Ko‘zlarni harakatlantiruvchi nervlar
Ko‘zlarni harakatlantiruvchi nervlar haqida qisqacha ma’lumot. Ko‘zlarning hamkor harakatlari III, IV va VI nervlarning birgalikdagi faoliyati bilan bog‘liq. Ularning miya ustunida joylashuvi va innervatsiya qiluvchi muskullar 13-rasmda aks ettirilgan.
13-rasm. Ko‘zni harakatlantiruvchi nervlar. 1 – III nervning Edinger-Vestfal yadrosi; 2 – III nervning yirik xujayrali yadrosi; 3- III nervning orqa markaziy yadrosi; 4 – IV nerv yadrosi; 5 – VI nerv yadrosi; 6 – ko‘zni harakatlantiruvchi nerv; 7 – g‘altak nerv; 8 – uzoqlashtiruvchi nerv; 9 – uch shoxli nervning ko‘zga boruvchi tarmog‘i; 10 – yuqori qiyshiq muskul; 11 – yuqori qovoqni ko‘taruvchi muskul; 12 – yuqori to‘g‘ri muskul; 13 – ichki to‘g‘ri muskul; 14 – kipriklarni innervatsiya qiluvchi nervlar; 15 – tsiliar tugun; 16 – tashqi to‘g‘ri muskul; 17 – pastki to‘g‘ri muskul; 18 – pastki qiyshiq muskul. |
III nerv – ko‘zlarni harakatlantiruvchi nerv (n.oculomotorius). Harakat nervi hisoblanadi. Uning bir nechta yadrolari bo‘lib, ular Silviy suv yo‘li tubida yuqori ikki tepalik sohasida joylashgan. Ushbu nerv IV va VI nervlar bilan birgalikda ko‘z kosasining ustki yorig‘i (fissura orbitalis superior) orqali kranial bo‘shliqdan chiqib ko‘z kosasiga kiradi. III nerv quyidagi ko‘zni harakatlantiruvchi muskullarni innervatsiya qiladi:
- Yuqori qovoqni ko‘taruvchi muskul (m.levator palpebrae superior);
- Ko‘z olmasini yuqoriga ko‘taruvchi va biroz ichkariga buruvchi muskul (m.rectus superior);
- Ko‘z olmasini ichkariga buruvchi muskul (m.rectus medialis);
- Ko‘z olmasini pastga tortuvchi va biroz ichkariga buruvchi muskul (m.rectus inferior);
- Ko‘z olmasini tepaga va tashqariga burovchi muskul (m.obliquus inferior).
Shuningdek, yana ikkita yadro (parasimpatik) III nerv sistemasiga aloqador hisoblanadi:
- Qorachiqni toraytiruvchi muskul (m.sphincter pupillae) ni innervatsiya qiluvchi Yakubovich-Edinger-Vestfalning mayda xujayrali juft yadrosi.
- Akkomodatsiyani ta’minlovchi muskul (m. ciliarae) ni innervatsiya qiluvchi Perlia yadrosi.
IV nerv – g‘altak nerv (n.trochlearis). Harakat nervi hisoblanadi. Uning yadrosi Silviy suv yo‘li tubida pastki ikki tepalik sohasida joylashgan. IV nerv ko‘z kosasining ustki yorig‘i (fissura orbitalis superior) orqali kranial bo‘shliqdan chiqib ko‘z kosasiga kiradi va ko‘z olmasini pastga va biroz tashqariga burovchi yuqori qiyshiq muskulni (m.obliquus superior) innervatsiya qiladi. Demak, IV nerv faqat bitta muskulni innervatsiya qiladi.
VI nerv – uzoqlashtiruvchi nerv (n.abducens). Harakat nervi hisoblanadi. Uning yadrosi Varoliy ko‘prigida rombsimon chuqurcha tubida yotadi. Bu nerv ham fissura orbitalis superior orqali kranial bo‘shliqdan chiqib ko‘z kosasiga kiradi va ko‘z olmasini tashqariga burovchi tashqi to‘g‘ri muskulni (m.rectus externus) innervatsiya qiladi. VI nerv ham xuddi IV nerv kabi faqat bitta muskulni innervatsiya qiladi.
Tekshirish usullari
Ko‘zni harakatlantiruvchi nervlarga III IV VI nervlar kiradi. Tibbiy amaliyotda ularning funktsiyasi bira-to‘la tekshiriladi. Dastlab ko‘z yoriqlari umumiy ko‘rikdan o‘tkaziladi, so‘ngra ko‘z olmasi harakatlari va qorachiqlar funktsiyasi tekshiriladi.
- Umumiy ko‘rik. Dastlab ko‘z yoriqlari shakli, hajmi va simmetrikligiga e’tibor qaratiladi. Ko‘z kosasi ichida ko‘z olmasi bo‘rtib tursa ekzoftalm, ichkariga botib tursa – enoftalm deyiladi.
- Ko‘z olmasi harakatlarini tekshirish. Nevrologik bolg‘acha yordamida ko‘z olmasining yuqoriga, pastga, ichkariga va yon tomonlarga harakati tekshiriladi (14-rasm).
14-rasm. Ko‘zni harakatlantiruvchi nervlar funktsiyasini tekshirish usullari |
Shu erda g‘ilaylik (strabizm) bor-yo‘qligiga e’tibor qaratiladi. Agar III nerv zararlansa, qochuvchi g‘ilaylik, VI nerv zararlansa, qo‘shiluvchi g‘ilaylik kuzatiladi. Quyida ko‘zni harakatlantiruvchi nervlarning ba’zi patologiyalari keltirilgan.
- Qorachiqlarni tekshirish. Sog‘lom odamda qorachiqlar ko‘z olmasining o‘rtasida simmetrik tarzda joylashadi, ularning diametri ikkala ko‘zda ham deyarli bir xil bo‘ladi. Qorachiqlar shakli aylanasimon, chetlari silliq va tekis bo‘ladi. Qorachiqning kengayishiga midriaz, torayishiga mioz deb aytiladi. Bir tomondagi qorachiq torayib, ikkinchi tomondagisi kengaygan bo‘lsa, bunga anizokoriya deyiladi. Ikkala qorachiqning bir-biriga yaqinlashuviga konvergentsiya deb aytiladi.
Qorachiqlarning quyidagi funktsiyalari tekshiriladi:
a) qorachiqlarning yorug‘likka reaktsiyasi;
b) qorachiqlarning konvergentsiyaga reaktsiyasi;
v) qorachiqlarning akkomodatsiyaga reaktsiyasi.
A) Qorachiqlarning yorug‘likka reaktsiyasi. Qorachiqlar yorug‘likda torayadi, qorong‘ida kengayadi. Shuningdek, qorachiqlarga qaysidir buyum yaqinlashtirilsa torayadi, uzoqlashtirilsa kengayadi. Vrach qorachiqlarning ushbu xususiyatlaridan xabardor bo‘lishi lozim.
Qorachiqlarning yorug‘likka ikki xil reaktsiyasi farqlanadi: birinchisi – qorachiqning yorug‘likka to‘g‘ri reaktsiyasi; ikkinchisi – qorachiqning yorug‘likka hamkor reaktsiyasi. Bunday tekshiruvlar yorug‘ xonada olib borilishi kerak.
- Qorachiqning yorug‘likka to‘g‘ri reaktsiyasini tekshirish usuli. Vrach bemorning qorachiqlariga bir nazar tashlab oladi. So‘ngra kafti bilan bemorning bir ko‘zini bekitadi (15-rasm).
15-rasm. Qorachiqning yorug‘likka to‘g‘ri va hamkor reaktsiyasini tekshirish usuli |
Buning natijasida berkitilgan ko‘z qorachig‘i kengayadi. Oradan 3-4 soniya o‘tgach kaftini oladi va bu ko‘zga yorug‘lik tushib qorachiq kengayadi. Bu sinama qorachiqning yorug‘likka to‘g‘ri reaktsiyasi deb aytiladi.
- Qorachiqning yorug‘likka hamkor reaktsiyasini tekshirish usuli. Vrach kafti bilan bemorning bir ko‘zini bekitadi va uning ikkinchi ko‘ziga qaraydi. Ochiq qolgan ko‘zda qorachiq kengayadi. Demak, nafaqat kaft bilan bekitilgan ko‘z qorachig‘i, balki bunga javoban ochiq qolgan ko‘zdagi qorachiq ham kengayadi. Kaftini olsa kengaygan ikkala qorachiq ham torayib o‘z holiga qaytadi. Shu bois bu sinamaga qorachiqning yorug‘likka hamkor reaktsiyasi deb aytiladi. Ushbu sinamalarni kichik fonar yordamida tekshirish ham mumkin.
B) Qorachiqlarning konvergentsiyaga reaktsiyasi. Qorachiqlarning konvergentsiyaga reaktsiyasini tekshirish uchun uzoqda ushlab turilgan barmoq yoki bolg‘achaga qarash buyuriladi. So‘ngra ushbu barmoq bemorning ikkala qoshi o‘rtasiga yaqinlashtirib kelinadi. Bunga javoban ikkala ko‘z olmasi bir-biriga yaqinlashadi, ya’ni konvergentsiya ro‘y beradi (16-rasm).
A |
b |
16-rasm. Qorachiqlarning konvergentsiyaga reaktsiyasini tekshirish usuli. Rasmda normal (a) va konvergentsiya ro‘y bergan (b) holat ko‘rsatilgan. |
V) Qorachiqlarning akkomodatsiyaga reaktsiyasini tekshirish usullari.
1-usul. Vrach barmog‘ini bemorning ko‘z oldidan uzoqroqda ushlab turadi va unga qarashni so‘raydi (17a-rasm). Bu paytda uning qorachiqlari kengayadi. So‘ngra vrach bemorning ko‘zi oldiga barmog‘ini birdaniga yaqinlashtiradi (17b–rasm). Bu paytda qorachiqlar birdaniga torayib, yana o‘z holiga qaytadi.
A |
b |
17-rasm. Qorachiqlarning akkomodatsiyaga reaktsiyasini tekshirish usuli (1-usul). a) barmoq ko‘zdan uzoqroq ushlangan holat; b) barmoq ko‘zlarga yaqinlashtirilgan holat. |
2-usul. Bemorning bir ko‘zi kafti bilan yopiladi va ochiq qolgan ko‘zi bilan vrachning uzoqroqda ushlab turgan barmog‘iga qarash buyuriladi (18a-rasm). Bunda qorachiq kengayadi. So‘ngra vrach barmog‘ini bemorning ko‘ziga birdan yaqinlashtirib keladi. Bunga javoban qorachiq torayadi (18b-rasm). Qorachiqlarning torayish va kengayish xususiyatiga akkomodatsiya deyiladi.
A |
18-rasm. Qorachiqlarning akkomodatsiyaga reaktsiyasini tekshirish usuli (2-usul) |
Ko‘zni harakatlantiruvchi nervlar patologiyasi
Ptoz va yarimptoz. Yuqori qovoqning to‘la tushib ko‘zni yopib qo‘yishiga ptoz, yarim yopib qo‘yishiga yarimptoz deb aytiladi. Ptoz III nerv zararlanishi uchun juda xos simptom. Bir tomonlama ptoz o‘sha tomondagi III nerv zararlanishi bilan bog‘liq bo‘lsa, ikki tomonlama ptoz miasteniya kasalligi uchun xos. IV va VI nervlar zararlanganda ptoz kuzatilmaydi.
Diplopiya. Narsalarning ikkita bo‘lib ko‘rinishiga diplopiya deb aytiladi. Diplopiya normada kuzatilmaydi. III nerv zararlanganda diplopiya to‘g‘riga va yuqoriga qaraganda, IV nerv zararlanganda pastga qaraganda paydo bo‘ladi (masalan, zinapoyadan tushayotganda), VI nerv zararlanganda yon tomonlarga qaraganda kuzatiladi. Diplopiya bor-yo‘qligini tekshirish uchun ikkala ko‘z ham ochiq bo‘lishi kerak. Bitta ko‘zni yumganda har qanday diplopiya yo‘qoladi. Agar bemor bitta ko‘zini yumganda ham “Men ikkita ko‘rayapman” desa, demak u simulyant yoki agravatsiya qilayapti.
Nistagm. Ko‘z olmalari harakatlarini tekshirish mobaynida nistagm bor-yo‘qligi ham o‘rganiladi. Ko‘z olmalarining ritmik tebranishiga nistagm deb aytiladi. Nistagm, odatda, o‘sma, insult, IKG, KTsJ, entsefalit kabi kasalliklarda rivojlanadi. Ko‘z kasalliklari bilan bog‘liq nistagmga okulyar nistagm deb aytiladi. Miyacha kasalliklari va vestibulopatiyalarda nistagm deyarli har doim kuzatiladi. Klinik amaliyotda gorizontal, vertikal va rotator nistagmlarga ko‘proq e’tibor qaratiladi. Gorizontal nistagm ko‘z olmalarini yon tomonlarga, vertikal nistagm esa yuqoriga va pastga harakatlantirganda paydo bo‘ladi. Aylanasimon tipda namoyon bo‘luvchi nistagm rotator nistagm nomini olgan. Okulyar (optik) nistagm (masalan, miopiyada) korrektsiya qiluvchi ko‘zoynaklar taqqanda yo‘qoladi yoki keskin kamayadi. Bu holat nevrologik kasalliklar sababli yuzaga kelgan nistagmda kuzatilmaydi. Sog‘lom odamda nistagm bo‘lmaydi. Biroq nistagmga har doim ham og‘ir kasallik belgisi sifatda qarash kerak emas. Masalan, doimo sigaret chekuvchilarda nikotin bilan surunkali zaharlanish sababli nistagm kuzatilishi mumkin. Shuningdek, ishlab yuruvchi shaxtyorlarda ham nistagm aniqlanadi.
Mioz, midriaz va anizokoriya. Mioz turli zaharlanishlar va gipoksiyalarning o‘tkir davrida kuzatilsa, midriaz bunday holatlarning surunkali davrlari uchun xos. Anizokoriya ko‘pincha, oldingi kranial chuqurcha hamda bosh miyaning lokal zararlanishlarida namoyon bo‘ladi. Mioz, midriaz va anizokoriyaga oid batafsil ma’lumot nevrologiya va reanimatologiyaga oid o‘quv adabiyotlarida keltirilgan.
Arjil-Robertson sindromi. Qorachiqlarning yorug‘likka to‘g‘ri va hamkor reaktsiyasi buzilib, konvergentsiya va akkomodatsiyaga reaktsiyasi saqlanib qolsa, to‘g‘ri Arjil-Robertson sindromi deyiladi. Bu holat neyrozahm uchun xos. Zahm o‘tkazgan bemorning qorachiqlari yorug‘likda toraymaydi. Aksincha, qorachiqlarning konvergentsiya va akkomodatsiyaga reaktsiyasi buzilib, yorug‘likka to‘g‘ri va hamkor reaktsiyasi saqlanib qolsa, buni teskari Arjil-Robertson sindromi deyishadi. Bu holat entsefalitlar (ayniqsa, letargik entsefalit) uchun xos.
Oftalmoplegiya. Ko‘zni harakatlantiruvchi nervlar (III, IV, VI nervlar) bira-to‘la zararlansa to‘la oftalmoplegiya rivojlanadi va bunda ko‘zlar mutlaq harakatsiz bo‘lib qoladi. Agarda tashqi muskullar falajlansa – tashqi oftalmoplegiya, ichki muskullar zararlansa – ichki oftalmoplegiya rivojlanadi. Ko‘zni harakatlantiruvchi nervlar patologiyasi bilan bog‘liq ba’zi ma’lumotlar 19-rasmda keltirilgan.
19-rasm. Ko‘zni harakatlantiruvchi nervlar patologiyasi. 1 – o‘ng tomonlama ptoz (III nerv patologiyasi); 2 — qochuvchi g‘ilaylik (III nerv patologiyasi); 3 — o‘ng tomonlama midriaz (III nerv patologiyasi); 4 — qo‘shiluvchi g‘ilaylik (VI nerv patologiyasi ); 5 — pastga qaraganda qo‘shiluvchi g‘ilaylik (IV nerv patologiyasi); 6 — chap qorachiqda mioz (parasimpatik yadro ta’sirlangan) |