PIK KASALLIGI


Pik kasalligi – zo‘rayib boruvchi aqliy zaiflik va nutqning batamom buzilishi bilan kechuvchi nasliy-degenerativ kasallik.

Klinikasi. Pik kasalligi 40-50 yoshlarda boshlanadi va ayollarda ko‘p uchraydi. Uning belgilari dastlab xuddi tserebrovaskulyar kasalliklarda kuzatiladigan neyropsixologik buzilishlarni eslatadi. Lekin Pik kasalli­gi tinmay zo‘rayib boradi. Bemorning xulq-atvori keskin buziladi: kasallikka nisbatan tanqidiy munosabati yo‘qoladi, hissiy to‘mtoqlik rivojlanadi, ya’ni u o‘ziga va atrofdagi voqealarga befarq bo‘lib qoladi, go‘yoki shaxs «parchalanadi». O‘yin-kulgili voqealar uni qiziqtirmay qo‘yadi. Shaxsiyatdagi chuqur o‘zgarishlar fikrlash doirasining keskin torayishi bilan kechadi, ya’ni yaqqol ifo­dalangan dementsiya belgilari shakllanadi. Ushbu simptomlar rivojlanib boshlagandan so‘ng bemorda tserebrovaskulyar kasallik emas, balki dementsiyaning bir turi paydo bo‘layotganligi vrachning diqqatini tortadi.

Shaxs va fikrlashdagi patologik o‘zgarishlar bosh miya katta yarim sharlarining qaysi sohasi atrofiyaga uchraganiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Pe­shona bo‘lagining konveksital sohasi atrofiyasida harakatga bo‘lgan motivatsiya so‘nadi, nutq faolligi sustlashadi, fikrlash doirasi keskin torayadi va hissiy to‘mtoqlik rivojlanadi. Peshona bo‘lagining orbital qismi (bazal qismi) atrofiyasida eyforiya, tanqidiy munosabatning keskin pasayishi, ahloq va mayl buzilishlari boshqa buzilishlarga qaraganda ustunlik qiladi. Peshona-chakka bo‘lagi atrofiyasida esa kognitiv buzilishlar kuchli ifodalangan shaxs parchalanishi bilan namoyon bo‘ladi.

Ba’zida neyropsixologik buzilishlarga (afaziya, apraksiya, agnoziya) qaraganda, psixopatologik buzilishlar, ya’ni shaxs parchalanishi ustunlik qiladi. Shu bois bemorga adashib "shizofreniya" tashxisini ham qo‘yib qo‘yishadi. Psixik buzilishlar gallyutsinatsiya, paranoyya, deliriya, konfabulyatsiya va psixomotor qo‘zg‘alishlar bilan namoyon bo‘ladi. Keyinchalik, ya’ni neyropsixologik buzilishlar vujudga kela boshlagach, bemorda dementsiyaning bir turi rivojlanayotganligi ayon bo‘lib qoladi. Bunday paytlarda chuqur neyropsixologik tekshiruvlar va MRT ma’lumotlari tashxisni to‘g‘ri aniqlashga yordam beradi.

Kasallikning keyingi bosqichlarida neyropsixologik va patopsixologik buzilishlar avj oladi va bemorda o‘ta og‘ir holat yuzaga keladi. Bunday bemorning tashqi ko‘rinishi mutlaq o‘zgargan, aqli zaiflashgan, nutqi buzilgan, xotirasi yo‘qolgan, fikrlash qobiliyati butunlay to‘xtagan bo‘ladi. Bemor o‘ziga umuman qaramaydigan, iflos yuradigan, ishtoniga siyib yuboradigan bo‘lib qoladi. Unda na o‘ziga, na tashqi ko‘rinishiga va na oila a’zolariga qiziqish qoladi. Hatto yaqinlaridan biri vafot etsa ham, bunga e’tibor qilmaydi. Bir so‘z bilan aytganda bemorda inson uchun xos bo‘lgan barcha oliy fazilatlar izdan chiqadi. U jismonan ham zaiflashib qoladi.

Pik kasalligi, albatta, boshqa dementsiyalar kabi neyropsixologik buzilishlarga boy. Ushbu kasallikda nutqning deyarli barcha turlari izdan chiqadi. Bemorning so‘z boyligi asta-sekin kamaya boradi, so‘zlayotganida grammatik xatolarga yo‘l qo‘yadi, stereotip so‘zlar paydo bo‘ladi, exololiya kuzatiladi. Shuningdek, motor, sensor va amnestik afaziya belgilari paydo bo‘ladi. Barcha turdagi afaziyalar keyinchalik zo‘raya borib, total afaziyaga o‘tadi. Qaysi afaziyaning qachon yuzaga kelishi kortikal atrofiyaning qaysi sohadan boshlanishiga bog‘liq. Atrofiya po‘stloq hujayralaridan po‘stlog‘osti tuzilmalariga o‘ta boshlasa amiostatik sindrom shakllana boshlaydi. Agar atrofiyalar pretsentral va premotor sohada paydo bo‘lsa, spastik falajliklar yuzaga keladi.

Qiyosiy tashxis. Pik kasalligini, avvalambor, Alsxaymer kasalligi bilan qiyoslash kerak. Bu ikkala kasallikni klinik simptomlarga qarab farqlash Alsxaymer kasalligi yozilgan joyda keltirilgan. Pik kasalligi uchun ju­da xos bo‘lgan morfologik belgi – bu bosh miya katta yarim sharlari peshona va chakka bo‘laklarining kuchli atrofiyasi. Albatta, aksariyat hollarda pesho­na bo‘lagi atrofiyasi kuchliroq ifodalangan bo‘ladi. Bu atrofiyani MRT da yaqqol ko‘rish mumkin. Demak, Pik kasalligi peshona dementsiyasiga kiradi. Kortikal atrofiya, odatda, simmetrik tarzda namoyon bo‘ladi. Atrofiya keyinchalik po‘stlog‘osti tuzilmalariga tarqaladi.

Mikroskopik tekshiruvlarda glioz, kortikal neyronlar atrofiyasi va Pik tanachalari aniqlanadi. Aytish joizki, Pik kasalligida uchraydigan barcha morfologik belgilar (lobar atrofiya) va zo‘rayib boruvchi aqliy zaiflik Alsxaymer kasalligida ham uchraydi. Demak, har qanday klinik va paraklinik ma’lumotlar o‘ta jiddiylik bilan o‘rganilishi va o‘zaro taqqoslanishi kerak.

Davolash. Samarali davolash usullari ishlab chiqilmagan.

Prognoz. Juda og‘ir. Kasallik zo‘rayib boruvchi xususiyatga ega. Kasallikning so‘nggi bosqichida chuqur dementsiya, total afaziya, to‘la ruhiy va jismoniy qaramlik rivojlanadi.

Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив