Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Tarqoq skleroz haqida bilasizmi?

Tarqoq skleroz haqida bilasizmi?


Savol: Tarqoq sklerozda mielin parda emiriladimi?

Javob: Nerv sistemasi neyronlar, ya’ni nerv hujayralaridan tashkil topgan. Bosh miya va orqa miyani tashkil qiluvchi neyronlarga impulslarni olib keluvchi tolalarga dendritlar, impulslarni nerv hujayralaridan olib ketuvchi tolalarga aksonlar deb aytiladi. Mana shu aksonlar oppoq parda bilan qoplangan. Ushbu oppoq pardaga mielin deb nom berilgan. Nerv tolalarini zararlovchi turli murakkab viruslar (neyroviruslar) ushbu mielin pardani emiradi. Buning natijasida turli kasalliklar rivojlanadi. Shulardan biri – tarqoq skleroz. Nevrologiya qiroli deb nom chiqargan frantsuz olimi Jan Marten Sharko 1866 yili bu kasallikni alohida ajratgan.

Savol: Nima uchun “tarqoq skleroz” deyiladi? Tarqoq sklerozning aterosklerozga aloqasi bormi?

Javob: Tarqoq sklerozning aterosklerozga mutlaqo aloqasi yo‘q. Sharko bu kasallikni tarqoq skleroz deb atashiga sabab, unda ko‘plab nerv tolalari zararlanadi. Bu kasallik alomatlari bosh miya va orqa miyada tarqalib joylashgani uchun “tarqoq” iborasi kasallik nomida aks etgan. Oddiy odamlar orasida “skleroz” degan tushuncha “parishonxotir, xotirasi past” degan ma’noni anglatadi. Bu ibora xalqimiz miyasiga singib ketgan. Biroq tibbiyotda “skleroz” iborasi to‘qimalar emirilishi degan ma’noni anglatadi. Tarqoq skleroz kasalligining diqqat va xotira buzilishiga umuman aloqasi yo‘q. Eng qizig‘i, bu jiddiy kasallikning so‘nggi bosqichlarida ham parishonxotirlik va xotira buzilishlari deyarli kuzatilmaydi.

Tarqoq skleroz shimoliy mamlakatlar, ya’ni namgarlik yuqori bo‘lgan sovuq o‘lkalarda ko‘p uchraydi. Evropaning shimoliy o‘lkalari, AQShning shimoliy shtatlari, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya hamda Rossiyaning shimoliy hududlarida bu kasallik ko‘p tarqalgan. Quruq issiq bo‘ladigan o‘lkalarda, masalan, Turkiya, Markaziy Osiyo davlatlari, Hindiston, Janubiy Afrika, Yaponiya, Koreya, Mongoliyada bu kasallik juda kam uchraydi. Tabiiyki, O‘zbekiston ham tarqoq skleroz juda kam uchraydigan davlatlar sirasiga kiradi. E’tibor bering-a, qaysi davlatda quyosh kam chiqsa, o‘sha erda tarqoq skleroz ko‘p uchraydi va aksincha. Shuning uchun ham bu kasallikning kelib chiqishida quyosh nuri ta’sirida “D” vitamini sinteziga katta urg‘u berishadi. Demak, “D” vitamini etishmasa, tarqoq skeleroz rivojlanish xavfi biroz oshadi.

Savol: Qaysi yoshda ko‘p uchraydi?

Javob: Tarqoq skleroz, asosan, 20-40 yoshlarda ko‘p uchraydi. Ammo bu kasallikning 10 yoshda yoki 50 yoshdan oshganlarda ham boshlangan holatlari uchrab turadi. Erkaklarga qaraganda ayollar ko‘p kasallanishadi.

Savol: Nima uchun?

Javob: Chunki organizmda kechadigan immunologik buzilishlar. Tez-tez kuzatiluvchi virusli infektsiyalar, genetik omillar, radiatsiya, ekologik omillar, sovuq va nam iqlim, gormonal buzilishlar, zaharli kimyoviy moddalar ta’siri, genetik yo‘llar bilan etishtirilgan oziq-ovqatlarni ko‘p iste’mol qilish tarqoq skleroz rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Tarqoq skleroz rivojlanishi uchun patogen omillar organizmning immun mexanizmini izdan chiqarishi kerak. Bu erda genetik omillar o‘rni ham isbot qilingan. Tarqoq skleroz ushbu kasallikka genetik moyilligi bor odamlarda rivojlanadi. Bu og‘ir kasallik 20 foiz qarindosh-urug‘lar orasida turmush qurganlarda uchrashi ham isbot qilingan.

Savol: Belgilari qanday?

Javob: Muvozanat buzilishi, chayqalib yurish, ko‘rishning birdan yo‘qolib, yana qayta tiklanishi, harakat buzilishlari, falajliklar, ayniqsa, oyoqlarda, depressiya, apatiya va ipoxondriya, bosh aylanishi, yutish buzilishi, orqa miya bo‘ylab tok urib o‘tgandek bir zumli og‘riqlarning paydo bo‘lishi kabi belgilar. Ko‘rsatib o‘tilgan bu belgilar boshqa nevrologik kasalliklarda ham uchraydi, hatto nevroz va isteriyada ham. Shuning uchun o‘zingizga tashxis qo‘yishga shoshmang. Tarqoq skleroz tashxisini, hatto yuqori malakali nevropatologlar jiddiy kuzatuvlar o‘tkazgach, juda ehtiyotkorlik bilan qo‘yishadi.

Savol: Davolash qanday olib boriladi?

Javob: Tarqoq skleroz bilan kasallangan bemorni davolash o‘ta murakkab va uzoq davom etuvchi jarayondir. Davolash muolajalari ijobiy natija berishi uchun ular uzluksiz olib borilishi va dorilar etarli dozada hamda uzoq muddat tavsiya etilishi kerak. Agar davolash davrida ijobiy klinik o‘zgarishlar kuzatilsa va MRTda sklerotik o‘choqlar hajmi kichraysa yoki yo‘qolsa (odatda, 1 yil ichida), davolash samarali ketayapti deb xulosa qilish mumkin. Davolash to‘g‘ri olib borilsa, 75 % holatlarda samara o‘ta yuqori bo‘ladi.

 Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив