KT VA MRT HAR DOIM HAM TAShXISNI TO‘G‘RI ANIQLAYDIMI?
Kompyuter tomografiya (KT) va magnitli-rezonans tomografiyaning (MRT) yaratilishi tibbiyot uchun olamshumul kashfiyot bo‘ldi. Ushbu zamonaviy diagnostika usullari XX asrning 90-yillari tibbiyotga kirib keldi. Bunday ixtiro mualliflari Nobel mukofotiga haqli ravishda sazovor bo‘lishdi. KT va MRT tekshiruvlaridan tibbiy diagnostikaning har qanday yo‘nalishida foydalanish mumkin. Ayniqsa, KT va MRT nevrologiyada juda katta ahamiyatga ega. Biroq...
Ba’zi bemorlar vrach tavsiyasi bo‘lmasa-da, bosh miyasini KT yoki MRT tekshiruvidan o‘tkazishadi. U erdagi “atrofiya” yoki “entsefalopatiya” so‘zlarini o‘qib vahimaga tushishadi. Bu holatlar haqida kitobda ma’lumot berganmiz.
Beli og‘riydigan ba’zi bemorlar umurtqa pog‘onasini KT yoki MRT tekshiruvidan o‘tkazib, aniqlangan kichik hajmli disk churrasidan vahimaga tushishadi. Bel-dumg‘aza umurtqalari orasida paydo bo‘lgan 2-3 yoki 4 mm. siljigan disk churralari xavfsiz bo‘lib, ozgina davolash muolajalaridan so‘ng o‘tib ketadi. Qay darajaga etgan disk churralarini operatsiyasiz yoki operatsiya yo‘li bilan davolashni nevropatolog va neyroxirurg hal qiladi. Malakali vrach hech qachon KT yoki MRT xulosasiga tayanib qolmaydi. U bemorni obdon tekshirib, disk churrasini bemorga tig‘ tekkizmasdan davolashga harakat qiladi. Buning iloji bo‘lmasa, operatsiya yo‘li tanlanadi. Lekin har doim davolash muolajasini kechiktirmaslik va vaqtni yo‘qotmasdan davolashga kirishish kerak.
KT va MRT har doim ham tashxisni to‘g‘ri aniqlashga yordam bera olmaydi. Masalan, nevroz va depressiyalar, epilepsiyaning ba’zi turlari, ba’zi nasliy kasalliklar, moddalar almashinuvi buzilishlari, muskullar ozishi bilan kechuvchi kasalliklarda KT va MRTda hech narsa aniqlanmaydi. Bunday paytlarda tashxis qo‘yishning boshqa usullari, ya’ni laborator analizlar, bioximik yoki genetik tekshiruvlardan foydalaniladi. Faqat suhbat o‘tkazish orqali qo‘yiladigan tashxislar ham borki, ular nevroz va depressiyadir.
Eslatma. Biror bir tekshiruvga borishdan oldin, albatta, vrach ko‘rigidan o‘ting. Balkim KT va MRT tekshiruvi sizga shart emasdir.
Professor Zarifboy Ibodullaev