UYQU BUZILIShLARI sababi nima?
Uyqu buzilishlarining sabablari va turlari ko‘p bo‘lib, ularning doimiy uchraydigan 2 xil turi bilan tanishtirib o‘tsak. Bular narkolepsiya va insomniyadir.
- Narkolepsiya – ko‘p uxlash demakdir
Narkolepsiya – bir necha kunlab uyquga ketish bilan namoyon bo‘ladigan patologik holat. Bunday bemor to‘satdan uyquga ketib, 2-3 kun va undan ham uzoq muddat uxlab yotaveradi. Ular kunduz kuni ham, kechasi ham uyg‘onishmaydi.
Asosiy sabablari. Bu o‘tkir stress va ruhiy kasallikdir. Ba’zida bosh miyaning yallig‘lanish kasalliklari (entsefalit) va bosh miya jarohatlari ushbu kasallik sababchisi hisoblanadi.
Belgisi va kechishi. Kunduz kunlari to‘satdan uyquga ketib, bir necha kunlar uxlab yotish, tungi uyqu rejimining buzilishi, alahsirashlar, xotira buzilishlari, ba’zida tutqanoq xurujlari, qotib qolishlar, xulq-atvor buzilishlari.
Davosi. Narkolepsiya bilan kasallangan bemorni psixiatr davolaydi. Buning uchun ushbu bemorda narkolepsiyami yoki uyqu buzilishining boshqa turimi, shuni aniqlash lozim.
- Insomniya – uxlay olmaslik
Insomniya – uyqusizlik bilan namoyon bo‘luvchi surunkali kasallik. Insomniya bilan 10 % aholi (ba’zi rivojlangan davlatlarda 20 %) aziyat chekadi. Bemor oylab, yillab uxlamaydi.
Sabablari. O‘tkazilgan o‘tkir stress, depressiya, parkinsonizm, migren, entsefalit (bosh miya yallig‘lanishi) va bosh miya jarohatlari uyqu yo‘qolishining asosiy sabablaridir. Bir-ikki kunga uxlay olmaslik barchamizda kuzatiladigan odatiy hol. Bunday holatlar, ayniqsa, nevroz bilan kasallanganlarda ko‘p uchraydi. Biroq insomniya uzoq yillar uyqu yo‘qolishi bilan namoyon bo‘ladigan kasallik bo‘lib, jiddiy davolanishni talab qiladi.
Belgisi va kechishi. Asosiy belgisi bir necha oylar va yillar mobaynida uxlay olmaslik. Boshqa belgilar kuzatilmaydi. Insomniya bilan kasallangan bemor boshqa odamlar kabi ishga qatnayveradi, aqliy va jismoniy faolligi boshqalarnikidan farq qilmaydi. Insomniyaga chalingan ba’zi odamlar tunlari yaxshi asarlar yozishadi, ixtirolar qilishadi. Agarda insomniya bilan kasallangan bemorda boshqa bir nevrologik buzilishlar aniqlansa, unda nevrologik va neyropsixologik kasalliklar aniqlanishi mumkin.
Davosi. Avvalombor , kasallik sabablari bartaraf etiladi. Jismoniy mehnat va sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanish tavsiya qilinadi. Uxlatuvchi dorilar 10 kun mobaynida ta’sir qilmasa, ularni qabul qilish to‘xtatiladi. Nevropatolog yoki neyropsixologga uchrab, ularning maslahatlari bilan ish tutish kerak.
Professor Zarifboy Ibodullaev