PLEKSOPATIYaLAR


Elka chigali pleksopatiyasi

Etiologiyasi. Elka chigali pleksopatiyasi, asosan, turli virusli va bakterial infektsiyalar, intoksikatsiyalar (qo‘rg‘oshin, margimush), o‘mrov va elka suyaklari jarohatlari, o‘mrovosti arteriya anevrizmasi, elkaga og‘ir yuklarni osib yurish, qo‘ltiqtayoq tutish, bo‘yinda qo‘shimcha qovurg‘aning borligida rivojlanadi. Elki chigali o‘pkaning ustki qismi o‘smasida ham zararlanadi va buning natijasida pleksopatiya rivojlanadi. Bunga Pankost sindromi deb ataladi.

Simptomlari. Pleksopatiyaning asosiy simptomi – bu kuchli og‘riq bo‘lib, u elka sohasidan butun qo‘l bo‘ylab tarqaladi va panjagacha irradiatsiya qiladi. Qo‘lning har qanday harakatida og‘riq kuchayadi. Og‘riq bilan birgalikda paresteziyalar ham kuzatiladi. Pleksopatiyaning yana bir asosiy simptomi – bu periferik falajlikdir (monoparez yoki monoplegiya). Falajlik elka va qo‘l muskullarida rivojlanadi, bitseps, tritseps va periostal reflekslar pasayadi yoki yo‘qoladi, periferik tipda sezgi buzilishlari vujudga keladi. Og‘riq nuqtalari o‘mrov usti va ostidagi nuqtalarda (Erb nuqtalari) joylashadi. Vegetativ-trofik buzilishlar rivojlanadi va ular teri rangining marmar tusga kirishi, qurishi yoki gipergidrozi hamda tirnoqlar sinishi kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Zararlangan qo‘lda teri harorati pasayadi. Elka chigalining to‘la zararlanishi kam uchraydi.

 

Bel-dumg‘aza chigali pleksopatiyasi

Etiologiyasi. Bel-dumg‘aza chigali pleksopatiyasi ko‘p uchraydigan polietiologik kasalliklardan biridir. Kasallikning asosiy sabablari – bular osteoxondroz, disk churrasi, sil, brutsellyoz, travmatik jarohatlar, o‘sma, infektsiya, intoksikatsiya, epidural abtsesslar.

Klinikasi. Ko‘pincha, bel-dumg‘aza chigalining quymich nervi chiqadigan qismi zararlanadi. Asosiy klinik belgi – bu bel-dumg‘aza sohasida paydo bo‘lgan va oyoqning orqa-lateral yuzasi bo‘ylab irradiatsiya qiluvchi og‘riqlar. Og‘riq son va boldirning orqa-lateral yuzasi bo‘ylab irradiatsiya qilib, oyoq panjasining yon tomonini ham qamrab oladi. Og‘riqlarning o‘tkir yoki surunkali tusda namoyon bo‘lishi etiologik omillarga ko‘p jihatdan bog‘liq. O‘tkir tarzda paydo bo‘luvchi og‘riqlar, odatda, o‘ta kuchli bo‘ladi va bemorga “belga xuddi pichoq bilan sanchgandek”, “o‘tkir narsa tiqib buragandek”, “bel sinib qolgandek” tuyuladi. Bemor og‘riqlarga chida olmay buralib yotib oladi. Og‘riq yo‘talganda, aksa urganda, kuchanganda kuchayadi. Og‘riqlar o‘ta kuchli bo‘lganligi bois, dastlab analgetiklar bilan og‘riqlarni bartaraf etish va undan keyin zarur tekshiruvlarni o‘tkazish lozim.

Kuchli og‘riq xurujlari paytida bel-dumg‘aza sohasining bir tomondagi muskullarida spastik qisqarishlar ro‘y beradi. Bu esa umurtqa pog‘onasini bir tomonga, ya’ni og‘rigan tomonga bukib qo‘yadi. Natijada reflektor skolioz rivojlanadi. Bel lordozi esa silliqlashadi. Buni antalgik holat deb atashadi. Chunki bemor gavdasini to‘g‘irlamoqchi bo‘lsa, og‘riq kuchayadi. Bel sohasidagi paravertebral muskullar paypaslab tekshirilganda, og‘riq kuzatilgan tomondagi muskullar qotishib bo‘rtib turadi. Buni “defans muskulorum” deb atashadi.

Beli og‘rigan bemorning to‘shakda yotishi yoki kursida o‘tirishi ham og‘riq kuzatilayotgan tomonni to‘g‘ri aniqlab olishga yordam beradi. Bemor to‘shakda sog‘lom tomonga yonboshlab og‘rigan oyog‘ini bukib yotadi. Agar  yonboshlamoqchi bo‘lsa, asosan, qo‘llarini va sog‘lom oyog‘ini ishga soladi. Bemor og‘riyotgan oyog‘ini qaysi tomonga bukib yotishiga qarab, bel-dumg‘aza chigalining qaysi qismi ko‘proq zararlanganini bilib olish mumkin. Agar son nervini hosil qiluvchi bel chigali (L2–L4) zararlansa, bemor bukilgan oyog‘ini ichkariga burib yotadi, agar quymich nervini hosil qiluvchi lyumbosakral chigallar (L4–L5, S1–S3) zararlansa, bemor bukilgan oyog‘ini tashqariga yozib yotadi.

To‘shakda yotgan bemor o‘rnidan turayotganda oldinga engashib oladi, sog‘lom oyog‘ini erga bosib atrofdagi narsalarni qo‘llari bilan ushlab turadi. Bu paytda og‘riyotgan oyog‘i yarim bukilgan bo‘ladi. Bemor kursiga sog‘lom dumbasini qo‘yib o‘tiradi va gavdasini orqaga hamda sog‘lom tomonga biroz og‘dirib oladi. Kursidan turayotganda sog‘lom oyog‘iga suyanib turadi, og‘riyotgan oyog‘ini esa biroz bukib oladi. Tik turganda qo‘li bilan ustar chekkasi, devor yoki o‘zi bilan kelgan odam elkasiga suyanib turadi. Og‘riyotgan oyog‘ini erga bosmaslikka harakat qiladi. Aksariyat bemorlar og‘riq o‘tib ketguncha xassa bilan yurishni afzal ko‘rishadi. Og‘riq chap tomonda kuzatilayotgan bo‘lsa, bemor xassani chap qo‘li bilan, o‘ng tomonda kuzatilayotgan bo‘lsa – o‘ng qo‘li bilan ushlab yuradi. Shu yo‘l bilan bemor og‘riyotgan oyog‘ini asrashga harakat qiladi. Demak, siz tomon yurib kelayotgan bemor xassani qaysi qo‘lda ushlayotganiga qarab, og‘riq qaysi tomonda kuzatilayotganini bilib olish mumkin.

Reflekslar. Og‘riq kuzatilayotgan oyoqda pay reflekslari oshadi. Buning sababi muskullar gipotoniyasidir. Kasallik davom etaversa, pay reflekslari pasaya boshlaydi. Bel chigalining n. femoralis ni hosil qiluvchi nervlari zararlansa – tizza refleksi pasayadi. N. ishshiadicus ni hosil qiluvchi bel-dumg‘aza chigali nervlari zararlansa – axill refleks pasayadi. Bel-dumg‘aza pleksopatiyasida tizza refleksi ko‘pincha saqlanib qoladi, axillov refleks esa erta pasayadi va so‘nadi. Ayniqsa, diskogen etiologiyali pleksopatiyalarda pay reflekslari erta so‘nadi. L5–S1 diskning lateral churrasida axill refleks, bel umurtqalari orasidagi disklar churrasida tizza refleksi pasayadi. Disk churrasi L4–L5 va L5–S1 umurtqalar orasida ko‘p uchraydi, L1–L2, L2–L3 va L3–L4 umurtqalar orasida esa kam kuzatiladi.

Muskullar tonusi va trofikasi. Boldir va oyoq panjasining barcha muskullarini quymich nervi tarmoqlari (n. tibialis va n. peroneus) innervatsiya qiladi.  Og‘riq kuzatilayotgan oyoqda muskullar gipotoniyasi kasallikning dastlabki kunlariyoq paydo bo‘ladi va uzoq vaqt saqlanib qoladi. Agar bel-dumg‘aza chigalining bel qismi ko‘proq zararlansa, sonning old tomonidagi muskullarda, agar dumg‘aza qismi ko‘proq zararlansa, oyoqning orqa-lateral tomonidagi, ayniqsa, peroneal guruh muskullarida gipotoniya kuzatiladi. Keyinchalik gipotoniya kuzatilgan muskullarda atrofiya rivojlanadi. Oyoq panjasi osilib qoladi. Muskullar trofikasining buzilishi kasallikni keltirib chiqargan etiologik omilga ko‘p jihatdan bog‘liq. Agar lyumboishialgiya tez o‘tib ketsa, muskullar trofikasi buzilmay qoladi.

Sezgi buzilishlari. Bel-dumg‘aza pleksopatiyasida sezgi buzilishlari chigalning qaysi tarmoqlari qo‘proq zararlanganiga bog‘liq. Gipesteziyalar, ko‘pincha  sonning orqa-lateral, boldirning tashqi va oyoq panjasining pastki yuzasi bo‘ylab kuzatiladi. Agar S1 ildizcha zararlansa, gipesteziya boldirning orqa-lateral, oyoq panjasining tashqi va pastki yuzasi bo‘ylab aniqlanadi. Agar L5 ildizcha zararlansa, gipesteziya boldirning orqa-lateral, oyoq panjasining pastki yuzasi bo‘ylab kuzatiladi. Agar L4 ildizcha zararlansa, gipesteziya sonning old yuzasi va boldirning ichki yuzasi bo‘ylab kuzatiladi.

Vegetativ buzilishlar. Og‘riq kuzatilayotgan oyoqda haroratning pasayishi, tsianoz, oyoq panjasi va boldirning sovqotishi, a. dorsalis pedisda tomir urishining pasayishi, giperkeratoz kabi vegetativ buzilishlar aniqlanadi.

Tashxis va qiyosiy tashxis. Bel-dumg‘aza pleksopatiyasi tashxisini qo‘yish uchun bir necha klinik tekshirish usullari mavjud. Ularning aksariyati og‘riqni aniqlashga qaratilgan. Tashxis og‘riq bilan bog‘liq simptomlar, ya’ni Laseg, Vasserman, Neri simptomlarni o‘rganish va rentgenologik, MRT tekshiruvlari orqali qo‘yiladi.

Kechishi. Bel-dumg‘aza pleksopatiyasi radikulyar og‘riqlar bilan, odatda, o‘tkir boshlanadi. Kasallikning o‘tkir davri qanday kechishi va qancha vaqt davom etishi kasallik etiologiyasi, yondosh kasalliklar, bemorning umumiy ahvoli va davolash muolajalari qancha erta boshlanganligiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Og‘riqlarni bir hafta ichida to‘xtatish mumkin. Ba’zida  kuchli sovqotishdan, ya’ni “shamollashdan” paydo bo‘lgan lyumbagoni 1-2 kunda bartaraf etsa bo‘ladi. O‘tkir virusli yoki bakterial infektsiyalar sababli paydo bo‘lgan pleksopatiyalarning o‘tkir davri, odatda, 1-2 haftadan 1-2 oygacha davom etadi va birato‘la surunkali davrga o‘tadi.

Agarda bir-ikki hafta o‘tgach, og‘riqlar to‘xtagandan so‘ng gipesteziyalar, pay reflekslari arefleksiyasi va muskullar atrofiyasi boshlansa, kasallik uzoq davom etishi va oyoqlarda periferik falajliklar bilan tugallanishi mumkin. Bunday holatlar umurtqa pog‘onasining kuchli degenerativ o‘zgarishlari, disk churralari, og‘ir yallig‘lanish kasalliklari va kuchli intoksikatsiyalarda kuzatiladi. Shuning uchun kasallikning birinchi kuniyoq uning etiologiyasi aniqlanishi kerak.

 

Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив