NAFAS ETIShMOVChILIGI
Nafas etishmovchiligi (dyspnoe) – nafas olish ritmi va chastotasining buzilishi sababli yuzaga kelgan bo‘g‘ilish holati.
Etiologiyasi va patogenezi. Nafas olish markazi miya ustunida joylashgan. Turli kasalliklar, ya’ni o‘sma, insult, abstsess, KTsJ ushbu markazni siljitib yoki ezib qo‘yadi. Buning natijasida nafas olishning markaziy tipda buzilishi kuzatiladi. Shuningdek, kuchli intoksikatsiya va metabolik buzilishlar (alkogolizm, uremiya, gipoglikemiya, giperglikemiya, ketoatsidoz, narkotik moddalar) ham nafas olish markazi faoliyatini so‘ndirib nafas etishmovchiligiga sababchi bo‘ladi. Har qanday komatoz holatlar rivojlanayotganda albatta nafas olish buziladi. Shuningdek, miasteniya, Giyen-Barre sindromi, orqa miyaning bo‘yin va ko‘krak qismi o‘smalari, diafragmal nerv patologiyasi ham nafas olish buzilishi bilan namoyon bo‘ladi.
Katta dozada qilingan narkotik dorilar va miorelaksantlar ham nafas olish markazi faoliyatini so‘ndirishini esda tutish lozim. Is gazi bilan zaharlanishlar ham markaziy va aralash tipdagi nafas etishmovchiligiga olib keladi. Nafas etishmovchiligi, albatta, yuqori nafas yo‘llari va o‘pka kasalliklarida ham ko‘p uchraydi. Ko‘krak qafasining har qanday, ayniqsa yurak-qon tomir kasalliklari nafas olish buzilishlari bilan namoyon bo‘ladi. Nafas etishmovchiligi psixogen etiologiyali ham bo‘lib, bu holatni psixogen astma deb atashadi. Psixogen astma yoshlar orasida ko‘p uchraydi.
Klinikasi. Markaziy tipdagi nafas etishmovchiligida nafas olish ritmi, chastotasi va chuqurligi turli darajada buziladi. Nafas olish tipiga qarab ba’zida komaning etiologiyasini aniqlab olish mumkin. Masalan, ketoatsidotik komada Kussmaul nafasi kuzatiladi. Kussmaul nafasi – chuqur-chuqur nafas olish va qisqa nafas chiqarishdan iborat o‘ta shovqinli nafas. Kussmaul nafasi atsidoz va o‘tkir gipoksiya sababli nafas olish markazining kuchli qo‘zg‘alishi hisobiga yuzaga keladi. Kussmaul nafasi gemorragik insultning o‘tkir davri, uremik va jigar komalari, etil spirtidan o‘tkir zaharlanishlarda ko‘p uchraydi.
Cheyn-Stoks nafasi – aritmik tipdagi nafas olish bo‘lib, nafas olishlar orasida 5–10 soniyalik apnoe kuzatiladi. Apnoe, ya’ni nafas olishdan to‘xtash davri o‘zgarib turadi. Cheyn-Stoks nafasi miya ustunidagi nafas olish markazi qo‘zg‘aluvchanligining o‘ta pasayishi hisobiga yuzaga keladi. Cheyn-Stoks nafasi vertebrobazilyar insult (emboliyalar), subtentorial o‘smalar, miokard infarkti, ketoatsidoz, meningit, entsefalit, uremiya, bosh miya jarohatlari va turli intoksikatsiyalarda paydo bo‘ladi. Cheyn-Stoks nafasi vujudga kelishi – yomon prognostik ko‘rsatkich. Chunki, u nafas olish markazi faoliyati pasayganligidan dalolat beradi. O‘ta og‘ir holatlarda bradipnoe rivojlanadi va koma o‘lim bilan tugallanadi. Buning oldini olish uchun bemor sun’iy nafas oldirish sistemasiga ulanadi.
O‘pka kasalliklari bilan bog‘liq nafas etishmovchiligi bronxlar obstruktsiyasi, bronxospazm, zotiljam, pnevmoskleroz, emfizema kabi patologik holatlar va kasalliklarda rivojlanadi. Bunday holatlarda nafas olish va chiqarish kabi normal fiziologik jarayonlar izdan chiqadi. Klinik belgilari kuchli tsianoz, bo‘yin tomirlari bo‘rtib turishi, o‘pka ekskursiyasi buzilishi, baraban tayoqchalari, xarsillab nafas olishlar, ekspirator va inspirator tipdagi nafas olish buzilishlari bilan namoyon bo‘ladi. Bronxial astmada o‘pkada xushtaksimon tovushlar eshitiladi. Jismoniy harakatlarda nafas etishmovchiligi va tsianoz kuchayib ketadi. Albatta, shu holatlarni yuzaga keltirgan asosiy kasallik belgilari ham aniqlanadi. Ko‘krak qafasi rentgenografiyasi tashxisga aniqlik kiritadi.
Kardiogen tipdagi nafas etishmovchiligi yurakning chap bo‘lagi etishmovchiligida rivojlanadi. Buning natijasida yurakdan qon otilib chiqishi sustlashadi va o‘pkada qon turg‘unligi ro‘y beradi. O‘pka venalarida qon oqishining keskin sustlashuvi kislorod va SO2 almashinuvini izdan chiqaradi. Organizmda gipoksik jarayonlar rivojlanadi. Ayniqsa, bosh miya gipoksiyaga juda sezgirdir. Bu esa qo‘shimcha ravishda markaziy tipdagi havo etishmovchiligini yuzaga keltiradi. Kardiogen tipdagi nafas etishmovchiligida har qanday jismoniy harakat nafas olish jarayonini yanada og‘irlashtiradi: bemor tez-tez va chuqur nafas ola boshlaydi. Gorizontal holatda nafas etishmovchiligi kuchayib ketganligi sababli, bemor o‘tirishga harakat qiladi. O‘tirganda nafas olish biroz engillashadi. Bunday bemorlar o‘tirgan holatda uxlashga harakat qilishadi. Ularda akrotsianoz, shishlar va oyoq-qo‘llarning sovuq qotishi ham kuzatiladi. O‘pkani auskultatsiya qilganda turli pufaksimon xirillashlar eshitiladi.
Ko‘krak qafasida joylashgan turli kasalliklar, ya’ni plevral bo‘shliqqa katta miqdorda suyuqlik to‘planishi, yiringli plevritlar, gidrotoraks, ko‘krak qafasi shaklini o‘zgartiruvchi kifoskoliozlar, umurtqa pog‘onasining travmatik jarohatlari ham xuddi yurak-o‘pka etishmovchiligiga o‘xshash nafas olish ritmi buzilishlarini yuzaga keltiradi. Bunday holatlarda bradipnoe, taxipnoe kabi holatlar rivojlanadi.
Tibbiy yordam ko‘rsatish usullari. Avvalombor nafas etishmovchiligi etiologiyasi bartaraf etiladi. Nafas olish markazi faoliyati so‘nishi bilan bog‘liq holatlarda nafas analeptiklari qilinadi. Kordiamin 5 ml v/i ga, 20 % li 2 ml kofein-benzoat natriy t/o ga qilinadi. Opiatlar bilan zaharlanganda ularning antidodi nalokson (0,5 % 2 ml) v/i, m/i yoki t/o ga qilinadi. Venaga qilinayotgan dorilar 40 % li 10 ml glyukoza eritmasiga qo‘shib yuborilishi mumkin.
Kardiogen tipdagi nafas etishmovchiligida yurak glikozidlari va siydik hayldovchi dorilar qilinadi. Yurak glikozidlaridan 0,05 % li 0,5 ml strofantin yoki 0,06 % li 1 ml korglikon 40 % li 10 ml glyukoza eritmasida v/i ga yuboriladi. Diuretiklardan 40 mg laziks (furosemid) v/i ga qilinadi. Kislorod ingalyatsiyasi ham berilishi mumkin.
O‘pka kasalliklari sababli rivojlangan nafas etishmovchiligida bronxlarni kengaytiruvchi dorilar, ya’ni 2,4 % li 10 ml eufillin v/i ga, 5 % li 1 ml efedrin gidroxlorid t/o ga, teofillin 1 tabl. kuniga 2-3 mahal ichishga beriladi. Shuningdek, malg‘amni yumshatuvchi dorilar ham tavsiya etiladi. Bu muolajalar asosiy kasallikni davolovchi dorilar bilan birgalikda olib boriladi.
Psixogen tipdagi nafas etishmovchiligida bemor tez-tez nafas oladi, bo‘g‘ilib ketayotganligiga shikoyat qilaveradi, o‘lim qo‘rquvi yuzaga keladi. Uning xatti-harakatlarida nevrotik hulq-atvor shundoq ko‘zga tashlanib turadi. Bunday bemorlarni ruhan tinchlantirsa, platseboterapiya usullarini qo‘llasa yoki tinchlantiruvchi dorilar bersa, nafas olishi yana normal holatga qaytadi. Agar vrach psixoterapiya usulini muvaffaqiyatsiz amalga oshirsa, bemorda yatropatiya rivojlanib havo etishmovchiligi yanada avj oladi.
Eslatma. Har qanday tipdagi nafas etishmovchiligida etiologik omil bartaraf qilinishi kerak.
Professor Zarifboy Ibodullaev