Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi UCh ShOXLI NERV NEVRALGIYaSI

UCh ShOXLI NERV NEVRALGIYaSI


Uch shoxli nerv nevralgiyasi – yuzning bir tomonida o‘tkir xurujsimon og‘riqlar bilan namoyon bo‘luvchi kasallik. Uch shoxli nerv nevralgiyasi ko‘p uchraydigan kasalliklar sirasiga kiradi. Kasallanish 100 000 aholi soniga yiliga 4 kishini tashkil qiladi. Kasallik, asosan, yoshi kattalarda, ya’ni 40–60 yoshlarda ko‘p uchraydi. Uch shoxli nerv nevralgiyasi, ko‘pincha yuzning o‘ng tomonida (70 %), kam hollarda uning chap tomonida (30 %) kuzatiladi.

Etiologiyasi. Uch shoxli nervning idiopatik va simptomatik nevralgiyasi farqlanadi. Idiopatik nevralgiya simptomatik nevralgiyaga qaraganda ko‘p uchraydi.

Uch shoxli nerv ildizi miyachaning yuqori arteriyasi (a.cerebelli superior) tomonidan ezilib qolsa, idiopatik nevralgiya rivojlanadi. Agar idiopa­tik nevralgiya 80 % holatlarda a.cerebelli superiorning patologik deformatsiyasi hisobiga rivojlansa, qolgan 20 % holatlarda idiopatik nevralgiya sabablari aniqlanmay qoladi. A.cerebelli superior V nerv ildizchasini ko‘prikka kirish qismida ezib qo‘yadi, chunki bu erda ular bir-biriga yaqin joylashgan. Ko‘pincha, V nerv ildizchasining r. maxillaris va r. mandibularis o‘tadigan qismi eziladi. Shuning uchun ham idiopatik nevralgiyada og‘riqlar yuqori va pastki jag‘ nervlari innervatsiya qiladigan sohalarda kuzatila­di. Arteriyaning patologik cho‘zilishi aksariyat hollarda uzoq davom etadigan arterial gipertenziya bilan bog‘liq. Shu bois, idiopatik nevralgiya 40 yoshdan oshganlarda ko‘p uchraydi.

 

Simptomatik nevralgiya 40 yoshgacha bo‘lgan davrda ko‘p uchraydi va, aso­san, virusli infektsiyalardan so‘ng rivojlanadi. Simptomatik nevralgiya doimo boshqa bir kasalliklar simptomi sifatida namoyon bo‘ladi. Simptomatik nevralgiyada ko‘pincha uch shoxli nervning 1-shoxchasi (r.ophthalmicus) zararlanadi. Chakka suyagi piramidasining diffuz yallig‘lanishi (mastoidit) va jarohatlari, tish kasalliklari va stomatologik muolajalar, sinusitlar (frontit, gaymorit), o‘rta quloq yallig‘lanishi, orqa va o‘rta kranial chuqurcha meningiomasi, metastatik o‘smalari, epidermoid va dermoid kistalar, kavernoz sinus trombozi, qandli diabet, zaxm, OITS, kollagenozlar, amiloidoz, vaskulit, tarqoq skleroz kabi kasalliklar simptomatik nevralgiyaning asosiy sababchilaridir. Ichki uyqu arteriyasining kavernoz qismi anevrizmasi ham n.ophthalmicusni ta’sirlantirishi mumkin. Anevrizmaga gumon qilinsa MRA tekshiruvi o‘tkaziladi.

Klinikasi. Nevralgiyaning ikkala turida ham asosiy klinik simptom – bir necha soniyadan 2 daqiqagacha davom etuvchio‘tkir sanchuvchi og‘riqlar. Uch shoxli nerv nevralgiyasi uchun uzoq davom etuvchi og‘riq xurujlari xos emas. Og‘riq xurujlari har gal zararlangan shoxchalar sohasida paydo bo‘ladi va bu holat uch shoxli nerv nevralgiyasi uchun juda xosdir. Og‘riq xurujlari to‘satdan paydo bo‘ladi va, odatda, kunduz kuni ro‘y beradi. Og‘riq xurujla­ri bir kunda 2-3 marta, ba’zida esa bir necha marotaba takrorlanadi. Bu xurujlar ketma-ket takrorlanaversa, ushbu holat status nevralgicus deb ataladi. Status nevralgicus aksariyat hollarda bemorni "Tez yordam" orqali shifoxonaga murojaat qilishga majbur etadi. Chunki og‘riq qoldiruvchi dorilar bu paytda yordam bermasligi mumkin. Xurujlar yo‘q payti bemor o‘zini sog‘lom odamdek his qiladi.

Og‘riq xurujlari yuzning bir tomonida paydo bo‘ladi. Yuzning har ikkala tomonida kuzatiladigan og‘riqlar uch shoxli nerv nevralgiyasi uchun xos emas. Uch shoxli nervning 1-shoxchasi zararlansa, og‘riq xurujlari peshona va ko‘z kosasi sohasida kuzatiladi. Og‘riq xuruji paytida bemor ko‘zini chirt yumadi, ko‘zidan yosh chiqib ketadi, yuzining og‘riyotgan qismini kafti bilan yopib oladi va o‘sha joyga issiq sochiq yoki boshqa bir matoni qo‘yadi. Chunki issiq og‘riqni oz bo‘lsa-da, kamaytiradi. Og‘riyotgan joyda muskullar titray boshlaydi, ba’zida bu titrashlar og‘riq xurujidan oldin paydo bo‘ladi va og‘riq o‘tib ketguncha saqlanib qoladi. Og‘riq paytida mimik muskullarda kuzatiladigan bu titrashlar og‘riqli tik deb ham ataladi. Ba’zan og‘riq kuzatilgan tomonda yuz gemispazmi kuzatiladi. Og‘riq bo‘layotgan tomonda bemorning yuz-ko‘zi qizarib ketadi, burni oqa boshlaydi, gipersalivatsiya paydo bo‘ladi.

Uch shoxli nerv nevralgiyasida og‘riq xurujlari ko‘pincha sovuqroq shamol ta’sirida qo‘zg‘aladi. Shuningdek, bemor gaplashayotganda, ovqatlanayotganda, kulganda, ya’ni mimik muskullar ishtirokida bajariladigan har qanday harakatlarni amalga oshirayotganda og‘riq xurujlari qo‘zg‘alib ketadi. Shu bois, bemor ovqatlanayotganda iloji boricha ovqatni jag‘ning sog‘lom tomoni bilan chaynaydi, og‘rigan tomonini kafti bilan yopib oladi. Bemor og‘riq paydo bo‘lishidan qo‘rqib, tishi va yuzini yuvishdan ham o‘zini tiyadi. Ba’zan og‘riyotgan joyni qo‘li bilan qattiq ishqalab, xurujlarni bartaraf etishga urinadi. Og‘ir holatlarda zararlangan sohaga yupqa qog‘oz bi­lan tegilsa ham og‘riq xuruji qo‘zg‘ab ketadi. Yuzdagi juda sezgir bunday sohalarga trigger sohalar deb aytiladi va ular faqat nevralgiyada pay­do bo‘ladi. Trigger sohalar V nervning qaysi shoxchasi zararlanganligiga bog‘liq. Eng sezgir trigger sohalar – bular ko‘z yorig‘ining ichkari qismi va burunlab burchagidir.

Og‘riq xurujlari yuzning qaysi qismida paydo bo‘lishiga qarab, zararlangan nervni aniqlab olish mumkin. Uch shoxli nervning 1-shoxchasi zararlanganda og‘riq xuruji ko‘z yorig‘ining ichki burchagida kuzatiladi va korneal refleks yo‘qoladi, 2-shoxchasi zararlansa, yuqori jag‘ sohasida (ba’zan faqat burun terisida), 3-shoxchasi zararlansa, pastki jag‘ sohasida (ba’zan faqat iyak sohasida) paydo bo‘ladi.

Bemorning nevrologik statusini tekshirayotganda, zararlangan nervlar chiqadigan nuqtani bossa lokal og‘riqlar vujudga keladi. Uch shoxli nervning 1-shoxchasi (ramus ophthalmicus) zararlanganda, foramen supraorbitale, 2-shoxchasi (ramus maxillaris) zararlanganganda, foramen infraorbitale, 3-shoxchasi (ramus mandibullaris) zararlanganda, foramen mentale ni bosganda kuchli og‘riq kuzatiladi. Bu sohalarda giperesteziya ham kuzatilishi mumkin. Bir necha oydan so‘ng bu joylarda gipesteziya aniqlanadi va og‘riq kuchi esa pasaya boradi.

Uch shoxli nervning yirik shoxchalari birato‘la zararlanmasdan, uning mayda shoxchalari alohida zararlanishi ham ko‘p uchraydi. Ular haqida to‘xtalib o‘tamiz.

Uch shoxli nervning 1-shoxi, ya’ni ko‘z nervi (n. ophthalmicus) kalla bo‘shlig‘idan fissura orbitalis superior orqali ko‘z kosasi ichiga o‘tadi. Ko‘z nervi ko‘z kosasi ichiga kirishdan oldin 3 tarmoqqa bo‘linadi: n. frontalis (peshona nervi), n. lacrimalis (ko‘z yoshi nervi), n. nasociliaris (burun-kiprik nervi). Bu nervlar alohida zararlansa, ular innervatsiya qiladigan sohada nevralgiyalar kuzatiladi. Agar n. lacrimalis zararlansa, sanchuvchi og‘riqlar ko‘zning ichki burchagida, n. frontalis zararlansa, peshona sohasida, n. nasociliaris zararlansa, burun ustida kuzatiladi va peshona sohasining o‘rtasiga ir­radiatsiya qiladi (nazatsiliar nevralgiya). Peshona nervi (n.frontalis), o‘z navbatida, yana 2 shoxchaga bo‘linadi va ularning ichida n. supraorbitalis yirikroq nerv hisoblanadi. Bu nerv foramen supraorbitale orqali ko‘z kosasidan tashqariga chiqadi va yuqori qovoq hamda peshona terisining katta qismini innervatsiya qiladi. Supraorbital nerv zararlansa, supraorbital teshik sohasida kuchli sanchuvchi og‘riq paydo bo‘ladi va u peshonaning boshqa sohalariga irradiatsiya qiladi. Foramen supraorbitale bosib tekshirilsa, og‘riq yanada kuchayadi. Bu nevralgiya supraorbital nevral­giya nomini olgan.

Uch shoxli nervning 2-shoxi, ya’ni yuqori jag‘ nervi (n.maxillaris) kal­la bo‘shlig‘idan yumaloq teshik (foramen rotundum) orqali chiqib, qanot-tanglay chuqurchasiga (fossa pterygopalatinum) o‘tadi. Nerv bu chuqurchaga ki­rishdan oldin va chuqurchaga kirgandan so‘ng bir necha tarmoqlarga bo‘linadi. Uning yirik tarmoqlari – miya pardalari nervi (r. meningeus), ko‘z kosasi pastki nervi (n. infraorbitalis), yonoq nervi (n. zygomaticus), yuqori katakcha­lar nervi (nn. alveolares superiores) va tugun tarmoqlari (rr. ganglionares) hisoblanadi. Bu tarmoqlar ichida infraorbital nerv nevralgiyasi (nevropatiyasi) ko‘p uchraydi. Infraorbital nerv nevropatiyasi,  ko‘pincha, gaymorit va yuqori jag‘ sohasida amalga oshiriladigan xirurgik (stomatologik) muolajalardan so‘ng rivojlanadi. Og‘riq va dizesteziyalar, asosan, ko‘zning pastki qismida va yuqori jag‘ning shilliq qavatida kuzatiladi. Kuchli og‘riqlar bo‘lmaydi. Shuning uchun ham "nevropatiya" atamasi ishlatiladi.

Uch shoxli nervning 3-shoxi, ya’ni pastki jag‘ nervi (n. mandibularis) kalla bo‘shlig‘idan oval teshik (foramen ovale) orqali chiqib ikkiga, ya’ni harakat va sezgi tolalariga ajraladi. Harakat tolalari chaynov muskullarini in­nervatsiya qiladi. Sezgi tolalaridan miya pardalariga boruvchi nervlar (r. meningeus) – lunj nervi (n. buccalis), quloq-chakka nervi (n. auriculotemporalis), til nervi (n. lingualis) va pastki katakchalar nervi (n. alveolaris inferior) ajralib chiqadi. Bu nervlar pastki jag‘ kasalliklarida yoki shu erda o‘tkaziladigan stomatologik muolajalarda ko‘p zararlanadi.

Ularning klinikasi haqida to‘xtalib o‘tamiz.

  • Lunj nervi nevropatiyasi lunjning shilliq qavati va og‘iz burchagi terisida gipesteziya bilan namoyon bo‘ladi. Og‘riqlar kuzatilmaydi. Lunj nervining alohida zararlanishi juda kam uchraydi. U ko‘pincha pastki katakcha nervi bilan birgalikda zararlanadi.
  • Til nervi nevralgiyasi, asosan, tishga qo‘yilgan protezlar va tishning o‘tkir uchi bilan tilning doimiy ta’sirlanishi sababli rivojlanadi. Tilning oldingi yarmida doimiy va biroz kuchsiz og‘riqlar paydo bo‘ladi. Bu og‘riqlar bemor ovqat chaynaganida va gaplashganida kuchayadi.
  • Pastki katakchalar nervi nevralgiyasi (nevropatiyasi) pastki jag‘ jarohatlari va yallig‘lanish kasalliklarida hamda stomatologik muolajalarda ko‘p kuzatiladi. Kasallik klinikasi pastki lab va iyakda hamda pastki jag‘ tishlarida doimiy simillovchi og‘riqlar bilan namoyon bo‘ladi. Kuchli xurujli og‘riqlar kuzatilmaydi. Pastki lab va iyak sohasida paresteziya va gipesteziyalar ham vujudga keladi.

 UCh ShOXLI NERVNING POSTGERPETIK NEVRALGIYaSI

 

Uch shoxli nervning postgerpetik nevralgiyasi og‘ir kechuvchi nevralgiyalar sirasiga kiradi. Postgerpetik nevralgiya turli yoshda uchrashi mumkin. Biroq u 50 yoshdan oshganlarda ko‘p uchraydi, 70 yoshdan keyin esa kasallanuvchilar soni keskin oshadi. Bu holat katta yoshdagilarda immunitetning sustligi bilan izohlanadi. Postgerpetik nevralgiya o‘tkir gerpetik infektsiyadan (varicella-zoster) so‘ng paydo bo‘ladi, ba’zida u bir hafta yoki 1–2 oydan so‘ng rivojlanadi. Gerpetik infektsiya ko‘pincha uch shoxli nervning

1-tarmog‘ini zararlaydi va toshmalar peshonaning bir tomonida va ko‘z atrofida paydo bo‘ladi.

Postgerpetik nevralgiyaning klinikasida birin-ketin keluvchi 4 bosqich farqlanadi.

  • 1-bosqich, prodromal davri. Toshmalardan avval kuydiruvchi og‘riqlar va qichima yuzaga keladi. Toshma toshadigan joyda dastlab pushtirang dog‘lar paydo bo‘ladi, qichima va og‘riqlar ham shu joyda kuzatiladi. Bu davr o‘rtacha 2–4 kun davom etadi.
  • 2-bosqich, toshmalar paydo bo‘lishi davri. Zararlangan nerv innervatsiya qiladigan sohaga vezikulali toshmalar toshadi va suvli yarachalar paydo bo‘ladi. Eritematoz toshmalar 1–2 kun ichida toshib ketadi va ularning paydo bo‘lishi yana davom etadi. Aksariyat hollarda "Postgerpetik nevralgiya" tashxisi toshmalar toshgandan so‘ng qo‘yiladi.
  • 3-bosqich, teridagi yarachalarning bitish davri. Odatda, 2–4 hafta davom etadi. Dastlab toshma toshgan joylar bita boshlaydi va ularning o‘rnida quruq po‘stloqcha va chandiqlar paydo bo‘ladi.
  • 4-bosqich, postgerpetik nevralgiya davri. Yarachalar bitib, chandiqlar paydo bo‘lgan joylarda kuydirguvchi og‘riqlar yanada kuchayib boradi va doimiy tus oladi. Bu og‘riqlar 3 oy, ba’zida 1 yilgacha davom etadi. Og‘riqlar qancha vaqt davom etishi bemorning yoshi (keksa yoshdagilarda og‘riq bir necha oyga cho‘ziladi), yo‘ldosh kasalliklar mavjudligi (qandli diabet, surunkali bronxit, arterial gipertoniya, ateroskleroz), zararlangan joy hajmi va davolash muolajalari (ayniqsa, antivirus dorilar) qancha erta boshlanganligiga ko‘p jihatdan bog‘liq.

Postgerpetik nevralgiyadan so‘ng zararlangan sohada chandiqlar, dizesteziya, gipesteziya, giperalgeziya, giperpatiya va allodiniya kabi asoratlar qoladi.

Tashxis qo‘yish algoritmi. "Uch shoxli nerv nevralgiyasi" tashxisi klinik simptomlarga asoslanib qo‘yiladi. Ular quyidagilardan iborat:

  • bir ne­cha soniyadan 2 daqiqagacha davom etuvchi sanchuvchi og‘riqlar;
  • kuchli og‘riqlarning yuzning bir tomonida uchrashi;
  • og‘riqlarning to‘satdan yoki turli ta’sirotlardan so‘ng paydo bo‘lishi;
  • yuzda trigger sohalarning bo‘lishi;
  • dastlabki kunlari giperesteziya, so‘ngra gipesteziya paydo bo‘lishi;
  • antikonvulsantlarning (karbamazepin va h.k.) yuqori samara berishi.

Uch shoxli nerv nevralgiyasi tashxisini qo‘yish qiyinchilik tug‘dirmaydi. Barcha qiyinchiliklar nevralgiyani keltirib chiqaruvchi etiologik omillarni aniqlash bilan bog‘liq. Shuning uchun nevralgiya tashxisi aniqlanganda, albatta, uni keltirib chiqargan sababni izlash zarur. Quyida shu masalaga oid misolni keltirib o‘tamiz. N. ismli bemor (42 yosh) so‘nggi paytlarda yuz sohasidagi og‘riq xurujlarining tezlashgani va kuchayganidan shikoyat qilib vrachga murojaat qiladi. Vrach bemorga "Uch shoxli nerv nevralgiyasi" tashxisini qo‘yib, davolash muolajalarini boshlaydi. Oradan 3 kun o‘tgach, muolaja paytida bemorda subaraxnoidal qon quyilishi rivojlanadi va u zudlik bilan reanimatsiya bo‘limiga o‘tkaziladi. Shifoxonada olib borilgan diagnsotik tekshiruvlar qon quyilishning sababi bazal arteriyalar anevrizmasi yorilishi ekanligini ko‘rsatadi.

Uch shoxli nerv nevralgiyasini frontit, gaymorit, chakka arteriiti, pulpit, pastki jag‘ bo‘g‘imlari artriti bilan qiyoslash kerak. Gaymorit ko‘p tarqalgan kasalliklar sirasiga kiradi. O‘tkir gaymoritlarda har doim yuzning yarmida kuchli og‘riqlar va rinit belgilari paydo bo‘ladi. Ammo bunday og‘riqlar sanchuvchi xususiyatga ega emas va nevralgiya xurujlariga qaraganda uzoq davom etadi. Gaymoritda burundan yiringli ajralma oqib turadi. Qonda yallig‘lanish reaktsiyalari paydo bo‘ladi. MRT tekshiruvida gaymorit yaqqol aniqlanadi.

Uch shoxli nerv nevralgiyasi qaytalanib turadi, ya’ni bemor sog‘ayib ketgandan so‘ng ham turli xil infektsiyalar, ayniqsa, LOR a’zolari kasalliklari, tish va milk kasalliklari nevralgiyaning qayta qo‘zg‘ashiga sabab bo‘ladi.

Ba’zan tarqoq skleroz trigeminal nevralgiya bilan boshlanadi. Bu kasallikda nevralgik og‘riqlar, odatda, 30 yoshgacha bo‘lgan davrda boshlanadi. Nevralgiya sababi – uch shoxli nerv demielinizatsiyasi va buning oqibatida nervda sklerotik tugunlar paydo bo‘lishidir. Bu og‘riqlar o‘ta kuchli bo‘lib, ularni bartaraf etish o‘ta mushkul. Nevralgiya belgilari bi­lan birgalikda, tarqoq sklerozga xos boshqa simptomlar ham paydo bo‘lishi, MRT da sklerotik o‘choqlar aniqlanishi qiyosiy tashxis o‘tkazishni osonlashtiradi.

Qiyosiy tashxis. Uch shoxli nerv nevralgiyasini yuz sohasida uchraydigan bir qator og‘riq xurujlari bilan kechuvchi kasalliklar bilan qiyoslash zarur. Ular haqida to‘xtalib o‘tamiz.

 Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив