STUPOR
Stupor (lot. stupor “qotib qolish”, “dong qotish”) – tashqi ta’sirotlarga javob reaktsiyasining butunlay so‘nishi va mutizm bilan namoyon bo‘luvchi qotib qolish.
Stuporning quyidagi turlari farqlanadi:
- katatonik
- depressiv
- reaktiv
Katotonik stupor og‘ir ruhiy kasalliklarda rivojlanadi va bemorning turli holatlarda butunlay qotib qolishi bilan namoyon bo‘ladi. U gapirmaydi (mutizm), og‘riqlarni sezmaydi, hech qanday harakatlar qilmaydi, ko‘zlari ochiq holatda bir nuqtaga tikilib qoladi. Tik holatda qotib qolgan bemor yiqilib ham tushmaydi, xuddi muzeydagi manekenlarga o‘xshab qotib turadi. Agar vrach bemorning muskullarini bukib-yozmoqchi bo‘lsa, buning uddasidan chiqa olmaydi. Chunki bemorda yuqori darajada muskullar gipertonusi kuzatiladi. Bemor bilan hech qanday muloqotga kirishib bo‘lmaydi, u o‘zining atrofida nimalar (o‘yin-kulgi, urush-janjal) bo‘layotganini sezmay qotib turaveradi yoki oyoq-qo‘llari va gavdasi bukilgan holatda yotaveradi.
Katotonik stuporda ba’zan quyidagi negativ holatlar kuzatiladi: bemorga yordam berib uni joyiga yotqizmoqchi yoki o‘rniga o‘tqazmoqchi bo‘lsangiz, u faol qarshilik ko‘rsatadi; oldidagi ovqat solingan idishni olmoqchi bo‘lsangiz, idishga yopishadi, yoniga yaqinlashsangiz, u sizdan uzoqlashadi yoki xonadan chiqib ketmoqchi bo‘lsangiz, u siz bilan muloqotga kirishga harakat qiladi va h.k. Shuningdek, baland ovozda berilgan savolga javob bermagan bemorning qulog‘iga shivirlab gapirsa, javob qaytaradi. Ba’zi bemorlar tunda o‘rnidan turib yuradi, o‘zini tartibga keltiradi, tualetga borib keladi va xatto ovqatlanadi, yonidagilar bilan gaplashadi.
Depressiv stupor og‘ir endogen depressiyada kuzatiladi va bunda ham butunlay qotib qolish kuzatiladi. Bunday bemorning yuzida depressiya va aziyat chekkanlik holati bilinib turadi. Bemor bilan muloqotga kirishish mumkin, biroq u faqat monoton tovushda javob qaytaradi yoki boshini qimirlatib “ha-ha”, “yo‘q-yo‘q” qabilida javob qaytaradi. Bemor yotgan joyi va ust-boshiga umuman qaramay qo‘yadi, hammayoq besaranjom bo‘lib yotadi. Depressiv stupor ba’zida psixomotor qo‘zg‘alishlarga o‘tib ketadi. Bunday paytlarda bemor o‘ziga va atrofdagilarga tan jarohati etkazishi mumkin. Shuning uchun ham stupor holatiga tushgan bemorning yoniga bolalarni yaqinlashtirmaslik va uni darhol shifoxonaga yotqizish kerak.
Reaktiv (psixogen) stupor – og‘ir musibatlar yoki kuchli stressdan so‘ng sog‘lom odamlarda kuzatiladigan qotib qolish. Reaktiv stupor ham yuqorida ko‘rsatilgan belgilar bilan namoyon bo‘ladi, biroq negativ simptomlar kuzatilmaydi. Bu stupor, odatda bir kun ichida barham topadi.
Tez yordam. Har qanday stuporda bemor zudlik bilan ruhiy kasalliklar shifoxonasi yoki boshqa shifoxonalarning tez yordam bo‘limiga yotqiziladi va nazoratga olinadi. Uning yonida doimo kuzatuvchi va parvarish qiluvchi odam bo‘lishi kerak. Chunki bemor o‘ziga kelganidan so‘ng joniga qasd qilishi mumkin.
Katotonik stuporda dastlab 20 % li 2 ml kofein eritmasi m/i ga qilinadi. Oradan 3-5 daqiqa o‘tgach barbamilning 5 % li 5 ml eritmasi m/i ga yoki v/i ga juda sekinlik bilan yuboriladi. Venaga yuborish tezligi 1 daqiqaga 1 ml dan oshmasligi kerak. Bemor o‘ziga kelgach (mimik reaktsiyalar paydo bo‘ladi, bir-ikki so‘zlar gapirib boshlaydi) barbamil qilish to‘xtatiladi. Chunki barbamilni ko‘p qilib yuborsa, bemor o‘ziga kelgach uxlab qolishi mumkin. Neyroleptiklardan 2,5 % li 2 ml aminazin yoki 0,5 % li 2 ml (10 mg) frenolon yoki 1 % li 2 ml (20 mg) majeptil m/i ga qilinadi. Albatta, bu dorilar bilan nafas olish markazlari faolligini so‘ndirib qo‘ymaslik kerak. Kuchli katotonik stuporda bemor insulin bilan gipoglikemik komaga tushirilishi mumkin. Depressiv stuporda ham barbamil va kofein muolajalari qilinadi. Bemor o‘ziga kelgach melipramin 200-300 mg ichishga beriladi yoki 1,25 % li 2 ml miqdorda m/i ga qilinadi. Reaktiv (psixogen) stuporda 0,5 % li 2 ml diazepam (seduksen, relanium) m/i ga qilinadi. So‘ngra 10-20 mg elenium yoki 3-5 mg fenazepam bir-ikki kun mobaynida ichishga beriladi.
Professor Zarifboy Ibodullaev