UMURTQA OSTEOXONDROZI VA DISK ChURRASI
Etiologiyasi. Umurtqa osteoxondrozi polietiologik kasallik. Disk churrasi rivojlanishining asosiy sababchisi ham osteoxondrozdir. Umurtqa pog‘onasida degenerativ-distrofik o‘zgarishlarga olib keluvchi har qanday patologik jarayon keyinchalik umurtqalararo diskning o‘z o‘rnidan siljishiga ham sababchi bo‘ladi. Shu bois, disk churrasi alohida kasallik emas, balki umurtqa osteoxondrozi yoki jarohati asorati, deb hisoblanadi.
Patogenezi. Aytib o‘tganimizdek, pulpoz yadro fibroz halqa ichida joylashgan. Fibroz halqa destruktsiyasi sababli unda yirtiq teshiklar paydo bo‘ladi. Ushbu teshiklardan pulpoz yadroning tashqariga siljishiga disk protruziyasi deb aytiladi. Disk protruziyasi yoki churrasi eng ko‘p paydo bo‘ladigan joylar – bel-dumg‘aza sohasida L4-L5, L5-S1 umurtqalar, bo‘yin sohasida S4-S5, S5-S6, S6-S7 umurtqalar orasidir. Ammo posttravmatik ostexondrozda disk churrasi umurtqa pog‘onasining boshqa joylarida ham kuzatiladi.
Osteoxondroz sababli atrofdagi nerv to‘qimalari va qon tomirlari zararlanishining o‘ziga xos mexanizmlari bor. Patologik jarayon umurtqa pog‘onasining turli joyida turlicha kechadi. Masalan, orqa uzun boylamning bo‘yin qismi juda zich tuzilganligi va pishiqligi sababli umurtqa pog‘onasining bo‘yin qismida diskning orqaga siljishi juda kam kuzatiladi. Shuning uchun ham bo‘yin qismida disk ko‘pincha lateral yoki dorsolateral tomonga siljiydi. Agar bo‘yin umurtqalari yon tomonidan osteofitlar o‘sib chiqsa, ular canalis vertebralis tomon o‘sadi va uni toraytirib qo‘yadi. Bu esa bo‘yinni turli tomonlarga burganda, umurtqa arteriyasining ezilishi va vertebrobazilyar sistemada qon aylanishining buzilishiga sabab bo‘ladi. Umuman olganda, bo‘yin osteoxondrozi vertebrobazilyar sistemada qon aylanishining o‘tkir va surunkali buzilishlarini yuzaga keltiruvchi jiddiy etiologik omildir.
4.17-rasm. Sog‘lom umurtqa pog‘onasi.
4.18-rasm. Diskning umurtqa kanaliga siljishi.
Disk churrasi turlari. Umurtqalararo diskning siljishiga qarab, uning quyidagi turlari farqlanadi:
- Disk protruziyasi – disk churrasining boshlang‘ich bosqichi bo‘lib, siljigan diskning pulpoz yadrosi fibroz halqani destruktsiyaga uchratadi, biroq uning tashqi kavatini hali teshib o‘tmaydi.
- Disk churrasi – siljigan diskning pulpoz yadrosi yoki uning bo‘laklari fibroz halqani teshib o‘tadi.
- Disk prolapsi – disk yoki uning bir qismi o‘z o‘rnidan butunlay ko‘chib, umurtqa kanaliga tushadi va diskning asosiy qismi bilan aloqa uziladi. Bu holatlar turli rasmlarda keltirib o‘tilgan.
4.19-rasm. Disk churrasi. (L5-S1 umurtqalari orasidagi disk umurtqa kanaliga siljib tushgan va spinal ildizchani bosib qo‘ygan. L5 umurtqa oldinga siljigan (anterolistez).
Qaysi tomonga siljiganiga qarab, oldingi va orqa disk churralari farqlanadi. Oldingi (ventrolateral) churra – fibroz halqa va oldingi uzun boylamni teshib o‘tib, umurtqa kanalining old-yon tomoniga siljigan Disk churrasi disk. Orqa churra – fibroz halqaning orqa qismi va orqa uzun boylamni teshib o‘tuvchi disk: a) yon (lateral) – umurtqalararo teshik (foraminal) tomonga siljib, u erdan o‘tadigan spinal ildizchalarni ezib qo‘yuvchi; b) o‘rta (medial) – orqa uzun boylamni teshib o‘tib, umurtqa kanaliga tushuvchi va orqa miyani ezib qo‘yuvchi; v) paramedial – ham foraminal teshik, ham orqa miya tomon siljib medial joylashgan disk. Paramedial joylashgan disk churrasi orqa miya, spinal ildizchalar va shu atrofdagi qon tomirlarni birvarakayiga bosib (ezib) qo‘yishi mumkin.
4.20-rasm. Normal disk va disk churrasi.
Klinikasi. Osteoxondrozning eng ko‘p uchraydigan klinik simptomlari yoki asoratlari – bu spinal ildizchalar zararlanishi yoki ezilishi. Bu holatni yuzaga keltiruvchi asosiy omillar diskning destruktsiyaga uchrashi, yupqalashuvi va o‘z o‘rnidan siljishi hisoblanadi. Destruktsiyaga uchragan diskning hajmi kichrayadi va yupqalashadi. Buning natijasida yuqorida joylashgan umurtqa suyagi pastdagi umurtqa suyagi ustiga "o‘tiradi". Oqibatda umurtqalararo bo‘shliq kichrayadi va oxir-oqibat orqa miya ildizchalari ezila boshlaydi. Bu davrda radikulyar og‘riqlar paydo bo‘ladi yoki kuchayadi. Parallel tarzda orqa miya va uning atrofidagi to‘qimalarni qon bilan ta’minlovchi tomirlar ham eziladi.
Osteoxondrozda kuzatiladigan og‘riqlarni (ba’zan kuchli) disk churrasining bevosita spinal ildizchalarni bosishi bilan bog‘lash har doim ham haqiqatga to‘g‘ri kelavermaydi. Bu og‘riqlar disk churrasi spinal ildizchalarni ezib qo‘yishidan ancha ilgari paydo bo‘ladi. Ular qanday yuzaga keladi? Osteoxondrozda paydo bo‘lgan dastlabki og‘riq fibroz halqa va orqa uzun boylamda joylashgan sinuvertebral nervlar qo‘zg‘alishi bilan bog‘liq. Sinuvertebral nervlar simpatik tolalarga boy bo‘ladi. Umurtqalararo disk, fibroz halqa va orqa uzun boylamda ro‘y berayotgan har qanday patologik jarayon mahalliy og‘riq bilan namoyon bo‘ladi. Demak, og‘riq paydo bo‘ldi, degani spinal ildizchalar ezildi, degani emas. Agar og‘riq kuzatilgan bemorni tekshirganda spinal ildizchalar zararlanishi uchun xos bo‘lgan ob’ektiv nevrologik simptomlar topilmasa, demak, spinal ildizchalar ezilmagan yoki zararlanmagan bo‘lishi mumkin. Hatto og‘riqning spinal ildizchalar bo‘ylab tarqalishi ham ba’zida reflektor xususiyatga ega bo‘ladi. Bunday holatlarda reflektor sindrom haqida so‘z ketadi, ya’ni atrofdagi patologik o‘zgarishlar sensor nerv tolalari bo‘ylab (shu jumladan, simpatik tolalar) spinal ildizchalarga tarqaladi. Buning natijasida reflektor etiologiyali og‘riqlar va, hatto, mushaklar spazmi vujudga keladi. Shuningdek, disk degeneratsiyasida paravertebral simpatik gangliyalar ham ta’sirlanadi. Bular esa simpatalgiyalar, ya’ni achishtiruvchi va kuydiruvchi og‘riqlarni yuzaga keltiradi.
Bo‘yin osteoxondrozi klinikasi. Bo‘yin osteoxondrozi ko‘p uchraydigan kasalliklardan biri bo‘lib, asosan, radikulyar og‘riqlar bilan namoyon bo‘ladi. Bu og‘riqlar boshni turli tomonlarga buraganda kuchayadi yoki paydo bo‘ladi. Bo‘yin sohasida kuzatiladigan og‘riqlarga tservikalgiya deyiladi. Agar og‘riq ensa va bo‘yin sohasida ro‘y bersa, unga kraniotservikalgiya deb ataladi. Og‘riqlar nafaqat bo‘yin, elka va ensa sohasida, balki qo‘l va barmoqlarga ham tarqaladi. Yon osteofitlarning o‘sishi, umurtqalararo bo‘shliqning kichrayishi va umurtqalarning o‘z o‘rnidan siljiy boshlashi (spondilolistez) a. vertebralis deformatsiyasiga olib keladi. Bu esa vertebrobazilyar sistemada qon aylanishining o‘tkir va surunkali buzilishlariga sabab bo‘ladi. Agar tservikalgiya bilan birgalikda bosh aylanishi va koordinatsiya buzilishlari ham paydo bo‘lsa, demak a. vertebralis ezilgan. Biroq uni MRT tekshiruvi orqali tasdiqlash kerak.
Diskogen radikulyar sindrom yoki radikulopatiyalar. Barcha spinal ildizchalarning zararlanishi yoki ezilishi uchun harakat, sezgi va reflektor buzilishlar xos. Kasallik klinikasi qay tarzda namoyon bo‘lishi qaysi spinal ildizchaning zararlanishiga ko‘p jihatdan bog‘liq (4.1-jadval).
4.1-jadval
Umurtqalararo disk churrasining klinik belgilari
Klinik belgilar |
Tavsifi |
O‘tkir radikulyar og‘riqlar |
Asosan, kasallik o‘tkir rivojlangan holatlarda kuzatiladi va ko‘pincha og‘ir yuk ko‘targandan yoki noo‘rin harakatlar qilib qo‘ygandan so‘ng paydo bo‘ladi. |
Sezgi buzilishlari |
Radikulyar tipda giperesteziyalar, keyinchalik gipesteziyalar paydo bo‘ladi. Sezgi buzilishlari sohasi og‘riq kuzatilayotgan sohalardan kam joyni egallaydi. |
Tortib tekshirish simptomlari |
Zararlangan ildizchalar sohasida aniqlanadi. |
Harakat buzilishlari |
Disk churrasi uchun yaqqol ifodalangan falajliklar xos emas. Harakat, odatda, og‘riq sababli chegaralangan bo‘ladi. Falajliklar kech rivojlanadi yoki ular paydo bo‘lgunga qadar bemorga tibbiy yordam ko‘rsatiladi. |
Muskullar atrofiyasi |
Odatda, engil ifodalangan bo‘ladi. |
Reflekslar buzilishi |
Pay reflekslari pasayadi yoki so‘nadi. |
Umurtqa pog‘onasi deformatsiyasi |
Bo‘yin sohasida bo‘yin qiyshayishi, bel-dumg‘aza sohasida, odatda skolioz kuzatiladi. |
Bo‘yin ildizchalari zararlanishi sindromlari
S1 ildizcha zararlanishi. Ushbu ildizcha umurtqa arteriyasi egatida yotadi. Uning zararlanishi kam uchraydi. Turli jarohatlar sababli atlant o‘z o‘rnidan siljisa yoki kraniovertebral anomaliyalarda (Kimmerle anomaliyasi) S1 ildizcha zararlanishi mumkin. Klinik belgilari boshning tepa sohasida og‘riq va sezgi buzilishlaridan iborat.
S2 ildizcha zararlanishi. Ushbu ildizcha zararlanishi kam uchraydi. S1 kraniovertebral anomaliyalar, osteofitlar va turli xil jarohatlarda zararlanadi. Klinikasi boshning tepa va ensa qismida og‘riq va sezgi buzilishlaridan iborat.
S3 ildizcha zararlanishi. Ushbu ildizcha asosan S2-3 umurtqalararo disk churrasi, osteofitlar, bo‘yin jarohatlari va yallig‘lanish kasalliklarida zararlanadi. Bo‘yin sohasida segmentar tipda sezgi buzilishlari va og‘riqlar bilan namoyon bo‘ladi. Shuningdek, dizartriyaga o‘xshash holatlar va tilosti muskullari gipotrofiyasi va falajligi kuzatilishi mumkin. Buning natijasida bemor ovqatni beo‘xshov chaynaydi, chaynalgan ovqatni og‘izning orqa tomoniga itarishga qiynaladi. Bunday simptomlarning paydo bo‘lishi S3 ildizchasining XII nerv tarmoqlari bilan anastomozi borligi bilan izohlanadi.
S4 ildizcha zararlanishi. Asosan, S3-4 umurtqalararo disk churralari, osteofitlar va bo‘yin umurtqalari jarohatlarida zararlanadi. Elka kamari ustida va o‘mrov suyagi sohasida og‘riq va segmentar tipda sezgi buzilishlari bilan namoyon bo‘ladi. Kamarsimon, trapetsiyasimon va kurakni ko‘taruvchi muskullar atrofiyasi va gipotoniyasi kuzatiladi. Diafragma nervi tolalari S4 ildizcha tolalari tarkibida o‘tganligi uchun nafas olish buzilishi, disfoniya va hiqichoq kabi simptomlar paydo bo‘lishi mumkin.
C5 ildizcha zararlanishi. S4-5 umurtqalararo disk churrasi, osteofitlar va turli xil jarohatlarda zararlanadi. Elka usti va elkaning tashqi yuzasi bo‘ylab segmentar tipda sezgi buzilishi va og‘riqlar paydo bo‘ladi. Og‘riq bo‘yindan elkaga o‘tadi va uning tashqi yuzasi bo‘ylab tarqaydi. Deltasimon muskul kuchi pasayadi va uning gipotrofiyasi vujudga keladi.
C6 ildizcha zararlanishi. S5-6 umurtqalararo disk churrasi, osteofitlar va turli xil jarohatlarda zararlanadi. Elka ustida va elkaning tashqi yuzasi bo‘ylab segmentar tipda sezgi buziladi. Og‘riq bo‘yin, kurak, elka sohasining tashqi yuzasi bo‘ylab tarqalib, bilakning oldingi qismiga o‘tadi va birinchi barmoqqacha tarqaydi. Og‘riq kuzatilgan sohada (n. radialis sohasi) paresteziyalar ham paydo bo‘ladi. Bu og‘riqlar boshni yon tomonlarga burganda kuchayishi mumkin. Ikki boshli muskul gipotrofiya, gipotoniya kuzatiladi va uning kuchi pasayadi. Bitseps refleks pasayadi yoki yo‘qoladi.
S7 ildizcha zararlanishi. S6-7 umurtqalararo disk churrasi, osteofitlar va turli xil jarohatlanishlarda zararlanadi. Og‘riq bo‘yindan kurakka, undan bilakning tashqi-orqa yuzasi bo‘ylab tirsakning orqa tomoniga tarqalib, 2 va 3-barmoqlargacha etib boradi. S7 dermatomasi sohasida sezgi buziladi. Ba’zan faqat shu barmoqlarning o‘zida og‘riq va paresteziyalar kuzatiladi. Uch boshli muskul kuchi pasayadi, unda gipotrofiya va gipotoniya vujudga keladi. Tritseps refleks pasayadi yoki yo‘qoladi.
S8 ildizcha zararlanishi. S7-T1 disk churrasi, osteofitlar va boshqa jarohatlanishlarda zararlanadi. Og‘riq bo‘yin va elka sohasidan qo‘lning orqa tomoni bo‘ylab 5-barmoqqacha tarqaladi. Ushbu sohalarda, ya’ni S8 dermatomasida gipesteziya kuzatiladi. Qisman uch boshli muskul gipotrofiyasi va gipotenar atrofiyasi paydo bo‘ladi. Tritseps refleks biroz pasayadi.
Bel va dumg‘aza ildizchalari zararlanishi sindromlari
L4 ildizchasi zararlanishi. Odatda L3-L4 disk churrasi oqibati hisoblanadi. Og‘riq va paresteziyalar sonning oldingi va ichkari yuzasi bo‘ylab tarqalib, ba’zida tizzagacha tarqaladi. Son nervi bo‘ylab bosib tekshirganda og‘riqli nuqtalar aniqlanadi, ayniqsa, chov boylami sohasida. Sonning to‘rt boshli muskulida gipotrofiya va gipotoniya vujudga keladi. Tizza refleksi pasayadi, biroq so‘nmaydi.
L5 ildizchasi zararlanishi. Odatda, L4-L5 disk churrasida ko‘p zararlanadi. Umurtqalararo disk churralari ichida L4-L5 disk churrasi juda ko‘p uchraydi, ya’ni uchrashi bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. Bel sohasida paydo bo‘lgan og‘riq sonning tashqi, boldirning oldingi va tashqi yuzasi bo‘ylab tarqalib, oyoq panjasining ustki va ichki yuzasiga o‘tib oladi. Og‘riq shu yo‘nalishda oyoq panjasining birinchi barmog‘igacha tarqaydi. Erb nuqtalari bo‘ylab og‘riq aniqlanadi. Ba’zida og‘riq oyoq panjasida paydo bo‘ladi va u engil harakatlarda ham, yo‘talganda ham kuchayadi. Gohida Laseg simptomi aniqlanadi.
Deyarli har doim bosh barmoqni yozuvchi uzun muskul (m. extensor hallicus longus) falajlanadi. Boldirning oldingi katta muskuli (m. tibialis anterior) gipotrofiyasi va engil falajligi aniqlanadi. Agar ushbu muskulda falajlik yaqqol ifodalangan bo‘lsa, demak L4 ildizcha ham zararlangan. Bu xuddi n. peroneus nevropatiyasiga o‘xshash klinikani beradi, ya’ni oyoq panjasi osilib qoladi.
St ildizcha zararlanishi. L5-S1 disk churrasida ko‘p zararlanadi. Bu sohada disk churrasi uchrashi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. Kasallik, odatda, radikulyar og‘riqlar bilan boshlanadi va lyumbago yoki lyumboi-shialgiya ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Og‘riqlar bel-dumg‘aza sohasidan dumbaning orqa sohasi, sonning orqa-lateral yuzasi, boldir va oyoq panjasining tashqi yuzasi bo‘ylab 5-barmoqqa tarqaydi. Boldirning orqa yuzasi va oyoq panjasining tashqi yuzasi bo‘ylab radikulyar tipda gipesteziya ham kuzatiladi. Boldirning uch boshli muskulida gipotrofiya va gipotoniya aniqlanadi. Bemor tovoni bilan tik tura olmaydi. Axill refleks pasayadi yoki so‘nadi. Laseg simptomi paydo bo‘ladi. Quymich nervi bo‘ylab Erb nuqtalari bosib tekshirilganda og‘riq aniqlanadi. Skolioz ham kuzatiladi, ya’ni bemorning gavdasi og‘riq tomonga qarab qiyshayib qoladi. L5-S1 umurtqalararo disk siljib umurtqa kanaliga tushsa, sakral ildizchalar bosilib qoladi va "ot dumi" sindromi rivojlanadi.
Tashxis qo‘yish algoritmi. Disk churrasiga gumon qilingan bemorlarni tekshirish algoritmini bel-dumg‘aza umurtqalari disk churralari misolida keltirib o‘tamiz.
A) Klinik simptomlar
- Aniq chegaralangan va irradiatsiya qiluvchi radikulyar og‘riqlar.
- Radikulyar tipdagi sezgi buzilishlari.
- Neri, Laseg va Vasserman kabi simptomlar aniqlanishi.
- Erb nuqtalarida og‘riqlar aniqlanishi.
- Bel lordozining silliqlanishi, skolioz.
- Og‘riq sababli harakatlarning chegaralanishi.
- Paravertebral sohada og‘riqli nuqtalar paydo bo‘lishi.
- Muskullar gipotrofiyasi va gipotoniyasi.
- Pay reflekslarining pasayishi yoki so‘nishi.
B) Rentgenografiya. Rentgenografiya yordamida umurtqa pog‘onasi deformatsiyasi (lordozning silliqlanishi, skolioz), umurtqalararo yoriqning torayishi, spondilyoz, spondiloartroz kabi o‘zgarishlar aniqlanadi.KT va MRT tekshiruvlari esa tashxisga yanada oydinlik kiritadi.
Professor Zarifboy Ibodullaev