POZITRON EMISSION TOMOGRAFIYa
Pozitron emission tomografiya (PET) – turli a’zo va to‘qimalarda kechayotgan metabolik jarayonlarni o‘rganuvchi zamonaviy usul. Tserebrovaskulyar kasalliklar, neyrodegenerativ buzilishlar, metabolik entsefalopatiyalar va neyrointoksikatsiyalarda bosh miyada kechayotgan turli metabolik buzilishlar PET yordamida aniqlanadi. MRT nerv sistemasida yuzaga kelgan struktur o‘zgarishlar haqida to‘la-to‘kis ma’lumot bersa-da, ularning metabolizmi haqida ma’lumot bera olmaydi. Bu borada PET ning o‘rni juda katta. PET orqali endi ro‘y berayotgan har qanday metabolik buzilishlarni ham aniqlab olish mumkin. PET nevrologiya amaliyotida bosh miya metabolizmini o‘rganishda keng qo‘llaniladi.
PET asosan quyidagi kasalliklarda o‘tkaziladi
- Metabolik buzilishlar
- Tarqoq skleroz
- Tserebrovaskulyar kasalliklar
- Epilepsiya
- Parkinson kasalligi
- Dementsiya
- Giperkinezlar
PET turli kontrastlar yuborib o‘tkaziladi. Inson uchun zararsiz bo‘lgan ushbu kontrastlar (asosan, glyukoza saqlovchi) organizmda kechayotgan tabiiy metabolik jarayonlarda ishtirok etadi. Buning natijasida normal kechayotgan metabolizm bilan patologik tarzda kechayotgan metabolik jarayonlar aniqlab olinadi. Chunki, keyinchalik struktur buzilishlarga olib keluvchi har qanday kasallikda dastlab biokimyoviy jarayonlar izdan chiqadi. Ushbu jarayonlar qay tarzda buzilayotganligini PET ko‘rsata oladi.
PET och qoringa o‘tkaziladi. PET o‘tkazishga o‘rtacha bir soat vaqt ketadi. Kontrast yuborilgandan so‘ng sinaluvchi 30 daqiqa mobaynida tinch yotishi, ya’ni jismoniy harakatlar qilmasligi va psixoemotsional zo‘riqmasligi kerak. PET o‘tkazish bilan bog‘liq rentgenolik nurlanish oddiy rentgen nurlari darajasida. Shu bois homilador va bola emizuvchi ayollarga PET qilinmaydi.