TARQALGAN EPILEPTIK XURUJLAR
Hushning yo‘qolishi bilan namoyon bo‘luvchi har qanday tutqanoqli va tutqanoqsiz xurujlarga tarqalgan epileptik xurujlar deb aytiladi. Bularga turli xil absanslar, tarqalgan tonik-klonik yoki alohida klonik va tonik, atonik (astatik) va mioklonik xurujlar kiradi. "Tarqalgan epilepsiya" tashxisi faqat bemor hushini yo‘qotgan taqdirda qo‘yiladi. Agar tutqanoq xurujlari tananing to‘la yarmini egallagan bo‘lsa-yu, biroq bemorning hushi saqlanib qolgan bo‘lsa – bu tarqalgan epilepsiya emas, balki fokal epilepsiyadir. Demak, hushning yo‘qolishi tarqalgan epilepsiya tashxisini qo‘yish uchun asosiy mezon hisoblanadi. Tarqalgan epilepsiyada EEG da epileptik faollik ikkala yarim sharga ham tarqaladi, ya’ni epileptik to‘lqinlar bilateral-sinxron ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Demak, "tarqalgan" so‘zi tutqanoq xurujlarining butun tanaga tarqalganligini emas, balki epileptik faollikning ikkala yarim sharga tarqalganligini anglatadi. Shu bois, tutqanoq xurujlarisiz namoyon bo‘luvchi absanslar ham tarqalgan epilepsiya guruhiga kiradi. Tarqalgan epilepsiya barcha epilepsiyalarning deyarli 40 % ini tashkil qiladi.
ABSANSLAR
Absans (frants. absence – yo‘q bo‘lmoq, yo‘qolmoq) – hushning juda qisqa vaqt (2-30 soniya) yo‘qolishi bilan namoyon bo‘luvchi epileptik xuruj. Absanslar ko‘p takrorlanadigan epileptik xurujlar sirasiga kiradi. Masalan, BAE da bir kunda 50 yoki 100 dan ortiq absans hurujlari ro‘y beradi. Absanslar uchun EEG da simmetrik tarzda namoyon bo‘luvchi chastotasi 3 Gts bo‘lgan pik-to‘lqinli faollik juda xos. Bunday epileptik faollik absanslar bilan kechuvchi turli epileptik sindromlarda kuzatiladi. Bunday epilepsiya bolalar va o‘smirlarda juda ko‘p uchraydi. Absanslarda aura kuzatilmaydi.
Absanslar oddiy va murakkab turlarga ajratiladi.
Oddiy absansda bemor bir nuqtaga qarab qotib qoladi. Bu paytda uning qorachiqlari kengayadi, yorug‘likka ta’sirlanmaydi, yuzi oqarib ketadi. Bemor nima ish qilayotgan bo‘lsa, shu holatda qotib qoladi, ya’ni gapirayotgan bo‘lsa, gapirishdan, yozayotgan bo‘lsa, yozishdan, rasm chizayotgan bo‘lsa, rasm chizishdan to‘xtaydi va h.k. Biroq u muvozanatini yo‘qotmaydi, yiqilib tushmaydi. Demak, xuruj paytida bemor qanday vaziyatda bo‘lsa, shu holatda haykaldek qotib qoladi. Bu holat qisqa muddat, ya’ni 5-15 soniya davom etadi. Absans xuruji o‘tib ketgach, bemor yana o‘z ishini davom ettiraveradi. Oddiy absanslar qanday tezlikda paydo bo‘lgan bo‘lsa, xuddi shunday tezlikda o‘tib ketadi.
Bemor hozirgina o‘zida nima bo‘lganini bilmaydi yoki atrofdagilardan bilib oladi. Oddiy absanslar paytida ko‘z olmasi bir-ikki aylanib olishi yoki bosh orqaga qimirlab ketishi mumkin. Oddiy absanslardan so‘ng bemorning tobi qochmaydi, ish faoliyati susaymaydi, u xuddi sog‘lom odamdek o‘z faoliyatini yana davom ettiraveradi.
Murakkab absanslarda hushning yo‘qolishi turli xil, ya’ni mioklonik, tonik, atonik va vegetativ komponentlar bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Murakkab absanslar oddiy absanslarga qaraganda biroz murakkab kechadi, hushni yo‘qotish uzoqroq (20-30 soniya) davom etadi, yiqilib tushishlar ko‘p bo‘ladi. Hech qanday aurasiz namoyon bo‘luvchi bunday xurujlar sababli bemor ko‘p tan jarohatlari oladi. Shuningdek, murakkab absanslar turli xil avtomatizmlar bilan namoyon bo‘ladi, ya’ni bemor o‘zicha nimalarnidir gapiradi, mimik muskullari bilan qandaydir imo-ishoralar qiladi, qo‘l-oyoqlari bilan shart bo‘lmagan turli harakatlarni bajaradi. Avtomatizmlar paytida bemorning hushi karaxt holatda bo‘ladi, nimalar qilayotganini o‘zi bilmaydi va eslab ham qolmaydi. Murakkab absanslar ichida eng ko‘p uchraydigani mioklonik va tonik absanslardir.
Murakkab absanslarning quyidagi turlari farqlanadi:
- mioklonik
- tonik
- atonik
- vegetativ
Mioklonik absanslar – miokloniyalar bilan namoyon bo‘luvchi absanslar. Miokloniyalar, asosan, yuz, bosh, elka va qo‘llarda, kam hollarda oyoq va gavda muskullarida kuzatiladi. Bu titrashlar xuddi mioklonik giperkinezlarni eslatadi, biroq ulardan farqli o‘laroq, hushning yo‘qolishi bilan kechadi. Mioklonik absanslar YuME da ko‘p uchraydi.
Tonik absanslar - muskullarning tonik qisqarishi bilan namoyon bo‘luvchi absanslar. Tonik absanslarda ko‘z olmasi yuqori yoki yon tomonga ketib qoladi, bosh orqa yoki yon tomonga qayrilib ketadi, qo‘l-oyoq muskullarida tonik qisqarishlar kuzatiladi. Muskullarning tonik qisqarishi engil tarzda ham, og‘ir ko‘rinishda ham ro‘y beradi. Ba’zida tonik absanslar paytida gavda birdan bukiladi va bemor oldinga qarab yiqiladi. Tonik absanslar Lennoks-Gasto sindromi va BAE da ko‘p uchraydi.
Atonik absanslar - muskullar atoniyasi bilan namoyon bo‘luvchi absanslar. Muskullar atoniyasi bo‘yin muskullarida kuzatilsa, bemorning boshi bir necha soniya oldinga osilib qoladi, qo‘llarda kuzatilsa, qo‘li qimirlamay qoladi yoki qo‘lidagi narsa tushib ketadi, oyoqlarda kuzatilsa, yiqilib tushadi. Atonik xurujlar sababli yiqilib tushgan bemor yana o‘rnidan turib yurib ketadi. Absanslar tipik va atipik turlarga, asosan, EEG ko‘rsatkichlariga qarab ajratiladi. Tipik absanslarda EEG da absans uchun xos bo‘lgan tipik o‘zgarishlar, ya’ni chastatasi 3 Gts bo‘lgan pik-to‘lqinli kamplekslar aniqlanadi (10.1-rasm).
10.1-rasm. EEG da tipik absansnina yaqqol belaisi: chastotasi 3 Gts bo‘lgan tarqalgan bilateral-sinxron pik-to‘lqinli komplekslar.
10.2-rasm. Atipik absanslarda esa pik-to‘lqinli komplekslar chastotasi 2-2,5 Gts bo‘ladi
10.2-rasm. EEG da atipik absansnina yaqqol belaisi: chastotasi 2-2,5 Gts bo‘lgan tarqalgan bilateral-sinxron pik-to‘lqinli komplekslar.
Atonik absanslar, ko‘pincha, atipik absanslar sirasiga kiritiladi. Ato -nik (atipik) absanslar Lennoks-Gasto sindromida ko‘p uchraydi.
Vegetativ absanslar – vegetativ simptomlar bilan namoyon bo‘luvchi absanslar. Bu paytda bemorning rangi oqarib yoki qizarib ketadi, midriaz kuzatiladi, siyib yuboradi. Absans xuruji o‘tgach, bu simptomlar yana yo‘qoladi.
Murakkab absanslarni ba’zida murakkab fokal xurujlardan farqlash qiyin. Buning uchun xurujlar kechishini diqqat bilan nazorat qilish va o‘rganish lozim. Buning har doim ham imkoni bo‘lavermaydi. Murakkab fokal xurujlar, ko‘pincha, auralar bilan boshlanadi, absanslarga qaraganda uzoqroq davom etadi, simptomatik epilepsiya ko‘rinishida ko‘p uchraydi, katta yoshda ham ro‘y beradi, xurujdan so‘ng karaxtlik kuzatiladi. Murakkab absanslar esa, asosan, idiopatik epilepsiya ko‘rinishida namoyon bo‘ladi, aurasiz boshlanadi, katta tutqanoq xurujlari kuzatilmaydi, katta yoshda deyarli uchramaydi. Fokal xurujlardan farqli o‘laroq, absanslarda gallyutsinatsiyalar kuzatilmaydi. Absanslarda, odatda, tez yordam ko‘rsatish talab etilmaydi. Ba’zi absanslar (masalan, BAE) davolash muolajalarini o‘tkazmasa ham o‘tib ketadi. Ammo bitta bemorning o‘zida absanslar, fokal va tarqalgan xurujlar birgalikda namoyon bo‘lishi mumkin. Bunga misol Lennoks-Gasto sindromi.
Ba’zida absanslar to‘xtamasdan ketma-ket takrorlanadi. Buni absanslar statusi deb atashadi. Absanslar statusi kun bo‘yi davom etishi va bemorni holdan toydirishi mumkin. Natijada bemorning og‘zidan so‘lak oqaveradi, gipomimiya paydo bo‘ladi va hushi qochib, karaxt holatga tushadi. Bunday paytlarda bemorni klinikaga yotqizish zarur.
Professor Zarifboy Ibodullaev