Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi KO‘ZNI HARAKATLANTIRUVChI NERV NEVROPATIYaSI

KO‘ZNI HARAKATLANTIRUVChI NERV NEVROPATIYaSI


Ko‘zni harakatlantiruvchi nerv (n. oculomotorius) fissura orbitalis superior orqali ko‘z kosasiga kirib, uning harakatlantiruvchi tolalari yuqori qovoqni ko‘taruvchi va ko‘zni harakatlantiruvchi bir qancha muskullarni innervatsiya qiladi. Uning zararlanishi uchun ptoz, qochuvchi g‘ilaylik, ko‘z harakatining ichkari va yuqoriga qiyinligi, diplopiya, midriaz, qorachiq fotoreaktsiyasi buzilishi, akkomadatsiya va konvergentsiya qiyinligi, ekzoftalm xos. Biroq III nerv zararlanganda bu simptomlarning barchasi ham paydo bo‘lavermaydi. Masalan, ushbu nervning diabetik nevropatiyasi ptoz, qochuvchi g‘ilaylik va diplopiya bilan namoyon bo‘ladi, midriaz esa kuzatilmasligi mumkin. Chunki qandli diabetda III nervning mielin bilan qoplangan tolalari (muskullarga boruvchi tolalari) ko‘proq zararlanadi, mielin bilan qoplanmagan parasimpatik tolalar esa deyarli zararlanmaydi. Mielinli nerv tolalari ishe­miya va gipoksiyaga juda sezgir bo‘ladi. Shuning uchun ular ko‘proq zararlanadi. III nervning diabetik nevropatiyasida ko‘z soqqasida kuchli og‘riqlar ham kuzatiladi.

III nerv nevropatiyasida midriaz bor-yo‘qligi katta differentsial-diagnostik ahamiyatga ega. Ma’lumki, m. Sphincter pupillae ga boruvchi parasimpatik tolalar III nervning chekka qismida joylashgan. Agarda III nervni o‘sma eza boshlasa, dastlab midriaz paydo bo‘ladi, keyinchalik ko‘zni harakatlantiruvchi tolalar zararlanadi. Shuningdek, bir tomonlama midriaz bosh miya o‘smasida kuzatiladigan tentorial siljish, ichki uyqu arteriyasi, orqa biriktiruvchi arteriya va miyachaning yuqori arteriyasi anevrizmasi uchun xos. Midriaz qaysi tomonda bo‘lsa, patologik jarayon ham o‘sha tomonda joylashgan bo‘ladi. Bosh miya o‘smasi aniqlangan bemorda bir tomonlama midriaz paydo bo‘lsa, zudlik bilan operatsiya masalasini hal qilish lozim.

Ko‘zni harakatlantiruvchi nerv nevropatiyasi sabablari

  • Intrakranial o‘smalar va boshqa hajmli jarayonlar (glioma, meningioma, gemangioma, neyrofibroma, lipoma, epidermoid kis­ta, melanoma, kartsinamatoz, sarkoidoz, gipofiz adenomasi, tuberkulema, sifiloma).
  • Bakterial va virusli yallig‘lanish kasalliklari (meningit, meningoentsefalit, gerpetik entsefalitlar, Giyen-Barre sindromi, infektsion mononukleaz, poliomielit, mononevropatiya).
  • Degenerativ kasalliklar (tarqoq skleroz va boshqa demielinizatsiyalar).
  • Tserebrovaskulyar kasalliklar (subaraxnoidal gemorragiyalar, ich­ki uyqu arteriyasi anevrizmasi, orqa biriktiruvchi arteriya anevrizmasi, qattiq pardaning arteriovenoz malformatsiyalari);
  • Kavernoz sinus trombozi, Tolos-Xant sindromi.
  • Qandli diabet, uremiya, gestoz, botulizm, difteriya va boshqa metabolik-toksik buzilishlar.
  • Oftalmoplegik migren.
  • Ko‘zni harakatlantiruvchi nerv zararlanishini eslatuvchi patolo­gik holatlar (tireotoksikoz, miasteniya, surunkali charchash sindromi) va boshqa sabablar.
Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив