Sezgini tekshirish usullari
Sezgini tekshirish paytida quyidagilarga amal qilish kerak: 1) xona juda issik yoki sovuq bo‘lmasligi, ya’ni mo‘tadil harorat ta’minlangan bo‘lishi; 2) bemorning fikri chalg‘imasligi uchun uning ko‘zlari yumuq holatda bo‘lishi; 3) tanaga ko‘rsatilayotgan ta’sirotlar (masalan, nina sanchish, vata bilan tekshirish) bir xil kuchga ega bo‘lishi; 4) sezgi tananing simmetrik qismlari hamda oyoq-qo‘llarning distal va proksimal qismlarida tekshirilishi; 5) chuqur sezgini tekshirish mayda bo‘g‘imlardan boshlanishi; 6) sezgi buzilgan chegaralar to‘la aniqlanishi; 7) olingan ma’lumotlar bir-biri bilan solishtirib ko‘rilishi kerak.
A. Yuzaki sezgini tekshirish
- Og‘riq sezgisini tekshirish. Og‘riq sezgisi nina sanchish orqali o‘rganiladi. Sinaluvchidan ko‘zlarini yumib erkin o‘tirish so‘raladi. Vrach tekshirish zarur bo‘lgan joylar va simmetrik sohalarga nina sanchib tekshiradi. Ninani kuchli sanchish mumkin emas. Bu maqsadda to‘g‘nog‘ichdan foydalaniladi. Tekshirish natijasini bilish uchun “nina sanchilgani sezildimi?”, “qaysi tomonda o‘tkir yoki o‘tmas?”, deb so‘raladi. Shu yo‘l bilan og‘riq sezgisi saqlangan, pasaygan, yo‘qolgan yoki kuchayganligi bilib olinadi.
2. Harorat sezgisini tekshirish. Harorat sezgisi issiq (40-50°C) va sovuq (20-25°C) suv solingan ikkita probirka yordamida tekshiriladi. Sinaluvchi ko‘zlarini yumadi. So‘ngra issiq va sovuq suv solingan probirkalar tekshirilayotgan joyga ketma-ket tegiziladi. Sinaluvchidan qaysi probirka issiq, qaysi biri sovuq deb so‘raladi. Sog‘lom odamda issiq va sovuqni farqlash saqlangan bo‘ladi. Normal holatda odam 2-3°C li farqni sezmasligi mumkin. Harorat sezgisi buzilgan bemor 10-20°C farqni seza olmaydi. Harorat sezgisini tekshirishda termoesteziometrdan ham foydalaniladi. Ba’zi kasalliklarda, masalan siringomiyeliyada bemor issiq-sovuqni sezmaydi va shu bois kuyganini bilmay qoladi.
- Taktil sezgini tekshirish. Sinaluvchi ko‘zlarini yumadi. Tekshirish zarur bo‘lgan sohaga momiq paxta yoki yumshoq qog‘oz uchi tegizib yurgizadi. Normada bu sezgi saqlangan bo‘ladi.
B. Chuqur sezgini tekshirish
- Passiv harakatlar sezgisi. Passiv harakatlar sezgisini tekshirish qo‘l va oyoqlarning mayda bo‘g‘imlaridan boshlanadi. Sinaluvchidan ko‘zlarini yumish so‘raladi. Vrach uning bitta barmog‘ini ushlab pastga, tepaga va yon tomonlarga ohista bukadi. Normada bo‘g‘imlarning qaysi tomonga harakatlantirilayotgani seziladi. Agar mayda bo‘g‘imlardagi passiv harakatlarni sinaluvchi sezmasa, bu harakatlar yirikroq bo‘g‘imlarda amalga oshiriladi. Sezgi ikkala tomonda ham tekshiriladi.
- Vibratsiya sezgisi. Vibratsiya sezgisi kamerton yordamida tekshiriladi. Buning uchun kamerton biror narsaga sekin uriladi va vibratsiya holatiga keltiriladi. So‘ngra kamerton suyak o‘siqchalariga qo‘yiladi. Sinaluvchidan vibratsiyani sezayapsizmi, deb so‘raladi. Normada bu sezgi saqlangan bo‘ladi. Vibratsiya sezgisi qo‘l va oyoqlarda ikkala tomonda ham tekshiriladi. Bu sezgi vibratsiya kasalligi, orqa miya so‘xtasi, tarqoq skleroz va ba’zi polinevropatiyalarda susayadi yoki so‘nadi.
- Kinestetik sezgi. Sinaluvchidan ko‘zlarini yumish so‘raladi. Keyin uning terisi ikkala barmoq orasida ushlanib burma hosil qilinadi va oldinga, orqaga siljitiladi. Sinaluvchi harakatlar yo‘nalishini aytib berishi kerak.
- Tana qismlarining fazodagi holatini sezish. Bu sezgi ham ko‘zlar yumuq holatda tekshiriladi. Sinaluvchining bir qo‘li yoki oyog‘i ma’lum bir holatga keltiriladi. So‘ngra undan xuddi shu holatni boshqa qo‘li yoki oyog‘i bilan ko‘rsatib berish so‘raladi. Sinaluvchi ko‘zlari yumuq holatda ushbu vaziyatlarni to‘la takrorlashi lozim. Mushak-bo‘g‘im sezgisi kuchliroq buzilgan bemor bu harakatlarni sezmaydi va tabiiyki takrorlay olmaydi.
- Bosim va og‘irlik sezgisi. Bu sezgi ham chuqur sezgining bir turidir. Bosim sezgisini tekshirishdan maqsad – tanaga ko‘rsatilgan bosim bilan oddiy tegishni farqlash. Sinaluvchi tanasining turli joylariga o‘tmas buyum yoki bosh barmoq bilan biroz bosiladi, keyin tegib qo‘yiladi. Sinaluvchi ushbu bosimni oddiy tegishdan farqlashi kerak.
- Og‘irlik sezgisini tekshirish uchun esa sinaluvchining ikkala kaftiga ikki xil og‘irlikdagi buyum qo‘yiladi. Sinaluvchi uning qaysi biri og‘ir, qaysi biri yengilroq ekanligini aytib berishi kerak. Bu maqsadda og‘irligi bo‘yicha bir-biridan sal farq qiladigan kichik tarozi toshlaridan foydalaniladi. Sog‘lom odam og‘irliklar orasidagi 10-20 % farqni sezadi. Bu sezgini tekshirish katta diagnostik ahamiyatga ega emas. Shuning uchun ham klinik amaliyotda kam qo‘llaniladi.
V. Murakkab sezgini tekshirish
- Stereognoz. Sinaluvchidan ko‘zlarini yumish so‘raladi. So‘ngra uning qo‘liga avval tanish bo‘lgan narsalardan biri, ya’ni kalit, to‘g‘nog‘ich, o‘chirgich yoki qalam qo‘yiladi. Sinaluvchi ushbu narsaning nimaligi, shakli, qattiq yoki yumshoqligini paypaslab aytib berishi kerak. Normada bu sezgi saqlangan bo‘ladi. Stereognoz katta yarimsharlar po‘stlog‘ining pariyetal qismi zararlanshi uchun juda xos.
- Lokalizatsiya. Sinaluvchidan ko‘zlarini yumish so‘raladi. So‘ngra tananing turli joylariga o‘tmas uchli narsa tegiziladi. Bemor ko‘zini ochib o‘sha tekkan joyni barmoq uchi bilan ko‘rsatib beradi. Sog‘lom odam bu joyni 1 sm aniqlikda ko‘rsatib bera oladi.
- Tanaga chizilgan figuralarni aniqlash. Sinaluvchidan ko‘zlarini yumish so‘raladi. So‘ngra uning kaftiga yoki tanasining boshqa joylariga turli geometrik figuralar, harflar yoki raqamlar chiziladi. Sinaluvchi ko‘zlari yumuq holatda tanasiga nima chizilganini aytib berishi kerak.
- Diskriminatsiya. Diskriminatsiya sezgisi – bir paytning o‘zida bir-biridan uzoq bo‘lmagan ikkala nuqtaga ko‘rsatilgan ta’sirotni seza olish qobiliyati. Bu sezgi ikkala oyoqchasi ham uchli Veber sirkuli yordamida tekshiriladi. Sinaluvchi ko‘zlarini yumadi. Sirkulning orasi ozgina ochib qo‘yiladi va tananing biror joyiga qo‘yiladi. Veber sirkulini tanaga shunday qo‘yish kerakki, uning ikkala uchi ham bir paytda tanaga tegishi lozim. Sirkulning uchlari bir paytning o‘zida tanaga tekkan bo‘lsa ham, sinaluvchi uning ikkala uchi borligini aytib bera olishi kerak.
- Og‘riqni tekshirish. Nevrologiyada og‘riqni aniqlash katta diagnostik ahamiyatga ega. Albatta bemorning shikoyati va o‘zini tutishiga qarab og‘riq qayerda va qanday namoyon bo‘layotganini darrov bilib olish mumkin. So‘ngra o‘sha soha paypaslab tekshiriladi va bosib ko‘riladi. Masalan, trigeminal yoki boshqa periferik nervlar chiqadigan nuqtalar (masalan, Valle yoki Erb nuqtalari) bosib tekshirilganda og‘riqlar paydo bo‘ladi. Umurtqa pog‘onasi bo‘ylab og‘riqlarga shikoyat qilgan bemorda paravertebral nuqtalar bosib tekshiriladi va h.k.
Periferik nerv va spinal ildizchalar zararlanganini aniqlash maqsadida tortib tekshirish sinamalari qo‘llaniladi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021.,312b
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha