorga nisbatan javob reaktsiyasi. Hayot bor joyda stress bor, uning bo‘lmasligi o‘lim deganidir (G.Sele, 1956). 
  Gans Sele (1907–1982)

    Stress aslida «hayot» tushunchasiga hamohang. G. Sele bu muammoni ochiq-oydin yoritib berdi. Stress odam uchun xavf tug‘dirmaydi. Distress xavflidir. Distress – organizmda psixofiziologik jarayonlarni izdan chiqaruvchi va unga falokatli ta’sir ko‘rsatuvchi negativ omil. Stress esa ijobiy va salbiy turlarga ajratiladi. Lekin fiziologik nuqtai nazardan olganda, organizmning kuchli shodlikka va qayg‘uga javob reaktsiyasi bir xil bo‘ladi. 
    «Stress kasalliklari» degan tushuncha noto‘g‘ridir, «distress kasalliklari» deyilsa, to‘g‘riroq bo‘ladi, degan edi G. Sele. G.Sele stressni 3 ta asosiy bosqichga ajratgan:
  • 1-bosqichxavotirlanish bosqichi. AQB va tana harorati pasayadi, kapillyarlar qon bilan to‘lishadi, qonda qand miqdori kamayadi, alkaloz kuzatiladi, oshqozon-ichak sistemasida funktsional o‘zgarishlar paydo bo‘ladi.
  • 2-bosqich – qarshilik ko‘rsatish bosqichi. Alkaloz atsidoz bilan, gipoglikemiya giperglikemiya bilan, arterial gipotoniya  gipertoniya bilan almashadi, tana  harorati ko‘tariladi va buyrak usti bezi qobig‘i shishadi, kortikosteroidlar ko‘plab ajralib chiqadi. 
  • 3-bosqich – toliqish bosqichi. Yurak mushaklarida distrofik o‘zgarishlar kuzatiladi, oshqozon-ichak sistemasida yarachalar paydo bo‘ladi, ularga nuqtasimon qon quyiladi. 
     Demak, stress organizmning umumiy moslashuv sindromidir. Unda kuzatiladigan nospetsifik reaktsiyalarni  G.Selegacha ham tadqiq qilishgan, lekin organizmda kechadigan patofiziologik o‘zgarishlar bilan stress orasida bog‘liqlik darajasiga e’tibor berilmagan. Ushbu rasmda stressning ichki a’zolar faoliyati va ichki sekretsiya bezlari bilan munosabati ko‘rsatilgan.
 Stress qanday qilib distressga o‘tadi? Haddan tashqari umumiy moslashuv sindromi qanday qilib yuzaga keladi? Bu muammolar hozirgi kunda olimlar tomonidan yana o‘rganib kelinmoqda. G.Sele ta’biri bilan aytganda, odamni yoshligidan «paxtaga o‘rab-chirmash», ya’ni uni muammolardan asrab-avaylash umumiy moslashuv sindromining pasayishiga olib keladi. Bunda stress distressga o‘tishi mumkin



Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.  
           © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
              ©asab.cc


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив