Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi OLIGOFRENIYa yoki bolaning nega AQLI ZAIF?

OLIGOFRENIYa yoki bolaning nega AQLI ZAIF?


Oligofreniya – bolalarda uchraydigan aqliy zaiflik. Uning sabablari: tug‘ruqning og‘ir o‘tishi, erta bolalik davrida o‘tkazilgan bosh miyaning og‘ir kasalliklari (meningit, entsefalit), bosh miya jarohatlari va qarindoshlar orasida turmush qurish.

Homilador ayol aminokislotalar, glyukoza, vitaminlar va mineral moddalarga boy bo‘lgan oziq-ovqatlarni etarli darajada iste’mol qilmasa ham aqliy zaif bola tug‘ilishi xavfi oshadi. Homilador ayolni ruhan ezaverish ham ruhiy nosog‘lom bolaning dunyoga kelishiga sababchi bo‘ladi. Ba’zida oligofreniya sababini aniqlash qiyin.

Belgilari: aqliy zaiflik rivojlanayotganligi, odatda, bola 2-3 yoshga etganda ma’lum bo‘lib qoladi. Chunki bolaning nutqi 1 yoshdan keyin chiqa boshlaydi. Ota-ona bolaning o‘z tengdoshlaridan orqada qolib borayotgani, harakatlari yo‘qligi, tili kech chiqayotganiga e’tibor qaratadi. Masalan, bola 3 yoshga etsa ham nutqi rivojlanmay qoladi, o‘yinchoqlarga qiziqmaydi, ruhiy faolligi o‘ta sust bo‘ladi. Bunday bolalarning aksariyati jismonan nimjon ham bo‘lishadi. Oligofreniyaning og‘ir turlarida bolaning boshi kichik bo‘lib, uni tik tuta olmaydi.

Bola 5-6 yoshga etganda aqliy zaiflik belgilari yanada yaqqol ko‘zga tashlanadi. Uning xatti-harakatlari 3-4 yashar bolaga o‘xshaydi, ba’zilari juda qaysar, yig‘loqi va o‘jar bo‘lsa, boshqa birlari o‘ta sust bo‘lib, o‘yin-kulgili voqealarga sira e’tibor qilmaydi. Oligofreniyaning engil turida bola gaplashadi, uydagi ishlarni bajaradi, ust-boshiga e’tibor qiladi, biroq aqliy faollikni talab qiluvchi ishlarda ularning ojiz ekanligi bilinib qoladi. Bunday bola bog‘cha va maktabdagi oddiy topshiriqlarni bajara olmaydi, oddiy arifmetik qo‘shish-ayirishlarda juda qiynaladi, uni tengdoshlari kalaka qilib yuradi. Shuning uchun ham oligoforeniya bilan kasallangan bola o‘zidan yosh bolalar bilan o‘ynashni xush ko‘radi. Necha yashar bolalar bilan o‘ynayotganiga qarab, uning aqliy rivojlanishdan necha yil orqada qolayotganini bilib olish mumkin.

Tashxis qanday qo‘yiladi? Afsuski, aksariyat hollarda ota-onalar bola maktab yoshiga etganda shifokorga murojaat qilishadi. Ko‘pincha bolaning aqliy rivojlanishdan orqada qolayotganligi tarbiyachilar yoki boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari tomonidan sezib qolinadi. Bunday paytlarda bog‘cha va maktabdagi psixologlar e’tiborli bo‘lishlari, bolani psixologik testlardan o‘tkazib turishlari lozim.

Davolasa bo‘ladimi? Bola neyropsixolog yoki tibbiy psixolog ko‘rigidan o‘tkaziladi. O‘tkazilgan asab kasalliklarini aniqlash uchun nevropatolog ko‘rigi ham zarur. Davolash muolajalari dori-darmonlar (glutamin kislotasi, letsitin, folat kislotasi, metionin, magniy va yod preparatlari), turli psixologik mashqlar va pedagogik usullar orqali olib boriladi. Bunday bolalar uchun turli sharoitlar yaratilgan maxsus maktablar mavjud. Ushbu maktablarda bolaning ruhiy va jismoniy salomatligini tiklash uchun maxsus pedagog va psixologlar faoliyat ko‘rsatishadi. Yaxshi natijaga erishish bir necha yillarni talab qiladi.

Eslab qoling. Ko‘pchilik mendan Nima uchun turli aminokislotalarni ko‘p tavsiya etasiz deb so‘rashadi. Bosh miyada glutamin kislotasi, metionin, letsitin va folat kislotasi ishtirokisiz hech qanday aqliy jarayon kechmaydi. Bu dorilarni aqliy zaif bolalar vrach tomonidan tuzilgan maxsus sxema orqali oylab qabul qilishlari kerak. Ularning jigarga hech qanday ziyoni yo‘q, aksincha, foydali.

Epilepsiyaning ba’zi turlarida ham bora-bora aqliy zaiflik rivojlanish xavfi bor. Chunki tutqanoq xurujlari tez-tez kuzatilaversa, bosh miyada glutamin kislotasi zaxirasi so‘na boshlaydi. Buning oqibatida aqliy zaiflik shakllanib boradi. Bu holatning oldini olish uchun turli aminokislotalarni bemorga oylab berish talab etiladi. Vrachlarimiz buni aslo unutmasliklari lozim. Xotirani tiklovchi har qanday dorilar aminokislotalar o‘rnini bosa olmaydi. Bu erda yod preparatlarini berishni ham esda tutish kerak.

Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив