PERIFERIK NERV SISTEMASI KASALLIKLARI
PERIFERIK NERV SISTEMASINING ANATOMO-FIZIOLOGIK XUSUSIYaTLARI
Periferik nervlarning aksariyati harakat, sezgi va vegetativ tolalardan iborat. Biroq ular barcha periferik nervlarda bir xil taqsimlanmagan. Qaysi periferik nervda harakat tolalari ko‘p, sezgi tolalari kam bo‘lsa, ushbu nerv zararlanishi, asosan, harakat buzilishlari (falajliklar) bilan namoyon bo‘ladi, sezgi buzilishlari va og‘riqlar deyarli kuzatilmaydi yoki sust ifodalangan bo‘ladi. Masalan, sezgi tolalari kam bo‘lgan n. ulnaris, n. radialis va n. peroneus zararlansa bemor, asosan, harakat buzilishlaridan shikoyat qiladi, og‘riqlar esa bo‘lmaydi. Sezgi tolalariga boy bo‘lgan n, trigeminus, n. medianus, n.ischiadicus va n. tibialis zararlansa, bemorda sezgi buzilishlari kuchli ogritslar bilan namoyon bo‘ladi, harakat buzilishlari sust ifodalangan bo‘ladi. Periferik nervlar zararlanganda kuzatiladigan kuchli og‘riqlar nafaqat sezgi tolalari, balki vegetativ tolalar zararlanishi bilan ham bog‘liq. Vegetativ tolalarga boy bo‘lgan periferik nerv zararlansa, o‘sha nerv innervatsiya qiladigan sohada vegetativ-trofik buzilishlar yaqqol namoyon bo‘ladi.
Shunday qilib, periferik nervlar zararlanganda, ular innervatsiya qiladigan sohalarda harakat, sezgi va vegetativ-trofik buzilishlar hamda og‘riqlar aniqlanadi. Periferik nervlarning harakat tolalari innervatsiya qiladigan muskullar sohasi – miotoma, sezgi tolalari innervatsiya qiladigan teri sohasi – dermatoma deb ataladi. Demak, falajliklar miotomalarda, og‘riq va sezgi buzilishlari dermatomalar-da kuzatiladi.
Periferik nervlar zararlanishi nerv chigallari sohasida ko‘p uchraganligi bois ularning tuzilishi haqida to‘xtalib o‘tamiz. Orqa miyaning oldingi va orqa ildizchalari birlashib, spinal nervni (n.spinalis) hosil qiladi. Spinal nerv umurtqalararo teshikdan chiqqan zahoti 4 shoxchaga bo‘linadi:
- ramus ventralis – tananing old tomoni, qo‘l-oyoqlar terisi va muskullarini innervatsiya qiladi;
- ramus dorsalis – tananing orqa qismi terisi va muskullarini innervatsiya qiladi;
- ramus meningeus – orqa miya pardalarini innervatsiya qiladi;
- ramus communicans – simpatik tugunlarga boradi.
Orqa miyaning har bir segmenti gavdaning ma’lum bir sohasini innervatsiya qiladi. Buni metamer deb atashadi. Metamer, o‘z navbatida, dermatoma, miotoma, sklerotoma, splanxnotomalarga bo‘linadi:
- dermatoma – terining segmentar innervatsiyasi;
- miotoma – muskulning segmentar innervatsiyasi;
- sklerotoma – suyakning segmentar innervatsiyasi;
- splanxnotoma – ichki a’zoning segmentar innervatsiyasi. Spinal nervning oldingi shoxchalari (ramus ventralis) o‘zaro birlashib, nerv chigallarini (plexus) hosil qiladi. Orqa miyaning 5 ta chigali farqlanadi:
- bo‘yin chigali (plexus cervicalis) – S:-S4 segmentlar;
- elka chigali (plexus brachialis) – S5-S8, Thj segmentlar;
- bel chigali (plexus lumbalis) – L:-L4 segmentlar;
- dumg‘aza chigali (plexus sacralis) – L5, S:-S4 segmentlar;
- dum chigali (plexus coccygeus) – S5, Co:-2 segmentlar.
- Bo‘yin chigali (plexus cervicalis) S:–S4 spinal ildizchalar yig‘indisidan hosil bo‘lgan. Bo‘yin chigalining teri (sezgi) nervlari – n.occipitalis minor, n. auricularis magnus, n. cutaneus colli bo‘lib, ular ensa va bo‘yin sohasi terisini innervatsiya qiladi (5.1-rasm). O‘mrov usti nervlari (nn.supraclaviculares) esa o‘mrov usti sohasi, ko‘krak qafasining ustki qismi, elkaning yuqori va tashqi qismlari terisini innervatsiya qiladi. Bo‘yin chigalining harakat nervlari bo‘yin muskullarini, ya’ni m. platysma, m. sternocleidomastoideus, m. trapezius, m. longus colli larni innervatsiya qiladi. Ular bo‘yin va boshning turli tomonlarga harakati va elkani ko‘tarish funktsiyasini bajaradi. Bo‘yin chigalining harakat nervlari shoxchalari tilosti nervi (XII nerv) shoxchalari bilan anastomozi bor. Shuning uchun ham bo‘yin chigalining harakat nervlari zararlan-ganda ba’zan dizartriya kuzatiladi.
Bo‘yin chigalining yana bir muhim nervlaridan biri – bu diafragmal nerv (n. phrenicus). N. phrenicus aralash nerv bo‘lib, uning oz sonli sezgi tolalari plevra, perikard va diafragmani innervatsiya qiladi, ko‘p sonli harakat tolalari esa diafragmani, ya’ni nafas olish muskullarini innervatsiya qiladi. Ushbu nerv zararlansa, nafas olish buziladi va bemorning hayoti xavf ostida qoladi, agar u ta’sirlantirilsa, betinim hiqichoq ro‘y beradi (bunday paytlarda adashib uzunchoq miya patologiyasini izlashadi). Ba’zida ko‘krak sohasida kuchli sanchuvchi og‘riqlar paydo bo‘lib, u elkaga irradiatsiya qiladi. Bu og‘riqlar xuddi stenokardiya yoki miokard infarktida kuzatiladigan og‘riqlarga o‘xshaydi.
5.1-rasm. Bo‘yin chigali nervlari.
- Elka chigali (plexus brachialis) S5-S8, Th1 spinal ildizchalar yig‘indisidan hosil bo‘lgan. Elka chigali juda murakkab tuzilishga ega bo‘lib, u bir necha nervlarga bo‘linib ketadi. Ular elka sohasi va qo‘llarni innervatsiya qiladi. Bular n.axillaris, n. musculocutaneus, n. medianus, n. ulnaris, n. radialis va boshqa nervlar.
- Bel chigali (plexus lumbalis) L:-L4 spinal ildizchalar yig‘indisidan hosil bo‘lgan. Bel chigalidan hosil bo‘ladigan asosiy nervlar – n. iliohypogastricus, ilioinguinalis, n. genitofemoralis, n. cutaneus femo-ris lateralis, n.obturatorius, n. femoralis va boshqa nervlar.
- Dumg‘aza chigali (plexus sacralis) L5, Sx-S4 spinal ildizchalar yig‘indisidan hosil bo‘lgan juda yirik chigaldir. Uning asosiy nervlari – n. gluteus superior, n. gluteus inferior, n. pudendus, n. cu-taneus femorisposterior, n. Ischiadicus.
- Dum chigali (plexus coccygeus) S5 spinal ildizchalar va So1-2 nervlardan tashkil topgan. Uning harakat tolalari kichik tos muskullarini, shu jumladan, anal teshikni ko‘taruvchi muskullarni innervatsiya qiladi. Bu chigalning sezgi tolalari, ya’ni nn. anococcygei anal teshik va dum orasidagi teri sohasini innervatsiya qiladi. Dum chigalining dum sohasidagi simpatik chigallar bilan anastomozi bor. Bu chigal zararlansa, anogenital sohada sezgi buzilishlari va kuchli og‘riqlar, siydik tuta olmaslik, defekatsiya buzilishi va jinsiy zaiflik kuzatiladi.