NEVROZ


Nerv sistemasining funktsional kasalliklariga nevroz deb aytiladi. Barcha asab kasalliklari organik va funktsional turlarga ajratiladi. Nerv to‘qimalarida morfologik o‘zgarishlar bilan kechuvchi kasalliklarga organik, asab sistemasi funktsiyasi buzilishi bilan kechuvchi kasalliklarga funktsional kasalliklar deyiladi. Shunday qilib, nevrozga qanday ta’rif berish mumkin? Nevroz asab sistemasining funktsional kasalligi bo‘lib, odamga ruhiy jarohat etkazuvchi tashqi va ichki omillar natijasida rivojlanadi. Demak, nevroz psixogen kasallik. Nevrozda aniq ifodalangan morfologik buzilishlar bo‘lmasa-da, uning aksariyat turlarida vegetativ belgilar kuzatiladi. Nevroz belgilari uzoq yoki qisqa vaqt davom etishidan qat’i nazar, bemorlarni samarali davolash mumkin. Biroq, bu davolash jarayoni ba’zan uzoqqa cho‘ziladi.

Nevrozning 3 turi farqlanadi: nevrasteniya (tom ma’noda nevroz), isteriya, miyadan ketmaydigan fikrlar.

Nevrasteniya

Nevrasteniya (yun. neuron – nerv, astenia – zaiflik) asab zaifligi degan ma’noni anglatadi.

Nevrasteniya asabning ortiqcha zo‘riqishidan kelib chiqadi. Tez asabiylashadigan odamlar nevrasteniyaga tez chalinishadi. Aqliy va jismoniy mehnatlar nomutanosibligi ham nevrasteniya rivojlanishiga sababchi bo‘ladi. Doimiy hissiy zo‘riqishlar, yaqin kishisidan judo bo‘lish, oila va ishxonadagi kelishmovchiliklar, doimiy qo‘rquv va xavotir nevrasteniya sababchisidir. Nevrasteniyaning bir necha oila a’zolarida uchrashi uning etiologiyasida nasliy omillar ahamiyatini ko‘rsatib beradi. Yosh bolalarda nevrasteniya rivojlanishiga uni o‘rab turgan muhit, ayniqsa, ota-ona orasidagi janjallar sababchi bo‘ladi. Bolalik davrida olingan ruhiy  jarohatlar ham bundan mustasno emas.

Nevrasteniya nafaqat jahldor, balki o‘ta andishali odamlarda ham rivojlanadi. Andishali odam janjal chiqqanda hissiyotga zo‘r bermaslikka va o‘zini boshqarib turishga harakat qiladi, birovning ko‘nglini og‘ritib qo‘ymay, deydi. Bu holatlar ham nevroz shakllanishiga turtki bo‘ladi. Shuningdek, vitaminlar etishmovchiligi, kamqonlik, surunkali va og‘ir kasalliklar ham nevrasteniyaga olib kelishi mumkin.

Nevrasteniyaning klinikasi turli-tuman bo‘lib, ular ichida tez-tez asabiylashish, jahldorlik, uyqu buzilishi, bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, umumiy holsizlik, yurak urib ketishi, parishonxotirlik, aqliy va jismoniy mehnat faoliyatining pasayishi kabi simptomlar ko‘p uchraydi. Aytib o‘tganimizdek, nevrasteniyani davolash muddati va natijasi ko‘proq uning to‘g‘ri olib borilishiga bog‘liq. Davolashni boshlashdan oldin nevrasteniyaga olib keluvchi sabablar aniqlanishi va ular iloji boricha bartaraf qilinishi kerak. Asosiy sabablar bartaraf qilinganda, aksariyat bemorlarda davolashni davom ettirishga hojat ham qolmaydi, ular tuzalib ketishadi. Lekin ba’zi hollarda nevrasteniyaning sababini aniqlash va uni bartaraf etish ancha mushkul. Bemorning oilaviy ahvoli va ishlash sharoiti bilan tanishib, unga dam olib ishlash, ish soatlarini qisqartirish, ovqatlanish tartibiga rioya qilish, teatr va kinolarga borib turish tavsiya etiladi.

Nevrasteniya bilan bemorlarni davolash uchun juda ko‘p dori-darmonlar mavjud. Lekin ularga individual tarzda yondashish kerak. Bu maqsadda turli trankvilizatorlar, sedativ dorilar va psixostimulyatorlardan foydalaniladi. Lekin bemorlarni davolashda ishlatiladigan aksariyat dorilar kuchli sedativ ta’sirga ega bo‘lganligi bois, ularni ishlab yurgan bemorlarga tavsiya etib bo‘lmaydi. Rivojlangan davlatlarda nevrozlarni davolash bilan nevrologlar emas, asosan psixologlar (psixoanalitiklar) shug‘ullanishadi. Xuddi psixosomatik sindromlarni davolashda ishlatiladigan psixodinamik terapiya nevrozlarni davolashda keng qo‘llaniladi. Freyd nazariyasining yaratilishiga ham nevrozlarni davolashga urinish turtki bo‘lgan. Shuningdek, bemorlarga umumiy massaj, igna bilan davolash, ertalabki badantarbiya va sportning o‘ziga ma’qul turlari bilan shug‘ullanish ham tavsiya etiladi. Yilda bir marta sihatgohlarda dam olib turish ham o‘ta foydali.

Isterik nevroz (isteriya)

 «Isteriya» – yun. histeriabachadon degan ma’noni anglatadi. Bu kasallik belgilari haqida qadimgi risolalarda ko‘p yozilgan va uni dastlab bachadon funktsiyasi bilan bog‘lashgan. Chunki isteriyani, asosan, ayollarda kuzatishgan. Keyinchalik isterik buzilishlar erkaklarda ham aniqlangan bo‘lsa-da, uning avvalgi nomi saqlanib qolgan. Isteriya nevrozning boshqa turlari kabi keng tarqalgan kasallik.

Isterik nevroz, asosan, yoshlik davrida, ko‘proq ayollarda kuzatiladi. Uning kelib chiqishida xulq-atvorning bolalikdan isterik tarzda shakllanishiga katta urg‘u beriladi.

Ortiqcha ta’sirlanish, har narsaga haddan tashqari e’tibor berish, mustaqil fikrlay olmaslik, ortiqcha ishonuvchanlik, rang-barang his-tuyg‘ularga berilish isteriya uchun juda xos belgilar. Ular ruhan va jismonan zaif kishilardir. Ko‘pchilik isterik bemorlar fe’l-atvori bolalar fe’l-atvoriga o‘xshab ketadi. Bunday bemorlar uchun atrofdagilar diqqatini o‘ziga jalb etish xos. Isterik buzilishlar faqat nevrozlarda emas, balki psixopatiyalarda ham kuzatiladi. Isterik nevroz simptomlari, aksariyat hollarda xilma-xil kasalliklar alomatlarini eslatadi. Shu bois ham isteriyani «katta mug‘ombir» deb atashadi. Isteriyaga chalingan bemorda barcha somatik kasalliklarga xos belgilarni kuzatish mumkin, aslida esa unda somatik kasallik aniqlanmaydi.

Isterik nevrozning turlari xilma-xil. Ularning barchasi, odatda, ruhiy jarohatdan (ayniqsa, janjal va xafagarchilikdan) so‘ng paydo bo‘ladi.

Endi isteriyaning keng tarqalgan turlari bilan tanishib chiqamiz.

Es-hushning kirdi-chiqdi bo‘lib qolishi. Birdan boshlanadigan va aksariyat hollarda tez tugallanadigan holat bo‘lib, bunda bemor atrofdagilarga befarq bo‘ladi, qaerda ekanligini fahmlay olmaydi, hozir soat nechaligini, o‘zi nima qilayotganini bilmaydi. Bu holat bir necha daqiqadan bir necha soatgacha davom etadi. Bemor atrofda sodir bo‘layotgan voqealardan qisman voqif bo‘lsa-da, bo‘lib o‘tgan hodisalarni eslab qola olmaydi.

Isterik fuga (lot. fuga qochish). Bunda bemor janjal yoki boshqa bir ruhiy jarohatdan so‘ng to‘satdan uy, ishxona yoki boshqa joydan qochib chiqib ketadi, uning xatti-harakatlari maqsadsiz bo‘ladi, vaziyatni tushunmaydi va atrofda nimalar sodir bo‘layotganini fahmlamaydi. Ammo, chetdan qaraganda, boshqa birovlarga uning yurish-turishi maqsadga muvofiqdek tuyuladi. Arzimagan urush-janjaldan so‘ng bunday shaxslar, hatto, boshqa shaharga ham ancha vaqtga ketib qolishadi. Keyinchalik bemor o‘zi bilan nimalar sodir bo‘lganini eslay olmaydi yoki qisman eslaydi. Ammo gipnoz holatida sodir bo‘lgan voqealarning barchasini eslatish mumkin.

Isterik shaxslarda uchrab turadigan yana bir sindrom – bu Ganzer sindromi. Bu sindrom, odatda ruhiy jarohatdan so‘ng to‘satdan paydo bo‘ladi. Uning asosiy belgisi – aql bovar qilmaydigan tuturuqsiz harakatlar. Bemor eng oddiy savolga ham tuturuqsiz javob beradi. Masalan, «Ikki karra ikki necha bo‘ladi», deb so‘ralsa, bemor oliy ma’lumotli bo‘lishiga qaramay, «Besh» deb javob beradi yoki qo‘lda nechta barmoq bor desa, xohlagan sonni aytadi. Uning belgilari dementsiyani eslatadi. Biroq, bu holat psevdodementsiya bo‘lib, bir necha kun ichida o‘tib ketadi.

Ruhiy jarohat g‘oyat kuchli bo‘lganda, odatda,  isterik stupor rivojlanadi. Bunday paytlarda bemor tamomila harakatsiz bo‘lib qoladi, indamaydi va atrofga befarq bo‘ladi, yuz-ko‘zida aziyat chekkan ifoda shakllanadi. Bu holat bir necha soat yoki kun davomida o‘tib ketadi. Davolash muolajalari o‘tkazilmasa, tuzalib ketish qiyinlashadi.

Puerilizm – kattalarda kuzatiladigan bolalar xatti-harakatini eslatuvchi holat.  Bolalarga xos bo‘lgan qiliqlar, boladek ingichka tovush chiqarib gapirish, ko‘zlarni katta-katta qilib ochish, kipriklarni pirpiratish, birov gapirganda, og‘zini ochib turish puerilizm uchun juda xos. Bemor shu qilig‘i bilan boshqalarning diqqatini o‘ziga jalb etadi.

Isterik buzilishlarning yana bir turi – bu isterik depressiya. Bunda bemor o‘ta past kayfiyatda bo‘ladi va bu qilig‘i bilan atrofdagilar diqqatini o‘ziga jalb etishga intiladi, ularni o‘ziga rahmdil bo‘lishga undaydi. U naqadar og‘ir ahvolda ekanligiga boshqalarning e’tibor berishlarini xohlaydi va hokazo.

Isterik tutqanoq xuruji ham keng tarqalgan simptomlardan biridir. Isteriyada kuzatiluvchi tutqanoqlar har xil bo‘lib, ularning epileptik xurujlardan farq qiladigan tomonlari ko‘p. Isterik tutqanoq hech qachon bemor yolg‘iz qolganda ro‘y bermaydi, chunki unga har doim tomoshabinlar kerak. Isterik xuruj tutganda, bemor birdan erga yiqiladi, mushaklari tortishadi va talpina boshlaydi, lekin boshi bilan qattiq narsalarga urilmaydi. Bemor isterik xuruj paytida o‘ziga qulay joy topib, biror joyiga qattiq shikast etkazmasdan yiqilishga harakat qiladi. Huruj  paytida uning gavdasi yoy singari egiladi. Bu holat isterik yoy deb ataladi. Bunday fe’l-atvor ko‘pgina injiq va erka bolalarga xos. Masalan, onasi yangi o‘yinchoq olib bermaganda, bola do‘konda uning oyog‘i tagiga yiqilib, qo‘l-oyoqlarini tapillataveradi, goho boshini  erga urib qattiq chinqirab yig‘laydi. Agar qo‘rqib ketgan ona bolasi so‘ragan o‘yinchoqni olib bersa, u shu zahoti tinchlanadi. Bu odat keyinchalik voyaga etgan yoshda ham namoyon bo‘lishi mumkin.

Isterik xurujda mushaklar tortishuvi (buni xalq orasida tomir tortishuvi, deb  atashadi) har doim ham kuzatilavermaydi va xilma-xil bo‘ladi. Ularda soxtalik va atayinlik seziladi. Masalan, bemor kishi go‘yo uni kimdir urmoqchi bo‘lgandek yuzini qo‘li bilan berkitadi, qichqirib yuboradi, xo‘rsinib yig‘laydi va hokazo. Isterik tutqanoqda bemorning es-hushi joyida va tevarak-atrofga idroki saqlangan bo‘ladi. Masalan, xuruj tutganini birov mazax yoki kalaka qilgudek bo‘lsa, bemor darhol xurujni to‘xtatib o‘rnidan turib ketadi. Xuruj paytida bemor epilepsiyada bo‘lgani kabi tilini tishlab olmaydi va bexosdan siyib yubormaydi.

Xafaqon kasalligi xuruji yoki yurak xurujini eslatuvchi isterik tutqanoqlar ham ko‘p kuzatiladi. Yurakning tez-tez urishi, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi va hushni yo‘qotish bilan kechadigan vegetativ xurujlar ana shular jumlasidandir. Xuruj paytida bemor boshdan-oyoq titraydi va «hamma erim qaqshab og‘riyapti», deb noliydi. Me’da spazmi bilan kechuvchi xurujlarda qorinda kuchli og‘riq paydo bo‘ladi, bemor to‘lg‘anib yotib oladi va qayt qiladi.

Isterik nevrozda turli xil falajliklar ham ro‘y beradi. Isterik falajlar ba’zan miya insultidan so‘nggi klinik manzarani eslatadi. Bu holat mutaxassis bo‘lmagan kishining fikrini chalg‘itishi mumkin. Isterik falajliklarda reflekslar va mushaklar tonusi o‘zgarmaydi, patologik reflekslar kuzatilmaydi. Tananing qoq o‘rta chizig‘i bo‘ylab falajlangan tomonda sezgi  buziladi. Mushaklar atrofiyasi kuzatilmaydi, mushaklar kuchi pasaymaydi yoki yolg‘ondan pasayadi.  

Isteriyaga chalingan bemorda ba’zan giperkinezlar (ixtiyorsiz harakatlar) ham kuzatiladi. Bu harakatlar hayajonlanganda kuchayadi va tinchlanganda kamayadi yoki butunlay to‘xtaydi. Giperkinezlar isterik xuruj tugagandan so‘ng ham yuz berishi mumkin. Ba’zan bemorda falajliklar giperkinezlar bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Isterik giperkinezlar butun gavdaning silkinishi, bosh va oyoqlarning titrashi, ayrim mushak guruhlarining uchib turishi, qo‘llarning g‘ayritabiiy harakat qilishi bilan kechadi. Chin giperkinezlardan farqli o‘laroq, ular bemorning hissiy holatiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Bu simptomlar uzoq vaqt davom etishi va arzimagan kelishmovchiliklarda kuchayib ketishi mumkin.

Isterik astaziya-abaziya. Bu holat tik tura olmaslik va yura olmaslik bilan namoyon bo‘ladi. Bosh miya katta yarim sharlari peshona bo‘lagi zararlanishlarida kuzatiladigan astaziya-abaziyadan farqli o‘laroq, isteriyada kuzatiladigan bu sindromda bemor erga emas, balki uni ushlab turgan odam ustiga ag‘anaydi. Ularda ham mushaklar gipotoniyasi kuzatiladi, lekin boshqa organik nevrologik simptomlar aniqlanmaydi. Murakkab holatlarda paraklinik tekshiruvlar o‘tkazish zarur.

Isterik algiyalar (ya’ni og‘riqlar) eng ko‘p tarqalgan buzilishlardan bo‘lib, deyarli barcha isterik sindromlarda turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi. Bemor tanasining turli joylari, ya’ni orqa, qorin, yurak va bosh sohalarida har doim og‘riq bo‘lib turishidan shikoyat qiladi. Og‘riq, shuningdek, bo‘g‘imlarda, qo‘l yoki oyoqda, tilda, xullas tananing barcha joyida paydo bo‘ladi. Ayni paytda, bunday og‘riqdan shikoyat qiluvchi bemor turli xil doktorlarga murojaat qilib yurishadi. Ba’zan bemor o‘zida jarrohlik operatsiyasini o‘tkazishni talab qiladi.

Isteriyada yuqorida aytib o‘tganimizdek, turli xil sezgi buzilishlari ham kuzatiladi. Organik va funktsional sezgi buzilishlari orasidagi farqni faqat maxsus nevrologik tekshiruvlardan so‘ng aniqlab olish mumkin. Har bir nerv tanadagi muayyan sohaning sezgisi va harakati uchun javob beradi. Isterik anesteziyalarda bu qoida saqlanmaydi, ya’ni pay reflekslari patologik tarzda o‘zgarmaydi va sezgi buzilishini izohlab beradigan hech qanday organik kasallik topilmaydi.

Tarixiy adabiyotlarda tug‘maydigan ayollarda isterik homiladorlik haqida yozib qoldirilgan. Bu holatni ba’zi mutaxassislar ichaklarga ortiqcha gaz to‘planishi bilan izohlashsa, boshqa birlari qorin mushaklarining vaqtincha bo‘shashib kattalashuvi hisobiga, deb tushuntirishadi. Isterik homiladorlikda qorin juda kattalashmaydi.

Klassik adabiyotlarda «sehrli shifolar» haqida turli ma’lumotlar uchratish mumkin: bemor sehrli tumorgacha emaklab borib, unga qo‘l tekkizgan zahoti birdan shifo topgan, o‘rnidan turib yurib ketgan. Isteriyada «soxta o‘lim» haqida ham ma’lumotlar bor. Bunday bemorga tabib «sehrli» qo‘lini tegizsa yoki og‘ziga sehrli giyoh eritmasini tomizsa, u «tirilgan».

Aksariyat hollarda, isterik nevroz simptomlari xilma-xil bo‘lib, uning kechishi ko‘p tarqalgan kasalliklarni eslatadi: insult, meningit, entsefalit, tarqoq skleroz, o‘sma kasalliklari va hokazo. Ba’zi hollarda, isterik bemordagi kasallik belgilari uning boshqa kishilarda kuzatgan yoki tibbiy adabiyotlarda o‘qib olgan kasalliklariga o‘xshab ketadi. Shu bois, tashxisni to‘g‘ri qo‘yish uchun turli ixtisosdagi vrachlar nafaqat isterik nevrozning klassik alomatlari, balki «zamonaviy» isterik simptomlarning klinik belgilarini ham o‘zlashtirib borishlari kerak. Hozirda odamlar tibbiyotga oid internet saytlar orqali bemalol o‘zida kechayotgan kasalliklar alomati haqida ma’lumotga ega bo‘lishlari mumkin. Buning natijasida bemorlar o‘zlariga tashhis qo‘yib mustaqil ravishda davolanishga urinishadi. Bu o‘ta havfli bo‘lib, ularda nevroz va isteriyaning og‘ir turlari rivojlanishi mumkin. Vrachlar uchun mo‘ljallangan internet saytlardan foydalanmaslik va ularning asoratlari haqida har bir bemor ogohlantirilishi kerak.

Isteriya haqida nafaqat nevropatolog va tibbiy psixologlar, balki tibbiyotning turli sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi vrachlar, hatto hamshiralar ham voqif bo‘lishlari kerak. Umumiy amaliyot vrachlari isterik buzilishlarni chin kasalliklardan ajrata olishlari kerak. Aytib o‘tilganidek, isterik nevrozning barcha alomatlari soxtadir. Bemor atrofdagilarga shunday deb yuboradi: “Menga e’tibor bermaganingizdan ana shu ahvolga tushib qoldim. Meni hech kim davolay olmayapti. Dardim juda og‘ir, vrachlar aybi bilan bedavo bo‘lib qoldim», deb zorlanadi.

Isterik belgilarni bartaraf etishni o‘ta qisqa muddat ichida olib borish kerak. Davolash muolajalari qancha ko‘p cho‘zilsa, ijobiy natijaga erishish shuncha qiyinlashadi. Bemor to‘la tuzalgandan so‘ng ham oilaviy va boshqa mojarolar sababli kasallik belgilari yana paydo bo‘laveradi. Isterik bemorlar vrach va tabibga eng ko‘p qatnaydiganlar sirasiga kiradi. Tuzalib ketgandan so‘ng ham biroz vaqt o‘tgach ularda «Vrach yo‘qligi sindromi» qo‘zg‘ab, yana o‘zi davolagan vrach qabuliga tashrif buyuradi. Bu sindrom haqida “Asab va ruhiyat” kitobida batafsil ma’lumot berilgan. Bunday hollarda bemorga qo‘llangan avvalgi davolash usulni o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi. Agar Sizda muvaffaqiyatli davolanib, xursand bo‘lib ketgan bemorni bir-necha oydan so‘ng boshqa bir vrachning qabulida ko‘rib qolsangiz, aslo ajablanmang. Chunki isterik bemorlar vrachlarni o‘zgartirib turishni xush ko‘rishadi.

 

Miyadan ketmaydigan fikrlar nevrozi

Nevrozning bu turi qadimdan ma’lum bo‘lib, bu kasallik psixasteniya deb ham ataladi. Psixasteniya atamasini frantsuz olimi P’er Jane taklif qilgan va miyadan ketmaydigan fikrlar bu kasallikning asosiy belgisi ekanligini ta’kidlagan. Agar tarixga bir nazar tashlaydigan bo‘lsak, nevrasteniya, isteriya va psixasteniyaning klinik belgilari to‘g‘risida Sharq olimlari (ayniqsa, Ibn Sino) risolalarida ko‘p bor eslatib o‘tilgan. Bir necha asrlardan so‘ng deyarli barcha kasalliklar singari nevroz va psixasteniyalar ham Evropa olimlari tomonidan sistemalashtirildi, ularga nom berildi va tasniflari yaratildi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, biz Evropa olimlari tomonidan yaratilgan darsliklarda Sharq (Markaziy Osiyo, Xitoy, Eron, Iroq va h.k.) olimlarining nomlarini juda kam  uchratamiz.

Miyadan ketmaydigan fikrlar nevrozning bir turi bo‘lib, uning uchun psixastenik belgilar juda xos, ya’ni doimiy shubhalar, qo‘rquv, miyaga azob beruvchi g‘oyalar, turli harakatlar va intilishlar. Bemor bu fikrlarning barchasidan qutulishga harakat qiladi, intiladi, davo choralarini izlaydi, lekin bu urinishlar, ko‘pincha, zoe ketadi, uni miyaga o‘rnashib qolgan fikrlar qiynayveradi. Miyadan ketmaydigan fikrlarning doimiyligi, takrorlanuvchanligi va ulardan qutulishning o‘ta qiyinligi bemorni qiyin ahvolga solib qo‘yadi. Bu holatlarga bemor tanqidiy nuqtai nazar bilan qaraydi, ularning asossiz va g‘alati ekanligini tushunadi, ularga bardosh berishga intiladi. Biroq bu shilqim g‘oyalar uning irodasi va xohishiga bog‘liq bo‘lmagan holda paydo bo‘laveradi. Bemor ularni mustaqil ravishda enga olmaydi.

Miyadan ketmaydigan fikrlarning yaqqol klinik ko‘rinishlari, bular qo‘rquv (fobiyalar) va miyaga o‘rnashgan turli g‘oyalardir (obsessiyalar). Fobiya – bu miyaga o‘rnashib qolgan qo‘rquv. Uning quyidagi turlari farqlanadi: kantserofobiya – rakka chalinib qolishdan qo‘rqish, kardiofobiya – tuzatib bo‘lmaydigan yurak kasalligiga chalinishdan qo‘rqish, lisofobiya – ruhiy xastalikka chalinishdan qo‘rqish, klaustrofobiya – yopiq joydan qo‘rqish (masalan, lift kabinasi, kichik xona), agarofobiya – aksincha, ochiq joylardan qo‘rqish va hokazo. Balandlik, metroda yurish, biror kasallik yuqib qolishi, iflos bo‘lish va odamlar oldida so‘zga chiqishdan qo‘rqish kabi simptomlar ham fobiyalar uchun xos.

Dastlabki qo‘rquv muayyan vaziyatlarda vujudga keladi va u miyaga o‘rnashib qoladi. Masalan, bemor hamma yoqni ko‘rish uchun tomga chiqadi va pastga qaragan zahoti  qo‘rqib ketadi, boshi aylanadi, go‘yo pastga qarab, qulab tushayotgandek xavfsiraydi. Buning oqibatida balandlikdan qo‘rqish miyasiga o‘rnashib qoladi va keyinchalik u boshqa vaziyatlarda ham paydo bo‘laveradi. Dastlab qo‘rquv balandlikka ko‘tarilish kerak bo‘lganda, so‘ng esa balandlikka ko‘tarilish ehtimoli paydo bo‘lganda, so‘ngra ana shu balandlikka ko‘tarilish kerak, degan xayolga borganda paydo bo‘ladi. Bemorda balandlikdan qo‘rqadigan vaziyatlar borgan sari ko‘payadi. Endilikda u liftda yurish va derazadan qarashdan qo‘rqadi, hatto balandlik uncha katta bo‘lmaganda ham cho‘chib tushadi.

Fobiyalar paydo bo‘lganda vegetativ simptomlar ham vujudga keladi, ya’ni bemorning yuzi qizaradi yoki rangi o‘chadi, og‘zi quriydi, yuragi tez-tez uradi, AQB oshadi, ter bosadi, ko‘z qorachiqlari kengayadi va hokazo.

 Ichki a’zolarning og‘ir kasalligiga chalinishdan qo‘rqish, odatda, psixosomatik simptomlar bilan birga kechadi, ya’ni bemor o‘z salomatligiga haddan ziyod e’tibor qaratadi. Masalan, bemor kardiofobiyada yurak urishini eshitib turadi, tomir urishini sanaydi yoki qon bosimini o‘lchayveradi, har safar yuragi noto‘g‘ri ishlayotganidan gumonsirab, terapevtdan EKG qilish va puxta tekshiruv o‘tkazishini iltimos qilaveradi.

Kasallik xuruji qo‘zg‘ab qolishidan qo‘rqib bemor yo‘lda odamlar bor joydan yuradi, tibbiyot muassasalariga yaqin bo‘lgan yo‘lni tanlaydi, yo‘l-yo‘lakay dorixonaga kirib turadi, u erda yurak dorilari va tibbiy xodimlar borligini ko‘rib tinchlanadi.

Obsessiyalar – ketma-ket yog‘ilib kelaveradigan miyaga o‘rnashib olgan shubhali xayollar. Ular bemorning irodasi va xohishiga bog‘liq bo‘lmagan holda quyilib keladi. Bu xayollar bemorga og‘ir botadi, aslida yoqmaydi va ulardan vrach yordamisiz qutula olmaydi. Masalan, bemor uyidan tashqariga chiqqandan so‘ng, uning miyasiga eshikni qulfladimmi, olovni o‘chirdimmi, suvni berkitdimmi kabi xayollar kelaveradi. U uyiga qaytib kiradi, hammayoqni qayta tekshiradi, hammasi joyidaligiga ishonch hosil qilgach, tinchgina ko‘chaga chiqib ketadi. Uydan biroz uzoqlashgandan so‘ng haligi fikrlar yana yog‘ilib keladi va u yana uyiga qaytadi. Bemor siqilib ketganidan yig‘lab yuboradi va ko‘chaga chiqmay qo‘yadi. O‘zida kechayotgan bu alomatlarga bemor, albatta, tanqidiy ko‘z bilan qaraydi va ulardan qutulishni xohlaydi, lekin  buning ilojini topa olmaydi.

Ba’zan bemorni mantiq jihatdan bir-biriga zid bo‘lgan xayollar chulg‘ab oladi. Masalan, yaqinlashib kelayotgan mashina tagiga o‘zini tashlash istagi paydo bo‘ladi-yu, mashina yaqinlashganda birdan qo‘rqib ketib, orqaga tisariladi. Gohida bemorning miyasiga o‘ziga yoki boshqa birovga pichoq sanchishdek fikrlar keladi va shu ishni qilib qo‘ymay deb, pichoqqa yaqin bormaydi yoki uni berkitib qo‘yadi.

Davosi. Davolashda psixoterapiya, fizioterapiya, refleksoterapiya, tinchlantiruvchi dori vositalari va giyohlardan keng  foydalaniladi. Ba’zi hollarda yaxshi natijaga erishish bir necha oy va hatto, bir qancha yillargacha cho‘zilib ketadi. Ayniqsa, ipoxondriya bilan namoyon bo‘luvchi nevroz va psixasteniyani bartaraf etish ancha mushkul.  Remissiya bilan kuzatiladigan holatlar ham ko‘p kuzatiladi, ya’ni bemor bir necha oy yaxshi bo‘lib yuradi va so‘ng miyadan ketmaydigan fikrlar yana paydo bo‘ladi. Nevrasteniya va isterik nevrozdan farqli o‘laroq, miyadan ketmaydigan fikrlar surunkali kechishga moyil. Nevroz bilan o‘z vaqtida davolangan bemorlar samarali natija bilan tuzalib ketishadi. Aksariyat bemorlar tuzalib ketganidan so‘ng ham xursand bo‘lish o‘rniga, yana o‘sha kasallik belgilari qachon paydo bo‘lishini kutib yashashadi.

Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив