Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi KO‘NGIL AYNISh VA QUSISh

KO‘NGIL AYNISh VA QUSISh


Ko‘ngil aynishi epigastral soha, to‘sh sohasi va og‘iz ichida paydo bo‘ladigan yoqimsiz sezgi bo‘lib, ko‘p hollarda qusishdan oldin paydo bo‘ladi. 

Qusish miya ustunida joylashgan qusish markazi yoki periferik vegetativ retseptorlar qo‘zg‘alganda ro‘y beradigan murakkab reflektor faoliyat bo‘lib, oshqozondagi ovqat qoldiqlarining tashqariga otilib chiqishi bilan namoyon bo‘ladi. Qusish organizmning himoya reaktsiyasi hamdir.

Etiologiyasi va patogenezi. Ko‘ngil aynish va qusish polietiologik sindrom bo‘lib, ichki a’zolarning infektsion va noinfektsion kasalliklari, MNS intoksikatsiyalari, metabolik buzilishlar, vestibulyar apparat disfunktsiyasida ko‘p uchraydi. Shuningdek, ipoxondriya va isteriyada (ayniqsa, ayollarda) psixogen ko‘ngil aynishlar bo‘lib turadi. Ular o‘ziga yoqmaydigan joylarga borishsa, yoqmaydigan ovqatlarni ko‘rishsa yoki tasavvur qilishsa, ko‘ngli aynaydi va ba’zida qusadi. Antisanitariya sharoitlarida bo‘lib qolgan har bir sog‘lom odamda ham ko‘ngil aynish kuzatilishi mumkin.

Ko‘ngil aynish va qusish patogenezi miya ustunida joylashgan qusish markazining qo‘zg‘alishi bilan bog‘liq. Reflektor ko‘ngil aynish va qusish mexanizmi esa sayyor nerv retseptorlarining qo‘zg‘alishi bilan bog‘liq. Sayyor nerv retseptorlari deyarli barcha ichki a’zolarda joylashganligi bois, ushbu a’zolar kasalliklarida ko‘ngil aynish va qusish ko‘p kuzatiladi. Turli infektsiyalar va intoksikatsiyalarda yuzaga keladigan ko‘ngil aynishi va qusish IV qorincha tubida joylashgan xemoretseptorlarning qo‘zg‘alishi bilan bog‘liq. Buning natijasida qusish markaziga yaqin joylashgan vestibulyar apparat ham qo‘zaladi. Shu sababli ko‘ngli aynib qusayotgan odamning boshi ham aylanadi, muvozanatini yo‘qotadi.

Tserebral ko‘ngil aynish va qusishlar qusish markazining qo‘zg‘alishi bilan bog‘liq bo‘lib, bosh miyaning turli kasalliklarida rivojlanadi. Intrakranial gipertenziyada kuzatiladigan ko‘ngil aynish va qusishlar likvor bosimi oshgan sayin kuchayib boradi. Demak, tserebral ko‘ngil aynish va qusishlar IKG, miya shishi va bo‘kishi bilan bog‘liq. Orqa kranial chuqurcha (ayniqsa, IV qorincha) o‘smalari qusish markaziga bevosita ta’sir ko‘rsatib ko‘ngil aynish va qusishni yuzaga keltiradi.

Ko‘ngil aynish va qusish endokrin va metabolik buzilishlar, intoksikatsiya va gipoksiyalarda, ya’ni tiretoksikoz, giperglikemiya, gipoglikemiya, anemiya, uremiya, gipovitaminozlarda ham ro‘y beradi.

Klinikasi. Ko‘ngli aynib qusgan odamning rangi oqarib ketadi, holdan toyib terga botadi, oyoq-qo‘llari muzlab qoladi, AQB tushadi. Ko‘ngil aynish va qusishning diagnostik ahamiyati juda yuqori. Shu bois uni keltirib chiqargan omillar va kasalliklarni izlab topish lozim. Buning uchun boshqa klinik belgilar ham o‘rganib chiqiladi. Chunki, ko‘ngil aynishi va qusish nospetsifik sindromlar sirasiga kiradi. Ko‘ngil aynish, qusish, bosh og‘riqlar va boshqa nevrologik buzilishlar bilan birgalikda namoyon bo‘lsa, nevrologik kasalliklarni izlash kerak. Ko‘ngil aynish, qusish, diareya va qorin sohasidagi og‘riqlar esa infektsion kasalliklar belgisidir.

Davosi. Ko‘ngil aynishi va qusishni bartaraf etish uchun ularni yuzaga keltirgan patologik holatlar va kasalliklarni bartaraf etish kerak. Shu bilan birga, neyroleptiklardan torekan 6,5-13 mg (1-2 ml) m/i ga qilinadi, etaperazin 4-8 mg dan kuniga 3-4 mahal ichishga buyuriladi. Shuningdek, metoklopramid (reglan, tserukal) 10-20 mg dan v/i yoki m/i ga qilinadi. So‘ngra tserukal 10 mg dan kuniga 3 mahal ichishga tavsiya etiladi. Psixogen ko‘ngil aynishni bartaraf etish uchun platseboterapiya usuli yoki anksiolitiklar (amitriptilin, prozak) qo‘llaniladi.

Qusishni bartaraf etish uchun yuqorida ko‘rsatilgan muolajalar bilan birgalikda spazmolitiklardan 2 ml no-shpa v/i yoki m/i ga, atropinning 1 % li 0,5-1 ml eritmasi t/o ga qilinadi. Ko‘p hollarda qusishni bartaraf etish uchun 2-4 ml tserukalni v/i ga qilishning o‘zi etarli. Intoksikatsion qusish va ko‘ngil aynishlarda turli dekstranlar va elektrolitlar venadan tomchilatib yuborish kerak. Aks holda boshqa dorilar ko‘zlangan natijani bermaydi. Quyilayotgan dorilarga askorbin kislotasi va kaliy preparatlari (panangin, kaliy xlorid) ham qo‘shiladi. Davolash muolajalari shifoxonada olib boriladi. Engil holatlarda va infektsion kasalliklar bo‘lmasa, davolashni uy sharoitida, QVP  yoki oilaviy poliklinikalarda olib borish mumkin. Davolash jarayonida bemorga maxsus parhez ham tayinlanadi.

Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив