Neyropsixologik statusni tekshirish
Neyropsixologik statusni tekshirish. Neyropsixologik funktsiyalar deganda, oliy ruhiy funktsiyalar, ya’ni kognitiv funktsiyalar tushuniladi. Diqqat, xotira, nutq, gnozis, tafakkur kabi oliy ruhiy funktsiyalarga kognitiv funktsiyalar deb aytiladi. Dastlab bemor bilan suhbat quriladi va unga tekshiruv uslublari tushuntiriladi (1-rasm). So‘ngra neyropsixologik tekshiruvlar maxsus neyropsixologik albom yordamida o‘tkaziladi (2-rasm).
1-rasm. Bemor bilan suhbat qurilayotgan payt. |
2-rasm. Maxsus albom yordamida neyropsixologik tekshiruvlar o‘tkazilayotgan payt. |
Tibbiy amaliyotda quyidagi oddiy neyropsixologik usullardan foydalaniladi:
Vaqtni anglash. Bemordan bugungi kun, hafta kuni, oy, fasl va yilni to‘la aytib berish so‘raladi. Har bir to‘g‘ri javob uchun 1 ball qo‘yiladi. Shunday qilib bemor 0 dan 5 ballgacha to‘plashi mumkin.
Manzilni anglash. Bemorga quyidagi savol bilan murojaat qilinadi: “Hozir biz qaerdamiz?” Bemor davlatni, shahar yoki viloyatni, qaerda tekshiruv o‘tkazilayotgani (uy yoki klinika), hudud yoki binoni, qavat yoki xona raqamini to‘g‘ri aytib berishi kerak. Har bir to‘g‘ri javobga 1 ball qo‘yiladi. Bu vazifa uchun ham bemor 0 balldan 5 ballgacha to‘plashi lozim.
Idrok. Quyidagi 3 ta so‘zni takrorlang va eslab qoling: “suv, nina, qalam” deb bemorga topshiriq beriladi. Doktor ushbu so‘zlarni shoshmasdan lo‘nda qilib talaffuz qiladi (bir soniyaga bir so‘z). Har bir to‘g‘ri takrorlangan so‘zga 1 ball qo‘yiladi. Shundan so‘ng bemordan “So‘zlarni yodlab qoldingizmi? Qani yana bir bor qaytaringchi”, deb so‘raladi. Agar bemor so‘zlarni shu ketma-ketlikda qayta aytib berishga qiynalsa, vrach tomondan so‘zlar yana takrorlanadi va bemordan qayta takrorlash so‘raladi. Shu tartibda so‘zlarni bir necha bor (biroq 5 ta urinishdan ortiq emas) takroran aytib berish so‘raladi. Agar birinchi takrorlashda bemor 3 ta so‘zni ham ketma-ket to‘g‘ri aytsa – 3, ikkinchi urinishda to‘g‘ri aytsa – 2, uchinchi urinishda to‘g‘ri aytsa – 1 ball qo‘yiladi. Agar bemor keyingi urinishlarda ham topshiriqni bajara olmasa 0 ball qo‘yiladi. Umumiy ballar yig‘indisi 0–3.
Diqqat. Diqqatni tekshirishda quyidagi usuldan foydalaniladi. Bemordan “100 dan 7 ni ketma-ket ayirib keling” deb so‘raladi. U quyidagi tartibda 100 dan 7 ni ayirib borishi kerak: 100–7=93; 93–7=86; 86–7=79; 79–7=72; 72–7=65. Har bir to‘g‘ri ayirilgan son uchun 1 ball qo‘yiladi. Bemor 5 ta ayirishni ham to‘g‘ri bajarsa, unga 5 ball qo‘yiladi. Vazifani bajarayotganda bemorni shoshirmaslik kerak. Umumiy ballar yig‘indisi 0–5.
Xotira. Bemordan idrokni tekshirayotganda qo‘llanilgan so‘zlarni yodga tushirib aytib berish so‘raladi. Har bir to‘g‘ri eslangan so‘z uchun 1 ball qo‘yiladi. Umumiy ballar yig‘indisi 0–3.
Gnozis (ko‘ruv gnozisi). Bemorga qalam ko‘rsatib, undan “Bu nima? deyiladi. Xuddi shu tartibda boshqa narsa (masalan, soat) ko‘rsatib nimaligi so‘raladi. Har bir to‘g‘ri javob uchun 1 ball qo‘yiladi. Umumiy ballar yig‘indisi 0–2.
Jumlani takrorlash. Bemordan quyidagi jumlani takrorlash so‘raladi: “Hech bo‘lmaganda, hech qachon”. Bu jumla faqat bir marta aytiladi. Bemor uni xuddi shunday takrorlashi kerak. To‘g‘ri takrorlasa 1 ball, takrorlay olmasa 0 ball qo‘yiladi.
Topshiriqni tushunish. Bemorga bajarilishi 3 bosqichdan iborat topshiriq og‘zaki tarzda beriladi. “Qog‘ozni o‘ng qo‘lingiz bilan olingda, uni ikki buklab stol ustiga qo‘ying. Har bir to‘g‘ri bajarilgan bosqichga 1 ball qo‘yiladi. Bu topshiriq bir marta beriladi. Umumiy ballar yig‘indisi 0–3.
O‘qish. Bemorga katta harflar bilan “KO‘ZINGIZNI YuMING” degan so‘zlar bitilgan qog‘oz beriladi. Undan: “Ushbu yozuvni ovoz chiqarib o‘qing va uni bajaring”, deb so‘raladi. Bemor so‘zlarni o‘qib ko‘zlarini yumishi kerak. Agar u qog‘ozdagi so‘zlarni o‘qib haqiqatan ham ko‘zlarini yumsa, 1 ball qo‘yiladi. Topshiriq bajarilmasa 0 ball qo‘yiladi.
Yozish. Bemordan biror-bir jumlani o‘ylab uni qog‘ozga yozish so‘raladi. Qog‘ozga yozilgan jumlalar grammatik jihatdan to‘g‘ri va ma’noli bo‘lsa, unga 1 ball qo‘yiladi.
Chizish. Bemorga bir-biri bilan kesishgan 2 ta besh burchakli figurani xuddi shunday ko‘rinishda chizib berish so‘raladi. O‘rtada to‘rtburchak hosil bo‘lishi kerak.
Agar topshiriq to‘g‘ri bajarilsa 1 ball, noto‘g‘ri bajarilsa 0 ball qo‘yiladi.
Qo‘shimcha neyropsixologik tekshiruvlar. Bu tekshiruvlar bosh miyaning lokal zararlanishlari sababli yuzaga kelgan afaziya, apraksiya, agnoziya, dementsiya rivojlangan holatlarda qo‘shimcha ravishda o‘tkaziladi. Agar bemorda afaziya (po‘stloq zararlanishi sababli yuzaga kelgan nutq buzilishi) aniqlansa, nutq funktsiyasi tekshiriladi. Afaziyaning turi ko‘p bo‘lib, UAV sensor va motor afaziyalarni farqlay olishining o‘zi etarli. Sensor afaziyada bemor o‘zi va birovlarning so‘zini tushunmaydi va shu bois ravon so‘zlay olmaydi. Motor afaziyada bemor birovning so‘zini tushunadi, biroq nutq artikulyatsiyasi buziladi. Praksisni tekshirishning oddiy usuli quyidagicha: bemordan gugurt cho‘plaridan uchburchak, to‘rtburchak, romb yasang yoki ularning nusxasini ko‘chiring, tugmangizni eching va taqing deb so‘raladi. Bemor bularni bajara olmasa, demak unda apraksiya bor.
Optik-fazoviy gnozisni tekshirish uchun dastlab o‘ng va chap tomonni farqlash tekshiriladi. Buning uchun bemorga “Chap qo‘lingizni ko‘taring, o‘ng qo‘lingizni ko‘taring” degan topshiriq beriladi. So‘ngra uning ro‘parasida turib: “Mening chap qo‘limni ko‘rsating, o‘ng qo‘limni ko‘rsating” deb so‘raladi. Shuningdek, chap qo‘lingiz bilan o‘ng qulog‘ingizni ushlang yoki o‘ng qo‘lingiz bilan chap qulog‘ingizni ushlang kabi topshiriqlar ham beriladi. Bu topshiriqlarni qay darajada bajarishi daftarga qayd qilib boriladi.
Bemorning fikrlash qobiliyati qanday ekanligi yuqoridagi sinamalarni tekshirish mobaynida aniqlab olinadi. Qo‘shimcha ravishda bemorga turli xil maqollar va matallar o‘qib, ularning ma’nosini aytib berish so‘raladi. Bunday oddiy usullarni vrachning o‘zi ham o‘ylab topib qo‘llashi mumkin. Fikrlash qobiliyati oligofreniya va dementsiya gumon qilingan barcha holatlarda tekshirilishi kerak.
Professor Zarifboy Ibodullaev