NEVRASTENIYa
Nevrasteniya (yun. neuron – nerv, astenia – zaiflik) asab zaifligi degan ma’noni anglatadi. Nevrasteniya asabning ortiqcha zo‘riqishidan kelib chiqadi. Tez asabiylashadigan odamlar nevrasteniyaga tez chalinishadi. Aqliy va jismoniy mehnatning nomutanosibligi ham nevrasteniya kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Doimiy hissiy zo‘riqishlar, yaqin kishisidan judo bo‘lish, oila va ishxonadagi kelishmovchiliklar, doimiy qo‘rquv va xavotir nevrasteniya rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Nevrasteniyaning oila a’zolarida uchrashi uning rivojlanishida nasliy omillarning ahamiyatini ham ko‘rsatib beradi. Yosh bolalarda nevrasteniya rivojlanishiga uni o‘rab turgan muhit, ayniqsa, ota-ona orasidagi janjallar sababchi bo‘ladi. Bolalik davrida olingan ruhiy jarohatlar ham bundan mustasno emas.
Nevrasteniya nafaqat jahldor odamlar, balki o‘ta andishali odamlarda ham rivojlanadi. Andishali odam janjal chiqqanda hissiyotga zo‘r bermaslikka va o‘zini boshqarib turishga harakat qiladi, birovning ko‘nglini og‘ritib qo‘ymay deydi. Bu holatlar ham nevroz shakllanishiga turtki bo‘ladi. Shuningdek, vitaminlar etishmovchiligi, kamqonlik, surunkali va og‘ir kasalliklar ham nevrasteniyaga olib kelishi mumkin.
Nevrasteniyaning klinikasi turli-tuman bo‘lib, ular ichida tez-tez asabiylashish, jahldorlik, uyqu buzilishi, bosh og‘rishi, bosh aylanishi, umumiy holsizlik, yurak urib ketishi, parishonxotirlik, aqliy va jismoniy mehnat faoliyatining pasayishi kabi simptomlar ko‘p uchraydi.
Nevrasteniyada davolash muddati va natijasi ko‘proq uning to‘g‘ri olib borilishiga bog‘liq. Davolashni boshlashdan oldin nevrasteniyaga olib keluvchi sabablar aniqlanishi va ular iloji boricha bartaraf etilishi kerak. Asosiy sabablar bartaraf qilinganda aksariyat bemorlarda davolashni davom ettirishga hojat ham qolmaydi, ular tuzalib ketishadi. Lekin ba’zi hollarda nevrasteniyaning sababini aniqlash va uni bartaraf etish ancha mushkul.
Bemorning oilaviy ahvoli va ishlash sharoiti bilan tanishib, unga dam olib ishlash, ish soatlarini qisqartirish, ovqatlanish tartibiga rioya qilish, teatr va kinolarga borib turish tavsiya etiladi.
Nevrasteniyada bemorlarni davolash uchun juda ko‘p dori-darmonlar bo‘lib, ularni tanlashga individual yondashish kerak. Bu maqsadda turli trankvilizatorlar, sedativ dorilar va psixostimulyatorlardan foydalaniladi. Dorilarning aksariyati sedativ ta’sirga ega bo‘lganligi bois, ularni ishlab yurgan bemorlarga tavsiya qilib bo‘lmaydi. Rivojlangan davlatlarda nevrozni davolash bilan nevrologlar emas, asosan psixologlar (psixoanalitiklar) shug‘ullanishadi. Xuddi psixosomatik sindromlarni davolashda ishlatiladigan psixodinamik terapiya nevrozni davolashda keng qo‘llaniladi. Freyd nazariyasining yaratilishiga ham nevrozni davolashga urinish turtki bo‘lgan. Shuningdek, bemorga umumiy massaj, igna bilan davolash, ertalabki badantarbiya va sportning o‘ziga ma’qul turlari bilan shug‘ullanish tavsiya etiladi. Yilda bir marta sihatgohlarda dam olib turish ham o‘ta foydalidir.
Professor Zarifboy Ibodullaev